So'z va ohang birligi

Yo'lovchi mashinada ishga borayotgandim, yengil mashinaga o'rnatilgan radioda “Vafosi yo'q kishining, behuda yori bo'lmang”, misralari bilan boshlanuvchi qo'shiq yangrab qoldi. Diltortar ohang, milliy ruh jozibasi, shirali ovoz beixtiyor o'ziga rom etdi. U xonanda Sobirjon Mo'minov ekan.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Sobirjon Mo'minov, mana bir necha yildirki, xalqchil qo'shiqlari, mumtoz taronalari bilan el nazarida e'tiboridan tushmay kelayapti. Uning qo'shiqlari millatimiz an'analari, qadriyatlari, koloriti jamlangan ohangidan zavq­lanasan kishi, o'zbekona ezgu va muqaddas tuyg'ular ko'z oldingga keladi.

Sobirjon Mo'minovning qo'shiqlarida ijodkor qalbi, tafakkuri, tushunchasi bo'y ko'rsatadi. Xonandaning repertuariga nazar tashlayman. “Ajab dunyo”, “Rizo bo'lsin”,  “Bir kam dunyo”, “Sevdim seni qora ko'z”, “Vafosi yo'q”, “Qalbimdasan”  singari sermazmun qo'shiqlarida ko'ngilga yaqinlik, falsafiylikni tuyadi kishi. Albatta, boshlovchi qo'shiqchi avval ustoz san'atkorlar ijodidan ilhom­lanadi, ularning ijro uslubini o'rganadi. Ammo Sobirjon Mo'minovning xonishlarida kimgadir taqlid, kimningdir nafasi sezilmaydi. U o'z ijro uslubi, o'z ovoziga ega san'atkor.

Sobirjon aka elda obro' va shuhrat topish, yoinki oddiy bir havas tufayli bu mashaqqatli yo'lni tanlagan emas. U asli san'atkorlar oilasida tug'ilgan, otasi Odiljon akadan qo'shiqchilikning sir-asrorlarini o'rgandi. Uning murg'ak qalbida kurtak otgan  nafosat, go'zallikka oshnolik,  musiqa va ohanglardagi rangin jilolarni qalban his etish, musiqiy didning  shakl­lanishi,  keyinchalik qo'shiq aytish sirlarini anglab yetishiga poydevor yaratdi. Yillar o'tgani sayin uning repertuaridan yangi mavzu va talqinlardagi qo'shiqlar o'rin oldi.

Xoh o'ynoqi, xoh mahzun qo'shiqlar bo'lsin, aytishda mahorat, ya'ni toza ijro ustuvorlik qilsa, u mumtoz ashulaga aylanadi. Aytish kerakki,  xonanda uchun shirali ovoz muhim o'rin tutadi. Nuriddin Hamroqulov, Muhriddin Xoliqov, Azim Mullaxonov singari xonandalarning qo'shiqlari yurak-yurakka yetib borishi ham shundan.

Shu ma'noda,  Sobirjon Mo'minov o'z ovozi bilan  mazmunli qo'shiqlar yaratishga intilib kelayotgan ijodkor. U har bir yaratayotgan asariga o'ta jiddiy va mas'uliyat hissi bilan yondashadi. Uning ijrosidagi “Ota-ona”, “Ikki dil”, “Bir kam dunyo”, “Boringizga shukur”, “Boq oyog'ing ostiga”, “Onajonim”, “Har nomardga aytma”, “San tomon”, “Shukurlar qilaylik”   va bosh­qa ko'plab qo'­shiqlari  xalqimizning ma'naviy mulkiga aylangan va O'zbekiston teleradiosining oltin fondidan joy olgan.

Suhbatlarimizning birida uning san'at xiyonatni kechirmasligi, bu yo'lda aldam bo'lmasligi, xalqning olqishini emas, ko'proq duo­sini olish  muhim ekanligini alohida ta'kidlagandi xonanda.

— Qo'shiqlarimda, — deydi Sobirjon Mo'minov, — xalqimizning dardi, iztiroblari, nolasi, quvonchu shodliklarini kuylasam  ko'nglim to'ladi.

San'atda ikki yo'nalish bor, ya'ni ijodkor va  ijrochi yo'nalishi.  Xoh adabiyotda, xoh san'atda bo'lsin, biron yangilik yaratish — bu ijod mahsuli. Shunisi ham ma'lumki, yaratish, ijod qilish har kimga ham nasib etavermaydi. Kimningdir tomonidan yaratilgan tayyor ijod mahsulini ijro etish esa albatta, ijrochilikka kiradi. Shu ma'noda, ijodkordan ko'ra, ijrochiga osonroq. Shundanmi, xonanda va sozandalar  orasida yangi qo'shiq yaratuvchilar u qadar ko'p emas. Sobirjon Mo'minov haqiqiy  ma'noda ijodkorlar toifasiga kiradi. Toza ijro, musiqiy savodxonlik, nota yozuvi, garmoniya kabi fanlarni puxta o'zlashtirganidan, uning qo'shiqlarida  toza ovoz sezilib turadi.

Ochig'ini aytish kerak, mustaqillik yillarida qo'shiqchilikda  soxta san'atkorlar ko'paydi. Qo'lidan kuylash kelsa-kelmasa hamma xonandalikka o'zini urdi. Sahnada professional ijodkorlar emas, havaskorlar to'lib ketdi. Ayniqsa, texnikaning rivojlangani ularga qo'l keldi. Sahnada og'zini qimirlatib, jilpanglab o'yinga tushganlar, negadir tezda nomi tilga olindi. Haqiqat achchiq bo'ladi. Ochig'ini aytish kerak, shu tariqa ustoz ko'rmagan, umrida qo'liga bir bor badiiy kitob olib o'qimagan yoki bitta she'rni yod olmagan, musiqiy savodi yo'qlar olqishlandi. San'at masxarabozlar maydoniga aylandi. Bu esa o'sib kelayotgan yoshlar didining, saviyasining o'sishiga  salbiy ta'sir ko'rsatdi.

Hayriyatki, keyingi ikki-uch yil oralig'ida biz yana ustoz san'atkorlar bisotiga murojaat qila boshladik.  Oynai jahonda ham ustozlar ijodiga ahamiyat  qaratildi. Agar avvaldan sahnada professional ijodkorlar ko'proq tar­g'ib qilinganidami, katta sahnalarda ularga o'rin berilganidami, bugun chalasavod ijrochilar yetishib chiqmagan bo'lardi.

Hayot beshafqat. Har qanday ijodkor ham ayni pishib yetilgan, tajriba orttirgan pallada  xalq­qa  iste'dodini  bo'yi basti bilan namoyon etishni, davralarda baralla  kuylashni ich-ichidan istaydi, xumor qiladi. Ochig'i, ijod ahli ko'ngil odami. Haqiqatan ham shunday.

Deylik, san'at ahlining biror qo'shig'ini alqasangiz, boshi ko'kka yetadi va bundan yanada ruhlanadi.   “Shukurlar qilaylik” qo'­shi­g'i matni ustida shoir Muhiddin Omon bilan anchagacha ishlaganidan xabardorman.

Xonandaning tabiatida sho'xchan qo'shiqlardan ko'ra, falsafiy qo'shiqlarga moyillik seziladi.  U har bir jabhada qat'iyatli bo'lishni, ahdga vafo qilishni yoqtiradi va o'zi bunga  amal qiladi.

Matluba Temur qizi,

“O'zbekkonsert” davlat muassasasi xodimi,

san'atshunos-jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =