SO‘NGGI QADAM. Hech kim o‘lishni istamaydi

Agar tanamizning biror joyi og‘risa shifokorga murojaat qilamiz. Ammo ruhiyatimiz xastalansa-chi? Tushkunlikka tushsak yoki jizzaki bo‘lib qolsak, hech shifokorga boramizmi?!

 

 Yaqinda internet saytida Toshkent viloyatida bir kunda 5 kishi o‘z joniga qasd qilgani haqidagi axborotni o‘qib taajjubga tushdim. Nahotki, inson uchun eng qadrli bo‘lgan ne’mat – hayotdan voz kechish shunchalar oson? Bunday noxush holat shaxsning yaqinlariga ham qattiq zarba bo‘lishi barobarida jamiyat uchun ham ayanchli holdir. O‘z joniga qasd qilishning sabab va omillari haqida psixolog Yoshlar ishonch markazi rahbari Shahnoza Qurbonova shunday deydi:

 — So‘nggi yillarda taraqqiyot tezlashgani sayin kishilarda ruhiy zo‘riqish kuchayib, turli xastaliklar ortib boryapti. Suitsid ham ana shu kabi omillarga bog‘liq bo‘lgan, kishining haddan tashqari siqilishi, tushkunlikka tushishi oqibatida kelib chiqadigan fojiadir. Dunyoda o‘z joniga qasd qiluvchilarning o‘rtacha yoshi 15-45 etib belgilangan bo‘lsa-da, afsuski, keyingi paytda yoshi katta kishilarda bunday holatlar ko‘p sodir bo‘layotir. Ularning kelib chiqish sabablari turlicha: oilaviy kelishmovchilik, moddiy yetishmaslik, hayotdagi tub burilish kabi omillar shular jumlasidandir.

Bu holatning ilk davri oddiy muammoni hal qilolmaslikdan boshlanadi. Agar shaxs biror to‘siqqa duch kelsa, uni yecholmasa, stressga tushib, qattiq eziladi. Bu uzoq vaqt davom etsa, ya’ni muammoni hal qilish yo‘li topilmasa, u boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Yon-atrofdan, yaqinlaridan madad bo‘lmagach, qattiq iztirob iskanjasida qolib o‘zini yo‘qotadi. Bunday shaxslarda hayotdan nolish kuchli bo‘lib, “Men yashashni istamayman, hammasi jonga tegdi, to‘yib ketdim, men hech kimga kerakmasman” kabi gaplarni ko‘p takrorlaydi. Shaxsning yurish-turishida, xatti-harakatlarida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Ko‘proq odamovilik kuzatiladi. Bu holatni o‘smir-yoshlarda tez aniqlash mumkin. Chunki ular ta’sirchan bo‘lishadi va o‘z ichki tuyg‘ularini tez bildiradi. Kattalarda esa bu jarayon murakkab kechadi. Chunki ular bor dardini ichiga yutadi. Xatti-harakatlarida biroz o‘zgarish sezilsa-da, lekin bilinmaydi. Bunga atrofdagilar bee’tibor bo‘lishi yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunisi aniqki, hech kim o‘lishni xohlamaydi. Oxirgi daqiqalargacha hayotga umid bilan qaraydi. Shuning uchun, asosiy e’tiborni suitsidning oldini olishga qaratish lozim.

Mentalitetimizda “sabr qil” degan tushuncha bor. Kishi biror muammoga duch kelsa, sabr qil, deyiladi. Ko‘pincha onkologik va shu kabi jiddiy kasalliklar stress va depressiyaga haddan ortiq berilgandan kelib chiqadi. Shu bois, kishi dardini biror do‘stiga aytib turishi sog‘ligi uchun foydali. 

Bizning Yoshlar ishonch markazimiz bir yildirki, aholiga 24 soat ishonch telefoni bo‘ladimi yoki xonadoniga chaqiruv bo‘ladimi, doim bepul xizmat ko‘rsatib kelyapti. Markazimiz aslida yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgandi. Biroq bizga murojaatchilarning soni ortib, turli yoshdagi kishilar, hatto viloyatlardan ham murojaatlar bo‘lib turibdi. Ularning barchasiga qo‘ldan kelgancha ko‘mak beryapmiz. Lekin aholida hali psixiatrga murojaat qilish unchalik shakllanmagan. Ichki kechinmalarni, iztiroblarini, oilaviy masalalarni begonaga aytishga uyaladi, nozik mavzu deb bilishadi. Shu bois, markazga murojaat qilganlarga ishimiz anonimligini qayta-qayta tushuntiramiz. 

Aslida ruhiy tarbiyani farzandimizning go‘daklik chog‘idan boshlasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ularga yoshligidan to‘siqlarni yengib, muammolardan chiqish yo‘llarini, irodali bo‘lishni o‘rgatishimiz kerak. Ularning ruhiyati qanchalik mustahkam bo‘lsa, shuncha sog‘lom bo‘ladi. Shundagina u jamiyat uchun yetuk shaxs bo‘lib yetishadi. Bu mamlakat, jamiyat rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilgan “Psixiatriya yordam ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu ishlarda muhim dasturilamal bo‘ldi. Unga ko‘ra, aholining ruhiy sog‘ligini tekshiruvdan o‘tkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan tiklash tibbiyot sohasidagi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridandir. Shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu kun shoshilinch yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, shu jumladan, o‘z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish, o‘z joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilish alohida ko‘rsatib o‘tildi. 

2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot muassasalariga ham ruhiy holat va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etildi. Qolaversa, qarorga ko‘ra, joriy yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo‘yilganligi axborot almashinuvi, shaxslar bilan ishlash imkoniyatini kengaytiradi. 

 DINIMIZ NIMA DEYDI?

Albatta,  o‘z joniga qasd qilish muqaddas dinimiz — islomda o‘ta qoralangani barchaga ma’lum. Bu haqida Toshkent shahar, Shayxontohur tumani bosh imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li quyidagi fikrlarni bildirdi:

— Alloh maxluqotlari ichida odam va uning zurriyotini aziz va mukarram qildi. Bu haqda Alloh Qur’oni karim oyatida shunday marhamat qiladi: «Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik».

Alloh bizni aziz qilgach, o‘zimizni ham, birovni ham joniga suiqasd qilishdan qaytardi. Bunday ishni qilgan kishini alamli azob kutishini bayon qildi. Alloh Qur’oni karimda shunday deydi: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir. Kim haddan oshib, zo‘ravonlik bilan shunday qilsa, Biz uni do‘zaxga kiritajakmiz. Bu Alloh uchun oson bo‘lgan ishdir” (Niso, 29-30). Shu suraning davomida: “Kimki qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir” (Niso, 93). Hayotda kishi og‘ir qiyinchiliklarga tushishi, noqulay holatdan qutulishi uchun ne ko‘ylarga tushishi mumkin. Ammo bunday vaziyatda sabr qilib barchasini Allohning imtihoni deb qabul qilishi lozimdir. Shuningdek, bu haqda Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kimki o‘zini tog‘dan tashlab o‘lsa, jahannam o‘tidadir, unda mangu qolgan holida abadul-abad o‘zini tashlayveradi. Kim zahar ichib, o‘zini o‘ldirsa, jahannam o‘tida mangu qolgan holida abadul-abad o‘sha qo‘lidagi zaharini ichaveradi. Kim biror tig‘ bilan o‘zini o‘ldirsa, jahannam o‘tida mangu qolgan holida abadul-abad o‘sha qo‘lidagi tig‘ini qorniga tiqaveradi».

O‘zini o‘zi o‘ldirish Allohning qazoi qadariga norozi bo‘lish, Alloh bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish, osiylik va irodasizlik hamda musulmonlarga xos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir. Hatto payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganlar. Shuni unutmaslik kerakki, dinimizda har qanday sharoitda go‘zal sabr qilgan, Alloh bergan taqdirga rozi bo‘lgan kishilarga oliy mukofotlar va’da qilingan. Biroq buni anglamay, o‘z hayotidan norozi bo‘lib, aybni taqdirdan yoki jamiyatdan ko‘rish noma’qul sanaladi. Shunisi aniqki, kishi neki qilmasin, barchasi o‘z amali va harakati tufayli sodir bo‘ladi. Shuni yoddan chiqarmaslik kerak.

 

B.YO‘LCHIYEV tayyorladi.

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 5 =