TURIZM — taraqqiyot asosi

Xalqimiz mehmondo‘stligi bilan mashhur. Buni jannatmonand yurtimizga dunyoning turli burchaklaridan kelib-ketadigan sayyohlar ham e’tirof etadi. Madaniyatimiz, urf-odatlarimizdan bahra oladilar. Yaxshi fikr va taassurotlar bilan yana bir bor yurtimizga kelishni orzu qilib qaytadilar. Mamlakatimizning qay go‘shasini ziyorat etayotgan yoki tomosha qilayotgan sayyohdan so‘ramang, unga bu yer xush yoqayotgani-yu, hamyurtlarimizning samimiyligidan gap ochadi, taassurotlarini mamnuniyat bilan ifodalaydi.

 

 Ma’lumki, rivojlangan davlatlar yalpi ichki mahsulotida turizmning ulushi 10-20 foizni, hatto ba’zi mamlakatlarda 50-60 foizdan ham yuqorini tashkil etadi. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich atigi 2 foizdan ortiqroq. Agar ichki imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, bu ko‘rsatkichni oshirish imkoniyati ko‘p. Xo‘sh, buning uchun nimalar qilishimiz kerak, degan haqli savol tug‘iladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «2018—2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz. Unda turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy, ma’muriy va huquqiy muhitni yaratgan holda, eng samarali tartibni joriy etish, hududlarning iqtisodiy salohiyati va daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yurtimizga keladigan turistlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek, milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol va kompleks ilgari surish kabi ulug‘vor maqsadlar nazarda tutilgan. 

Aytish kerakki, turizm qo‘mitasi ham sohani rivojlantirish uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda soha salohiyatini oshirish, tarixiy-madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish, milliy turizm mahsulotlari va brendlarini jahon bozorlariga kirib borishiga ko‘maklashuvchi reklama-axborot siyosatini amalga oshirish borasida izchil harakatlar qilinmoqda. Shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari va grantlarini jalb etish kabi qator vazifalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. 

Biroq shularning o‘zi yetarlimi? Bizningcha, yo‘q. Turizm faqat Prezident yoki hukumat qarorlari bilan taraqqiy etib ketadigan soha emas. Uning ravnaqi juda ko‘p omillarga, xususan, davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyatiga, biz — fuqarolarning amaliy harakatimizga ham bog‘liq. Yaxshisi, ayni kunda Samarqand shahridagi “Karavan Travel” turistik firmasida faoliyat yuritayotgan soha mutaxassisi, tur-operator, gid-tarjimon Islomjon Qurbonov mulohazalariga quloq tutaylik.

— Mamlakatimizda hozirgi paytda mehmonxonalar soni va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, barcha viloyatlarimizda poytaxtimizdagi besh yulduzli mehmonxonalar kabi mijozlarga a’lo darajada xizmat ko‘rsatadigan inshootlar soni hamda sifatini oshirish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri. Bugungi kunda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida to‘rt yulduzli mehmonxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularga milliyligimizni aks ettirib turgan inshootlar sifatida ham qarashimiz mumkin. Biroq mazkur mehmonxonalardagi mavjud sharoitning eskirganligini hisobga olib, tashqi ko‘rinishidan tortib, arzimasdek tuyulgan kichik muammolar — internet bilan ta’minlanganlik darajasigacha alohida e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylayman. Shuningdek, qavati kam bo‘lsa-da, qulay va oddiy turmush tarzimizga mos o‘zbekona xonadonlardan mehmonxona sifatida foydalanilsa, madaniy, sog‘lomlashtirish ko‘ngilochar savdo markazlari qurilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Xizmat taqozosi bilan Nukus shahriga ham tez-tez borib turamiz. Yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlarni asosan, Mo‘ynoq, Tuproqqal’a, Ayoz qal’a va Orol dengizining qadimiy porti hisoblangan yerlarga taklif etamiz. Shunda noqulay yo‘l — hamrohlarimiz singari bizni ham charchatadi. Ma’lumki, boshqa mamlakatga sayohatga kelgan mehmon e’tiborini eng avvalo, u yerdagi binolar va yo‘llarga qaratadi. Shunday ekan, bizning jahonga maqtansa arzigulik shaharlarimiz, ko‘chalarimiz, tarixiy yodgorliklarimizga olib boruvchi yo‘llarning ravon va keng, toza va ozoda bo‘lishiga erishishimiz kerak. Bu turizmni rivojlantirish uchun katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, sayyohlarni boy tarixiy-madaniy merosga ega chekka qishloqlar, tog‘oldi hududlarimiz bilan yaqindan tanishtirishni yo‘lga qo‘ya olsak, avvalo, o‘sha hududlarda yashash sharoiti yaxshilanishiga erishgan bo‘lamiz. Tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, sayyohlarning ko‘pchiligida sof o‘zbek madaniyatini, asl hayotini ko‘rish istagi kuchli. Ular odamlarimizga o‘xshab xonadonlarda yashab ko‘rishni istashadi. Yevropaga xos hamma narsa tayyor mehmoxonalarda yashashni yoqtirishmaydi. 

Yaqinda 16 kun davomida yurtimizda mehmon bo‘lgan ispaniyalik sayyoh er-xotinlar Pepe va Rakeellar respublikamizning deyarli barcha hududini borib ko‘rishdi. Jizzax viloyatining Hayot qishlog‘ida an’anaviy turistik uy ochilgan. Mehmonlarni shu manzilga olib keldim. Avvalo, qishloqning tabiiy manzarasi, aholining soddaligiyu mehmondo‘stligi ularni hayratda qoldirdi. Ayniqsa, uy egalari mehmonlarni yelkasida sochiq, qo‘lida obdastalar bilan kutib olishdi. Uy o‘zbekona, oddiy g‘ishtdan, tomlari shifer bilan yopilgan. Ichki qismining devorlariga milliy so‘zana, palaklar osilgan. Turistlar xontaxta atrofida o‘tirgach, ularga bir piyoladan choy berildi. Bunday iltifotni ko‘rib, ular nima deyishni ham bilmay qolishdi. Bu bizda mehmon uchun katta hurmat belgisi ekanini eshitib, hayratlanishdi. Mana shunday uylar sonining ko‘payishi sayyohlarning yurtimizga ko‘proq kelishiga sabab bo‘ladi. 

Ispaniyalik sayyoh Maria Teressa bilan suhbatlashganimda u shunday dedi:

— Biz Ispaniyaning Barselona shahridan keldik. Yurtingiz haqidagi taassurotlarim juda ijobiy. 14 kun davomida mehmonda bo‘lgan bo‘lsak, xalqingizning bir-biriga inoqligi va bahamjihat ish qilishi meni hayratga soldi. Bu millat taraqqiyotida juda muhim omil hisoblanadi. Samarqanddagi tarixiy qadamjolar bo‘lakcha. Eng maftunkori bu, shubhasiz — Registon maydoni. Nima uchundir Ispaniyadaligimda shu yodgorliklar haqida internet saytlaridan tuzukroq ma’lumot topa olmagan edim. Samarqand qog‘oz fabrikasiga ham bordik. Bunday korxona borligiga umrimda birinchi bor guvoh bo‘lishim. Samarqand oshxonasi va lazzatli taomlari ham menga juda yoqdi. Faqat negadir, restoranlarda ingliz tilidagi “menyu”larni ko‘rmadik. Lekin shunday osoyishta yurtda bo‘lganimizdan mamnunmiz.

Shuningdek, sayyohlar orasida tadbirkorlari bo‘lsa, dehqonchilik mahsulotlarimiz bilan ularni qiziqtira olsak, mahsulotlarimizni chetga eksport qilish imkoniyati yanada kengayadi.

Ba’zan turistlardan aeroportlarda yuklarini kutib qolish haqidagi shikoyatlarni eshitib qolaman. Bojxona xodimlarining muomalasi ham ko‘ngillariga o‘tirmagan paytlar bo‘lar ekan. Bizdagi xodimlarning chet tilini, xususan, ingliz tilini yaxshi bilmasligini ham qayd etishadi. 

O‘zim Ispaniya davlatida mehmonda bo‘lganimda, aeroportdagi oziq-ovqatlar narxi ko‘chadagi kabi bir xil ekaniga guvoh bo‘lganman. Bizda esa aksi, aeroportlarimizda mahsulotlar bozor yoki do‘konlarimizga nisbatan ikki-uch barobar qimmat sotiladi. 

Yurtimizga keluvchi sayyohlar uchun yana qator imkoniyatlar yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Jumladan, ularni yo‘naltiruvchi xaritalarning yetishmasligi yoki ko‘chalarni ko‘rsatib turuvchi yo‘l belgilarining kamligi birmuncha qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Shuningdek, aeroport va vokzallarda ham ma’lumot berish shoxobchalarini ko‘paytirish, u yerdagi ma’lumotlarni bir necha tillarda taqdim etish kerak. Masalan, tarqatma materiallar, bukletlar, muborak qadamjolarni ziyorat etish odoblarini turli tillarda ishlab chiqish, aeroport va viza berish xizmatlarini yengillashtirish hamda xorijiy hamkorlar, elchixonalar bilan aloqalarni rivojlantirish zarur. Sayyohlar bilan ishlovchi barcha mas’ul xodimlarning savodxonligini ham oshirish lozim.

O‘ylaymizki, mutaxassis tomonidan yuqorida bildirilgan fikr va mulohazalar, o‘rinli takliflar soha mutasaddilarini befarq qoldirmaydi. 

Xurshid MA’RUF tayyorladi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =