Aybsiz aybdorlar yoxud ko‘cha bolalari

Bolani niholga, gulga qiyoslaymiz. Niholning ildizi baquvvat, mevasi serhosil daraxtga aylanishida, gulning esa atrofga o‘z ifori va chiroyi bilan husn baxsh etishida bog‘bonning mehnati cheksiz. Xuddi shunday farzandlarimizning kelajakda yetuk inson va o‘z kasbining mohir egasi bo‘lishida to‘g‘ri tarbiya, e’tibor, mehr-muhabbatning o‘rni beqiyos. Ana shu uch omilga tayanib ish ko‘rilgandagina bolalarimiz chinakam shaxs sifatida kamol topadilar. Biroq kimdir bilib-bilmay, yoki beparvolik oqibatida o‘z farzandlarini ana shu manzildan adashtirib qo‘yadi.

 

Ko‘cha-ko‘yda chaqaloq ukasini opichlab tilanchilik qilib yurgan, mushtday jussasi bilan bozorlarda arava sudrab yoki orqasiga qop ortmoqlagan, maktabga borish o‘rniga tirikchilik qilib yurgan voyaga yetmagan bolalarni ko‘ramiz. Yoki tungi soat 10-11 bo‘lishiga qaramay, mahallalarda shovqin ko‘tarib, bir qo‘lida tamaki, birida butilka ushlagan, og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan sayoq o‘smirlarga ko‘zimiz tushadi. Ularni ko‘rib, xayoldan “Bu bolalarning ota-onasi, qavmu qarindoshlari bormi o‘zi?” degan achchiq savol o‘tadi. 

Xuddi shu fikr mehribonlik uylariga, voyaga yetmaganlarni ijtimoiy huquqiy himoyalash markazlariga borganimizda ham xayolimizdan o‘tdi. 

Bugun biz kattalar xatosi, ota-onalar aybi tufayli umrining eng beg‘ubor damlarini ana shunday markazlarda o‘tkazayotgan o‘spirinlar taqdiri va hayoti haqida so‘z yuritishni maqsad qildik. Toshkent shahar IIB tasarrufidagi voyaga yetmaganlarni ijtimoiy huquqiy himoyalash markazida bo‘lganimizda bolalarning so‘zlari yuragimizni achishtirdi.

 

Sabina, 14 yosh, Toshkentdan:

— Onam nogiron, otamni esa eslolmayman. Bilishimcha, hozir u Dubayda yashaydi. Onam bu ahvolida meni boqolmagani uchun 8 yoshimda mehribonlik uyiga topshirgandi. U yerga ko‘nikishim juda qiyin kechdi. To‘g‘ri, barcha shart-sharoit, usti-bosh, ovqat muhayyo ediyu, biroq ota-ona mehri, yaqinlar muhabbati yetishmasdi. Qarindoshlardan xola-tog‘alarim yilda bir marotabagina xabar olishadi. Yaqinda mehribonlik uyidagi ba’zi qizlar bilan urishib qoldim. Keyin u yerdan qochib ketdim. Biroq militsiya xodimlari meni tutib, shu yerga olib kelishdi.

Qaniydi, men ham boshqa bolalar kabi ota-onam bilan yashasam… — Ko‘ziga yosh oladi. 

Rahmon, 12 yosh, Toshkent shahridan:

— Ikki ukam va buvim bilan yashardik. Nodir 4 yoshda, Diyor 3 yoshda. Otamni umuman ko‘rmaganman, oyim esa Qozog‘istonda. Buvim nuqul meni koyib, urgani uchun noto‘g‘ri ish qilishdan, uning jahlini chiqarishdan rosa qo‘rqardim. Biroq u baribir meni shu yerga tashlab ketdi. Ukalarimni, ayniqsa oyimni juda sog‘inyapman,– dedi yig‘lamsirab. – Qaniydi, ota-onam, ukalarim bilan birga yashasak. Ammo buvimning yoniga qaytishni sira istamayman, menga shu yer yaxshiroq. Chunki bu yerda hech kim meni urishmaydi, ovqatlari ham mazali. 

Kelajakda rejissyor bo‘lishni orzu qilgan Rahmon faqat ota-onalar haqida film olishni niyat qilgan. 

Sabina va Rahmon bilan suhbatlashib turarkanmiz, yonimizga yana bir qiz kelib o‘tirdi. O‘zini Emeni deb tanishtirgan bu qiz 15 yoshda ekan. Undan ota-onasi haqida so‘raganimizda Armanistonda istiqomat qiluvchi onasini yoshligida bir-ikki marta ko‘rgani sababli elas-elas xotirlashini aytdi. Lekin u bilan yashashni istamasligini ta’kidlar ekan, u haqdagi savollarga goh xo‘rsinib, goh asabiylashib javob berdi. Suhbatimiz davomida nigohlarini yashirishga harakat qilar, boshini quyi solgan ko‘yi o‘tirardi. Aytishicha, otasi allaqachon ikkinchi marotaba oila qurgan, bola-chaqali bo‘lgan. Har zamonda Emenini ko‘rgani kelib tursa-da, yillar davomida kutgani — volidasi bir marta bo‘lsa ham qizi holidan xabar olmagan. Balki shuning uchun Emeni kulishni unutgan, ko‘zlari mungli, chehrasi anduhlidir.

U ham Sabinadek mehribonlik uyidan qochgani sabab hozir shu yerda. Markaz profilaktika inspektori Nargiza Badalovaning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Emenining bobosi kelib nevarasini olib ketish niyatini bildirgan. Hozir qizni olib ketish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Yaqin kunlar ichida u o‘zi istagandek bobosi va buvisi quchog‘ida bo‘ladi. Hayot qiziq-da. Bir buvi mehribon bo‘lsa, biri teskarisi. 

Olib kelinganiga ikki kun bo‘lgan tojikistonlik 15 yoshli Sadriddin bilan esa suhbatlashishga biroz qiynaldik. Chunki u o‘zbekchani u qadar tushunmas, biz esa tojikchadan bexabar edik. Ammo Sadriddinning o‘rtog‘i bilan chegaradan o‘tish sababini aniqlagach, markazga qanday kelib qolganini fahmladik. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi zavodda oddiy ishchi, onasi kafeda ofitsiant. Sadriddin iqtisodiy tomonlama qiynalib qolgan oilasiga ko‘mak berish maqsadida Toshkentga ishlagani kelgan. O‘rtog‘i esa Surxondaryoda qolgan onasini topish niyatida. Biroq Abu Saxiy savdo majmuasiga kelgan ikki o‘rtoq bir-birini yo‘qotib qo‘yadi. Oradan 2-3 kun o‘tgach, bozorda aravakashlik qilib yurgan Sadriddinni profilaktika inspektorlari markazga olib kelishadi. 

Tojik yigit bilan so‘zlashar ekanmiz, yuz-ko‘zidan qilgan ishidan pushaymonlik, oilasi, ota makoniga bo‘lgan yurt sog‘inchi shundoq sezilib turardi. Hatto “Tojikistonga qaytib ketsam, boshqa bunday noma’qulchilik qilmayman” dedi ko‘zlarida yosh aylanib. 

Bu bolalar markazda vaqtincha yashashmoqda. Guvohi bo‘lganingizdek bari turli sabablar bilan kelib qolgan. Lekin bu yerdagi sharoit, issiq oshu ovqat, xodimlar munosabati hammasiga birdek yoqadi. Markaz xodimlaridan birining aytishicha, bu yerga kelgachgina qo‘liga ilk marotaba to‘qish asboblarini olgan Lyosha ismli qiz hozir bir- biridan chiroyli kiyimlar to‘qish bilan band. To‘qish uning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. Boshqa qizlar esa chevarlik hunarini egallash bilan mashg‘ul. 

Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatuvchi mazkur markaz tunu kun (dam olish kunlarisiz) faoliyat yuritadi. Nazoratsiz qolgan bolalar va o‘smirlarning (3 yoshdan 18 yoshgacha) manfaatlarini himoya qilib, ularni yomon yo‘llarga kirib ketishining oldini olishga harakat qiladi. Qabul qilingan har bir o‘smir bilan ruhshunos alohida psixodiagnostik, psixoprofilaktik, psixokorrektsion mashg‘ulotlar olib boradi. Bu yerda barcha sharoitlar muhayyo: kutubxona, yotoqxona, mehnat va sport xonalari, hatto, hayvonlar burchagi ham bor.

Yuqoridagi o‘smirlar bilan suhbatlashar ekanmiz, bir savol bizni juda qiynadi — bunday holatlarda asl aybdor kim o‘zi? Shu kunga qadar buvisi urishidan cho‘chib, yuragini hovuchlab yashagan, uch marta turmushga chiqqan onasining ikkinchi oilasidan bo‘lgan, tez kunlarda mehribonlik uyiga jo‘natilishidan bexabar Rahmonmi yoki xorijda yashovchi bobosi olib ketishiga umid bog‘lab, tunu kun yo‘liga ko‘z tikkan, zumda orzulari sarobga aylanib voyaga yetguniga qadar Qo‘qondagi tarbiyasi og‘ir qizlar maktabida tahsil olishga mahkum Sabina ismli qizmi?! Yoxud u bilan suhbatlashgan har kimsaga “tezroq yurtimga jo‘natinglar” deya mo‘ltirab boquvchi tojik yigit Sadriddinmi?! 

Vaziyat ayon bo‘lsa-da, ularning birortasini oilasi bag‘riga qaytish, mehr-muhabbatga ko‘milib, chinakam baxtli boladek ulg‘ayish orzusi tark etmagan.

Hech bir farzand shubha yo‘qki, yaqinlari mehrini tuyib, erkalanib, sevilib voyaga yetishni orzu etmasa. Biroq kattalar-chi, ota-onalar-chi? Ularning hammasi ham bolasi uchun tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashashga tayyormi? Bu savolga baralla “ha” deb javob bergimiz keladi, afsus, bunday qilolmaymiz. Chunki o‘z bolasidan tonib, “davlat boqadi” qabilida jigargo‘shalaridan osongina voz kechib, ko‘ngilxushliklari, ikkinchi, uchinchi… turmushlari bilan ovora “ona”laru, boqimandalikdan or qilmay, maktab yoshidagi farzandini, jazirama yozda, qahraton qishda ham ko‘chaga, bozorga, xullas qaerdan pul topish mumkin bo‘lsa, bariga ishlashga majbur etayotgan “ota”lar kam emas oramizda. Aslini olganda, bosh qomusimizning 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. “Oila kodeksi”ning 100-modda 1-qismiga binoan esa ota-ona voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarga ta’minot berishi shart. Nega endi bugun mamlakatimiz fuqarolarining hammasi ham qonunlarda belgilangan majburiyatlarni bajarmayapti?! Moddiy ta’minot nari tursin bola uchun zarur ruh ozuqasi — mehrni bunchalar qizg‘anmasa ba’zilar?! Begonaning bolasini “bolam”lab turgan mahal, ota-ona o‘z qoni, jon rishtasidan mehrini darig‘ tutsa! Qorni och kunlar bo‘ladi, usti yupun damlar ham xotirdan ko‘tariladi, qahratonda sovqotgan, ish dastidan qavargan qo‘llar bir kun yana asl holiga qaytadi. Biroq mehr tilab, mehr dardida ozor chekkan qalb jarohati umrga tatiydi. 

Bilishimizcha, voyaga yetmaganlarni ijtimoiy huquqiy himoyalash markazida har kuni bolalar soni o‘zgarib turadi, kimlardir olib kelinadi, kimlardir ota-onasi bag‘riga qaytariladi, boshqa birovlari esa mehribonlik uylariga joylashtiriladi. Biroq dam olish kunlari va ta’til vaqtida ushlab kelinganlarning 100 tagacha yetishini eshitib, hatto, aql shoshadi. Markaz ruhshunosi Sevara Otaboevaning aytishicha, ayni shu kunlarda ko‘plab bolalar hammollik qilish, nimadir sotish yoki tilanchilik qilish maqsadida ko‘chalarga, bozorlarga chiqar ekan. Hatto shahar ko‘rishni orzu qilgan ayrim viloyatlik o‘smirlar ham ikki-uch kunga bo‘lsa-da poytaxt sari yo‘l olar ekan. Ota-onasi, yaqinlarisiz, hech bir hujjatsiz poytaxtga kelganlarni tabiiyki, profilaktika inspektorlari ushlab oladi. Chunki har yerda qonun va nazorat bor. Jumladan, mamlakatimizda ertamiz egalari yoshlarga, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga e’tiborsiz qaralmaydi. Ularning har bir xatti-harakati, yurish-turishi uchun javobgar qancha organlar bor. Biroq davlat shunchalik e’tibor berib, g‘amxo‘rlik qilib turgan mahal nega yana ota-onalar shunchalar bee’tibor, mas’uliyatsiz?! 

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati o‘z vaqtida darsga kelmaydigan, saboqlarni o‘zlashtirishda birmuncha ortda qolayotgan o‘quvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim yoshlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga moyilligi esa ularning oilasidagi tarbiyaviy muhit og‘irligi bilan bog‘liqdir. Vaqtida berilmayotgan e’tibor va to‘g‘ri tarbiya, me’yordan oshgan erkalash dastlab shumlikka, sekin-asta jinoyat eshiklari sari yetaklayotgani achchiq haqiqat. 

Biroq afsus chekkan bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Shunday ekan, chekka tuman-hududlar, qishloq yoki ovullarga qadar ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan barcha voyaga yetmaganlarni va nosog‘lom muhitda ulg‘ayayotgan bolalarni aniqlab, mazkur holatga sabab bo‘layotgan salbiy ta’sirlarni atroflicha o‘rganishimiz kerak. Voyaga yetmagan farzandlarini qarindoshlari yoki boshqa insonlar qaramog‘iga topshirib, o‘zi xorijga ishlagani ketayotgan ota-onalar safini kamaytirishimiz, iloji bo‘lsa, mazkur holatga batamom chek qo‘yish chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim. Shuningdek, jamiyatimizda oilaviy ajralishlarga ham qo‘ldan kelgancha to‘sqinlik qilish, oilalarni imkon qadar saqlab qolish yuqoridagi muammolarning oldini olishda ancha ko‘mak beradi deb o‘ylaymiz. Faqat yoshlar bilan emas, ularning ota-onalari, oila a’zolari bilan ham mahalla, xotin-qizlar, huquq-tartibot idora vakillari samarali targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishlari ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Aytish joizki, inson uchun zarur barcha olijanob tuyg‘u va fazilatlar oiladan boshlanadi. Oilaning sharqona ildizlaridan oziqlanib, davr va hayot talabiga monand voyaga yetgan farzandgina komil inson darajasiga da’vogarlik qilishi mumkin. Shunday ekan, nafs istagidan farzandlarimizni ustun qo‘yaylik, ularni bir umr ko‘zida yosh, qalbda armoni bilan mehribonlik uyigami yoki turli markazlarga tashlab ketmaylik. E’tiborsizligimiz oqibatida katta hayot ostonasi sari ildamlayotgan farzandimizni manzilidan adashishiga aslo yo‘l qo‘ymaylik.

Bola kulgusi yangragan har bir oshiyon jannatmonand go‘shadir. Hayotimiz mazmuni bo‘lmish zurriyotlarimizning sog‘-salomat kamolga yetishi esa bebaho boyligimizdir. Ana shu go‘shadan va boylikdan o‘zimizni o‘zimiz mosuvo etmaylik, azizlar!

Go‘zal MALIKOVA, “Hurriyat” muxbiri

Fayoza AVLAYEVA, talaba

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + six =