Quyosh kollektorlari: Ham arzon, ham qulay

Sir emas, dunyoda yer osti qazilma boyliklari tobora kamaymoqda. Shu bois dunyodagi yetakchi davlatlar energiya iste'molini qayta tiklanuvchi energiya turlari — quyosh, shamol, yer osti issiqligi va biomassalardan olishda ancha ilgarilab ketgan.

Evropa davlatlarida quyoshli kunlar deyarli sezilmaydi, boridan ham juda samarali foydalanadi. Ular zamon talablari asosida yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqar­yapti va tabiiyki, mahsulotini butun dunyoga sotmoqda.

Bizda-chi? O'zbekistonimiz — serquyosh o'lka, quyoshli kunlarimiz qariyb 300-330 kunni tashkil etadi. Ammo undan oqilona foydalanilyaptimi?

Albatta, bu borada erishilayotgan yutuqlar bilan maqtana olmaymiz. Chunki turli yo'nalishlarda muqobil energiya manbalarini qo'llash bo'yicha hali amalga oshirish lozim bo'lgan ishlarimiz ko'p. To'g'ri, mazkur sohada ishlar ketyapti, harakatlar to'xtab qolgani yo'q.

Tahlillarga qaraganda, quyosh energiyasidan binolarni isitish, issiq suv bilan ta'minlashda foydalanish masshtabi kengaymas ekan. Bunga sabab amalda foydalanilayotgan manbalar tizimiga solishtirganda geotizim qurilishi uchun ketadigan kapital sarflarning yuqoriligida.

Shu bois quyosh kollektorlari narxlari va ushbu tizimdagi mavjud narx-navoni pasaytirish yo'llarini qidirib topish dunyo geliotexnika ilmining asosiy vazifalaridan biriga aylangan.

Vujudga kelgan bunday vaziyatda issiqlik ta'minoti tizimlarida quyosh issiqlik energiya­sidan foydalanish samaradorligini oshirishning asosiy rezervlarini aniqlash hamda baholash maqsadida ularni soddalashtirish, ishonchliligini oshirish va narxini arzonlashtirish juda dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Hozirgi kunda turar-joy binolarida qo'llanilayotgan suv isitgichlar xonalarni isitish hamda issiq suv bilan ta'minlashda, asosan, ikki va bir konturli qozonlardan foydalanil­yapti. Ularning ishlash jarayonini o'rganib chiqadigan bo'lsak, tizimning samarali faoliyati qator shartlarini ko'ndalang qo'yadi.

Misol uchun, bularga tabiiy gazning va elektr energiyasi, tarmoqdagi suv bosimi, issiqlik tashuvchining o'z me'yorida, qozon havo yo'lining talab darajasida bo'lishi shular jumlasidandir. Vaziyatdan kelib chiqib, quyosh issiqlik ta'minoti tizimlariga ana shu talablarni yaratib bersak yoxud amalda qo'llanilayotgan isitish qozonlari bilan bog'lab soddalashtirilgan modelini yaratib, uni amaliyotga joriy qilsak, ko'zlangan natijalarga erishish mumkin.

— Bugungi kunda quyoshdan issiqlik energiyasi olishning jamiyatimiz, uning iqtisodiyoti, aholi farovonligini ta'minlashdagi o'rni naqadar muhimligini hisobga olib, ilmiy tad­qiqot olib boryapmiz.

Tadqiqotning maqsadi quyosh kollektorlariga ega bo'lgan quyosh issiqlik ta'minoti tizimlari samaradorligini oshirish, uning asosiy rezervlarini aniqlash va baholash hamda hayotga joriy etishning ratsional yo'llarini va istiqbolli yo'nalishlarini aniqlashdan iborat. Bu yo'nalishlar issiqlik energiyasini quyosh kollektoridan issiqlik akkumulyatoriga, undan keyin esa iste'molchilarga yetkazib berishda temperatura potensialining yo'qolishini minimallashtiradi.

Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, quyoshli suv isitgichlar xonalarni isitish va issiq suv bilan ta'minlashda qo'llaniluvchi energiya manbalarini tejash imkonini beradi.

Quyosh energiyasi asosida ishlovchi suv isitgichlar qanday qurilma va u boshqa turdoshlaridan nimasi bilan farq qiladi, afzalliklari nimada, degan savol tug'ilishi mumkin.

Avvalo, quyosh energiyasida ishlovchi suv isitgichlar individual qurilma hisoblanadi. U quyosh kollektori hamda issiqlikni ushlab turish uchun himoya­langan bakdan iborat bo'ladi. Kollektorlar quyosh nurlarini 95 foiz o'ziga singdirib olib, ularni suv isitish uchun energiyaga aylantirishga qodir. Yaratilayotgan qurilma issiqlik miqdorini 3-4 kungacha o'zida saqlab turish imkoniyatiga ham ega.

Qolaversa, quyosh energiyasida ishlovchi qurilmalar, ya'ni bugungi kunda qo'llanilayotgan quyosh kollektorlarining bak akkumlyatori yuqori qismiga o'rnatilgan bo'lib, quyoshli suv isitgichlari oqar sirkulyatsiya tizimi asosida ishlashi uchun moslashtirilgan.

Xohlaymizmi yo'qmi, bu usul bir qator muammolarni yuzaga keltiradi. Jumladan, qurilma bak akkumlyatorining yuqori qismida hamda bino tashqarisida joylashtirilishi inshoot tomining konstruksiya bo'limlariga og'irlik tushishi, shuningdek, ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatida issiqlik tez yo'qolishiga olib keladi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti rahbariyati ko'magida chuqur ilmiy izlanishlar natijasida yaratilayotgan qurilmamiz esa yanada takomillashtirilgan bo'lib, bunday salbiy holatlar kuzatilmasligi inobatga olingan.

Turar-joy binosi uchun akkumulyator baki xonaning ichkari qismiga moslashtirilib, quyosh kollektorining yuzasi 2,1 m2, akkumulyator baki 200 litr bo'lgan quyoshli issiq suv ta'minoti tizimining nasosli eks­perimental stendi montaj qilindi. Tabiiy sharoitda dast­labki sinovlar o'tkazildi. Natija yomon emas: qurilma normal va xavfsiz ishlash qobiliyatiga to'liq ega.

Hozirgi paytda stendni o'lchash asboblari bilan jihozlash, tizimning asosiy issiqlik texnikaviy ko'rsatkichlarni aniqlash, qish mavsumida quyosh kollektorining me'yorida ishlashi hamda muzlab qolishining oldini olish, shuningdek, qurilmaning energiyani quyosh nuri orqali o'zi olib, o'zi yonib, o'zi o'chadigan, ya'ni alternativ tarzda ishlashini ta'minlash bo'yicha ham katta izlanishlar olib boryapmiz.

Bir necha yillardan beri olib borilayotgan ilmiy izlanishlar asosida quyosh kollektorlarining mukammal va soddalashtirilgan avtomatik tizimi ishlab chiqilyapti. Unga kelgusida patent olib, xalqimizga har tomonlama xavfsiz va maqbul bo'lgan qurilmamizni yetkazib berish niyatidamiz. Bu esa nafaqat muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishni yo'lga qo'yish, balki aholi turmush tarzini yaxshilashda ham g'oyatda muhim o'rin tutadi.

Sharif Qarshiyev,

Toshkent arxitektura-qurilish instituti

doktoranti.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × four =