SAMIMIYAT DIYORI

Osmondan qaraganda shahar guldor ro‘mol yopinib, uyquga ketganga o‘xshardi. Tun o‘z libosini bizning nigohlarimizdan go‘zallikni rashk qilib parda qilgan edi go‘yo. Samolyot pastlay borgan sari oydin va ravon ko‘chalar, ularda g‘izillab yelib borayotgan mashinalar ko‘zga tashlana boshlaydi.

 

Nul   xos maftunkorligi bilan mehmonlarni qarshi oldi. Uch qavatli shinam koshona-mehmonxonada mezbon bizlarga mamnun peshvoz chiqdi. Qadam qo‘yishdanoq yangi davr ruhini his etmaslik mumkin emasdi. Hammasi – o‘rindiqlar, yemakxona, yo‘laklardagi ashyolar dunyo mezonlari darajasidagi hotel, motel, totellar singari rasamadi qilingan, xonalar o‘z tarovati bilan kishiga xush kayfiyat ulashadi.

Ezgu bir maqsadni dilga tugib, bu jozibador o‘lkaga qadam qo‘yganmiz. Ellik nafardan ziyod ma’rifat ahli respublika miqyosida bo‘lib o‘tayotgan “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etishimiz, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholining turli qatlamlari bilan uchrashib, bugun mamlakatimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, bu boradagi muammolar borasida suhbatlar tashkil etish, shuningdek, yoshlarning fikr-o‘ylari bilan o‘rtoqlashishimiz mo‘ljallangan.  

Ertalab “Jaslar o‘rayi” – yoshlar markazi oldida guruhlarga bo‘lingan targ‘ibot a’zolari bir yo‘la Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy, Kegayli tumanlariga otlanayotgandi. Manzillarni hisobga olib, mehmonlarga “Kaptiva”, “Malibu” singari o‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy, qulay mashinalar ajratilgan. Bu joylarda birinchi marta bo‘lgan kishida manzaralar hayrat uyg‘otishi bor gap. Yastanib  yotgan kengliklar bag‘rini to‘ldirgan shu iqlimga mos daraxtlar ajib bir hamohanglikda betakror uyg‘unlik kasb etganki, qarshingda timsollarga o‘rangan inja go‘zallik namoyon bo‘ladi. Qirmizi gullari bilan jing‘illar shamolda raqs etayotgandek bo‘lsa, qayrag‘och va  gujumlar qarsak chalib olqishlayotgan, chetroqdagi turong‘il esa bu holni qiziqish bilan  kuzatayotgandek tuyuladi.  Maysalar ularning poyiga to‘shalib, bu shodumonlikka aralashganidan xursanddek. Biyobon o‘z tarovati bilan dildagi shoirona tuyg‘ularni beixtiyor junbushga keltirib yuboradi. 

Qorao‘zak tumani hokimligida mehmonlarni har jihatdan kiftini keltirib kutib olishdi. Maydonda liboslari o‘ziga yarashgan chaqmoqdek  o‘quvchilar saf tortgan. Ular qo‘llaridagi guldastalarni tuhfa etar ekan, bu uchrashuvni ancha intiq bo‘lib kutganlarini sezib olish qiyin emasdi. To‘rda esa  lolarang ko‘ylak, gullardan kashta tikilgan qora jujuncha kiyib olgan qizlar dutorini sozlab turishardi. Olqishlarni qabul qilib, ularga yaqinlashar ekanmiz, jo‘r bo‘lib “Qoraqalpoqning…”  qo‘shig‘ini boshlab yuborishdi. Sozning mayin jarangi, qo‘ng‘iroqdek ovoz hamohanglikda bu qadimiy xalqning bor tarixini hikoya qilishga kirishgan edi chamasi. Bunday sehrni tark etish oson emas, biroq yangi uchrashuvlar kutib turibdi.

Tuman madaniyat saroyining shinam zali odamlar bilan liq to‘lgan. Tomoshabinlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mashrab Kimsanov, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Safargul Davletovaning so‘zlarini maroq bilan tinglashdi. Ko‘pchilik  bunday uchrashuvda birinchi marta ishtirok etyapti chog‘i. Shuning uchun bo‘lsa kerak, davrada his-hayajon kuchli edi. Festivalning  maqsadi, amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, istiqlol baxsh etgan imkoniyatlar, jumladan, tariximizga yangicha munosabat, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur singari bobolarimizning milliy iftixorimizga aylangani haqidagi nutq ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi. Taassurotlarga musiqa va raqs yanada qanot bag‘ishladi. Zalda shunday kayfiyat hosil bo‘ldiki, go‘yo hamma jo‘r bo‘lib istiqlol qo‘shig‘ini kuylardi. Samimiyat, jo‘shqinlik, yaqinlik davraga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Umuman, keyingi uch kun davomidagi tadbirlarda ham shu holat kuzatildi. Yoshlar juda kirishimli, oq ko‘ngil, samimiy edi. Ular mehmonlarni tug‘ishganidek qabul qilib, suratga tushar, raqsga taklif qilar, dilidagini yashirmay izhor etardi. Navbat savol-javoblarga kelganda, kino, teatr san’ati, yozilajak yangi asarlar, qo‘shiq va raqs madaniyatining ertasi singari masalalar ularni juda qiziqtirishi ma’lum bo‘ldi. 

Kitob savdosi, kitobxonlik madaniyati, ijodkorlar va muxlislarning o‘zaro munosabatlari haqida suhbatlashdim. Beruniy tumanidagi 59-maktab, pedagogika kolleji, Qo‘ng‘irot tumanidagi 3- va 21-maktablar, yaqinda tashkil etilgan Taxiatosh tumanidagi musiqa maktabi va politexnika kollejidagi uchrashuvlar ham samimiy, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Ularda buyuk kelajagimiz poydevori hisoblanmish milliy qadriyatlarimiz, ularni asrab-avaylash yuzasidan foydali mulohazalar bayon etildi. Jumladan, qoraqalpoq zaminida bo‘y ko‘rsatib turgan qal’alar qa’rida qanchalab sinoatlar yashiringan. Ularni tilga kiritish, asrorini oshkor etish hammaning – kattalarning  ham, yoshlarning ham jiddiy sa’y-harakatini talab qiladi. Taniqli yozuvchi Isajon Sulton vaqtni boy bermaslik, katta avlod vakillari tilidan har bir so‘z, iborani yozib olish, ularning izohli lug‘atini tuzish taklifini bildirdi. Shu zamin farzandi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Muzaffar Ahmad  shunday dalillarni tilga oldiki, ulardan ijod va ilm ahli, umuman, jamoatchilik zimmasida qanday ulkan vazifalar turganini his etish mumkin. Bu borada hukumat qarori yoki byudjetdan mablag‘ kutib o‘tirmasdan, vatanparvar kishilar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ularga erk berish tufayli ham maqsadga erishish mumkin. Bir vaqtlar Igor Savitskiy shunday yo‘l tutgan edi. Bugun uning sa’y-harakati bilan yuzaga kelgan muzey o‘lkaning faxriga aylanib turibdi.

Qoraqalpog‘istonda har bir unsur qadrli. Hatto ko‘chib yuruvchi qumlar, vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib turuvchi to‘zon ham qadrdon. Shularsiz yurtning surati mukammal bo‘lmaydigandek. Eng munavvar chiziq esa mehr-oqibat. Tabiatning o‘zi xalqni shunga o‘rgatganga o‘xshaydi. Ob-havoning zug‘umidan, yer-osmon sinovlaridan shu tuyg‘u omon saqlab qolgandek. Kimdir o‘tov kungurasini ko‘tarib kirsa, uning uzoq yo‘l bosib kelgani aniq bo‘lgan va kimligini ham so‘rashdan oldin unga suv yoki sut tutilgan, ichkariga taklif qilingan. Erta-bir kun bu kishi ham shunday holga tushishi mumkin bo‘lgan. Bir-birini avaylash, tama’siz yaxshilik ko‘rsatish va yaxshilikka yaxshilik bilan javob berish fazilatlari umri  qumtepalar, biyobonlar og‘ushida o‘tgan qadimiy ajdodlarni omon saqlagan va bu qadriyatlar ma’naviy boylik sifatida avlodlarga o‘tib, ular turmush tarzini bezab turibdi bugun. Odamlar orasida oqibat kuchliligini ilg‘ab olish qiyin emas. Shundanmi, yaxshi xotiralar unutilmas ekan. Biz bu yerda Sharofrashid degan ismga ko‘plab duch keldik (jumladan, Qo‘ng‘irot tumani hokimi Sharofrashid Temurboev). Bu hol izohlarsiz ham tushunarli. Qadriyatlarga ehtirom ko‘rsatgan xalqning ertasi, albatta, nurafshon bo‘ladi.

Ijodkorlarning muxlislari bilan uchrashuvlari har doim taassurotlarga boy bo‘lgan. Qoraqalpog‘istonda ham shunday bo‘ldi. Hududlarga ijodiy safarlarning tashkil etilishi  madaniyatning turli sohalari kishilari uchun ham foydadan xoli emas. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda ta’kidlaganidek, “…ijodiy uyushmalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, …ularning har biri o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotibdi”. Safar davomida adiblar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari vakillarining o‘zaro ijodiy muloqotlariga ham imkoniyatlar yuzaga keldi, ularda ko‘plab foydali fikrlar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, bunday tadbirlarda milliy cholg‘ularimiz – rubob, g‘ijjak, dutor va boshqa sozlar ijrochilarini ham jalb etish, ular ijrosida milliy qo‘shiqlarimizni tinglovchilarga havola qilishni ma’qullashdi. Shunday bo‘lganda, ham joylarda tashkil qilingan musiqa maktablari bilan poytaxtdagi shunday o‘quv yurtlarining aloqalari yo‘lga qo‘yilgan, ham milliy musiqamizni, hozir siyraklashib qolgan yakka ijrochilikni targ‘ib qilish kuchaygan bo‘lardi. Har holda magnit tasmalaridan taralgan shovqinli sadolardan ko‘ra mayin, dilga yaqin navolar hammaga yoqsa kerak.

Safar davomida oqibatli, dilkash, samimiy kishilar ulkan bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanayotgani, xazinayu dafinalarga boy zamin o‘z boyligini ularning qo‘llariga tutayotganini – ulkan sanoat korxonalari bunyod etilayotgani (masalan, Surgul sanoat majmuasi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, ko‘plab tsement, ohak, asfalt ishlab chiqaradigan komplekslar) qurilayotganining guvohi bo‘ldik. Hatto sho‘ro zamoni olimlari qat’iy rad etgan – “bu zaminda kartoshka yetishtirib bo‘lmaydi”, degan xulosani  inkor qilib, bugun kartoshkachilikdan yaxshigina hosil olinayotgan ekan. Kuz saxovati bilan to‘lishgan dalalarda  yumushlar avjida. Endilikda ko‘p mahsulotlarni xorijga eksport qilish tadorigi ko‘rilmoqda. Xullas, bu o‘lkani yaratish, bunyodkorlik kayfiyati chulg‘ab olgan. Yaratuvchi, bunyodkor xalqning mehri esa qayta-qayta diydorlashuvlarga chorlayveradi.

 

Hakim SATTORIY

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 6 =