Kozimjon Komilov: “Endi matbuotsiz yashab bo‘lmaydi”

Ma’lumki aholining siyosiy  faolligi, huquqiy madaniyatini va savodxonligini  yuksaltirish, davlat organlari, xususan, sudlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda  ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, jurnalistlarning axborotni moneliksiz izlash, olish, tarqatish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va tegishli qonunlar bilan kafolatlangan.

 

Inson huquq va manfaatlarining himoyachisi bo‘lgan sud mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida islohotlar samadorligini oshirishga va bu haqda keng jamoatchilikni xabardor etishga ko‘maklashuvchi qator bosma va elektron OAV mavjud.  Ushbu yo‘nalishga ixtisoslashgan jurnalistlar qatlami shakllandi. Bu, o‘z navbatida, aholini sifatli huquqiy axborot bilan ta’minlash imkoniyatini bermoqda. Binobarin, sud-huquq sohasini yoritish qonun-qoidalarini puxta bilmasdan turib ba’zan pala-partish axborot tarqatish holatlari ham uchrayotganini aytish joiz. Bunday holatlar sud tizimida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashdagi mavjud muammolar sirasidan hisoblanadi. 

Kecha, 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida mamlakatimizning yetakchi gazeta va jurnallari bosh muharrirlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va matbuotga daxldor boshqa muassasalar hamda ayrim ijtimoiy tarmoqlar vakillari ishtirokida o‘tgan davra suhbatida sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, bu boradagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Komilov boshqargan ushbu tadbirda yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar sudlarning mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirishda dasturilamal bo‘layotgani ta’kidlandi. 

Shuningdek, sud organlarining muhim vazifalaridan biri sifatida sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Bu borada sudlar faoliyatini yoritish va aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha Oliy sud tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oshkoralikni ta’minlash maqsadida barcha sudyalar belgilangan reja asosida brifinglar o‘tkazib kelmoqda. Lekin sudyalarning aholi bilan yanada yaqin muloqotda  bo‘lishi uchun bu  juda kam. 

— Ayni paytda mamlakatimizda 607 ta sud faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ishlayotgan sudyalar faoliyatini yoritish uchun jurnalistlarga katta imkoniyatlar yaratib berayapmiz. O‘tgan yillar davomida sud sohasi xalqdan ancha uzoqlashdi, ajralib qoldi, — dedi Oliy sud raisi K.Komilov. — Misol uchun, ilgari Oliy sud binosiga matbuot xodimi u yoqda tursin, advokatning ham kirib-chiqishi anchayin qiyin bo‘lgan. Men hamisha ko‘p ta’kidlaymanki, Prezident so‘zi bu — xalqning so‘zidir. Oliy sud va uning barcha tizimlarida mehnat qilayotgan sudyalarni avvalo xalq tanishi kerak. Sud vakillari xalq ichiga kirib, ularning dard-u tashvishlaridan voqif bo‘lishi, chiqarayotgan har bir qaror yoki hukmning adolatli bo‘lishini ta’minlashi vijdoniy burchiga aylanishi shart. Shu bois Prezidentimiz topshiriqlari bilan 30 foiz sudlar sayyor sud shaklida mahallalarda o‘tkazilyapti. Bundan tashqari, «Mening mahallam — mening sudyam» kontseptsiyasini joriy etdik. Unga ko‘ra, sudyalar mahallalarga biriktirildi. Endi sudyalar har bir mahallaning tinchligi, jinoyatlarning oldini olish uchun mas’uldir. Oyda kamida bir marotaba o‘z hududiga chiqib, odamlar bilan uchrashayotir. Lekin mahalla faollari sudyalar bilan ishlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladigan tadbirlarni birgalikda tashkil etish masalalarida ishlar hali ancha sust. 

Oliy sud raisining bergan ma’lumotiga ko‘ra mamlakatimizda insonparvarlik tamoyiliga binoan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Mahalla fuqarolar yig‘inlarining kafolat xatlariga asosan o‘tgan yili 1197 nafar kishiga, joriy yilning birinchi choragi davomida esa 424 nafar fuqaroga qilgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi tayinlangan. Ammo afsuski, birorta ommaviy axborot vositasida ana shular haqida tayinli maqola chop etilmadi. 

Tadbirda matbuot vakillaridan biri tomonidan berilgan “Sizningcha, bugun sudlarning to‘la adolatli, haqqoniylik mezoni asosida ish yuritishiga xalqimiz qay darajada ishonadi?” degan savoliga Oliy Sud raisi quyidagicha javob qaytardi: —  O‘tgan yillar davomidagi sudlar tizimida yig‘ilib qolgan muammolarni birdaniga o‘zgartirish oson bo‘layotgani yo‘q, ammo keyingi ikki yil ichidagi sud-huquq sohasidagi islohotlar natijalari ham ko‘p narsalardan voqif etadi. Masalan, birgina joriy yilning shu kuniga qadar sudlar tomonidan ikki yuz o‘n kishi oqlandi. Avvallari sudlarning oqlolmaganiga sabab nimada bo‘lgan? O‘ylaymanki, sudlarda kechayotgan o‘zgarishlarni xalqimiz ko‘rib, bilib turibdi. Eng katta muammolarimizdan biri bu odamlarning huquqiy ongini, huquqiy madaniyat tushunchasini oshirishimiz kerak. Masalan, ma’muriy sudlar tomonidan muhokama etilayotgan huquqbuzarliklar e’tibordan chetda qoladigan bo‘lsa, bu — jinoyatga bir qadam degani bo‘ladi.  Bu borada ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik biz uchun juda muhim ahamiyatga ega. Endi matbuotsiz yashab bo‘lmaydi. Matbuotdan yashiradigan sirimiz ham yo‘q. Masalaning yana bir tomoniga Oliy sud raisi to‘xtalar ekan, jurnalistlarning sudda ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘qligini, biroq sudga xalaqit berish, sud hukmi qonuniy kuchga kirmasdan uni tahlil etish,  e’lon qilishga hech kimning haqqi yo‘q ekanligini eslatib o‘tdi. Axir, bu qonun talabi. 

Ta’kidlanganidek, sud tizimida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yaxshi samaralar berayotir. Ya’ni ayrim sudlar onlayn tizimda o‘tkazilyapti. Albatta, sud jarayonlarining onlayn efirga uzatilishi ikki tomonning roziligi bilan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, videokonferentsaloqa rejimi ham yo‘lga qo‘yildi. Bu odamlarning vaqti va mablag‘ini tejashga xizmat qilmoqda. 

Anjumanda jurnalistlar va sudlarning hamkorlikdagi muhim vazifasi jamiyatda aholini qonunlarga hurmat bilan qarashni va ularga rioya etishga o‘rgatish ekanligi qayd etildi. 

— Sud-huquq sohasida ijod qilib kelayotgan inson sifatida shuni aytishim mumkinki, ayrim hollarda jurnalistlarimiz tanqidiy chiqishlarida bir tomonlama fikr yuritish hollari uchraydi, — deydi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov. — Shuning uchun jurnalistlar so‘z mas’uliyatini chuqur his qilgan,  mavzuni har tomonlama o‘rgangan holda maqola yozishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bugungi davra suhbati bu borada sezilayotgan kemtikliklarni to‘ldirishda foydali muloqot, deb hisoblaymiz. Har chorakda bir marotaba sud raislari va bosh muharrirlar ishtirokida shunday ochiq suhbatlarni tashkil etishni taklif qilaman. Bundan tashqari, Oliy sud sudyalarning matbuotda chiqishlari rejalashtirilsa ma’qul bo‘lar edi. 

Tadbir jonli muloqot tarzida kechdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

O‘z muxbirimiz.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 8 =