Fel'yetonlar qiroli

Abdulla Qodiriy haqiqatan ham “felye­tonlar qiroli” edi, uning hajvlarini o'qigan aql-idrokli, vijdonli o'quvchi yozuvchining so'zlaridan, u tasvirlagan qiziq voqealardan, obrazlar va tiplarning antiqa xatti-harakatlaridan ham kular, ham jamiyat, millatning bu qadar qoloq, johil bo'lib qolayotganligiga achinib, xo'rligi kelib yig'lar edi…

Xalqimizning atoqli adibi, o'tkir qalam sohibi Abdulla Qodiriy hajviy publitsistika sohasida ham samarali ijod qildi. U tom ma'noda nafaqat o'zbek romanchiligining, balki o'zbek hajviy publitsistikasining ham asoschisi edi desak, mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Zamondoshlari mohir hajvchiga “felyetonlar qiroli”, “kuldirib yig'latuvchi va yig'latib kuldiruvchi” deb bejiz nom bermagan edilar.

Ma'lumki, Abdulla Qodiriyning hajviy publitsistika sohasidagi ijodiy faoliyati o'tgan asrning yigirmanchi yillarida yaqqol namoyon bo'ldi. Ilg'or taraqqiyparvarlik g'oyalari ta'sirida ijtimoiy-ijodiy kamolga yetgan adib o'tgan asr boshida vujudga kelgan jadid matbuoti sahifalarida o'zining ilk felyetonlari, hajviy she'rlari bilan qatnashib, bu asarlarida oddiy xalq ommasining fikr-tuy­g'ulari, orzu-umidlarini ifodaladi va jamiyat taraqqiyotiga to'sqinlik qiluvchi ijtimoiy illatlarni qoraladi. 1917 yil oktyabr o'zgarishi Turkiston xalqiga ham haqiqiy ozodlik va ro'shnolik olib kelishiga umid qilgan soddadil yozuvchi yangi tuzum matbuotida faol ishtirok etdi, o'tkir felyetonlar va boshqa hajviy asarlar yozdi. Bu sohada anchagina tajribaga ega bo'lgan adibga markaziy hajv jurnali — “Mushtum”ni tashkil etishday mas'uliyatli ish ishonib topshirilgani bejiz emas edi. Uning publitsist-hajvchi sifatidagi faoliyati ana shu matbuot nashrida yorqin namoyon bo'ldi. U hajv jurnalining ijtimoiy illatlarni fosh etishda, haqiqat va ezgulik uchun kurashda muhim vosita bo'lishi mumkinligiga astoydil ishongan edi. Shu boisdan u jurnalning birinchi sonida bosilgan dasturiy hajviy bosh maqolada “Bu mushtum zo'rlik mushtumi emas, haqlik mushtumidir, bu mushtum zolimlar mushtumi emas, mazlumlar mushtumidir”, deb yozgan edi. Jurnal sahifalarida yozuvchining yuzga yaqin felyetonlari va bir necha felyetonlar turkumlari bosilib chiqqan. Adib o'z hajviy asarlarini Avsar, Boyqush, Do'lta maxzum, Dumbul o'g'li, Dumbuldevona, Julqunboy, Jirtakchi, Jarqin, Jiyan, Indamas eshon, Yo'lovchi, Karnaychi, Kalvak maxzumning jiyani, Lakalang maxzum, Mulla Nishonboy, Sovrinboy, Chin do'st, Chirmanda botir, Shoshiy, Shilg'oy, Shapalaq maxzum va boshqa taxallus va yashirin imzolar bilan yozar edi. Bular orasida Julqunboy taxallusi juda ommalashgan bo'lib, ko'pchilik o'quvchilar adibni shu nom bilan bilishardi.

Tomchida quyosh aks etgani singari A.Qodiriyning hajviy asarlarida endigina shakllanib kelayotgan o'zbek hajviy publitsistikasining barcha g'oyaviy-badiiy xususiyatlari to'la namoyon bo'lgan edi. Zero, o'zbek hajviy publitsistikasining ijtimoiy-ijodiy talablari, g'oyaviy-badiiy tamoyillari va bosh­qa nazariy-amaliy asoslari Abdulla Qodiriy tomonidan ishlab chiqilgan edi. Jumladan, u “Mushtum”ning rasmiy muharriri sanalgan va hajviy jurnalning vazifasini kamchiliklarni fosh etishdangina iborat deb tushungan jurnalist G'ozi Yunus bilan qilgan munozarasida (“Qizil O'zbekiston” gazetasi, 1925 yil, avgust) hajviy publitsistikaning bosh vazifasi ijtimoiy illatlarni hajviy kulgi — satira va yumor qonuniyatlari asosida fosh etishi lozimligini ta'kidlaydi.

Abdulla Qodiriy hajviy publitsistikaning eng kichik janri – hajviy lavhalarning ham mohir ustasi edi. Masalan, u “Salomnoma” deb nomlangan asarida xalq og'zaki ijodining o'ziga xos milliy shakli — kelin salom usulini qo'llaydi hamda “qozonday salla bo'lsa ham — bo'sh kalla” mutaassiblarni, “minglab foyda qilsa ham, sakkiz kunlab to'y berib, ammo maktab ochay deb himmat qilmaydigan savdogar-boylar”ni kinoya bilan tan­qid qilib o'tadi. Hajvchining jurnalning dastlabki sonlarida bosilgan “Nima qayoqqa ketadi?”, “Biz kim va nimalardan qo'rqamiz?” kabi asarlari ham yuqoridagi singari qisqa lavhalardan iborat bo'lib, ularda ham hayotdagi ijtimoiy illatlarga umumiy-hajviy sharh berib o'tiladi. Adibning “It urushtirish ishlari”, “Dardi yo'q — kesak, ishqi yo'q — eshak”, “Sho'x baytal” kabi kichik felyetonlarida ham o'sha davrning ayrim noxush odatlari qalamga olinadi. U “It urushtirish ishlari”da eski, bema'ni odatlar ustidan kulsa, “Sho'x baytal” felyetonida muayyan shaxs — o'sha davrda Toshkentda mashhur bo'lgan O'ktamxon yallachining fahsh ishlari, ayrim puldor boyvachchalarning buzuqliklari fosh qilinadi. Yozuvchi tanfurushlikning chirkin mohiyatini zaharxandali kulgi bilan ochib tashlaydi:

Bitta-bitta bo'lib yetishgan sho'x mashrabimizni subh-shom, balki al-aldavom duoyi jonini qilib yotqon:

— oq sallalik anbiyolar va aziz-avliyolar haqi-hurmati,

sho'x baytalni deb molidan, jonidan kechgan, eng oxirda uyidagi xotinini qo'ygan boylar va boyvachchalar hurmati,

t-s-s deymiz, tuya ko'rding­mi, yo'q, deymiz…

Yuqoridagi felyetonda yozuvchi kulgining nafrat qo'zg'atuvchi kinoya turidan foydalangan bo'lsa “Dardi yo'q — kesak, ishqi yo'q — eshak” felyetonida jaholat va qoloqlikni tanqid qilar ekan, “kalnikiga osh-ga!” — deyilsa, ayiq, maymun o'ynatganini ko'rish uchun “gur-gur” yuguradigan, ammo “chet ellardagi o'qiguvchi yoshlarimiz foydasig'a teatru qo'yiladi!” deyilganda esa “ini-ini”ga urib ketuvchi “tanbal, hamiyatsiz” kishilar ustidan achinib kuladi, ularni san'at, ma'rifat dargohlariga chorlaydi.

Yozuvchining publitsistik hajviy asarlari orasida “Kelinni kelganda ko'r, sepini yoyganda ko'r” deb nomlanuvchi felyetoni alohida o'rin tutadi. Unda o'sha davrda jonlanib qolgan savdogarlarning “saxiylik”lariga ishongan laqmalar ustidan kulishda kinoyaviy xalq maqol va matallaridan ustalik bilan foydalaniladi:

“Ko'chaga tashlab qo'yilgan pul, tekin oftobga chiqqan mushuk, yuk tashiyman degan shaloq arava… mana shunday o'ngu-ters so'zlarga har kim ishonsa — yebdur noma'qul buzoqning go'shtini; ichibdur Ivanov boyning chiroylik qobog'iga (kabak — mayxona- M.X.) kirib, bir dyujina pivosini! ”

Ayniqsa, hayotdagi ijtimoiy illatlarni tasvirlashda yozuvchi hajviy bo'yoqni ayamaydi. U Moskvaga oldi-sotdi uchun kelgan “sudratma chopon, yopma salla”, “mahsining qo'njig'a havsala bilan tiqil­g'on keng qavl ishton” kiygan, “belboqqa qistirilgan kir yovliq”li hamyurtlarini ko'rganda “egani og'zida, yutgani bo'g'zida” qolishini aytib, bunday madaniyatsiz shaxslarga o'ta zaharxandali kulgini ro'para qiladi:

“Boshni chulg'ab olgan salla bilan yer supurib yurgan to'n ostida bilasizmi qanaqa lash-lush bor? Eshakka teskari mingan dangaldor taassub!”

Hajvchi “Maslagu maqsaddan sha'mai izhor” felyetonida o'tkir kinoya kulgisini qo'llaydi. Bu felyetonda ham davrning muhim ijtimoiy mavzusi — har qanday g'oya va maslakni sotib pul-mol to'plash, qo'sh-qo'sh imoratlar solish hollarini tanqid qiladi.

“Do'stlarimdan bittasi ikki ming chervonesga tushurib, shohona imorat qilg'on ekan, o'tgan kuni fotihaga borib keldim. Nafsilambirig'a qarag'anda, Toshkentda o'zining oliy binolar solishi bilan mashhur bo'lgan To'xtajonboy va Orifxo'ja eshonlarni bir cho'qishda qochiraturg'on bino bo'libdir. Hordiq chiqorg'andan so'ng “ko'cha tarafga isiriq bog'lab qo'y, mehmonxonangdan oshna-og'ayningni uzma, dastirxoningni kal-ko'rdan ayama”, dedim. Oshnomning yaxshi niyat bilan qurg'on imoratini ba'zi maorifsiragan muttahamlar “maktab uchun muvofiq bino bo'libdir, ot aylanib qozig'ini topar”, deb shivir-shivir qilar ekanlar…

Abdulla Qodiriyning o'zbek hajviy publitsistikasi xazinasi va rivojiga qo'shgan buyuk hissalaridan biri shundaki, u ijtimoiy-ijodiy sohaning eng mukammal janri — ma'lum tip bilan bog'langan felyetonlar turkumini va ularda to'la ma'nodagi hajviy tiplarni yaratdi. Bu adibning “Kalvak maxzumning xotira daftaridan” va “Toshpo'lat tajang nima deydir?” asarlaridir. Har ikki asar ham o'zbek hajviy publitsistikasi va hajviy adabiyotida mislsiz yangilik bo'ldi.

Shuni aytib o'tish lozimki, mazkur asarlarning qaysi janrga mansubligi xususida o'zbek adabiyotshunosligida turlicha fikrlar bildirilgan. Ayrim adabiyotshunoslar bu asarlarni hajviy hikoyalar deb hisoblashsa, ularni hajviy qissa deguvchilar ham bo'ldi. Shuni aytish kerakki, mazkur asarlarda hajviy hikoya va qissa elementlari mavjud. Ammo ularda bosh masala o'sha davr ijtimoiy illatlarini fosh etishdan iborat bo'lib, bu vazifa o'ziga xos hajviy obraz — hajviy tiplar orqali amalga oshiriladi. Ushbu ijtimoiy-ijodiy hodisa esa asosan, hajviy publitsis­tikaga tegishlidir. Shu bois­dan ularni hajviy publitsistik asarlar qatoriga kiritish to'g'ri bo'ladi. Hajviy publitsistikada felyetonlarning yirik ko'rinishlari sifatida uning turkumlari ham mavjud bo'lib, ular ma'lum bir mavzu bilan bog'langan felyetonlar turkumlari (bunga adibning yuqorida ko'rib o'tganimiz — “Eshonlarimiz”, “Toshkent boylari” kabi felyetonlar turkumlari), ma'lum bir shakl bilan bog'langan felye­tonlar turkumlari (“Maskovdan xatlar”) kabilar misol bo'la oladi. Ma'lum bir tip bilan bog'langan felyetonlar turkumlarida esa ijtimoiy illatlar hayotdan olingan yaxlit hajviy obraz — tiplar orqali amalga oshiriladi. “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Tosh­po'lat tajang nima deydir?” kabi asarlar esa felyetonlar turkumining xuddi ana shu turiga xosdir.

“Kalvak maxzumning xotira daftaridan” felyetonlar turkumi yigirmaga yaqin felyetonlardan iborat bo'lib, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Kalvak maxzumdan”, “Kalvak maxzumning idoramizga ochiq xati”, “Odamzodning aqli yetmaydir”, “Qishloqqa yuzingni o'gir ba'chima'ni?”, “Dardisar”, “Bachtur zamona duchor shudem?”, “Qavodiul umaro”, “Hoy, xudoy urg'onlar!..” kabi va boshqa sarlavhalar bilan “Mushtum” jurnalining 1923- 26 yillardagi yigirmadan ortiq sonida bosilgan. Turkum undagi asosiy personaj — Kalvak maxzum (to'la nomi — Domla mabujur mulaqab ba Kalvak maxzum ibn Mulla Salimsoq oxun mudarrisi marhum Shoshiy Naqshbandiy)ning tarjimai holi, uning sarguzashtlari hamda maxzumning o'sha davrning turli ijtimoiy masalalariga doir “Maslahat xat”laridan tashkil topgan.

Turkum asosiy personaj tilidan bayon qilinadi. Muallif felyetonda Kalvakning kimligini aytishga shoshilmaydi, uning o'ziga so'z beradi:

“Ey boshi bo'sh donolar, ey qovoq kiygan dindoshlar, voy musulmoni komillar!

Zamona oxir bo'ldi, ko'p behuda ishlar chiqdi. Sharorat peshalarining ishlari avj olib, bizningdek faqirlar xor bo'ldi. Kiyimlar qisqarib, sochlar uzaydi, erkaklar xotun, xotunlar erkak qiyofasiga kirdilar. Barchadan aql ketdi, hama gumroh: borar yo'lidan, qilar ishidan adashdi, ulamoga hurmat, yoshlarga shafqat, o'g'lonlarga muhabbat yo'q. Bas, bularning barchasi oxir zamon alomatlari bo'lmay nima bo'lsin?”

Boshida ikki choraklik salla, qo'lida yuz bittalik tasbih, ko'chama-ko'cha, guzarma-guzar kezib, “oxirzamon ishlari”ni kuzatib, xayolan ayyu­hannos solib yurgan shaxs — Kalvak maxzumdir. U har qadamda duch kelgan voqeaga aralashadi, o'zicha “sharh”laydi: “mishiq-tupug'i oqg'on bolalarning yarim beldan loy kechib, it urushtirish bilan mashg'ul”liklarini ko'rib “ziyo­da zavqi keladi”, hammahalla yigitni militsiya kiyimida ko'rib, uni “cho'­qing'on”­ga chiqaradi, va hokazo. Vujudi nodonlik va jaholat bilan qoplangan bu kaltabin va kaltafahm shaxs hayotdagi har bir yangilikni ko'rib, aqli yetmaydi, shu sababli dahshatga tushadi, “zamona oxir bo'ldi”, deb ayyuhannos soladi. Yozuvchi bu obrazni rivojlantirib boradi, uning yangi-yangi qirralarini ochadi, masalan, maxzum yangi ochilgan bir kutubxonaga kirib qoladi, ammo bu yerda ilmiy, tarixiy kitoblar saqlanishini eshitib, jazavasi tutib ketadi: “Shul vaqt behad qahru g'azabim kelib ketdi, har bir tukim bir xanjari obdor bo'ldi, bir na'rai ra'divor tortub, musulmonlarni yo'ldan ozdurmoqda bo'lg'on shul jadid kitoblarni ag'darish-to'ntarish qilub ko'chaga chiqorub tashlagim keldi”. (Turgan gapki, tabiatan qo'rqoq Kalvak maxzum bu gaplarini amalga oshirolmaydi, balki u me'rovligidan o'sha kutubxonada kavushini yo'qotib, uyiga sarpoychan ketadi…)

Hayotni chuqur bilgan mohir qalam egasi Abdulla Qodiriy ikkinchi bir hajviy tip — Toshpo'lat tajang obrazini ham yaratdi. Bu hajviy tip bilan bog'lanuvchi va “Toshpo'lat tajang nima deydir? (Chapanilar maydonidan)” deb nomlangan o'ndan ortiq qism­dan iborat bo'lgan bu felyetonlar turkumi “Mushtum”­ning 1924-26 yillardagi bir necha va “Qizil O'zbekiston” gazetasining shu yillarda chiqqan qator sonlarida bosilgan bo'lib, o'z davrida o'quvchilar tomonidan qizg'in kutib olingan edi. Adib mazkur asarida o'sha davrdagi yana bir ijtimoiy tabaqa — jaholat va qoloqlik muhiti yaratgan chapanilar, bezorilar toifasining hayotini qalamga oladi va bu guruhga xos bo'lgan ichki qarama-qarshiliklarni hayotiy tasvirlash orqali ular ustidan xalq nazari bilan kuladi.

O'z ta'biri bilan aytganda, “choy chaqasini undan-mundan qilib, tarallasini tortib yurgan” chapani Toshpo'lat tajang hayot voqealarini o'z qarichi bilan o'lchaydi, o'zicha “mulohaza” yuritadi. U yangi ochilgan maktablarni “afandi maktabi” deb masxara qiladi, aeroplandan o'z varragini ustun qo'yadi, boshqalar ustidan kulmoqchi bo'ladi, ammo beixtiyor, o'zi kulgiga qoladi. O'quvchi ongsiz, dovdiroq Toshpo'lat tajang ustidan miriqib kuladi va bu kulgi davrga mos kelmay qolgan toifa ustidan ijtimoiy kulgiga aylanadi.

Xuddi Kalvak maxzum singari Toshpo'lat tajang obrazida ham serqirralik mavjuddir. Toshpo'lat tajang oddiy xalq vakili, uning bir bo'lagi sifatida fikr yuritar ekan, gohida haq­qoniy gaplarni ham gapiradi, hayotda uchraydigan amalparastlik, nohaqlik va boshqa illatlarni ochib tashlaydi. Abdulla Qodiriy Toshpo'lat tajangni chapani sifatida to'ppadan-to'g'ri qoralamaydi, aksincha, uni alohida bir mehr, iliq yumor bilan tasvirlaydi, hayotdagi nuqsonlarni fosh etishda uning obrazidan ustalik bilan foydalanadi. Shu boisdan ham mazkur obraz Abdulla Qodiriy yaratgan umuminsoniy, hayotiy obrazlardan biri bo'lib qoldi. Mazkur asarning o'quvchilar tomonidan o'sha davrda ham, hozir ham sevib o'qilishining siri shunda.

Xulosa qilib aytganda, Abdulla Qodiriyning yigirmanchi yillarning boshida yaratgan hajviy publitsistik asarlari o'zbek hajviyotining takomiliga katta hissa qo'shdi, uni yangi shakliy janrlar, ijtimoiy kulgi turlaridan foydalanish va hajviy obrazlar, tiplar yaratish bilan boyitdi. Abdulla Qodiriy o'zbek hajv so'zida chinakam yangi omilkor sifatida ish ko'rdi, turli ijodiy kashfiyotlari bilan uni yuqori darajaga olib chiqdi. Ha, adib haqiqatan ham “felyetonlar qiroli” edi, uning hajvlarini o'qigan aql-idrokli, vijdonli o'quvchi yozuvchining so'zlaridan, u tasvirlagan qiziq voqealardan, obrazlar va tiplarning antiqa xatti-harakatlaridan ham kular, ham jamiyat, millatning bu qadar qoloq, johil bo'lib qolayotganligiga achinib, xo'rligi kelib yig'lar edi…

Muxtor Xudoyqulov,

filologiya fanlari doktori,

yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =