O‘zbek adabiyotiga Ozarboyjonda qiziqish katta

Poytaxtimizda boshlangan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuidagi  xalqaro konferentsiyada jahonning o‘nlab mamlakatlaridan taniqli adiblar, mutarjimlar, olimlar va noshirlar ishtirok etmoqda.

Mehmonlar orasida Ozarbayjon Yozuvchilar birligi raisi, atoqli adib ANOR ham bor.
Adibning “Garderobchi ayol”, “Men, Sen, U va telefon”, “Yaxshi podshoh haqida ertak”, “Qizil limuzin”, “Gurjicha familiya” singari asarlari o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Taniqli yozuvchi Mamatqul Hazratqulov o‘zbek tiliga o‘girgan “Dantening yubileyi” qissasi asosida telespektakl sahnalashtirilgan. Anorga katta shuhrat keltirgan “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani dunyoning ko‘plab  tillariga tarjima qilingan.

— Yurtimizga xush keldingiz, Anor og‘a?

— Tashakkur! Do‘stlar diydori doim g‘animat. Quvonchli. Men O‘zbekistonga ilgari ham ko‘p kelganman. Navoiyning yurtida mening ko‘plab do‘stlarim, qadrdonlarim, hamkasblarim bor. Men ular bilan muntazam xat-xabar almashib turaman.  Lekin bu safar qadimiy va navqiron shahringizni, o‘zbekistonlik do‘stlarimni taniy olmay qoldim. Hayratimu hayajonimning cheki yo‘q. Zamonaviy Toshkent dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylanib borayotgani har qadamda seziladi. Hammasi g‘oyat go‘zal, g‘oyat maftunkor. Hammasidan ham, samolyotdan tushishim bilan yozuvchi do‘stlarim qo‘limga o‘zbek tilida chop etilgan kitoblarimni tutqazganini aytmaysizmi. Quvonchimni ko‘rsangiz edi. Adib uchun bundan qadrli tuhfa, bundan yuksak ehtirom bormi!
Bu kun O‘zbekiston — dunyo nigohida. Jadallik va dadillik bilan amalga oshirilayotgan islohatlarni ko‘pchilik katta hayrixohlik bilan kuzatmoqda. Qo‘llab-quvvatlamoqda. Odamlarning ruhiyatida, hayotida, ma’naviyatida g‘oyat ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidlamoqda. Bu mamlakatingizda mustahkam qaror topgan tinchlik-totuvlik, barqarorlik, hamjihatlik, farovonlik va osoyishtalikning mevasidirki, uning qadriga yetish va asrab-avaylash g‘oyat muhim.

— O‘zbekiston va Ozarboyjon ijodkorlarining bugungi o‘zaro adabiy aloqalari haqida fikringizni bilmoqchi edik. Xalqaro anjumanda muhokama qilinadigan masalalar borasida nimalar deya olasiz?

— Mamlaktlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, jumladan, madaniyat va adabiyot sohalarida ham rivojlanib borayotgani, bunda davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim asos bo‘layotganini alohida ta’kidlash kerak.
Toshkentda ilk bor o‘tayotgan ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonda milliy adabiyotni va adabiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibordan dalolatdir. Xalqlar, millatlar o‘rtasidagi ezgulik, do‘stlik muloqotining kengayishida, ma’naviyatning yuksalishida adabiyotning o‘rni beqiyosdir. Ozarboyjon va o‘zbek adiblarining ijodiy hamkorligi tarixiga nazar tashlasangiz, asrlarni qaritganiga va istiqbolda ham shunday bo‘lib qolishiga amin bo‘lasiz. Bu an’ana  Ganjaviy, Fuzuliy va Navoiy hazratlarining davrlaridan boshlangan. Bugun “Adabiy do‘stlik-abadiy do‘stlik” degan ulug‘ tamoyil asosida samarali davom ettirilmoqda. 

— Bunda tarjimaning o‘rni biqiyos.

—  Albatta. Xalqaro anjuman “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari”ga bag‘ishlanganining sababi ham shunda. Ta’kidlagim keladiki, Ozarboyjon adabiyoti ham, o‘zbek adabiyoti ham g‘oyat boy. Bu xazinani asrab-avaylash, o‘qib-o‘rganish, keng targ‘ib qilish biz, adiblarning, mutarjimlarning, adabiyotshunoslar va noshirlarning muhim burchimizdir.    
 Jaloliddin Rumiy hazratlarining bir ajoyib masali bor. Turli mamlakatlardan kelib,  shahar chorrahasida uchrashib qolgan to‘rt musofir haqida. Ular bir dirham  topib olishadi. Lekin to‘rtalasi haligi pulga nima xarid qilishini kelisha olmay, dovlashishga tushadi.
 Fors “angur” olmoqchi bo‘ladi, arab — “inab”, turk — “uzum”, yunon esa “isrofil” xarid qilishni istaydi. Bu mojarodan xabar topgan bir donishmand o‘rtadagi pulga uzum sotib oladi va orasiga nifoq tusha boshlagan to‘rt og‘a-inining olqishiga sazovor bo‘ladi. Aslida ularning maqsadi bir — uzum sotib olish, lekin to‘rtalasi o‘z niyatini to‘rt tilda ifoda etayotgan edi. O‘rtaga mutarjim tushib, muammo hal bo‘ldi. Inoqlik boshlandi.
Navoiyning yana bir buyukligi zullisonaiynligidadir. O‘z asarlari bilan forsiy, turkiy tillar, madaniyatlar va adabiyotlarni bir-biriga yaqinlashtirgan. Birlashtirgan. Turkiyzabon shoirlarni forscha yozishga, fors shoirlarini esa turkiyda benazir asarlar bitishga ilhomlantirgan.
O‘zbek adiblarining asarlari Ozarboyjonda doim katta qiziqish bilan o‘rganiladi. Xususan, “Yazuvchi” adabiy-badiiy jurnali navbatdagi sonlaridan birini Navoiyning ijodiga bag‘ishladi. Unda yurtimizda bu borada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar samaralariga oid turkum maqolalar chop etilgan.  “Alisher Navoiy — Ozarboyjon adabiyotshunosligida” ruknida Qulamxusayn Baqdalining “Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni hamda Ganjaviyning “Husrav va Shirin” asari”, Eli Nazmning  “Alisher Navoiy va biz”, Tofiq Nasivevning “Alisher Navoiy: davlati va tili qudrati” tadqiqotlari shular jumlasidandir. Jurnalda o‘zbek navoiyshunoslari va adiblarining  ham qator asarlari chop etilgan. Shuning o‘zi buyuk bobolarimiz tamal toshini qo‘ygan ozorbayjon va o‘zbek adabiy aloqalari izchil va samarali rivojlanib borayotganidan dalolatdir.
Adabiyotning bosh mavzusi — doim Inson  bo‘lib kelgan. Bundan keyin ham uning taqdiri, qalbi va kelajagi adabiy izlanishlarimizning asosi bo‘lib qolaveradi. Kuzatishimcha, bugun dunyo adabiyotida buyuk bir poklanish jarayoni davom etmoqda. Hamma o‘zini anglashga, o‘zligiga qaytishga harakat qilmoqda.  
O‘zbekistonda ma’naviy birlik, xalqlar va adabiyotlar do‘stligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, xalqaro miqyosda adabiy konferentsiya o‘tkazilayotgani umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

— Anjumanga qanday rejalar bilan keldingiz?

— Konferentsiyaga “Uch Layli, uch Majnun” mavzuida ilmiy maqola tayyorlab keldim. Unda Nizomiy, Navoiy va Fuzuliyning “Xamsa” asarlari haqida so‘z boradi. Layli va Majnunning “Romeo va Julletta”ga ta’siri tadqiq qilingan. O‘zbekistonga kelsam, Samarqandni ziyorat qilmasdan ketolmayman. Bu gal ham shunday havasdaman.  
Fursatdan foydalanib, o‘zbek kitobxonlariga, jumladan, “Hurriyat” gazetasi mushtariylariga ko‘pdan-ko‘p salomlarimni yo‘llayman.

Adiba UMIROVA
“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + thirteen =