Bugungi kun jurnalisti uchun NIMALAR ZARUR?

O‘zbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Jurnalistlarning sud-huquq sohasini yoritish va jurnalist surishtiruvini o‘tkazishga oid kasbiy malakalarni oshirish” mavzusida ikki kunlik o‘quv-kursida ishtirok etdim.

 

Ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi roli va ahamiyatini yuksaltirish, jurnalistlar malakasini oshirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlari e’tiborga molikdir. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi har yili vodiydagi “Chimyon” sanatoriysida tashkil etib kelayotgan medialager nafaqat Farg‘ona, balki respublikaning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, do‘stlik muhitini mustahkamlash an’anasiga aylandi. Soha mutaxassislari, malakali, faxriy jurnalistlar, gazeta muharrirlari ishtirokidagi suhbatlar, ijodiy bahs-munozaralar ularni o‘z ustida ishlash, izlanish, yangi g‘oyalar bilan qalam tebratishga ruhlantirmoqda. Bu galgi medialagerda ustoz Ibrohim o‘ofurov, Xurshid Do‘stmuhammad, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshevlar tajribasi yosh ijodkorlar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. 

Yaqinda uyushma matbuot markazida Andijon, Namangan, Farg‘ona jurnalistlari uchun yana bir o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov sohalar kesimidagi o‘zgarishlar, Prezidentimizning “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori OAV vakillarining faoliyatida yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi. 

Tadbirda “Maslov PR Tashkent” agentligi xodimi Sevil Sakaeva PRning ommaviy axborot vositalaridagi ahamiyati, tashkilot matbuot kotiblari bilan ishlash tizimi, sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish masalalari haqida so‘zlab berdi. 

— Bugun kun talabi bilan aytganda, jurnalist har bir tashkilot matbuot xizmati bilan hamkorlikda faoliyat yuritishi lozim, – deydi agentlik direktori Barno Nazarzoda. – Aholiga sohalarda bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarish va yuksalishlar haqida to‘laqonli va o‘z vaqtida axborot berishda tizim qo‘l keladi. Ammo aksariyat chekka hududlardagi bosma nashrlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldik. Buning uchun yetarlicha sabablar ham borligi o‘rganildi. Lekin jurnalist tashabbusi va qat’iyati javobsiz qolmasligi lozim. 

Xitoy “Huawei” kompaniyasining mamlakatimizdagi matbuot kotibi Davron Azizov esa jurnalistlarning axborot texnologiyalari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U tahririyatlarda internet tizimini rivojlantirish, jurnalistlar faolligini oshirish va saytlarda xalqaro tillarda axborot uzatish sharoitini yaratish kerakligini qayd etdi: 

– Ayniqsa, saytlarning o‘z vaqtida yangilanib borishi muhim o‘rin tutadi. Afsuski, ayrim saytlar faoliyati sust, ma’lumotlar eski, dizayni talab darajasida emas. Aksariyat tahririyatlar internet tizimi bilan to‘la ta’minlanmagan, jurnalistlar erkin foydalana olmaydilar. Diktofonlar ham yetarli emas, rusumi eskirgan kompyuterlardan foydalanishadi. Bu jihatlar bugungi kun talabida ishlashga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. 

– Bugun nafaqat milliy jurnalistika, balki xorij tajribasi asosida ishlash, faoliyatimizga zamonaviy, yangicha ruh olib kirish kerakligini barchamiz yaxshi bilamiz, – deydi Andijon viloyati “Jalaquduq hayoti” gazetasi muxbiri Dildora Xushboqova. – Jurnalistning zamonaviy nigohi bilan birga, zamonaviy quroli ham bo‘lishi lozim. Dunyo hamjamiyatida bo‘layotgan o‘zgarishlarga xolisona baho berish va mamlakatimizda yuz berayotgan islohotlarning tadrijiy ifodasidan xalqimizni boxabar qilishda bu omil yetakchi rol o‘ynaydi.

 

Kamola POLVONOVA

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + twenty =