“O'rgimchak ini” yoki korrupsiyadan jamiyatimiz qachon qutuladi?

Dunyoning rivojlangan davlatlari cho'ntagidan “tushib qolgan” korrupsiyani rivojlanish sari ildam qadam tashlayotganimizda ayrim amaldorlar topib olishmadimikin…

Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo'l qo'ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to'g'risidagi qonun talablarini amalda ta'minlash bo'yicha qat'iy choralar ko'rishimiz zarur.

Shavkat Mirziyoyev.

Korrupsioner, mening nazarimda, pora oluvchi emas, balki pul topishning eng nozik yo'llarini o'ta sezgirlik bilan ixtiro qiluvchidir. Uning ixtirosi, nainki oddiy odamlarni, hatto professional ekspertlarni ham chalg'itayapti. Garchi, ularning harakati sog'lom jamiyatni izdan chiqarish, amaldagi odilona siyo­satga putur yetkazish, alaloqibat tizimning izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo'lsa-da, ayrim hollarda jazodan qutulib qolishayapti.

Tahririyatimizga ariza bilan murojaat qilgan Farg'ona viloyati Bag'dod tumanidagi Qo'shtegirmon qishlog'ida yashovchi Isoqjon Olimovga tuman hokimining 2011 yil 3 iyundagi 227-sonli qarori bilan eskirgan elektr asboblarini tuzatish ustaxonasi ochishiga yer ajratilib, fao­liyatiga ruxsat beriladi. Yer uchastkasiga bo'lgan huquqning davlat ro'yxatidan o'tkazilgani to'g'risidagi guvohnoma taqdim etilgach, tadbirkor ustachilik faoliyatini yurita boshlaydi. 2017 yilga kelib atrofidagi yer maydonlari kimlargadir uy-joy qurish uchun berilganda, ular eski qatnov yo'lini yopishadi, boshqa tarafdan yangi yo'l ochishadi, natijada tadbirkorning ustaxonasiga kirib-chiqish yo'li bekilib qoladi.

Bir qaraganda oddiy holatdek tuyi­ladi, ammo oila byudjetini ta'minlab turgan tadbirkorning bozori sindi, mana, ikki yildirki, o'z haqini ajratib ololmay ovora.

— Arz qilmagan joyim qolmadi. Bosh prokuraturaga, Oliy sudga, viloyat hokimiga va boshqa ko'p joyga yordam so'rab xat jo'natdim, bari tuman hokimiyatiga qaytib keldi. Tuman mutasaddilari esa menga yozgan javob xatida “bajaramiz”, deyishadi, amalda bajarishmaydi. Balki yuqoriga “bajarildi”, deb hisobot berishayotgandir… Yoshim yetmishga qarab borayapti, shu ustaxonani yuritib ro'zg'or tebratib turuvdik, bosh­qa kasbimiz yo'q, sizlardan madad kutib keldik, — deya gap boshladi tadbirkor Isoqjon Olimov. — Mendan umidvormikin yo deb o'ylab qolaman. Eski-tuski elektr buyumlarni tuzataman, o'zingiz bilasiz, yangisini sotib ololmaganlar eskisini tuzattirgani olib kelishadi. Ularning bergan choy-chaqa puliga rozi bo'lib ishlayman. Nimamga umidvor bo'ladi, bilmasam…

Xalqimizda: “Egan og'iz uyalar”, degan naql bor. Tuman hokimiyati mutasaddilari nega bir nuroniy odamning og'irini yengil qilmayapti?..

Axir, vodiydan Toshkentga, ayniqsa, yetmishni qoralagan odamga, hadeb kelib-ketishning o'zi bo'lmaydi. Viloyat yoki tuman rahbariyati savob uchun ham muammoni hal etsa, asakasi ketarmidi?.. Nahotki, odamlarda insoniylik, mehr-oqibat, dinimizda aytilganidek, bir-biriga ko'mak ko'rsatish tuyg'ulari so'nib borayotgan bo'lsa…

Prezidentimiz tomonidan xalq manfaatini ko'zlab, ularga tegishli mulkni talon-taroj qilishning oldini olish maqsadida 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to'qnashuviga doir tushunchalarga ta'rif berildi. Shuningdek, korrupsiya — shaxsning o'z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o'zga shaxslarning manfaatlarini ko'zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, deyildi.

Hokimlar va ularning o'rinbosarlari qonunda belgilangan tartibda ishni olib bormagani, aholiga qo'pol muomalada bo'layotgani ham korrupsiyaning bir ko'rinishi emasmi?..

Shu o'rinda keling, “korrupsiya” atamasiga to'xtalsak, bu so'z lotin tilidagi “corruptio” so'zidan olingan bo'lib, “buzish, sotib olish” ma'nosini beradi. Uning grammatik bir ildizli boshqa ma'nosi “korroziya”, ya'ni “chirish” yoki “zanglash” deganidir. Demak, uning ijtimoiy ko'rinishi “hokimiyatni buzish, chiritish uchun sotib olish”, degan ma'noni ang­latadi.

Xalqaro miqyosda o'tkazilgan Yevropa Kengashi guruhlarining 1-sessiyasi (1995 yil 22-24 fevral, Strasburg)dagi yig'inda “Korrupsiya – pora olish (o'ziga og'dirish), davlat yoki xususiy sohada faoliyat yuritadigan shaxsning o'z mansab vazifasidan foydalanib, majburiyatlarini bajarmaslik, o'zi yoki o'zga shaxs manfaati uchun har qanday shakldagi afzallikka ega bo'lish maqsadida ifodalangan xatti-harakat”, deya baho berilgandi.

Ma'lum bo'ladiki, korrupsiya butunjahon hamjamiyatining umumiy muammosiga aylanib ulgurgan. Chunki “buzish, sotib olish, zanglatish” har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo'lishiga olib keladi.

Shu kunlarda har bir ongli insonni bir savol o'ylantirayapti: “Tagli-tugli lavozimga rahbar etib ta­yinlangan shaxs, yetarli sharoitga ega bo'lsa, unga nima yetishmaydi? Axir, hech kim uning zimmasiga: “Butun shahar aholisi sening yelkangda, rahbar bo'ldingmi, endi boqasan”, deb yuk yuklamagan-ku”… Aslida, yuksak ma'naviyatli, mustahkam irodali inson korrupsiyaga yaqin yurmaydi!

“Jinoyatning yopiq va eng qabih turi bor, bu — korrupsiya va pora­xo'rlik. Jinoyatning bu turi boshqaruv apparatini izdan chiqaribgina qolmay, bozor asoslarini ham barbod etishi mumkin. Korrupsiya, eng avvalo, uyushgan jinoiy tuzilmalarga madadkor bo'lish yoki to'g'ridan-to'g'ri yordam berish uchun davlat xizmatining imkoniyatlaridan foydalanishdir”, degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Davlat dasturi tasdiqlangan bo'lib, amaliyotga tatbiq etildi. Tashkil qilingan komissiya tarkibiga Bosh prokuror boshliq, mahallalararo komissiyalarga Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar prokurorlari rahbarlik qilmoqda.

Ammo nega natijalar ijobiy emas?

Korrupsiya o'rgimchak iniga o'xshaydi, uning uchlari mustahkam ustunga bog'langan bo'lsa kerakki, keyingi o'tgan davrda huquq tartibot organlarida tez-tez kadr almashishi holatlari ko'zga tashlanayapti. Bunday de­yishimizga sabab, axir, egali joyni egasidan ruxsatsiz o'zgaga sotishni shunchaki xayriya deb bo'lmasligini maktab o'quvchisi ham biladi. Yana bir misol, davlatimiz tomonidan mo''tabar va munis onalarimiz yuksak e'zoz topayotgani hech kimga sir emas, ammo shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh onaxonlarning: “Biz faqat Prezidentimizga arzimizni aytamiz. Hokimlar va'da qiladi, bajarmaydi. Uyimiz eski bo'lsa ham yashab turuvdik, buzishga buzdi, shu kungacha zarar qoplanmadi. Uy-joyimiz o'rniga qurilgan ko'p qavatli uydan berishdi-yu, tag'in aldashdi, uy narxi bozor bahosida, yana o'z hisobimizdan kreditga berishdi. Buzilgan uyimizning pulini esa to'lashmadi”, singari gaplari tushirilgan video namoyish etildi. Bugunga kelib, buzish-qurishlar sabab odamlar yashab turgan uy-joyini ham o'ziniki ekaniga shubhalana boshlashdi. Ha, tan olish kerak, biz ulkan hayratlar ichida yashay boshladik…

Agar faqat Toshkent va markazlashgan shaharlardagina internet bor desak yanglishamiz, mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham internet kirib borganini unutmaslik kerak. Aholining barcha qatlami sodir bo'layotgan voqea yoki hodisalardan sanoqli daqiqalarda xabardor bo'lishmoqda. Shunday ekan, bor narsani bor deb aytish, har qanday muammoni o'z vaqtida hal etish o'rinlidir.

Qolaversa, odamlar Qashqadaryo, Farg'ona va Xorazm viloyatlaridagi buzish-qurish voqealarini hali unutgani yo'q. Endilikda Prezidentimizning qarori bilan odamlarni rozi qilish uchun joylardagi davlat miq­yosidagi rejalarni amalga oshirishda yo'l-qurilish ishlariga to'siq bo'ladigan maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalarini, odamlar yashab kelayotgan uy-joylarni buzish, faqat Bosh vazirning ruxsati bilan amalga oshiriladigan bo'ldi. Shuningdek, ko'rilgan zararni zudlik bilan qoplash nazarda tutildi.

Shunga qaramay, ba'zi joylarda uy-joyi buzilgan odamlarning ko'rgan zarari haligacha qoplanmagani, ayrim mutasaddilarning amaldagi qonunchilikka rioya etmayotganini ko'rsatadi. Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini ta'minlash, turmush farovonligiga erishish yo'lida qilinayotgan sa'y-harakatlar, albatta, o'z samarasini berishi kerak.

Mamlakatimiz aholisi turmush farovonligini oshirish, ularning turmush barqarorligini ta'minlash, eng muhimi, azaliy davlatchilik asoslarining mustahkam ustunlarini tash­qi va ichki xavfdan asrash uchun ham korrupsiyani tugatishda qonun ustuvorligini ta'minlash yo'lida yakdillik bilan harakat qilish lozimligini davr taqozo etmoqda.

Yusuf Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 5 =