Oqibat (Professor Ochil Tog'ayevni eslab…)

“Tarixi Salimiy” kitobining muallifi, 1893-98 yillar Yakkabog' viloyatining begi bo'lib turgan Mirza Salimbek hududning chegaralarini ta'riflar ekan, uning janub tarafida Boboshodi, Qorayog'och amloklari mavjudligi, ular (qabring nurga to'lgir) Shayx Sodiqning marqadi makon topgan Langar qishlog'idan uch farsax berida ekanligini ta'kidlaydi. Xotiralarda keltirilishicha, qishloqdagi masjidda muborak xirqa saqlanadiki, uni Sohibqiron Amir Temur Suriyadan keltirgan va Shayx Ansoriy Samarqandiyga tuhfa qilgan ekan.

Gar men o'lsam, ahvolimni maysa-giyohdan so'rang… G'azaldan.

O'jar dalillar yana so'zlaydiki, Ochil Tog'ayev Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan birinchi fan doktori bo'lgan ekan. Viloyatda u zotning sharafiga katta tadbir uyushtirilgan va unda olimning fandagi bu jasoratini ulug'lab, keyingi o'n (balki ellik) yillarda Qashqadaryoda ikkita ulkan voqea ro'y berdi; biri asrlar osha qaqrab yotgan Qarshi cho'llariga suvning kelishi va ikkinchisi Ochil Tog'ayevning Moskvada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi, deb e'tirof etilgan ekan.

Xirqa avloddan-avlodga o'tib, Shayx Sodiqqa yetib kelgan va shu joyda Mirzo Ulug'bek pishiq g'ishtdan masjid, xonaqo, ayvon qurdirgan bo'lib, Samarqanddagi binolarni hisobga olmaganda bunday go'zal imoratlar bosh­qa joyda topilmaydi. Shuningdek, Bek Xalifa Usmonning o'z qo'li bilan ko'chirgan Qur'onning juzvlari ham shu yerda saqlanishini, o'zi har oyda bu joyga tashrif buyurib, kitob varaqlarini yuziga surtib, ko'z yoshlari bilan ko'ngil g'uborlarini yuvib, Ollohdan gunohlarini kechirishini so'rab ibodat qilganini qayd etadi. Ha, tog'lar orasida sinoatlar ko'p. Bu tafsilotlarni eslashimga sabab esa ustoz Ochil Tog'ayev ham shu makonlarda tavallud topgani bois suhbatlarimizda mazkur ziyoratgohni ko'p eslar, uni yana bir tavof qilishni orzulardilar. 1991 yil avgustdagi yoshlar safari asnosida bu joylarga qadam qo'yganimni eslatganimda mamnuniyat bilan bosh qimirlatib qo'ygan edilar. (Ayni chog'lar domla umr shomi kechayotgan pallalar ekan, buni mash'um voqea sodir bo'lgandan so'ng bildik H.S.)…

O'sha kunlarga ham qariyb o'ttiz yil bo'layapti. Ustozning foniy dunyoni tark etgandan keyingi davr ijtimoiy hayotda ham, fikrlar oqimida ham buhronli yillar bo'ldi. Odam keskin burilish pallalarida, yangi a'molning istiqboliga peshvoz chiqayotganida hayotidagi cho'ng qadriyatlarga tez-tez murojaat etib turar ekan. Shu yillar davomida domlaning shogirdlari ham uning saboqlarini bot-bot eslab, nasihatlarini xayolan takrorlab, unga g'oyibona murojaat qilganlari, murakkab masalalarda “Shunday holatda Ochil Tog'ayev qanday yo'l tutar edi?” tarzida mulohaza yuritganlari ham rost chiqar. Nima bo'lganda ham hamkasblar bilan suhbatlarda bu e'zozli nomning tildan tushmagani, hatto “Biz hammamiz Ochil Tog'ayevning shinelidan chiqqanmiz” tarzidagi e'tiroflar quloqqa chalinib turgani ham ayni haqiqat.

Shu qatorda jurnalistika fakultetining talabalari bir vaqtlar “Ma'ruza o'qish — mening joni dilim” deya hali tesha tegmagan yangiliklar, qaymoq fikrlar bilan dorilfununga shoshgan muallimning ism-sharifini unutishga ham ulgurdilar — avlodlar yangilanishi ro'y berdi, ammo munosabatlardagi chandiq bo'lib qolgan o'rinlar hamon kimlarningdir yuragida yashayotan ekanmi, uning fotosuratini xotira taxtasida qo'yishga ham himmatlari yetmadi, aksincha, tushovlarning ko'rinmas iplari hamon kimlarnidir domiga tortayotgani bilinib turadi, deyishadi. Hayot shunday tuzilgan ekan-da, bir narsa deya olmaysan. Faqat shu sohani qismat deb bilganlar, hayotining mazmunini jurnalistika bilan bog'laganlar ezgu amallarni yodga oladilar, o'sha kunlar shukuhidan mazmun, taskin izlaydilar. Xuddi odamlar oqimiga o'xshash qarama-qarshi yo'nalishlar. Nima bo'lganda ham hayotning shafqatsiz sinovlaridan faqat asl haqiqatlar omon chiqar, yashab qolar ekan. Mansab imtiyozlari, unvonlarning yaltir-yultirlari, xushomadgo'ylarning iltifotlari shamoldan keyingi xaskapa singari to'zib, faqat insonning shaxsiyatini bezab turadigan boqiy fazilatlari, o'ziga xos jihatlari yashab qolarkan. E'tiborni tortadigan tomoni — ana shu imtihondan ustoz xotirasi sharaf bilan o'tdi, deya olamiz.

Nafsilambirini aytganda, Ochil Tog'ayevdek murakkab (o'sha paytlarda o'tgan asrning 70-90 yillari o'z nuqtai nazariga, dunyoqarashiga ega, e'tiqodli, umumiy xorga qo'shilib, “baxtli hayot simfoniyasi”ni kuylamaganlarni shunday atashgan H.S.) odamlarni davr ham, atrofidagi zamondoshlari ham tushinishi qiyin bo'lgan. Mana, yillar o'tib, ko'p narsalarning yuzidan parda ko'tarildi. Endi mubham savollarga bir qadar javob topish mumkin bo'lmoqda. Avvalo, jamiyatni boshqarish taktikasida “Bo'lib tashla va egalla” degan tamoyil hukmronlik qilgan sharoitda guruhbozlik, mahalliychilik, urug'chilik singari illatlarning urchishi tabiiy bo'lgan va bu holdan “katta og'a”lar unumli foydalangan. Shu baloga giriftor qilinganlar jiqqa musht bo'lib, o'z yog'iga o'zi qovrilib yotavergan. Bu tadbirlarni partiya byurosi idora qilib, olovga yog' quyib turavergan. Boz ustiga munosabatlar shunchalik shafqatsiz bo'lganki, kim shu oqimda bo'lmasa, u dushman hisoblangan, davomidan munosabat tadriji — “Safimizda dushmanlarga o'rin yo'q!” tarzidagi yondashuv bilan tamomlangan.

O'sha kunlarning jonli guvohi, Ochil Tog'ayevning zamondoshlaridan va hamfikrlaridan biri O'zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov “Domlalar” kitobi (“Ma'naviyat”, 2009 yil)da shunday voqeani keltiradi: “Professor … bu xokisor odamga qarshi kurashning yangi o'ramini boshladi. Ammo bu gal endi ancha-muncha xufiya g'iybatlar, yolg'on-yashiq tuxmatlar ishga solindi. Zarba sira kutilmagan tomondan berildi. Bu voqea 1984 yilda ro'y bergan edi, shekilli. Adashmasam, o'shanda men (filologiya) fakultetida partbyuroning kotibi edim. …Oltmish yoshlardan oshib qolgan ayol Bahodir G'ulomovning axloqiy buzuqligi to'g'risida ariza olib keldi. Uni arang bosti-bosti qildik. Mashmashaning davomi 1986 yilda bo'ldi. Partbyuroga yangi kotiba keldi. Partbyuroga Bahodir akani chaqirib, ishning tafsilotlarini qayta-qayta so'radi. Keyin chalasini da'vogar ayol to'ldirdi. Nihoyat, (asosiy raqib) Professorning keskin va ayovsiz gaplari yangradi.  Hamma Bahodir aka tomonga qaradi. U uzun stol ustiga bir betini qo'yib, bir qo'li stol ustida, bir qo'li stoldan pastda osilgan ko'yi harakatsiz yotardi. Bahodir aka bu tuxmatlar va bo'htonlar zarbiga chidolmay, allaqachon bu dunyodan ko'z yumgan edi.” (220-222 betlar). Ana shunday vaziyatda Ochil Tog'ayevning qismati ham og'ir bo'lishi mumkin edi, bu vaziyatning ssenariysi amalga oshgan, shaf­qatsiz ko'rgilikka ro'baru bo'lgandi. Faqat o'sha paytda Buxoro viloyatining birinchi rahbari bo'lib turgan Abdivohid Karimovning Sharof Rashidovga shaxsan iltimosigina bunga yo'l qo'ymagan. Tabiatan qaysar, qonida qasoskorlik bo'lgan domla keyin zarbalarga munosib javob berishga kirishgan va bu jarayonning asoratlari og'ir bo'lgan. Ustozning hayotiy qoidalaridan biri shunday edi: “Egilgan boshni qilich kesmaydi, deydilar. Yo'q, egilgan boshni qilich kesishi kerak!” Albatta, shafqatsiz tuzum singdirgan bu aqida bilan yashash qiyin, juda qiyin edi. Ustoz ham bu harakatning jarimasini umri hisobidan to'ladi: ayni iqboli kulayotgan, tafakkuri Suqrotona to'lishgan bir pallada hayotni tark etdi…

Endi o'ylab qarasak, ustozning bo'yi o'sha davrdagi zamondoshlari bilan solishtirganda, ko'zga tashlanadigan darajada ekan. U sohasini chuqur bilar, haqiqiy yetuk olimlarga xos xislatlarni o'zida singdira olgandi. Biz sezgan bir fazilati — har bir masalada o'zining munosabati, yondashuvi bor edi. Dalillarni quruq qayd etib o'tmas, balki ularni tasniflab, yorqin xulosalar chiqarardi. Dalillarni joy-joyida qo'llash san'ati — mantiqni ifodalashda asosiy va yordamchi (qo'shimcha) ma'lumotlarni ajrata olish, ularni tadrijiy qo'llash va shu orqali masalaning ko'pchilikka mavhum yoki tushunarsiz bo'lgan qirralarini ochib (kashf etib) ko'rsatish singari nodir iste'dodga erishgan edi ustoz. Shu tufayli uning ma'ruzalari qiziqarli bo'lar, tinglovchilarga yorqin kayfiyat ulashardi. Go'yoki ustoz tinglovchilarni noma'lum va ajoyib mamlakatga boshlab borar, uning yo'llaridan adashmay o'tib, hamrohlariga yurtning jami go'zalliklarini ko'rsatib, ularning olqishini olardi. (Afsuski, qaysi yurtga tushib qolganini bilmaydigan yoki birinchi qadamdanoq adashib ketadigan yo'lboshlovchilar ham uchraydi).

Ana shunday yirik shaxsni taloto'p zamonlarda tushinish oson emasdi. Bunday anglashilmovchiliklar yaqin yillargacha davom etib kelmoqda. Masalan, mashhur shoir Abdulla Oripovning “Ayol” she'riga baho berishda domlani “san'at asarini tushunmaslik”da ayblashdi. Afsuski, shoirning o'zi ham shu tushuncha bilan ketdi. Holbuki, bahsga sabab bo'lgan “Sevgi va sadoqat” maqolasi (“Guliston” jurnali, 1983 yil, №8)da yosh adabiyotchining savoliga javob berib, “Yolg'izlik hayotiy nomukammal umr kechirishdir. Bu hol ijtimoiy faollikning ham nomukammalligi demakdir (Xato shu joyda, aslida bu shaxsiy fikr; holbuki, yolg'iz umr kechirib, hayotda o'chmas iz qoldirgan shaxs­lar ham ko'plab topiladi. Bu hol ba'zilarning odatdagi turmush tarziga aylanib bormoqda. H.S.). Hayotda oz bo'lsa-da uchrab turadigan bu hodisa zohidlik, tarkidunyochilik deb atalgan eski diniy aqidalarni esga tushiradi” deb qayd etadi. “Ayol” she'ri haqida esa: “Abdulla Oripovning, umuman, ayol sadoqatini ulug'lashi tahsinga sazovordir. Elimiz bunday katta iroda, bardoshga ega bo'lgan ayol zotini hamisha e'zozlab kelgan va e'zozlayveradi” qabilida e'tirofini bayon etadi. Albatta, bu o'rinda qozilik qilishning hojati yo'q (bunga juda kech bo'ldi H.S.), faqat masalaga qanday yondashuv ko'p narsani hal qilishi mumkinligini, olimning ichki mayllarga erk berishi yoki muammoni ataylab bo'rttirishi chalkash xulosalarga, asoratlarga olib kelishi mumkinligini qayd etish uchun yuqoridagi munosabat qiyshiq ko'zguga solinib, beo'xshov shaklga kirganini keltirib o'tish joizga o'xshaydi.

O'jar dalillar yana so'zlaydiki, Ochil Tog'ayev Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan birinchi fan doktori bo'lgan ekan. Viloyatda u zotning sharafiga katta tadbir uyushtirilgan va unda olimning fandagi bu jasoratini ulug'lab, keyingi o'n (balki ellik) yillarda Qashqadaryoda ikkita ulkan voqea ro'y berdi; biri asrlar osha qaqrab yotgan Qarshi cho'llariga suvning kelishi va ikkinchisi Ochil Tog'ayevning Moskvada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi, deb e'tirof etilgan ekan. Voxaliklarga xos tanti, do'lvor gap. Ana shunday sharaf egasi keyinchalik goh oydin, goh zulmatli yo'llardan o'tdi. Boshida qora bulutlar aylanib yurgan chog'lar e'zozlangan “yagona allomai zamon”ning farzand to'yiga garchi Toshkentdan nufuzli mehmonlar tashrif buyurgan bo'lishsa-da, hatto o'sha vaqtda tumanning birinchi rahbari “vaqt topa olmagani” ham bor gap. Yoki marhamatidan bahramand bo'lib, katta hayotga qadam qo'ygan yaqinlari ham ul zotni ko'pda xotirlab turishmaydi, hatto shu haqda gap ketsa quloqlarini burib olishadi. Axir, marhumlar saxovat ko'rsata olmaydi-da. Bu hollar inson tabiatida bor qusurlar. Yakkabog'dan chiqqan birinchi akademik Asqar Xolmurodov haqida xotiralarni to'plash uchun borganimda nafaqadagi muallim Buxor Yusupov hech ajralmay, yumushlarimga ko'maklashdi. U mar­hum yurtdoshining shon-shuhratidan hamon hayajonlanar, u kunlarni tush kabi eslardi: “Asqar aka Yakkaboqqa kelsa, ko'chalar to'lib ketardi. Uncha-buncha odamga uni ko'rish, davrasida o'tirish nasib etmasdi. Bizga o'xshaganlar u ko'chadan ham o'tolmasdik”. Ana shunday nazarga ilinmagan odam kitobi chiqishini, yurtdoshini katta-kichik bilib qo'yishini juda-juda istardi. Afsuski, hamma ham shu orzuda emas ekan. Rosti, Asqar akaning ko'zini yog'ini yalagan, uning soyasida davru davron surgan odamlarni izlab topib bo'lmas, ular qisqa xotiralarini baham ko'rishni ham istashmasdi. Bunday “siylov”dan Ochil Tog'ayev ham bebahra emas. Bir borganimda ustozning xotirasiga qilinadigan ishlar bilan qiziqqanman. “Tumandagi bolalar kutubxonasini Ochil Tog'ayev nomiga qo'yganmiz” deb maqtanishdi. Ko'ngilda bir iliqlik paydo bo'ldi va o'sha muborak go'shani borib ko'rish istagi tug'ildi. Shu zumda mutasaddilarning yuzlari tundlashdi, sarosimaga tushib qolishdi. Birdaniga mashina topilmay qoldi, yana boshqa bahonalar… Xullas, ke­yinroq o'sha maskanga ataylab bordik. Nochorlik zamonlari edi, eski, qarovsiz bino, pollari ko'chib, zax chiqib yotibdi. Kitob jamg'armasi ham maqtanarli emas, mutolaa sharoiti esa mutlaqo yo'q.

Endi qarashlar o'zgardi, munosabatlarda milliylik, o'zlikni anglash hissi kuchaymoqda. Bunday xayrli amallar hammani hushyor torttiradi, jumladan, elning dovrug'ini chiqargan, uzoq-yaqinga tanitgan marhumlar ham bu marhamatdan bebahra qolmaydilar. “Men agar uzoqroqni ko'rayotgan ekanman, bu kimningdir yelkasida turganimdan” degan ekan bir donishmand. Bizning uzoqroqni ko'rishimiz uchun yelkalarini tutib turgan ulug'larimiz safimizda sobit bo'lsinlar. Ularning ibrati, boy ijodiy merosi esa kelgusi avlodlarning kamolga yetishida beminnat boylik bo'lib xizmat qiladi. Jumladan, filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog'ayev ham milliy madaniyatimizda nisbatan kam tadqiq qilingan publitsistika nazariyasi bo'yicha salmoqli asarlar yaratgan. Ustozning “Publitsistika janrlari”, “Prometey olovi”, “Adiblar va janr­lar”, “Idrok va ijod”, “Qahramon — ijtimoiy hodisa” singari kitob­larida milliy jurnalistikamiz muammolari jahon mezonlari asosida teran tahlil qilingan. Agar ulardagi davr bilan bog'liq unsurlar istisno qilinsa, bugun ham sohaning ko'plab masalalarini tushunish va idrok etishda o'rni beqiyos. Negaki, Ochil Tog'ayev birinchilardan bo'lib bu borada katta mezonlarga javob beradigan tadqiqotlar yaratgan olim edi. Hozirgi axborot asrida materialni saralash, uni ezgu maqsadlarga yo'naltirishda nazariy tayyorgarlikning o'rni beqiyos ekan, shu maqsadda tayyor ilmiy ishlanmalardan foydalanish ham farz, ham qarz­dir.

Hakim Sattoriy.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 4 =