O'zbekiston harbiy jurnalistikasi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi sahifa ochdi

Axborot asrining asoratlari, avvalo, eng muqaddas narsalarimizga – madaniyat, ma'naviyat, qadriyatlarimizga daxl qilinishida ko'zga tashlanadi. Telegrammda bir kanalni kuzatib boraman. Asosan, shifokorlar muloqot qilishadi. Unda «dasturxon» qilinadigan axborotning so'nggi 1-2 oydagisini tahlil qildim. Qariyb 70 foizi maza-bemaza videomazaxlar ko'rinishidagi gaplar. Bundan shifokor nima oladi? Bachkana videotasvirlardan biroz muddat qornini ushlab kulishi mumkin, xolos. Bundan kimga naf? Afsuski, bunday foto va videotasvirlardagi zararli viruslar u kanaldan bu kanalga ko'chib yuribdi. Shunday ekan, axborot deb ma'rifatdan, ma'naviyatdan, qadriyatlarimizdan ayro tushmaslikka biz jurnalistlar ham javobgarmiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazilgan so'rovlarga ko'zim tushdi, mamlakatimiz aholisining 63 foizi dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarga oid asosiy ma'lumotni Rossiyaning, atigi 12 foizigina o'zimizning ommaviy axborot vositalaridan olarkan. Qolgan 25 foiz aholi esa boshqa xorijiy manbalardan foydalanadi. Ehtimol, bu unchalik haqi­qatga to'g'ri kelmas. Ammo mabodo ahvol shunday bo'lsa, bizga qarshi qaratilgan axborot-psixologik xurujlarga qarshi qanday qilib kurashish mumkin? Bugunning jurnalistidagi mas'uliyat juda-juda og'ir ekanini sezayotgandirsiz.

Ommaviy axborot vositalaridagi zamonaviy axborot va axborot-kommunikatsiya vositalari rivojlanishi, taraqqiyotning olg'a qadam bosishi sohada misli ko'rilmagan o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Natijada jahon axborot makoni o'ziga xos kurash maydoniga aylandi. Yetakchi axborot agentliklari, nashrlari dunyo axborot makonida hukmronlik doirasini kengaytirishga urinayotibdi. Buning ortida yetakchi mamlakatlar g'oyasi, mafkurasi yotishini, shu yo'l orqali insonlar ongini, dunyoqarashini egallashga kurash beayov kechayotganini sergak, hushyor kishilar yaxshi anglashadi.

Biz o'z yo'nalishimizda o'tkazgan so'rovnomalarda respondentlarning 45 foizi harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi maqolalarni o'qib borishini aytishgan. Ko'rinib turibdiki, 100 foizlik marraning 50 foizi ham zabt etilmagan.

Xo'sh, nega harbiy mavzudagi materiallarga qiziqish yuqori emas? Bunga sabab harbiylashgan idoralar faoliyati yopiq xarakterga ega bo'lgani, axborot olish yoki to'laqonli olish imkoniyati yo'qligidadir.

2018 yil 28 noyabrda Qurolli Kuchlar akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig'ilishi bo'lib o'tgandi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mutasaddilarga O'zbekistonda harbiy jurnalistlarni tayyorlash bo'yicha ko'rsatma berilgan edi. Natijada joriy 2019 yildan e'tiboran O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Harbiy jurnalistika yo'nalishi ochildi.

Konfliktlar jurnalistikasi

Harbiy jurnalistikaga hamohang ravishda bugun “konfliktlar jurnalistikasi” tushunchasi muomalaga kirib keldi. Kon­flikt­lar jurnalistikasida muxbir o'z fikrini aytish, mojarolar bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish imkoniyatidan foydalanib, tahliliy reportajlar tayyorlaydi. Bunda jurnalist xolislik pozitsiyasida turishi kerak.

Qurolli konflikt zonasida faoliyat olib boradigan jurnalistning huquq va majburiyatlari xalqaro gumanitar huquqda belgilangan. Mazkur huquq me'yorlarining katta qismi dunyoning barcha davlatlari tomonidan tan olingan. Bu boradagi eng muhim hujjatlardan biri 1899 yil qabul qilingan Gaaga konvensiyasi (Gaaga huquqi ham deyiladi)dir. Shuningdek, urush qurbonlari muhofazasi to'g'risida 1949 yilda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi hamda unga qo'shimcha ravishda 1977 yilda qabul qilingan protokolni ham keltirib o'tish mumkin. Gaaga huquqi urush olib borish tartibi va qoidalariga qo'llaniladi hamda qurol ishlatishga cheklov o'rnatadi. Jeneva huquqi me'yorlari esa konfliktlar hududida joylashgan, biroq unda ishtirok etmayotgan tinch aholi, yaradorlar, harbiy asirlar va boshqalarni muhofaza qilishga qaratilgan.

Committee to protect journalists (Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi) ma'lum qilishicha, 2018 yilning 1 yanvaridan 14 dekabrigacha dunyo bo'yicha 53 nafar jurnalist halok bo'lgan. Shulardan 34 nafari qasddan o'ldirilgan. Demak, qasddan o'ldirilgan jurnalistlarning 33 foizga yaqini urush va nizolar oqibatida bevaqt hayotdan ko'z yumgan. Ular harbiy jurnalistlardir.

Amir Temurning harbiy jurnalistlari

Harbiy jurnalist qadim-qadimda bo'lganligini olimlar sarkardalar yonida jangda yurgan, barcha ko'rgan-kechirganlarini qog'ozga tushirib borgan shaxslar misolida ko'rsatishadi.

Maxsus tayyorlangan kishilar qo'shinda jang borishini, taktika va strategiyasini, qahramonlik ko'rsatgan bahodirlarni, umuman, barcha muhim tafsilotlarni yozib borishgan. Bu harbiy jurnalistikaning ilk ko'rinishidir.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi marhum G'ulom Karimiy Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” kitobi tarjimasining kirish qismidagi “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy”da Amir Temur davri tarixining yoritilishi” sarlavhali materialida qiziq bir ma'lumotni keltirib o'tgan. U bilan tanishib, Sohibqironning, bugungi til bilan aytganda harbiy jurnalistlari bo'lgan, degan xulosaga kelish mumkin.

“Amir Temur davrida qat'iy tarzda yo'lga qo'yilgan barcha harbiy yurishlar tafsilotlari hamda har bir jangning bayonini o'z vaqtida baxshilar (bitikchilar) tomonidan turkiy tilda uyg'ur yozuvida yozib borish odati keyingi temuriylar davrida ham mavjud bo'lganini Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asaridagi bir ma'lumot tasdiqlaydi. Muhammad Haydarning yozishicha, Zahiriddin Muhammad Bobur Hamza sultonga qarshi jang qilib, g'alaba qozonganida, Jonahmad atka boshchiligidagi Muhammad Haydar mulozimlari jasorat ko'rsatib, dushmanning bir sarkardasini tirik ushlashadi. Jang­dan so'ng Bobur: “Bu – Mirzo Haydarning birinchi ishi, binobarin, baxshilar mukofot daftariga uning nomini yozishsin”, deydi.

Baxshilarning vazifasi safar davomida har bir jang yoki bosh­qa muhim voqea tafsiloti hamda jangda ish ko'rsatganlar nomini darhol, hatto o'sha voqea yuz bergan joyning o'zida qog'ozga tushirish bo'lgan.

“Mu'iz ul-ansob” asarida Sohibqiron xizmatida bo'lgan uch nafar turk baxshisi — Elarta, Saynorta va Temurchaqar nomlari keltiriladi. Amir Temur 1391 yil bahorida To'xtamishxonga qarshi yurishi paytida Ulug'tog'da xarsang­toshga o'yib yozdirgan o'n bir qatorli bitikning ham uch qatori arab yozuvi va arab tilida bo'lsa, to'qqiz qatori uyg'ur yozuvida turkiy tilda bitilgan.

Baxshilarning turkiy bitiklari fors tilida Amir Temur tarixini yozgan muarrixlar uchun u yo bu darajada material vazifasini o'tagani shubhasiz. Har holda, Ibrohim Sulton buyrug'iga ko'ra, to'plangan baxshilar bitiklari “Zafarnoma”ni yozishda Sharafiddin Ali Yazdiyning tayanch manbalari sirasiga kirgan.

Keltirilgan bu misol ham fikrimizni qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Demak, qadimdan bizda harbiy jur­nalist­lar bo'lgan. Xabarnavis, baxshi, bitikchi singari nomlarda atashgan bo'linmasin, ularning vazifasi bugungi OAV bajarayotgan ishga yaqin ekanligini inkor qilolmaymiz. Bu ilmiy jihatdan chuqur tadqiq etilishini kutayotgan mavzu.

Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiy jurnalistlarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimga solingani O'zbekiston harbiy jurnalistikasi uchun yangi sahifa ochadi. Bu nafaqat sohaga ixtisoslashuv, balki mamlakatimiz mudofaa salohiyatining yanada mus­tahkamlanishida, harbiy sohada kechayotgan islohotlar mazmun-mohiyati xalqimiz ongiga chuqur singdirilishida ommaviy axborot vositalarining o'rni ortishi bilan ham juda muhimdir.

Alijon Safarov,

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + four =