Do‘mbiraning mangu sadosi

Jo‘shqin Jayhun suvidan daraxtlar sahro shamollariga ko‘ksini qalqon qilib ko‘karsa, daryodan tashnaligini qondirgan bolalar kuch-qudratli, or-nomusli bo‘lib ulg‘ayadi.

 

Yoz bo‘lsa, yaylovim Amu yoqasi

Men bo‘laman Boysun — Qo‘ng‘irot to‘rasi, —

deya o‘zini tanitadi Alpomish qalmoq yurtiga borganda. 

Qorajon bilan quchoq ochib ko‘rishganda Alpomishning qudratini ko‘rasiz:

“Alpomish bilan Qorajon yoydi qulochdi, hulqi muhabbat bilan ko‘rishdi: 

— Qalaysan, do‘stim, omonmisan? — deb siqinqirab yubordi, Qorajonning yetti qobirg‘asi sindi, ishi tindi, tappa tushib yotib qoldi. Alpomish aytdi: 

— Nima qildi, do‘stim?

Qorajon sir boy bermagan kishi bo‘lib:

— Bola kunda tutadigan quyonchiq kasalim bor edi, shul shu vaqt tutib qoldi, — dedi. Alpomish aytdi:

— Belgili kasal bo‘lsa, tuzalib ol esa. 

Qorajon aytdi:

— Rostingni aytgin, shul ko‘rishganingmi, urishganingmi!?”

To‘qson bahodirga bas keladigan vafodor Barchinning gaplari ham mardona: 

Mardlar olishmaydi, 

siltab otadi, 

Maydon bo‘lsa, 

ish ko‘rsatib ketadi.           

Men Alpomish va Barchinning Amudaryo sohillarida umrguzaronlik qilganiga ishonaman. Zotan, ular shu tabarruk zamin ahlining orzu-umididan tug‘ilgan, bolalarning qalbida ulg‘ayib borgan, asrlar o‘tib mangu qo‘shiqqa aylangan. 

Baxshilar qalb to‘rida asrab kelayotgan xalq dostonlari, dostonlardagi qahramonlar ibrati ota-bobolarimizning umrini bezagan, tunlarini charog‘on qilgan.        

Amudaryo goh jo‘shqin, goh toshqin bo‘lib yillarni, asrlarni to‘lqinida oqizib ketgan bo‘lsa-da, sohilida yashnagan makonlar, kuylangan dostonlar qolgan. Bu to‘lqinlar ohangi Alpomish, Barchin, Qaldirg‘och, Qorajon, Go‘ro‘g‘li, Avazxon jasoratlarini yodimizga solaveradi.

“Chunki ular (dostonlar – H.A.) xalqimizning o‘zligini anglashining buyuk obidalari, ularning yagona xalq sifatida uyushish, shakllanish va birlashish sari tashlangan ulkan qadamining she’riyat sohasidagi porloq namunalari sifatida yuzaga keldi. “Alpomish” dostoni xalqimiz yaratgan ana shunday epik she’riyat namunalaridan biri, balki birinchisidir”, — deb ta’kidlaydi akademik To‘ra Mirzaev “Alpomish” dostonining 1993 yilgi nashriga yozgan so‘zida.

Shu kunlarda Termiz shahrida butun dunyodagi baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiqlarning boshini biriktirgan festivaldagi aytishuvlar Surxonning barokatli bahoriga shukrona singari jarangladi. Mangu ohanglar og‘ushida sahnaga chiqqan baxshilar shiddatida ham Alpomishu Barchin shahdi borday ko‘rindi.   

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida: “Jahon madaniy merosining bu o‘lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi”, deb alohida ta’kidladi. Bu so‘zlar ushbu xalqaro anjumanning naqadar muhim ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi, dunyo xalqlarining tinchlik-ahillik, birdamlik g‘oyalarini ilgari suradi.  Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman yurtimizda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, “Maqom” singari xalqaro festivallar qatorini to‘ldirib, qadim milliy madaniyatimizni jahonga yorqin namoyon etishga xizmat qiladi. 

O‘zbekiston xalq baxshisi Shoberdi Boltaev festival haqidagi o‘z fikrlarini shunday bayon etdi: “Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan aynan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, milliy qadriyatlarimizni jahonga yoyishi, mazmun-mohiyati bilan hozirdanoq tarixning oltin sahifasiga zarhal harflar bilan bitildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Anjuman bahonasida baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, xalq og‘zaki ijodi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar bir-birlari bilan yaqindan tanishib, tajriba almashishadi”.

Mehmonlarni munosib kutib olishga taraddud ko‘rgan shaharning jamoli maftunkor. Yangicha qiyofa kasb etgan Termiz xalqaro aeroportidan boshlab barcha ko‘chalar, bog‘larni obod qilishda ko‘klam ham o‘z hissasini qo‘shgani ko‘rinib turibdi.   

Festivalda dunyoning 74 davlatidan 160 dan ziyod vakillar — jumladan, baxshilar, olimlar, faxrli mehmonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Ochig‘i, baxshichilik qanday san’at ekanidan  bexabar edim, — deydi indoneziyalik hamkasbimiz — «Warta Jazz» internet nashri xodimi Agus Setavan Basuni. — Termizga kelib, xalqingizning mehmondo‘stligi, qadimiy an’analari va san’atini ko‘rib, hayratga tushganimni yashirmayman.  Bizda ham do‘mbiraga o‘xshash musiqa asboblari bor. O‘zbeklarning do‘mbira jo‘rligida aytiladigan qo‘shiqlariga tilmoch kerak emas, tinglovchini beixtiyor o‘ziga maftun etib qo‘yadiki, tarjimasiz ham tushunish mumkin. San’atning kuch-qudrati, asli shunda emasmi!” 

Festivalning tantanali ochilish marosimidagi teatrlashtirilgan tomoshaning betakrorligini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor baxshi Rahimov “Alpomish” dostonidan parcha kuylaganida hayajondan beixtiyor barchaning ko‘ziga yosh qalqidi. 

Ochiq osmon ostida, o‘tovlar, tog‘lar manzarasi mujassam sahna ham ijro etilgan qo‘shiq, raqslarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Dasturdagi “Qirqqiz” qoraqalpoq dostoni va “Oshiq o‘arib va Shohsanam” dostonidan parchalar, qozoq jirov qo‘shiqlaridan “Oq erkam”, yangi sahnalashtirilgan raqslar dillarga zavq-shavq ulashdi. Tadbirning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri, shubhasiz, shahar markazidagi markaziy bog‘da o‘ttiz gektardan ziyod maydonni egallagan etnografik shaharchadir. Termiz arxeologiya muzeyi, xususan, bu yerda ochilgan “Baxshilar” ko‘rgazmasi bilan  tanishib chiqqach, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan jamoalar tomonidan bunyod etilgan etnografik shaharchani ko‘rib, beixtiyor qadim bobolar zamoniga borib qolganday bo‘lasiz. 

Festivalning har bir kuni yangiliklarga boy bo‘ldi: yangi nashr etilgan “Alpomish”, “Malla savdogar”, “Oltin qovoq” singari dostonlar taqdimoti, turli mavzulardagi davra suhbatlari, milliy va dunyo mamlakatlari taomlari tortilgan dasturxonlar, liboslar ko‘rgazmasi, hunarmand ustalar, kulollar, zargarlar yaratgan sozlar, uy-ro‘zg‘or, zargarlik buyumlarini ko‘rib, asriy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz yodingizga tushadi, qalbingizda so‘z bilan ifodalab bo‘lmas shirin xotiralar uyg‘onadi, faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi.  Bu manzaralarning tub mohiyatida esa, tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat, do‘stlik tuyg‘ulari mujassamdir.

Festival baxshilar makoni qadim Surxon zaminida o‘tkazilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Buyuk Termiziy bobolar ziyorati, shahar hududi va uning atrofida joylashgan qadimiy Qoratepa, Fayoztepa, Kokildor ota, Qirqqiz singari arxeologik va me’moriy yodgorliklar tadbir ishtirokchilarini milliy tariximizga oid yangidan yangi ma’lumotlar bilan hayratga soldi. 

Qadim shaharni sharqiy tomonida bunyod etilgan Sulton Saodat (Sayyidlar Sultoni) majmuasi yetti asr davomida shakllangan Sayyidlar sulolasining yigirmaga yaqin maqbarasini o‘z ichiga olgan. 

Prezidentimiz bu muqaddas qadamjoning ziyorati asnosida ushbu majmuani yanada obodonlashtirish, ziyoratchilarga qulayliklar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi. Zero, biz tarix qatlariga qanchalik chuqur kirib boraversak, qardosh xalqlar bilan teran ildizlarimiz bir ekaniga amin bo‘laveramiz, birlashib boraveramiz. Avliyolar, alloma bobolarimiz maqbaralarini ziyorat qilish uchun butun dunyodan kelayotgan e’tiqodli kishilar, qolaversa, turistlar ham bizning birodarlarimizdir. Ular yurtimiz haqida yorqin taassurotlar bilan qaytishlarida esa katta hikmat bor.

Xalqaro festival doirasida ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar, kontsertlar, anjumanlar bo‘lib o‘tdiki, ularning hammasini sanashning iloji yo‘q. Lekin “Jahon tsivilizatsiyasida baxshichilik san’atining o‘rni” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya va ko‘rik-tanlovning qamrovi g‘oyat keng bo‘lganini qayd etish zarur.

Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchisi Frantsiya Respublikasi Ilmiy izlanishlar milliy markazi direktori, professor Jan Dyuringning aytishicha,  “o‘zbek baxshichilik san’ati — dunyoda juda noyob yo‘nalish. Baxshilarning dostonlarni bo‘g‘izida kuylashidan hayratlanmay ilojingiz yo‘q. To‘g‘ri, Frantsiyada ham xalq dostonlari bor. Lekin ularga bu darajada yuksak e’tibor, qiziqish yo‘q. O‘zbekistonda dunyo baxshilari va soha mutaxassislari jamlangan bunday nufuzli xalqaro festival tashkil etilgani — ulkan voqea. Albatta, bu boshqa mamlakatlarga ham ibrat qilib ko‘rsatishga arziydigan tashabbus”.

 Festivalning ko‘rik-tanlovida 9 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan baxshi-ijodkorlar ishtirok etganining o‘zi bahsu musobaqa naqadar qizg‘in kechganidan dalolat berib turibdi. Qatnashchilar ijro etgan dostonlardan parchalar, kuy, nag‘ma va termalar xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan xalq og‘zaki ijodining asl milliy xususiyatlari, badiiy-estetik jihatlari, ijrochilik mahorati, sahna madaniyati kabi mezonlar bo‘yicha baholab borildi. 

Festivalning ulkan yutug‘i ham aslida uning xalqlar do‘stligi, mamlakatlar hamkorligini yanada mustahkamlash, milliy madaniyatimiz va san’atimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishidadir. Termizga ko‘plab mamlakatlardan kelgan baxshilar “Alpomish”ni o‘z tillarida kuylagan bo‘lsalar ham, do‘mbira sadolari, tuyg‘ular, asarning bizga bergan sabog‘i bir xil.      

Bobomeros soz ushlasam qo‘lima,

So‘z bulog‘i qaynab kelar tilima,

Terma-doston aytar bo‘lsam elima,

Bulbuldayin sayrab chiqqan do‘mbira, 

— deb kuylaydi O‘zbekiston xalq baxshisi Shodmon baxshi Xo‘jamberdiev “Do‘mbiram” termasida. Endilikda baxshilarimiz qo‘lida yangragan sehrli do‘mbira sadolari butun olam bo‘ylab taraladigan ulkan sahnamiz — xalqaro festivalimiz bor.

 

Humoyun AKBAROV.

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × one =