Milliy san'atning mohir ijrochisi

O'zbek milliy cholg'ulari orasida doira sozi uzoq yillik tarixga ega. Doira san'ati haqida gapirilganda, ko'z o'ngimizda, afsonaviy sozanda Usta Olim Komilov gavdalanadi. Bu inson doirachilik san'atida maktab yaratgan va yuzlab shogirdlar, izdoshlar yetishtirgan xassos san'atkor.

Yillar o'tib ustoz Usta Olim Komilov yaratgan doira zarbi usuli mustahkamlanib bordi. O'zbek milliy musiqa san'atida O'zbekiston xalq artistlari To'ychi Inog'omov, G'ofir Azimov, Dadaxo'ja Sottixo'jayev, Qahramon Dadayev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar aka-uka Elmurod, Dilmurod va Xolmurod Islomovlar qatorida Abbos Qosimov ham doira san'ati rivojiga o'z hissasini qo'shib kelmoqda.

Abbos Qosimov bolaligidan ustoz san'atkor To'ychi Inog'omov qo'lida doira usuli sirlarini o'zlashtirdi. U Toshkent davlat madaniyat va san'at institutida tahsil oldi. Talabalik yillari professor Odil Kamolxo'jayev qo'lida doira sozining nota yozuvi, qo'shiq va ashulalarga usul berishni, musiqaning sir-asrorlarini qunt bilan o'rgandi.

Abbos Qosimovni usul chertish yoki ustozlar ijodini puxta o'rganish qoniqtirmadi. U nainki doira sozini “so'zlatish”, “sayratish” bilan cheklandi, balki kuy ruhiyat ozug'i, u ma'no ifodalashi kerakligini angladi. Va o'z usulini yaratish uchun doira san'atini puxta egallashga kirishdi. Shu tariqa, oddiydan murakkabga, ya'ni “teskari zarb” usulida o'zini sinab ko'rdi. Ma'murjon Vahobovga shogird tushdi. Tinimsiz mashqlar natijasida “teskari zarb” usulida ham mohir ijrochiga aylandi.

Izlanuvchan ijodkorni doira zarbida yangilik yaratish zavqi o'ziga rom etdi. Abbos Qosimov karnay, surnay, doira, qo'shnay, qayroq singari o'zbek milliy soz­larining imkoniyati naqadar kengligini va ular jo'rligida yaxlit ansambl yaratib, nafaqat o'zbek milliy kuylarini, balki jahon xalqlarining musiqasini ham mahorat bilan ijro etish mumkinligini isbotladi.

U 1999 yilda ilk bor “Abbos” guruhini tashkil etdi. “Norin-norin”, “Dilxiroj”, “Navro'z”, “O'zbegimning doirasi” kuylaridan tashqari, “Dunyo ovozi”, “Popurri” hamda Maykl Jekson qo'shiqlariga bastalangan kuylarni milliy musiqaga moslab doirada qochirimlar, rezlar, teskari zarb usulidagi yangi ijrolari bilan o'zbek doira san'atida burilish yasadi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bunday topilma va yangilikdan san'at ahli quvondi, albatta. Ochig'ini aytish kerak, ke­yingi tashkil etilgan aksariyat guruhlar tash­qi qiyofaga, yaltur-yultur kiyim, libos kabi masalalarga e'tibor qaratishdi, ammo o'zlari bironta mustaqil, professional darajadagi musiqiy asar yarata olishmadi.

To'g'ri, yaratilgan ijod namunasi xalq mulki hisoblanadi. Ammo yangi guruhlar foydalanayotgan kuyning mulk egasini mualliflik huquqini hurmat qilishi, e'tirof etishi ayni mardlik bo'lardi.

Sozandaning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Unga 2001 yilda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist unvoni berildi.

2003 yilda Tailandda o'tkazilgan musiqa festivalida o'zbekistonlik san'atkorlar bilan birga “Abbos” guruhi ham ishtirok etdi. Bu festivalda Amerikadan kelgan ijrochilar ham bor edi. Ular ansambl sozandalarining mahoratiga, iste'dodiga, san'atiga qoyil qolib, ijodiy hamkorlik qilish taklifini bildirishdi. Shunday qilib, Abbos Qosimov mashhur hind tabla sozining usta ijrochisi Zekir Husayn bilan hamkorlik faoliyatini boshladi. Amerikada kongi-bongi sozi ijrochisi Javani Xidago, baraban ustalari Terri Bozio va Stif Smiss hamda sozandalar Umar Soso, Xumoyun Shahi bilan basma-bas sahnada milliy kuylar chaldi. Ayniqsa, Zekir Husayn Abbos Qosimovning san'atiga ishqi tushdi va uni o'zi bilan konsert dasturlarida olib yurdi. Hali ham ikki iste'dod sohibi birga ijod qilib keladi.

Ma'lumki, bir vaqtlar An­g­liyaning Albert Xoll konsert zalida xassos san'atkor Usta Olim Komilov konsert berib, Angliya qirolichasi Yelizavettani hayratga solgandi. Qirolicha doira sozi ustasining barmoqlaridan nusxa olib, gips qildirib, Angliya muzeyida saqlashni buyurgandi o'shanda. Ana shu muhtasham 6 ming kishilik san'at saroyida, o'zbek san'atkorlari orasida, Usta Olim Komilovdan keyin Abbos Qosimov musiqiy chiqish qilishga muvaffaq bo'ldi.

2006 yilda San Fransiskoda bo'lib o'tgan urma asbob va raqs festivalida amerikalik Tara (o'zbek milliy raqslari ijrochisi) bilan “Yilning eng zo'r urma asbob ustasi va raqqosasi” nominatsiyasiga sazovor bo'lishdi va 1-o'rinni egallashdi.

Ha, o'zbek san'atini dunyoga yoyishda Abbos Qosimovning xizmatlari katta. U 2007 yili Tayvandagi konsertida Xitoy simfonik orkestri bilan “Norin-norin”, “Dilxiroj”, 2015 yilda Dubayda Xon Kong orkestri bilan “Navro'z”, “Dilxiroj” kuylarini ijro etdi.

Mazkur yilda esa Shvesariyaning Jeneva, Portugaliyaning Lissabon, Turkiyaning Istanbul shaharlarida ham konsert dasturlarini namoyish etishga muvaffaq bo'ldi.

Abbos Qosimov milliy iftixorimiz bo'lgan mumtoz kuylarimizni qoyilmaqom ijro etib, el nazariga tushgan san'atkor. O'zbek musiqasining jozibasini dunyo konsert zallarida baralla taratib kelayapti. Har gal dunyo sahnasiga chiqqanida boshida do'ppi, qo'lida millat bayrog'i va albatta, doira sozini ko'targancha milliy ohanglarni maroq bilan ijro etish uning odatiga aylangan.

Matluba Temur qizi,

san'atshunos jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 3 =