EL ham rozi ellar ham rozi

Mamlakatimizning dunyo va mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, qardoshlik, manfaatli hamkorlik aloqalari yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Qirg‘iziston poytaxti Bishkek hamda O‘sh shahrida “O‘zbek-qirg‘iz adabiyoti – do‘stlik adabiyoti” mavzuidagi uchrashuvlar buning yaqqol dalilidir.

 

Bishkek shahridagi “Manas” xalqaro aeroportidayoq biz – o‘zbekistonliklar o‘tgan ikki yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida erishilgan kelushuvlarning tarixiy ahamiyati va natijasini his qildik. O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosat butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani muloqotlarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Bir daryodan suv ichgan qo‘shnilarimizning bojxona idorasi rasmiy xodimi delegatsiyamiz a’zosi, taniqli publitsist-adib Ahmadjon Meliboevni tanib, u kishiga hurmat-ehtirom ko‘rsatgani ko‘nglimizga iliqlik bag‘ishladi. Bu kayfiyat safar yakunigacha bizni tark etmadi.

O‘zining 140 yilligini nishonlayotgan Bishkek ko‘chalarida “Ravon” tamg‘asi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli rangdagi avtomobillarni ko‘rib ko‘zlarimiz quvondi. “Buxoro”, “Xiva”, “Samarqand” va yurtimizning boshqa mashhur joy nomlari bilan atalgan kafe-oshxonalar shahar ahli va mehmonlariga namunali xizmat ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistondagi yirik tadbirkorlik va ishlab chiqarish kompaniyalari, shuningdek, turizm bilan shug‘ullanuvchi turli firmalarning reklamalari shaharning turli burchaklarida ko‘zga tashlanadi. Qirg‘iz birodarlarimizning O‘zbekiston mahsulotlariga, umuman, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘zgarishlarga qiziqishlari nihoyatda yuqori.

Tashrifimiz ertasiga Qirg‘iziston Davlat filarmoniyasining muhtasham zalida davlat va jamoat arboblari, ijodkor ziyolilar, ilm-fan, madaniyat ahli, milliy-madaniy markazlar faollari, diplomatik korpus vakillari jam bo‘lishdi.

Anjumanda delegatsiyamiz a’zolari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni, adabiyot va san’at sohasidagi ijodiy hamkorlikni kuchaytirish borasida amalga oshirayotgan ishlar, O‘zbekistondagi milliy-madaniy markazlar faoliyati xususida so‘zlab berdilar. Jumladan, O‘zbekiston, Respublikasi Prezidenti qarori bilan buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng miqyosda nishonlanayotgani, “Obod qishloq” davlat dasturi asosida Jizzax viloyatining Manas qishlog‘i qayta qurilgani, shuningdek, eng ixcham va maqbul variant sifatida Qirg‘izistonda ikki yil muqaddam nashr etilgan “Manas” eposi o‘zbek tiliga o‘girilgani, To‘qtag‘ul oqin ijodiga bag‘ishlangan kattagina kitob chop etilgani tilga olindi. 

Quvonarli jihati, mezbonlar bu yangiliklardan allaqachon boxabar bo‘lib, ular O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy yuksalishlar, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan xalqchil va demokratik siyosatni OAV, internet tarmoqlari orqali izchil kuzatib borishar ekan. Ayni paytda qirg‘iz matbuotida mutaxassislarning O‘zbekistondagi bugungi davr talqiniga bag‘ishlangan munosabati peshma-pesh e’lon qilinmoqda. Ayniqsa, bizdagi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishdagi tajriba, chet ellik investorlarga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar borasidagi amaliy ishlar dolzarb mavzu sifatida yoritilmoqda. To‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishdagi dabdaba va isrofgarchilik muammosi qardoshlarimiz uchun ham dolzarb masala ekan. Shu bois, ular o‘zbek jamoatchiligining mazkur sohadagi muhokamalarini umumiy muammoning yagona yechimi sifatida o‘rganishmoqda.

– Tili, dini, makoni bir ikki elmiz, urf-odatlarimiz, maqsad-muddaolarimiz ham bir-biriga o‘xshash, – dedi Qirg‘iziston Yozuvchilar milliy ittifoqi raisi Akbar Risqulov. – Mamlakatimiz o‘rtasida hamjihatlik, xalqlarimiz orasida ahillik bardavom bo‘lishini, ustoz adiblar asos solgan qutlug‘ adabiy an’analar davom etishini barchamiz istaymiz. Ikki davlat ijodkor ziyolilarining uchrashuvi o‘z mazmun-mohiyati bilan o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni, inoqlikni yanada jipslashtirishga xizmat qiladi.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida ustoz Mirtemirning Qirg‘izistonda oylab ijodiy safarda bo‘lib, qirg‘iz milliy mentalitetini bevosita chuqur o‘rgangani, buning sharofati bilan “Manas” eposi tarjimasi ustida ish boshlaganidan yaxshi xabardormiz. Bugungi kun talabi bizdan ana shunday qutlug‘ an’analarni yana tiklashni, yozuvchi va shoirlar o‘rtasida ijodiy aloqalarini yo‘lga qo‘yishni, bir-birlarining asarlarini bevosita asliyatdan tarjima qilishni taqozo etadi. “Manas” eposidan ruhlangan va Chingiz Aytmatovday daho so‘z san’atkorlari ijodidan bahra olgan qardosh qirg‘iz adabiyoti bugun toshqin daryo singari mavjlanib turganiga guvohmiz. Bu hol jahonning barcha xalqlari adabiyoti qatori, qirg‘iz so‘z san’ati namunalarini ham yanada ko‘proq tarjima qilishimizga asos bo‘ladi. Shu ma’noda “Sharq yulduzi” va “Ala-Too” jurnallarining maxsus sonlarini o‘zbek va qirg‘iz adabiyoti namunalari asosida chop etishga kelishib olindi.

O‘sh viloyat gubernatorligi va Respublika miqyosidagi O‘sh shahar meriyasidagi qabul marosimlari ham qizg‘in va samimiy ruhda o‘tdi. Hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani odamlarning bir-biriga mehr-muhabbatini kuchaytirayotgani barobarida, ikki el turmush tarzida, fikr-zikrida muhim o‘zgarishlar yuz berishiga ishonch tuyg‘usini uyg‘otayotgani ta’kidlandi. O‘sh pedagogika universiteti va shahar markazidagi o‘rta maktabda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etgan ijodkor ziyolilar, olim va san’atkorlar buni alohida e’tirof etdilar. 

Xalqaro miqyosda Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlariga rasmiy tashriflari, Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xafsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida o‘tgan xalqaro konferentsiya tahliliga oid fikr-mulohazalarni eshitib xursand bo‘ldik: ularda xalqimizga, davlatimiz rahbariga nisbatan samimiy mehr, ehtirom aks etib turardi. Do‘stlik, birodarlik nafasi ufurgan tadbirlardan olam-olam zavq tuydik. Ayniqsa, anjuman va suhbatlarda kattayu kichikning birdek Chingiz Aytmatov “qadimgi qirg‘iz ruhining sarbaland cho‘qqisi” deb ta’riflagan “Manas” eposidan yod aytib berishi bizning havasimizni keltirdi. 

Safar nihoyasida Ahmadjon Meliboev bilan birga O‘shda faoliyat olib borayotgan “Intimoq” (“Totuvlik”) telestudiyasida o‘tkazilgan davra suhbatida ishtirok etib, bugungi o‘zbek adabiyoti, mamlakatimizda ijod ahli va yosh ijodkorlarga berilayotgan imtiyoz hamda e’tibor haqida ma’lumot berdik. Safarimiz davomida o‘tgan har bir uchrashuv hamda tadbirlar Qirg‘iziston davlat va nodavlat telekanallari orqali keng yoritildi. O‘zbek va qirg‘iz tilida berilgan intervyular asl holda qayta-qayta efirga uzatildi. 

Ana shunday izchil targ‘ibotlar natijasida bo‘lsa kerak, biz o‘zbekistonlik mehmonlarni “Do‘stlik” chegara postida ko‘rgan odamlar “Ana, yozuvchilar kelyapti” deb bir-birlariga imo qilib ko‘rsatishdi. Bundan ruhlanib, har ikki tomondan kelayotganlarning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rishga jazm qildik. “Bu  yer chegara emas, mehr-oqibatning, fayzu barakaning darvozasi bo‘ldi. Xalqni rozi qilaman, deb kunni tunga, tunni kunga ulab mehnat qilayotgan ulug‘larimizdan mingdan-ming rozimiz. Biz et-tirnoq, og‘a-ini qondoshlar qo‘llarimizni ochib hamisha duodamiz”, deyishdi ular yakdillik bilan. 

Bunday samimiy, yurakdan chiqqan so‘zlar hammamizning ko‘ngillarimizni ich-ichidan nurlantirib turardi nazarimizda!..

 

Sirojiddin RAUF,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =