Topganimiz faqat to'yga emas, ilmga ham buyursin
“To'y (yoshlarning nikoh to'yi H.J.) umrda bir marta bo'ladi. Agarda insof chegarasidan chiqmasa, zarari yo'q. Qanday to'g'ri kelsa, shunday mol sarflamoq jo'mardlik bo'lmagani kabi, adolatsizlik bilan mol to'kmoqdan saqlanmoq ham baxillik emas… To'ylarda yolg'iz shonu shuhrat uchun sarf qilinadigan boylikni qiz bilan yigitning istiqbollarini ta'minlash uchun yoki ilmu millat foydasiga sarf qilinsa, eng go'zal ish bo'lur edi…”
Ma'rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxruddinning “Oila” nomli asarida bitilgan ushbu fikrlar bugungi kunda ham dolzarb bo'lib qolmoqda.
Mantiqan olganda, biz tanqid ostiga olayotgan xunuk odat, ya'ni to'ylardagi dabdababozlik, isrofgarchiliklar birdaniga yoki o'z-o'zidan paydo bo'lgani yo'q. Yillar osha uni o'zimiz “sayqalladik”, me'yoridan oshirib alaloqibat o'ta xunuk holatga olib keldik. To'qima va yasama urf-odatlarni yo'q joydan bor qilib, endi o'zimiz boshi berk ko'chaga kirib qoldik.
Har gal to'y haqida gap ketganida, bir dugonamning tutgan yo'li xayolimga kelaveradi. U o'qishni tugatayotgan yili o'zi ko'ngil qo'ygan yigitga turmushga chiqdi. To'yni esa yoshlar ota-onalari bilan maslahatlashgan holda nihoyatda ixcham, kamxarj qilib o'tkazishdi. Odamlar ularning bu qilig'ini xazm qilisholmagan bo'lsa-da, yoshlar parvo ham qilishmadi. To'ydan tejab qolingan mablag'ni esa til o'rganishga sarfladi va ikki yosh magistraturani chet elda o'qish baxtiga muyassar bo'ldi.
Bir oilani bilaman. O'rtahol. Ammo katta o'g'il tadbirkorlik sohasida biroz o'zini o'nglab, olgach, bosar-tusarini bilmay qolishdi. “Otamning qo'li kaltalik qilgani uchun o'zimning to'yim uncha yaxshi o'tmagan edi. Ukamning to'yini bir dang'illatib o'tkazay”, dedi. Haqiqatan, o'zi orzu qilgandek Toshkentu Xorazmdan san'atkorlar chaqirib, dasturxonni keragidan ortiq darajada mo'l-ko'l qilib ukasini uylantirdi. Essiz, essiz o'shandagi isrofgarchilikka, uvol bo'lgan yeguliklarga nihoyatda ichim achidi. Oqibatda uka akaga yanada mute bo'lib qoldi. Aka har gapida to'yni pisanda qiladi. Eng yomoni, o'sha yigitlarning otasi uch yildan buyon xasta. “Ishbilarmon” o'g'il o'z tashvishlari-yu orzu-havaslaridan bo'shab, otani tuzukroq shifokorlarga ko'rsatishga vaqt topolmaydi.
Pul topib, aql topmagan, ayrim ma'naviy saviyasi past kimsalar insof mezonlarini unutib, o'z boyligini ko'rsatib qo'yish uchun kimo'zarga to'ylar o'tkazayapti. To'ydan-to'ygacha turli-tuman “marosim”lar o'ylab topishayotganini so'z bilan izohlab bo'lmaydi. Bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatib, ularda halol mehnatga bepisand bo'lishga, yengil-elpi hayot kechirishga qiziqishi ortishiga, manmanlikka berilishiga sabab bo'layapti.
To'y-tomoshalar bahamjihatlikda bamaslahat o'tkazilganda bir umrga xotirada muhrlanadi. Allaqanday san'atkorlar, ajabtovur liboslar, g'arbona bachkana odatlar uzog'i bilan 2-3 kun shov-shuvlarga sabab bo'ladi, xolos. Kun sayin ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'layotgan, yurtimizning turli chekkalarida ham san'atkorlar ustidan pullarni xazondek sochib, oyoq ostiga gilamdek to'shayotgan, sanashga barmoq ham yetmaydigan qo'sha-qo'sha mashinalarda to'y sayohati qilayotgan “boyvachcha”larning qilig'i o'zidan boshqaga ma'qul emas. Aksincha, bu kabi bachkanaliklar odamlarning g'ashiga tegayapti, hattoki nafratiga sabab bo'layapti.
Joriy yil 14 sentyabrda o'tkazilgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo'shma majlisida aynan shu masalaga alohida urg'u berildi. Senat raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, o'rganishlar tahlili, shuningdek, aholi bilan bevosita o'tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko'rsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to'y marosimlari va ularni o'tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet ellarga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Bunday holatlarga chek qo'yish maqsadida “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarni o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizom ishlab chiqildi. Nizomga ko'ra, oilaviy tadbirlar o'tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish ko'zda tutildi.
Endilikda milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo'shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko'rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog'ora yuborish” va hokazolarni) o'tkazishga yo'l qo'yilmaydigan bo'ldi. Qonun-qoidalarga amal qilmaydiganlarga esa tegishli choralar ko'riladi. Bu haqda keyingi maqolalarimizda so'z yuritamiz.
Hidoyat Jo'rayeva.