Biz bilgan va bilmagan OROL. Ikkinchi maqola


DENGIZ TUBIDAGI SIRLI IZLAR

Yer sayyorasidan o‘zga tamaddunlarning izlarini izlovchilar uchun Orol dengizi jahon xaritasidagi sirli va qiziqarli nuqta desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunga bois, dahshatli ekologik falokatga ro‘para bo‘lgan Orol dengizi tubida hammani hayratga solayotgan va hayajonlantirayotgan ulkan belgilarning topilganligidir. Olimlarning ta’kidlashicha, Orol geogliflari — tuproqqa chizilgan ulkan tasvirlar o‘zga sayyoraliklarning ishidir. 

Ancha ozchilikka ma’lum bo‘lgan mazkur belgilar Katta Orolning shimoliy qismida, sobiq Ko‘korol orolining janubi-sharqida joylashgan. Dastlab bu tasvirlarni 1990 yilda Sirdaryoning quyi qismlarini aerofotosuratga olish paytida gidrolog olim Boris Smerdov ko‘rgan. Olim o‘shandan buyon Orol tubidagi sirli belgilarni o‘rganish bilan shug‘ullanib keladi. U hatto bu haqda “Orol dengizi tubidagi belgilar” nomli ilmiy-ommabop risolani ham yozgan. 

Shuni ham aytish kerakki, o‘tgan yillar mobaynida Orol dengizidagi ushbu tasvirlarning siri ochilmadi. Olim risolasining navbatdagi qismida dunyo olimlariga mazkur izlar o‘zga sayyoraliklar tamadduniga tegishli ekanligi to‘g‘risidagi yangi dalillarni taqdim etishni mo‘ljallamoqda. Shuningdek, u sirli belgilar jumbog‘ini yechishga, ularning amaliy ahamiyatini tushunishga urinmoqda. 

Xo‘sh, bu jumboqni yaratganlar nima demoqchi bo‘lishgan. Olimning aytishicha, chiziqlarning sirlari o‘ta murakkab va tushunarsiz. Birinchidan, ular tabiat tomonidan yaratilmagan. Ammo ularning yaratish insoniyatning ham qo‘lidan kelmasligi turgan gap. Sirli belgilar tabiiy yo‘l bilan yaratilmagan ekan, demak, ular juda yuksak rivojlangan o‘zga tamaddunlarning izlari bo‘lishi kerak. Yerdan o‘zga tamaddunlar izlarini izlovchilarni Orolga o‘xshash joylar juda qiziqtirishi tabiiy. Bunday kishilar hammasini ko‘rishni, bilishni istashadi. Ammo Oroldagi belgilarni ko‘rish unchalik oson ham emas. Nega deganda, bu sirli belgilar yupqa suv qatlami tagida joylashgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ularni jiddiy va batafsil tekshirish bilan hozircha hech kim shug‘ullanganicha yo‘q. 

 Vaholanki, Orol dengizi tagidagi sirli chizgilarning aerofotosuratlari bundan 23 yil muqaddam olingan. O‘tgan davr mobaynida  tasvirlar shaklu shamoyilida  o‘zgarishlar ham yuz bergan bo‘lsa, ehtimol. 

Shunisi aniqki, mazkur sirli chiziqlar NUJlarning qo‘nish maydoni bo‘lmagan. Ammo NUJ qurilmalari dengiz tubida yurgan bo‘lishi mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, mazkur belgilar juda yuqori aniqlikda amalga oshirilgan jo‘yaklarning tizimidir. Jo‘yaklarning chuqurligi 30-40 santimetrni, kengligi esa har bir jo‘yakda 1 metrdan 12 metrgacha o‘zgarib turadi. Jo‘yaklarning uzunligi 900-1300 metrni tashkil etadi. Dengiz tagida bunday jo‘yaklarni qazgan “buldozerlar”ning qudratini tasavvur etib bo‘lmaydi. Sirli chiziqlar xuddi lekaloda o‘lchangandek, aniq hisob-kitob bilan bajarilgan. Qizig‘i shundaki, sirli belgilarni shubhasiz mahalliy aholi ham biladi.

— Men mana shu Orol bo‘yida tug‘ilganman, uning ko‘m-ko‘k suvga to‘lib, to‘lqinlanib-mavjlanib turgan paytlari hamon ko‘z o‘ngimda turibdi. Mana bugungi kunda esa uning qurib-qaqshab qolganini ham ko‘rib turibman, deydi qizilo‘rdalik ekolog Saylovboy Jubatirov. — Tilsimli belgilarga kelsak, ularni bizga noma’lum bo‘lgan qadimgi tamaddunning izlari, deb o‘ylayman. Bu hech shubhasiz, o‘ta aqlli mavjudotlarning yaratig‘i. 

Hali Orol dengizi mavjud bo‘lmagan 24 ming yillar muqaddam bu yerlar poyonsiz tekisliklar bo‘lgan. 

 Ayrim olimlar bu shakllarni qadimgi Nuh toshqinining qoldiqlari, deb aytishadi. Belgilarni materialistik v mantiq nuqtai nazaridan izohlashga urinishadi: ya’ni qachonlardir, Orol o‘rni quruqlik bo‘lgan va bu belgilar irrigatsiya inshootlari. Ammo bu odamzodning ishi emas.

Ushbu tuzilmalar yuqori darajadagi tamaddunlar tomonidan bajarilgan, deydi Smerdov. Belgilar o‘z kelib chiqishi va nima uchun kerakligidan guvohlik beradi. Ular maxsus nuqtlarning koodinatalarini ko‘rsatib turidi. Ammo vaqt bizning foydamizga ishlamayapti, Orol sathining pasayishi bilan belgilarning buzilish xavfi kuchaymoqda. Qirg‘oq chizig‘i ularga yaqinlashib qoldi. Suv ketgach ular qurib, vayron bo‘lib ketadi. 

Belgilarning aynan nimani bildirishini, nima uchun mo‘ljallanganini hali ilmiy jihatdan puxta tadqiq etish kerak, albatta. Ammo yana bir sirli jihati, bunday jumboq belgilar faqat Orol dengizi tubida emas, balki Kaspiy dengizi tagida ham mavjudligi bugun fanga ma’lum bo‘ldi. 

Ayrim manbalarda yozilishicha, Kaspiy dengizi tubida ham katta uzunlikda va kengligi 10 metrgacha bo‘lgan bunday jo‘yaklar uchraydi. Ayrim olimlar buni muzlarning ishi deb aytishadi. Ammo dengizdagi og‘irligi 1000 tonnalik muz ham gorizontal yuzadan siljib, bunday jo‘yakni hosil qilolmasligi turgan gap. 

 

UMIDLANTIRAYOTGAN LOYIHALAR

Amudaryo va Sirdaryo suvlarini imkon qadar quriyotgan Orol dengiziga oqizish va hech bo‘lmasa dengizni hozirgi holicha saqlab qolish borasida ko‘plab loyihalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, ma’lum darajada amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, shulardan biri “Sirdaryo o‘zanini boshqarish va Orolni saqlab qolish” loyihasiga ko‘ra, 2003 — 2005 yillarda Qozog‘iston davlati Katta Orol bilan Kichik Orolni ajratib turuvchi Ko‘korol to‘g‘onini barpo etdi. 

Shundan keyin Kichik Orolga to‘planadigan Sirdaryo suvi 42 metrgacha ko‘tarildi. Suvning sho‘rlanish darajasi birmuncha pasaydi va hatto bu yerda baliqlarning ayrim turlari ko‘paytiriladigan bo‘ldi. Xususan, 2007 yilda 1910 tonna baliq ovlangani fikrimizning tasdig‘idir. Ko‘korol to‘g‘onining uzunligi 17 kilometrni, balandligi 6 metr va kengligi 300 metrni tashkil etadi. Kelgusida 870 kvadrat kilometr maydonni suvga to‘latish ko‘zda tutilmoqda. Bu imkon darajasida Orol bo‘yi flora va faunasini tiklashga imkon beradi. 

 

Mazkur loyihaning ikkinchi fazasi Kichik Orolning shimoliy qismidagi to‘g‘onni kengaytirib, uni maxsus kanal orqali suv bilan to‘ldirishni ko‘zda tutadi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur loyiha tufayli Shimoliy Oroldagi suv hajmi 27 kilometr kubdan 59 kub kilometrga ko‘payadi. Suv sathining ko‘tarilishi natijasida bir paytlar port bo‘lgan va hozirda dengizda 40 kilometr uzoqlashib ketgan Aralsk shahri yana Orolga yaqinlashib boshlaydi. Albatta, dengizni avvalgi holiga keltirishning imkoni yo‘q, ammo hozirgi holida saqlab turish uchun bunday loyihalarning qilinayotgani ham katta gap. 

 

A.AZIMOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 12 =