Ezgulik daryosin ikki sohili

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasi bilan qadim va navqiron shahar Termizga borar bo‘ldim. Tarixda “Mardlar shahri” deb nom ko‘targan bu kentga Sherobod tomondan kirish yo‘lida “Amir Temur” ordenli Termiz shahriga xush kelibsiz!” degan lavha osig‘liq.

Ko‘hna Termizning bobolarimni ham hayratlantirib, asrlarga yelka berib turgan har gardi qutlug‘ bo‘lgan choldevorlari mashina oynasi ortida duoga qo‘l ochgan nuroniylardek ko‘rinadi. Al Hakim at-Termiziydan boshlab Termiziy nisbasini olgan, men bilgan-bilmagan yuzlab pirlarning xoki turob bo‘lgan bu manzil hamisha meni allaqanday parishonlikka chulg‘aydi. O‘z-o‘zimga cho‘kib, milliy javharimning mehvariga yaqin kelayotganimni shuurimning tub-tublarida sezaman, his etaman. Beshikdagi go‘dakday sog‘inchmi, diydor taftidanmi, harnechuk bu yerlarda bir muddat gangib qolaman.
Balki pirlarning salobati bosar, bilmadim… ammo qalbimni bir sobit halovat egallaydi. Xuddi ota uyimga kelgandagina bo‘ladigan teran bir halovat, sokinlik, qoniqish…
Bir yonda Pomir tog‘larining salomini olib kelayotgan Amudaryo chayqalib, shovullab oqayotir. Uning haybati yuraklarga ko‘chgudek. Daryodan ko‘z uzolmay entikadi odam.
Daryo ortida esa… qadim Xuroson yastanib yotibdi. Oqarib ko‘rinayotgan uylar, qizil-ko‘k libos kiygan odamlar, yer shudgorlayotgan traktor, tirikchilik tashvishlaridan xabar berib ko‘kka o‘rlayotgan tutunlar xiralanib ko‘zga tashlanadi. O‘rtada go‘yo simto‘siq yo‘qdek. Go‘yo narigi betda o‘z maromida guvillayotgan hayot ham men turgan zamin bilan birdek, uning davomi kabi. Mozori Sharif tog‘lari bag‘riga in qurgan yo‘lbarsning yilda bir marta daryoni kechib o‘tib, Hakim Termiziyning qabriga kelishi haqida aytishgan edi.
Bu yo‘lbarsni ko‘rgan kishilar hozir oramizda emas. U jonivor ham endilikda yo‘q. Ammo bu voqea zo‘r sinoat va tilsimli oqibat ramzi o‘laroq tillarda yashab qolgan. Ana shunga o‘xshash hislar, kechimlar yurakka o‘rlaydi. Dilga cho‘kkan oromdan hayrat va quvonch tug‘ila boshlaydi.
Xullas, Afg‘oniston Islom Respublikasiga chegara bo‘lgan Termiz shahri shunday tuyg‘ular qurshovida qabul qiladi kishini.

SOHILIDA TARIX O‘TOV QURGAN DARYO

Amudaryo, aytish mumkinki, dunyodagi eng ko‘p yig‘lagan daryolardandir. Bu daryo behishtdan tushgan daryolardan biri degan naql bor. Amudaryoning kechmishi u kesib o‘tadigan, u mehmon bo‘ladigan xalqlarning, muzofotlarning taqdiridan ayro emas. Bu azim nahr har gal qirg‘oqqa urilganda ellarning qismatidan so‘ylab o‘tadi. Tojikning dalasiga hayot ulashgan bu suv manbasi afg‘on zaminiga ham baraka beradi. O‘zbekning dehqoniga katta xirmonlar va’da qilib o‘tadi. Turkmanning minglagan chorvasi uning o‘zanlarida o‘tlab yuradi…
Bu daryo Markaziy Osiyo xalqlari uchun hamisha aziz sanalgan, doim qutlug‘ hisoblangan. O‘z sohilida yashagan odamlarning quvonchiga ayqirib sherik bo‘lgan, g‘am-anduhini ham baholi qudrat yuvgan. Ona daryoning o‘ng sohilida qad kergan Termizga etak taraf — afg‘on diyoridan esajak dalli shamol ham shu daryodan suvsinini qondirib o‘tadi. Uni afg‘on shamoli deydilar. Ko‘p qaysar, shiddati kishini hushyor qiladigan bu yel ham go‘yo Termiziylar ziyoratiga shoshayotganga o‘xshaydi.
Amudaryoning chap qirg‘og‘ida zahmatkash, jafokash Afg‘oniston joylashgan. Beruniy, Navoiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan bu tuproqda keyingi qirq yil juda og‘ir kechdi. Bu qirq yilda afg‘on xalqi misli ko‘rilmagan dahshatlarni, yo‘qotishlarni boshdan kechirdi. Bir zamonlar Xuroson deya atalib, olamning ma’rifiy iqlimida muhim go‘sha hisoblangan, yetuk allomalarga vatan bo‘lgan bu diyor so‘nggi davrda oromini yo‘qotdi. Tinchlik degan so‘z bu manzilda nondan ham aziz bo‘ldi. Eng yomoni, yurt yomonotliq bo‘ldi. Turli siyosiy manfaatlar xuruji hisobiga butun boshli xalqning nomiga dog‘ tushdi. Bu haqda aytib o‘tirmasa ham ko‘pchilik yaxshi biladi.

HAYRATLAR KO‘PRIGI

Meni bu safarga rag‘batlantirgan narsa Termizda tashkil etilgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi” edi. Bu markaz haqida eshitgan paytimdan boshlaboq unga beixtiyor talpindim. Buning ham sabablari bor ekan.
Xayol kishini yana moziy sarhadlariga eltadi. Bu xalqlar qadim davrlarda ham bir havodan nafas olishgan, bitta daryo atrofida umrguzaronlik qilishgan va hamisha bitta dinda bo‘lganlar. Ularning qalb qo‘rida yetilgan orzu-umidlari yohud diltang qilgan g‘am-anduhlari aksariyat hollarda bir xil kechgan. Bu xalqlarning muallimi, pir-ustozi ham bir bo‘lgan, bu sohilda yongan olovga u sohildagilar isinganlar. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ muhaddislar afg‘on tuprog‘idan o‘tib sharqning muazzam madaniyat o‘choqlariga yo‘l olganlar. Ana shunday yon qo‘shnining farzandlari uzoq muddatlik uzilishlardan so‘ng baayni Termiziy bobodan saboq olishga kelgandek tuyuldi menga. Shuning uchun ham ularning diydoriga oshiqdim.
Termiz shahriga kiraverishda chap tomonda joylashgan muhtasham bino peshtoqiga “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi” degan yozuv ikki tilda bitilgan. Daraxtlar, gul-chechaklar yashnab turgan bu joydagi ozodalik ko‘zni quvnatadi. Odamning bahri dilini ochadigan sarishtalik, inson qo‘li bilan obod bo‘lgan nafosat ufurib turadi. Markazning kirish eshigidagi posbon yigit rahbariyatdan telefon orqali ruxsat olib, bizni ichkariga boshladi. Markaz rahbari Oybek Ro‘ziev ochiq chehra bilan kutib oldi. Uning xonasida o‘tirgan ikki nafar talabaga ko‘zim tushdi. Ular — guruh sardorlari, domlaga talabalarning davomati to‘g‘risida ma’lumot berishayotgan ekan. O‘zbekchaning Abdulla Qodiriy ijod qilgan tilga yaqin, bir latif lahjasida so‘zlayotgan talabaga inson zotini birinchi marta ko‘rayotgan kabi angrayib qarab qoldim. Uning ism-sharifi Bismilloh Ahmadiy ekan. U ilm istab hayratlar ko‘prigi Hayratondan o‘tib kelgan. Shu boisdanmi ko‘zlaridagi hayajon kishini befarq qoldirmaydi. U bilan tezda gurungimiz qo‘shildi. Uning meni o‘ziga tortgan birinchi xususiyati uning ismi edi: Bismilloh! Ajoyib! Farzandga shunday ism qo‘ysa ham bo‘lar ekan-ku… Bu samimiy yigitning xulqidagi halimlik, farosat o‘ziga yarashib turar edi. 
— Men O‘zbekistonga kelgach dunyoni o‘zim uchun qaytadan kashf etdim, — deydi Bismilloh. — Yurtingizdagi osoyishtalikni ko‘rib juda quvondim. Ta’til paytida ko‘rgan-bilganlarimni uydagilarimga aytdim. Ular ham ko‘p sevindilar. Mening ayrim gaplarimga ishonmadilar ham. O‘zbekiston – tinchliksevarlar, tinchlikparvarlar  yurti…
Yigitning hayajoni menga ham yuqdi. Undan o‘qish jarayoni, olayotgan saboqlari haqida so‘rab-surishtirdim. U darslarning juda yuqori saviyadaligi, ayniqsa, Termiz Davlat universiteti bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan hunarmandchilik ishlaridan juda mamnun ekanini aytdi. Markazda ayni paytda 131 nafar talaba tahsil olayotgan ekan. O‘zbek tili va adabiyoti, temir yo‘l transporti kabi ta’lim yo‘nalishlarida ilm olayotgan tolibi ilmlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, beixtiyor tinchlik degan so‘zning naqadar katta ma’no kasb etishini teran anglaysiz.

O‘ZBEKISTON — MA’RIFATPARVARLAR YURTI

Vazirlar mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi qaroriga ko‘ra tashkil etilgan markaz olti yarim gektar maydonni egallagan. Unda asosiy o‘quv binosi, o‘quv ustaxonasi, sport maydoni, zamon talablariga mos  bunyod etilgan Axborot-resurs markazi, 300 o‘rinli shinam yotoqxonani o‘zida qamrab olgan. Bu yerdagi sharoitlar yurtimizdagi boshqa oliy o‘quv yurtlaridagidan sira ham kam emas. Markazda 7  sport to‘garagi, 8 fan to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Shular orasida adabiyot guruhi alohida o‘rin tutadi.
Talabalar bilan suhbat chog‘ida Hirot shahridan kelib tahsil olayotgan Ali Ahmad Amiriy bilan tanishdim. Bu yigitda ham boshqa yurtdoshlari kabi kamsuqumlik, odob va ilmga chanqoqlik kabi fazilatlarni ko‘rib, quvondim. Menda “Axir, bu yigit hazrat Navoiyning bosgan izlarini bosib kelgan”, degan hayrat bor edi.
— Siz Navoiy maqbarasiga borganmisiz? — deb so‘radim.
— Bu yil bordim. To‘g‘risi men O‘zbekistonga, Termiz shahriga kelmagunimcha Alisher Navoiyning kimligini bilmas edim. Maqbarasi bizga ko‘rinib turar edi-yu, bir piri murshid deb o‘tgan-qaytganda duo qilib qo‘yar edik… — Ali Ahmad siniq tabassum bilan yelka qisdi. — Navoiy hazratlarining asarlari, u kishining naqadar ulug‘ inson ekanligini endi tushunyapman. Tushunganim sari qanchalik muqaddas maskanda tug‘ilganimni his etayapman. O‘zbekistonlik birodarlarimizning baxti ham shundaki, ularning Navoiydek ulug‘ bobosi bor. Va bu bilan ayni paytda biz ham faxrlanamiz.
Navoiyning maqbarasini ziyorat qilgan bu yigit men uchun xazina edi go‘yo. Shu tobda ko‘nglimdan o‘tayotgan hislar ko‘pchilik yurtdoshlarimizga ham begona emas deb o‘ylayman. Qiziq, bu yigit-qizlar Navoiy, Beruniy yotgan manzildan ilm olish maqsadida bizning mustaqil mamlakatimizga kelshgan. Vaholanki, bir zamonlar kishilar tog‘lar oshib, daryo kechib o‘sha yurtlarga ilm maqsadida borganlar. Oradagi besh-olti asr insoniyatning maqsad-muddaolarini, ma’naviy xaritalarini shunchalar o‘zgartirib yuborgan…
Markazning muhtasham zali peshtoqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari shior kabi bitilgan: “O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarni tayyorlashga katta hissa qo‘shmoqda va bundan keyin ham hissa qo‘shadi!”
Darhaqiqat, mamlakatimiz tomonidan qo‘shni afg‘on xalqiga ko‘rsatilayotgan iqtisodiy va ma’naviy ko‘mak bu fikrlarni to‘la tasdiqlaydi. Bu sa’y-harakatlar bir butun yaxlit holida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida alohida ta’kidlangan O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirishdek muhim jihatni qamrab olgani bilan ham qimmatlidir. Prezidentimizning “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida shu yil bahorda o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferentsiyasida “Xavfsizlik yagona va bo‘linmas, xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak” degan donishmandona  so‘zlari ham bunday deyishimizga asos bo‘ladi.
Uzoq vaqt mobaynida sobiq sho‘ro hukumatining bosqinchilik siyosati qurboni bo‘lgan afg‘on xalqining qalbida ham, bu ko‘hna tsivilizatsiya manzilida ham bugun taraqqiyot daraxti qaytadan barg yozayotir. Bu xayrli jarayonni kuzatib turgan jahon jamoatchiligi ayni katta o‘zgarishlarda mustaqil O‘zbekiston rahbarining beqiyos hissasi borligini yaxshi bilishadi va e’tirof etishadi.
Markazda tashkil etilgan “Za’faron” adabiy to‘garagi a’zosi, talaba Asila Noibzodaning chin ko‘ngildan aytgan quyidagi gaplari baayni fikrimizning davomidek eshtildi:
— Bizning yurtimizda ham taraqqiyot bo‘ladi, katta ezgu ishlar amalga oshadi. Chunki, daryoning bu tarafida gullab-yashnayotgan O‘zbekistonday qo‘shnimiz bo‘lganidan keyin, ular bizga qo‘l cho‘zib, mehr ko‘rsatib turganidan keyin, biz ham shundan ulgu olishimiz tabiiy. Axir, biz, afg‘on yoshlari Termizga kelib,  o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rdik: O‘zbekiston gurkirab rivojlanayotgan  ma’rifatli odamlar mamlakati ekan…
Otasi bog‘ yaratganning farzandi ham hech bo‘lmasa bir tup nihol qadaydi.  Ota-bobolari bunyodkor o‘tgan xalqimiz bugun ham qon-qoniga singib ketgan yaratuvchanlik, farovonlik bilan mashg‘ul. Jumladan, O‘zbekiston temir yo‘lchilari tomonidan Afg‘oniston hududida “Hayraton — Mozori Sharif” yo‘nalishi bo‘yicha bunyod etilgan 100 kilometrdan ziyod temir izlar yana davom ettirilmoqda. Bu temir karvonlar afg‘on yurtiga nafaqat moddiy tovarlar eltmoqda, balki ma’rifat ham ulashayotir.
Tabiat qonunIga asoslangan bir ulgu bor. Qovun qovundan rang oladi. Bir bog‘da o‘sib turgan ikki daraxtga bo‘lak-bo‘lak bahor kelmaydi. Shunday ekan, o‘zbek zaminida bo‘layotgan ezgu ishlar, buyuk o‘zgarishlar qo‘shni diyorga ham ko‘chishi tabiiy. Juda katta niyatlar bilan tashkil etilgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida tahsil olayotgan afg‘on yoshlari bu qirg‘oqqa in qurib, u qirg‘oqdan don tashiyotgan qaldirg‘ochlar kabi o‘z yurtlariga ezgulik ulashadilar, yaxshilik urug‘ini qadaydilar. Va albatta bu ishlar kun kelib, o‘z hosilini beradi. Asl muddao ham shu!

Surxondaryo viloyati
Shodmonqul SALOM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 12 =