Asl adabiyot – hayot maktabi

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ijod maktablari adabiyot va ma'naviyat olamida katta voqea va tarixiy hodisa bo'ldi. Iste'dodli shoir G'ayrat Majidning “Bunda bulbul kitob o'qiydi” nomli to'plami Ijod maktablariga nomlari berilgan – Ishoqxon To'ra Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi mashhur ijodkorlar haqida yozilgan.

Kitob mehr va zavq bilan o'qiladi. Qaysi bir ijodkor haqida yozmasin, muallifning ustozlarga bo'lgan haroratli mehr-muhabbati har bir satrda ufurib, nurlanib turadi. Kitob ijod maktablarining ochilganligi va faoliyati haqida shunchaki axborot berish yoki gazetachilar iborasi bilan aytganda “otklik” uchun yozilmagan. Aksincha, ustozlar ijodlarini jiddiy o'qib-o'rganish, maktablarning qizg'in faoliyatlari bilan yaqindan tanishish, o'quv jarayonlarida ishtirok etish kitobning mazmun-mohiyatini yanada boyitgan.

Atoqli va fidoyi ma'rifatparvar Ishoqxon To'ra Ibrat yodgorlik majmuasi To'raqo'rg'on tumani markazida bunyod etildi. Mamlakatimiz rahbari 2018 yil 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog'ida ushbu majmuani borib ko'rdi. Bu yerda ta'lim olayotgan yoshlar bilan muloqotda bo'lib, ularga ulkan omadlar tiladi.

Maktab-internatda 160 o'rinli o'quv binosi, 140 o'rinli til markazi, 100 o'rinli yotoqxona mavjud bo'lib, asosan 7 ta til: in­g­­liz, nemis, fransuz, rus, arab, koreys, xitoy tillari o'rgatiladi. Shuningdek, maktabda “Yosh tarjimon”, “Gid-ekskursovod”, “Xattotlik san'ati”, “Lirik lahzalar”, “Notiqlik san'ati va sahna mahorati” kabi to'garaklar faoliyat olib bormoqda.

Ibrat domla dastlab tarixchi olim sifatida “Tarixi Far­g'ona”, “Tarixi madaniyat”, “Me'zon ul-zamon” asarlarini mahorat bilan yozdi. Bu kitoblar o'z-o'zidan dunyoga kelgan emas. Ibratning uzoq izlanishlari, dunyo va ayniqsa, Sharq tarixini puxta o'qib, o'rganganligi samarasidir. Shuningdek, uning “Lug'ati sita al-sina” (“Olti tilli lug'at”), “Jome' ul-xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asarlari hanuz tilshunosligimiz uchun qiziqarli va foydali manbalardan hisoblanadi. Ibrat domlaning yana bir ibratli faoliyati: 1908 yil Orenburgdan litografik jihozlar, uskunalar to'plamini olib keladi va “Matbaai Ishoqiya” bosmaxonasiga asos soladi. Shuning­dek, “Turkiston viloyati gazeti”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg'ona” matbuot nashrlarida muntazam asarlari, maqolalari bosilib turgan. O'zi yozgan she'rlarni jamlab, uni “Devoni Ibrat” deb atagan.

Millatni dunyoning il­g'or xalqlari safida ko'rishni istagan ma'rifatparvar Ishoqxon To'ra Ibrat oxir-oqibat qatag'on qurboniga aylandi. Mustaqillik tufayli bu ulug' zotning muborak nomi tiklandi. Uning nomidagi maktab esa ana shu haqiqatning yorqin namunasidir…

Prezidentimizning 2017 yil 27 aprelda Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi chog'ida bergan takliflari asosida mashhur ijodkorlar Hamid Olimjon va Zulfiya adabiy merosini keng targ'ib qilish va chuqur o'rganish, yoshlarni ularning umrboqiy asarlari bilan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ular nomi bilan ataluvchi maktab-internat tashkil etildi. Ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan ushbu ijod maktabida yosh iste'dodlar adabiyot sirlarini katta qiziqish bilan o'rganmoqdalar.

Kitobdan o'rin olgan “Hamid Olimjon mo''jizasi”, “Seni kuylayman, hayot!” maqolalarida muallif Hamid Olimjon va Zulfiya ijodi, ularning go'zal va betakror she'riya­ti haqida ibratli fikr-mulohazalarni yozgan. Shu o'rinda kitob muallifi Hamid Olimjon ijodini ko'p biladimi yoki Zulfiya ijodinimi, degan savolga javob topolmay qiynalasiz. G'ayrat Majid har ikki ustoz ijodlarini nafaqat ijodkor, balki adabiyotshunos kabi ham chuqur tahlil qilgan.

O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijod maktabi esa qoraqalpog'istonliklarning ma'naviy-ma'rifiy va adabiy hayotida katta voqea bo'ldi. Prezidentimiz taklifi bilan Nukus shahrida bunyod etilgan, qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur o'rganishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat 216 nafar o'quvchiga mo'ljallangan bo'lib, hozir bu maktabda 280 nafar o'quvchi bilim olayotir. Ularga 34 nafar nufuzli ustozlar ta'lim berayapti. Kitob muallifi “Sahro bulbulining navolari” maqolasida Ibroyim Yusupovning ijod olami haqida mehr bilan yozgan. Maqola shoirning xalq qalbidan joy olgan “Esar Jayhun shamollari” she'ri bilan boshlangani va bu she'r­ni mashhur san'atkor Otajon Xudoyshukurov yuksak mahorat bilan ijro etgani e'tirof etilgan. Menga qolsa, ushbu she'r va qo'shiqni buyuk Amudaryo haqidagi madhiya, degim keladi. Birgina ushbu she'r­da Ibroyim Yusupovning yuragidagi Vatanni ko'rish mumkin. Ayni paytda Otajon Xudoyshukurovning Amuday keng va bepoyon qalbi, betakror ijrosi namoyon bo'ladi. Bu qo'shiq ikki iste'dod — yaratgan tengsiz mo''jiza.

Maqolada shoirning bir she'ridan shunday noyob misralar keltirilgan:

Bir yonim suv, bir yonim cho'l bo'lmasa,

Jannat qurib bersang-da men bormayman.

Gul ham yavshan isi anqib turmasa,

U yerda men qoraqalpoq bo'lmayman.

Bu o'tli misralarda xalq tabiati, xarakteri, turmush tarzining betakror manzaralari chizilgan. Xullas, Ibroyim Yusupovning har bir she'rida, asarlarida Qoraqalpog'iston va qoraqalpoq millati quvonchu dard­lari ufurib turadi.

G'ayrat Majidning O'zbekiston Qahramonlari, xalq shoirlari, buyuk ustozlarimiz — Erkin Vohidov va Abdulla Oripov haqida haqiqiy shogirdlik mehr-muhabbati bilan yozganligini alohida e'tirof etish joiz.

Prezidentimizning taklifi va ko'rsatmasi bilan Marg'ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijtimoiy fanlar yo'nalishidagi iste'dodli yoshlar maktab-internati, Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o'qi­tishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi. Muallif “Yana bir muhtasham maktab saboqlari” maqolasida ustoz Erkin Vohidovning quyidagi dono fikrlarini keltiradi: “Yaxshi niyat bilan qo'lga qalam oldim. Ko'rganlarim siz yoshlarga ibrat bo'lsin, men qoqilgan toshlarga siz qoqilmang, deyman. Biz bosh urgan baland devorlarni, biz to'rt bukilib kirgan past eshiklarni siz ko'rmang. O'zga olam, o'zga davron, ozod va obod Vatan sizniki. Yo'lingiz oydin bo'lsin”.

Muhtaram ustozim — dorilfununim” maqolasida ustoz Abdulla Oripovning ushbu saboqlarini yozgan: “Abdulla aka har doim: — Men umr bo'yi shu ona xal­qim, shu ona Vatanim deb yashadim, o'zimni, taqdirimni bir lahza bo'l­sin undan ayro tasavvur etmaganman, — deb aytardi.

Hali qancha-qancha avlodlar Navoiy, Bobur, Berdaq, Qodiriy, Cho'lpon, Hamid Olimjondan saboq olganlari kabi Erkin Vohidov, Abdulla Oripov ijodiy merosidan ham bebaho saboqlar olishiga ishonamiz.

Kitob sahifalarida ikki ulug' inson, ikki ulug' shoir haqidagi maqolalarni qiziqish bilan o'qirkanman, beixtiyor 2016 yilning boshlanishida bo'lgan bir unutilmas voqea yodimga tushdi. O'shanda “O'zbekiston” NMIUda ishlar edim. Abdulla Oripovning Amerikada davolanish davrida yozgan “Everest va ummon” she'rlar kitobini, “To quyosh sochgayki nur”. Erkin Vohidov hayoti va ijodi zamondoshlari nigohida” deb nomlangan kitobni chop etishga tayyorlab, bosmaxonaga tushirgan edik. O'sha paytda katta hayotdan bir chetga surib qo'yilgan ikki ustozni yangi yil kunlari xursand qilaylik deb, har birlarining kitoblaridan ikki donadan chiqarib, nash­riyotga kelgan shoir ukam G'ayrat Majid bilan dastlab Abdulla Oripovning uylariga borib yangi kitobining ilk nusxalarini topshirib, duolarini oldik. Ustoz kitoblarni qo'llariga olib, benihoya xursand bo'ldilar. So'ng hukumatning 1-statsionar shifoxonasida davolanayotgan Erkin Vohidovni ziyorat qilib, u kishiga ham yangi kitobni topshirdik. Erkin akaning xuddi boladek sevinib ketganlari hamon ko'z oldimda. Palatada o'g'illari Xurshidjon ham bor ekan. Go'yo ustoz shu lahzadayoq sog'ayib ketgandek edi… Shu kuni ikki ulug' adibning duolarini oldik. Bu noyob duolarni gavhardek qalblarimizda asrab kel­yapmiz. Iloyo, ana shu buyuk zotlarning oxiratlari obod bo'lsin!

2017 yil 2 iyunda Prezi­dentimizning Andijon viloyatiga tashrifi chog'ida O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijod maktabini tashkil etish haqidagi taklifi amalga oshdi. Kitobdan o'rin olgan “Andijon tomonlarda…”, “Mehr qolur, muhabbat qolur” maqolalarida Muhammad Yusuf va uning nomi bilan atalayotgan ijod maktabi faoliyati haqida ham batafsil hikoya qilinadi. Muallif shoirga shunday baho beradi: “Muhammad Yusuf chin ma'noda Vatan, xalq va istiqlol kuychisidir”.

Muallif kitob so'nggida shunday xulosaga keladi: “Xizmat safari bilan men barcha ijod maktablarida bo'ldim. U yerda ta'lim olayotgan yoshlar bilan suhbatlashdim. Ustoz-o'qi­tuvchilar bilan birgalikda mahorat saboqlari o'tdik. Shu safarlar davomida meni hayratlantirgan, qalbimga umid beraolgan juda ko'p iste'dodli ijodkor yosh­larni ko'rdim. Tan olib aytishim kerak, ijod maktablari qanday ulug' g'oya mevasi ekanligini yanayam teran angladim…

Kitob so'nggida ijod-maktablarida ta'lim olayotgan o'quvchilarning ijodlaridan namunalar berilgani uning mazmunini yanada boyitgan.

G'ayratjon! Kitobingizni mazza qilib o'qidim. Tabriklayman. Kitobni ustozlarga bo'lgan cheksiz hurmat, katta qalb, samimiy harorat bilan yozibsiz. Ulug' zotlarning ruhlarini shod qilibsiz. Yozish jarayonida tanlagan uslubingiz ham o'zini oqlagan. Ijod maktablari faoliyati adabiyotimizning kelajagi yorug' va buyuk bo'lishini ko'rsatib turibdi. Ushbu mavzudagi she'ringizda yozilgandek: “Asl adabiyot — hayot maktabi”.

Ashurali Jo'rayev,

yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 13 =