NAHOTKI, qog‘ozbozlikdan qutulsak?!

Keyingi paytda “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, iborasini tez-tez uchratyapmiz.

Fuqaro borki, davlat idoralarining turli xizmatlaridan foydalanadi. Albatta, bu ishlar qog‘ozbozliksiz bitmaydi. U yerlarda kishi emas, qog‘oz so‘zlaydi. Hatto sening kimliging ham tasdiqlovchi hujjat orqali aniqlanadi. Ochig‘ini aytganda, ana shu kabi qog‘ozbozlikdan, sansolarlikdan yuragimiz zada bo‘lib qolgan. Kutish, xonama-xona yurish, kimlargadir sarg‘ayish… Bu jarayonlar, ayniqsa, tadbirkorlik yoki biror faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma, litsenziyalarni olishda ko‘p takrorlanadi. O‘nlab joydan ma’lumotnomayu ruxsatnoma olishdan charchab, kishi niyatidan ham qaytib qolishi hech gap emas.

 

Nega shundayligiga ajablanishdan o‘zga ilojimiz ham yo‘q edi. Xullas, ayrimlarga bu kabi qog‘ozbozlik manfaat ham keltirardi. Ya’ni korruptsiyaga yo‘l ochgandi. Shukrki, bularning barchasi endi ortda qolmoqda. Bu kabi salbiy illatlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida “yagona darcha” xizmatlari joriy etilib, ular yil sayin mukammallashib bormoqda. 

Oxirgi bir yil ichida Yurtboshimiz boshchiligida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida izchil islohotlar olib borildiki, bu tez sur’atlarda o‘z samarasini bera boshladi. Jumladan, aholiga yangi xizmat ko‘rsatish tizimlari joriy etilib, ularning barchasi xalqimiz manfaatiga, roziligiga xizmat qilmoqda.

O‘tgan yil 12 dekabr kuni Yurtboshimizning “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlat xizmatlarining milliy yangi tizimini boshlab berdi. Unga ko‘ra, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, faoliyat yuritishi “YAGONA DARCHA” tamoyili asosida etib belgilandi. Bu o‘z navbatida xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va markazlashgan holda xizmat ko‘rsatish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirildi. Qarorga muvofiq agentlikka bir qator vazifalar yuklangan bo‘lib, ulardan eng muhimi – bu davlat xizmatlarining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va sohada buyurokratiyaga, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi. Qolaversa, bu markazlar aholi bilan davlatni o‘zaro bog‘laydigan yagona joy sifatida baholanib, Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, qarorda 2018—2020 yillarda bosqichma-bosqich joriy etilishiga qarab Davlat xizmatlari markazlarida “YAGONA DARCHA” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan 58 ta davlat xizmatining ro‘yxati tasdiqlandi. Jumladan, unda sog‘liqni saqlash, litsenziyalash, soliq, bojxona, uy-joylarning suv ta’minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta’minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli arxiv ma’lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish, maktabgacha ta’lim muassalariga joylashtirish kabi aholining talabi yuqori bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatish belgilab berilgan.

Shundan kelib chiqib ayni kunda respublikamizning barcha hududlarida agentlik bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bois markazlar ishi bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tuman davlat xizmatlari markazida bo‘ldik. 

Aholi bilan gavjum maskanda “YAGONA DARCHA” tamoyili asosida 37 turdagi idora vakillari xizmat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bir bo‘limda navbatda turgan kishilarning ko‘pligini ko‘rib, ularning suhbatiga chog‘landik. Bilishimizcha, navbatda turganlarning aksari ishbilarmonlikni endigina boshlayotganlar ekan. Bu tadbirkorlarga ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash xizmati bo‘lib, mutaxassis elektron kalitlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan band. Ana bizga tanqid uchun gap topildi, “Nega shuncha odamni ushlab turibsizlar? Shumi hali xizmat ko‘rsatish sifati?”, deb endi gap boshlamoqchi edik, manzara biz o‘ylagandek bo‘lmadi. Har bir murojaatchi besh, olti daqiqada ro‘yxatdan o‘tib o‘ziga kerakli elektron kalitlarni olib ketmoqda. Xizmatdan noligan biror kishini uchratmadik.

Markaz xizmati aholini qoniqtiryaptimi? Shuni bilish maqsadida murojaatchilardan birini suhbatga tortdik. 

– Bugun tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan ruhlangan holda biz ham ishbilarmonlikka qo‘l urdik, – deydi “Osiyo agro injenering” MChJ rahbari Tohir Umarov. – Buning uchun ro‘yxatdan o‘tish bunchalik yengil bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Bor-yo‘g‘i, uch dona hujjat so‘rashdi. Pasport, STIR raqami va ariza. Birpasda rasmiylashtirib ham berishdi. Bir kunda barcha hujjatlarni to‘g‘rilab, elektron kalit, muhr, tamg‘aga ham ega bo‘ldik. Shuningdek, markazda kommunal xizmatlar uchun murojaat qilish imkoni borligi, biz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Endi “Tumangaz”ga, “Suvsoz”ga, elektr tarmoqlariga yoki boshqa idoralarga borib, navbat kutish kerak, degan gap-so‘zlar yo‘q bo‘libdi. Shu yerning o‘zida barcha tashkilotlarga ariza bilan murojaat qildik. Xizmatlar o‘z vaqtida bajarilishi haqida ta’kidlashdi. Albatta, bundan judayam mamnunmiz. 

Markaz faoliyati bilan kengroq tanishish maqsadida markaz direktori Baxtiyor Sagatovning suhbatini oldik.

– Ish boshlaganimizga hali ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, murojaatchilar soni kun sayin ortmoqda. Ba’zi kunlari 500 dan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Faqat o‘zimizning tuman emas, balki markazga har qanday yumush bilan kelgan barcha fuqarolarga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatilmoqda. Albatta, yuzlab kishilarga xizmat ko‘rsatish, ularning murojaatlarini tinglash, hal qilish oson ish emas. Qolaversa, ularning orasida turli xarakterdagilari ham uchraydi. Ularga to‘g‘ri muomala qilish, qonunlarni ham tushuntirish lozim bo‘lmoqda. Ayni kunda markazimizda 37 turdagi xizmatni ko‘rsatayotgan bo‘lsak, 1 apreldan yana ikkitaga ortishi mo‘ljallangan. Hozir tadbirkorlarimiz uchun turli ruxsatnomalar olish, do‘kon yoki dorixona ochishmi, boshqa turdagi ro‘yxatlardan o‘tishmi, bularning barchasi markazimiz orqali amalga oshirilmoqda. Qolaversa, issiq va sovuq suv tarmoqlariga ulanish, turli qurilish loyihalari, rekonstruktsiya ishlariga ruxsat berish kabi bir qator xizmatlar ham markazda jamlangan. Bu xizmatlarning barchasida hujjatlar onlayn tarzda yuritilmoqda. Bunda murojaatchining birgina arizasi onlayn tarzda boshqa idoralarga ijro uchun jo‘natiladi. Ya’ni hujjatlar elektron tarzda tegishli idoralarda aylanib yuradi. Bu ham vaqtni, ham mablag‘ni tejaydi. Turli sarsonlik va korruptsiyaning ham oldini oladi. Hatto uyida o‘tirgan holatda ham onlayn tarzda murojaat qilish imkoni yaratilmoqda. Endi markazlarda barcha hujjatlar elektron tizim orqali harakatlanishi sababli, fuqaro yoki yuridik shaxs tegishli hujjatni rasmiylashtirishi uchun idorama-idora yurmaydi. Faqat hujjatlar harakatlanadi. Ayni kunda bu tizim tadbirkorlar uchun xizmat qilmoqda. Chunki har qanday kishi markazga kelmasdan turib ham onlayn tarzda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Bularning barchasi internet orqali amalga oshiriladi. Bejiz, Yurtboshimiz internet tizimini yaxshilashga urg‘u qaratayotgani yo‘q. Chunki bugun jahon uning tezligi bilan rivoj topmoqda desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Shu bois tizimga AKTlarni keng joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, haftaning shanba kunlari agentlik xodimlari sanoat zonalarida, mahallalarda sayyor xizmatlarni ko‘rsatmoqdalar. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlari to‘liq o‘rganilib, ularga ham bir qator xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Aholi bilan ochiq muloqotlar, suhbatlar uyushtirilib, ularning fikri mulohazalari ham o‘rganib borilmoqda.

Darhaqiqat, markaz faoliyati bilan tanisharkanmiz, chindan-da davlat xizmatlarining o‘ziga xos milliy tizimi shakllanayotganining guvohi bo‘ldik. Qolaversa, Yurtboshimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilning amaldagi isbotini ham ko‘rdik. 

 

Bobur MUHAMMADIEV

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + sixteen =