Xorijdan ham xaridor bor…

Qadrdon ota uyim, munis onam, hovlimiz chetidagi tandir, issiq nonga sariyog' qorilgan yanchmish… Bu manzara, sog'inch hissi, tandir taftidek qaynoq mehr o'ti qalbimda hamisha lovullab turadi.

Qishlog'imizga kirib borar ekanman, yana shu his chulg'ab oldi. Quyosh tafti ketib, kelinlar hovliga suv sepib, so'riga joy hozirlay boshlagan pallada qishloq boshidagi ko'chaga kirib keldim.

— Ona qizim, eson-omon bormisan? — degan ovozdan bir zumda xayolimni yig'ishtirib oldim. Mehriddin Berdiyev — dong'i ketgan tandirsoz usta menga qarab jilmayib turardi.

— Assalomu alaykum, o'zingiz omonmisiz?

Biz Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi “Toshquloq” mahallasida yashaymiz. Uygacha suhbatlashib ketdik.

Mehriddin aka qariyb 35 yildan buyon tandir yasaydi. Bugun atrofiga shogirdlarini yig'ib, kulolchilikning nodir namunasi — soz tuproqdan tandir yasash sirlarini o'rgatib kelmoqda.

Uyimizda ham ular yasagan tandir bor. Unda onajonim mazali nonlar yopadilar. Umuman qaerda bo'lmayin har safar dasturxonga non kelganida sodda va samimiy inson Mehriddin aka yasagan tandirlar ko'z oldimdan o'tadi.

— Tandirni asrash kerak. “Odam og'zidan buziladi”, deydi xalqimiz, tandir ham shunday: og'zidan buziladi. Yaxshi kelin tandir og'ziga kosovni tiramaydi, tandir boshiga qopqog'ini qattiq urmaydi. Avaylab ishlatilgan tandir 10-15 yil, hatto undan ham ko'piga chidaydi, — deydi Mehriddin aka. — Tayyor tandirni o'rnatishda katta gap bor. Uning har yeriga loyni chaplab tashlamasdan avaylab toza-pokiza suvash zarur.

Ustaning ta'kidlashicha, bitta tandirni yasash uchun 6-8 soat vaqt ketadi. So'ng uni soyada saqlash, oftobda quritish uchun 3-4 kun kerak bo'ladi.

Tandir yasashning ham o'ziga xos sir-asrori bor. Dastlab soz tuproq tanlab olinib, suv bilan aralashtirib, xamir holatiga kelguncha qoriladi. Tayyor bo'layotgan loyga yung va maxsus maydalangan somon qo'shiladi. Loy oyoqqa yopishmaydigan holga kelgach, suvi qochiriladi.

Tayyor bo'lgan loyni biroz tindirib qo'yib, asta-sekin tandir ko'rinishiga keltiriladi. O'ng qo'lda “tap” bilan qattiq urilsa, chap qo'lda “shap” bilan unga javob qaytariladi (Mehriddin akaning aytishicha, “loy-xamir”ni urganda chiqadigan “tap-shap” tovushi tufayli shunday atalar ekan). Keyin tandir tik qilinib savalanaveradi-savalanaveradi, natijada pishiq va mustahkam bo'ladi.

Tandirning pastki qismi tayyor bo'lgandan keyin unga quloq qismi o'rnatiladi. So'ng soyada bir muddat turadi. Ikki-uch soatdan keyin tandir tagiga moslab, ichki va tash­qi tomoni birdek qurishi uchun, to'rtta g'isht qo'yiladi. Qarabsizki, uch-to'rt kunda oftobda yaxshi qotadi. Shundan so'ng, tayyor tandirni bozorga chiqarib sotish mumkin. Xaridorlarning aytishicha, Mehriddin usta yasagan tandirlar pishiqligi bilan ajralib turadi, shu bois doim bozori chaqqon.

— 2008 yili Mehriddin akadan tandir olganman. Haligacha o'shanda non yopaman, — deydi qishloqdoshimiz Gulnoz Qurbonova. — Haftasiga uch-to'rt marotaba non yopgan kunlarim bo'ladi. Nonga kesak yopishmaydi, tandir tez qizarib, tez oqaradi. Bugun yana yangi tandir olgani keldik. O'g'limni uylantirib, ularga yangi o'choq-ayvon qurib bermoqchimiz.

Xatirchi iqlimida yetti xil tuproq mavjud bo'lib, ularning atigi ikki turidangina kulolchilikda foydalanish mumkin. Dehqonchilikda mo'l hosil bergan, qurilishda asqotgan tuproqdan tandir yasab bo'lmaydi. Tandirsozlik kishidan katta sabr, mehnat va e'tiborni talab qilgani uchun ham ko'pchilik bu ishga o'zida kuch topavermaydi.

Bugun Mehriddin akaning o'g'li Farhod Berdiyev ham tandirsoz usta.

— Olti-etti yil boshqa sohada ishladim. Baribir peshonamizga tandirsozlik bitilgan ekan. Shukr­ki, halol mehnat qilib, rizq topish nasib etdi, — deydi Farhod aka. — Tandirlarimizdan foydalangan odamlar kasb-korimizga baraka tilaganida mehnatimiz samara berayotganidan mamnun bo'lamiz. Hozir nafaqat tumandoshlarimiz, balki Qozog'iston, Rossiya va Ukraina mamlakatlariga ham tandirlarimizni olib ketishmoqda.

Ha, halol mehnatga nima yetsin. “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo'lar chiroylik”, deydi dono xal­qimiz. Zotan, azaliy qadriyatlarimizni ana shunday halolqo'l hunarmandlar avloddan-avlodga yetkazadi.

Dilobar Mamatova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =