MDH: Energetika tizimidagi dolzarb masalalar

O‘tgan hafta oxirida Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Elektr energetika kengashining 51-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda MDHga a’zo mamlakatlar davlat hokimiyati organlari va milliy elektr energetika kompaniyalarining rahbarlari qatnashdi.

 

  Sir emaski, elektr energiyasi bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Zero, uyimizdagi elektr lampasi, televizor va kompyuterlar, kichik va yirik ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat tayyorlashdan tortib, gigant sanoat ob’ektlari ham elektr energiyasi bilan ishlaydi. Insoniyat maishiy hayoti takomillashib, yaxshilanib borar ekan, uning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji tobora oshib boraveradi. Aytaylik, 2000 yilda yurtimizda bitta xonadonning oylik elektr iste’moli 114 kVt soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 160 kVt soatga yetdi. Shubhasiz, bu o‘rinda iste’molchiga elektrni uzluksiz uzatishni yaxshilash, energetika xavfsizligi muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yuqorida ta’kidlaganimizMDH Elektr energetika Kengashining asosiy vazifasi MDHga a’zo davlatlarning elektr energetika, shu jumladan, kollektiv energetika

xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikning tamoyillari va yo‘nalishlari to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish, a’zo davlatlar umumiy elektr energetika bozorining faoliyat yuritishini ta’minlashning iqtisodiy va huquqiy shartlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalari hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, MDH Elektr energetika kengashining bosh maqsadi MDHga a’zo mamlakatlarning elektr energetika tizimlari birlashmasining samarali faoliyati asosida Hamdo‘stlik davlatlari iqtisodiyotini va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror va ishonchli ta’minlashga qaratilgandir. 

Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Sultonov, Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri A.Novak, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibining o‘rinbosari S.Ivanov va boshqalar keyingi yillar mobaynida tashkilotga a’zo davlatlarning elektr energetikasi sohasidagi hamkorligini yo‘lga qo‘yish va xavfsizligini ta’minlash, integratsiya tamoyillari hamda yo‘nalishlarini belgilash borasida qator ishlar amalga oshirilganini ta’kidladilar. Jumladan, umumiy elektr energetika bozorining birgalikdagi faoliyat yuritishiga erishish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratilgani qayd etildi.

Majlisda MDHga a’zo davlatlar energetika tizimining 2017—2018 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Elektr energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama etilishi asnosida «MDH doirasida elektr energetika sohasidagi xalqaro shartnomalar, xamda MDH Elektr energetika kengashining me’yoriy va texnik hujjatlari to‘g‘risida»gi, «Ishchi guruhning energosamaradorlik va qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha hujjatlari to‘g‘risida»gi shartnomalar ko‘rib chiqildi. 

Kengash majlisi ishi samarali bo‘lganini ta’kidlagan holda, shu o‘rinda soha yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritsak. Ayni kunda O‘zbekistonda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi energiya resurslari ishlab chiqarishni kengaytirish, muqobil energiya ishlab chiqarish rivoji borasida ham izchil islohotlar olib borilmoqda. Bugungi kunda elektr energiya sohasidagi islohotlarni hayotga joriy etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasi ustuvor ahamiyatga egadir. 

“O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati elektroenergetika sohasida mamlakatimizdagi vakolatli organ sifatida iqtisodiyotimiz tarmoqlari va aholining markazlashgan elektr ta’minotini amalga oshirish bilan bir qatorda respublikamiz shaharlaridagi sanoat hamda kommunal-maishiy iste’molchilarni issiqlik energiyasi bilan ham ta’minlaydi.

Ayni paytda “O‘zbekenergo” AJ tarkibida 54 ta korxona mavjud. 40 ta aktsiyadorlik jamiyati, 11 ta unitar korxona va 3 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat shular jumlasiga kiradi. Hozirgi kunda O‘zbekiston elektrostantsiyalarining belgilangan jami quvvati 14,1 million kilovattdan oshadi. Xususan, “O‘zbekenergo” AJ tomonidan 13,6 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Ushbu elektr energiyasining 85 foizi issiq elektr stantsiyalari, 12 foizi gidroelektrostantsiyalar ulushiga to‘g‘ri keladi. 

“O‘zelektrtarmoq” unitar korxonasi o‘zining jami uzunligi 8,8 ming kilometrli 220-500 kV kuchlanishli magistral tarmoqlari orqali elektr energiyasini manbadan taqsimlash korxonalariga yetkazib berishga ixtisoslashgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi 2017—2021 yillar davrida “O‘zbekenergo” AJda tuzilmaviy o‘zgarishlarni hamda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta’minlash borasidagi farmoniga muvofiq, jami qiymati 11 milliard AQSh dollari miqdoridagi 62 ta investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilayotir. Shunisi e’tiborga molikki, yuqoridagi loyihalardan 25 tasi issiqlik energetikasi sohasiga tegishli hisoblanadi. 

Issiqlik energetikasi sohasidagi tadbirlarni ro‘yobga chiqarish yuqori samarali bug‘-gaz va gaz turbina qurilmalari negizida zamonaviy texnologiyalarni elektr energiyasi ishlab chiqarishga joriy etishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, “O‘zbekenergo” AJ elektr energiyasi nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashgan tizimini amaliyotda qo‘llash bilan elektr energiya hisobi tizimini modernizatsiyalashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur loyiha kelgusida bosqichma-bosqich ravishda butun mamlakat hududida amalga oshiriladi. Darvoqe, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham bu masala dolzarbligicha turibdi.

Shuning uchun ham hozirgi kunda butun dunyoda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etayotir. Bunda ayniqsa, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish istiqbolli hisoblanadi. Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda bu kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish borasida samarali loyihalar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, yaqin yillar ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida Samarqand, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida har biri 100 mVt quvvatli 3 ta quyosh elektr stantsiyasini va Navoiy viloyatida 102 mVt quvvatli shamol elektrostantsiyasini qurish ko‘zda tutilmoqda. 

Dasturda belgilangan energiya tejovchi zamonaviy texnologik uskunalarni amaliyotga joriy etish kamroq issiqlikni sarflagan holda energiya ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi. Respublika iste’molchilarini elektr bilan barqaror ta’minlash hamda energiya zaxiralari sarfini kamaytirish maqsadida 2016 yilda Tallimarjon issiqlik elektr stantsiyasida 450 mVt quvvatli ikkita bug‘-gaz bloki foydalanishga topshirildi. Ular yiliga 7 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shuningdek, Angren issiqlik elektr stantsiyasida 150 million mVt quvvatli energoblok ishga tushirildi. Uning yillik elektr ishlab chiqarish hajmi esa 900 million kVt soatni tashkil etadi. Ayni paytda Navoiy issiqlik elektr stantsiyasida 450 mVt quvvatga ega bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini, Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasida 230-280 mVt quvvatli ikkita bug‘-gaz qurilmasini hamda Namanganda umumiy quvvati 900 mVt bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stantsiyasini barpo etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari (shamol, quyosh, gidravlik energiya)ning katta zaxirasiga ega bo‘lib, ularni issiqlik-energetika balansiga kirgizish istiqbolli hisoblanadi. Nega deganda, mamlakatning barcha mintaqalarida quyoshli kunlarning davomiyligi yiliga 2650 soatdan 3050 soatgachani tashkil etadi. Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, yurtimizda quyosh yorug‘ligining yalpi quvvati 525 milliard kVt soatdan 760 milliard kVt soatgacha deb baholanmoqda.

Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish maqsadida, birinchi navbatda, gidroenergetik salohiyatdan foydalanish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda Toshkent, Qodiriya, Quyi Bo‘zsuv va Shahrixon kaskadlarini modernizatsiyalash va rekonstruktsiyalashning investitsion loyihalari amalga oshirilmoqda. 

Mamlakatimiz iqtisodiyotida ko‘mir sanoati ham muhim o‘rinni egallaydi. Iqtisodiyotni va aholini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Ayni vaqtda respublikamizda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 2,2 milliard tonnani, taxminiy zaxiralar miqdori esa 5,7 milliard tonnadan ziyodni tashkil etishini nazarda tutsak, sohaning istiqbolli ekani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston energetika balansida ko‘mir ulushini ko‘paytirish muhimligini e’tiborga olgan holda 2017—2021 yillarda ko‘mir sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Ayni kunda yiliga o‘rtacha 3,7 million tonna ko‘mir qazib olinayotgan bo‘lsa, qabul qilinayotgan dasturning amaliyotga joriy etilishi tufayli 2030 yilga borib, yiliga 14 million tonnaga yetadi.

 

Biz yuqorida asosan, elektr energiyasini hosil qilish va uzatish, uning xavfsizligini ta’minlash borasida so‘z yuritdik. Xulosa o‘rnida esa ushbu ne’mat qanchadan-qancha gaz, suv va ko‘mir mahsulotlari va insonlar mehnati evaziga bunyod etilayotganini aytmoqchi edik. Har birimiz bu mehnatni qadrlasak, elektr energiyasidan tejamkor foydalansak, zarur to‘lovlarni vaqtida to‘lasak, iqtisodiyotimiz ravnaqiga va hayotimiz farovonligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Abdumajid AZIMOV 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 8 =