Billur likopça
Naqadar yaxşi! Bugun Aziza ançadan buyon intiqlik bilan kutayotgan soğlomlaştiriş oromgohiga ketadi. U yerda stol tennisi guruhidagi döstlari bilan ön kun dam olib qaytadi. Bir oy sabrsizlik bilan kutdi-ya, bu damni.
Barvaqt uyqudan turgan Aziza oromgohga olib ketadigan buyumlarini yana bir bora közdan keçirdi.
Taxt qilingan ryukzagi bilan uy içidan hovliga çiqayotganida ikkinçi sinfda öqiydigan singlisi — Dilsöz yovqaraş qildi. Aziza taşqariga çiqişga ulgurmasidan qöşni Xolida xolaning onasiga aytayotgan gaplari quloğiga çalindi.
— Aziza qizingiz biram pişiğ-ey, tegirmonga tuşsa butun çiqiş u yoqda tursin, bir qop un orqalab çiqadi bu qiz. Suvga tuşsa quruq çiqişi tayin. Keça…
Yiğlab yuborişdan baʼzör özini tiyib turgan Aziza, şoşib çiqib ketdi. Bekatda oromgohga eltuvçi avtobusni kutdi. Vijdon azobi iç-içidan kemirar, bağrini lovullatib kuydirardi. Göyoki hozir içidagi olov taşqariga otilib çiqib ketadi-yu, atrofni kuydirib yuboradigandek edi. Bu holatning sababi öziga ayon, tuğilgan kunida yöl qöygan xatosi…
— Bekor qörqoqliq qildim… Barçasiga özim aybdorman. Agar u kun boşqatdan kelgandami, aslo unday qilmagan bölar edim, — derdi u öziga özi…
Odatda oldida hamsuhbati bölmasa öziga özi gapirişdan iymanadigan Aziza hozir u haqida öylab ham ötirmasdi.
Haş-paş degunça usti oçiq bekatdagi ötirgiçga quyoş nurlari tuşdi. Aziza erinçoqlik bilan qöl soatiga qaradi. Oromgohga olib ketadigan avtobusdan darak yöq edi. Demak, hayajon bilan uyidan juda erta çiqibdi.
Öylab-öylab, dökon yonidagi salqin joyga bordi. Taxtadan yasalgan qölbola örindiqqa borib ötirdi. Bir zum xayol surmay dedi-yu, lekin uni tinç qöymayotgan öşa kungi yoqimsiz voqea, köz oldidan nari ketmadi…
Öşanda erta tongdan boşlangan taşviş, kun qizigunça davom etdi…
Tuğilgan kuniga sinfdoşlarini taklif qilişi kerak, ammo yozgi taʼtil boşlangan, ularni topiş qiyin, u özlariga qöşni turadiganlarni aytdi, xolos. Töğrisi, ayni yozning jazirama issiğida köçada yurgisi ham kelmadi.
Baribir keçga borib Azizani yöqlab qarindoşlari keldi. Onasi dasturxonni şirinliklar, bir-biridan mazali taomlar bilan bezatdi.
Tantana sababçisi Aziza esa tengdoşlari yöqligidan biroz ranjigan böldi. Kutilmaganda xayoliga yaqin örtoği Madina keldi. “Nega u yöq?” — atrofga olazarak boqdi. Axir, unga aytgandi-da! Yöq, çidolmadi. Özi borib boşlab keldi…
Aziza unga tortiq qilingan sovğalarni körib, köngli yayrab ötirardi. Sovğalar kimga ham yoqmaydi deysiz?
Va nihoyat dasturxonga tortilgan taomlardan söng, navbat tortga keldi. Aziza uçun vaqt juda tez ötgandek edi. Öyin-kulgu avjiga çiqqandi, onasi özi tayyorlagan pişiriq yoniga qizini çorladi. Aziza özida yöq şod edi.
Likopça va sançqilar orasidan piçoqni oldi-da, katta pişiriqni bölaklaşga kirişdi. Mehmonlarning bir ovozdan: “Tuğilgan kuning bilan”, deya qöşiq kuylaşi bazmga özgaça kayfiyat olib kirdi.
Aziza tortning birinçi bölagini kesib olib, bobosi tomon yurdi. Onasi esa yordamga çaqqongina Madinani çaqirib oldi. Hovlining örtasi stol-stullar bilan tölganligi sabab, hovlining ozgina qismi oçiq edi. Qölida tort bölagini kötargan Madina Azizaga röbaru kelib qoldi. Yölak tor, bir kişi bemalol yursa bölardi, ammo ikki kişi siğmasdi. Ular bir-biriga yöl bergisi kelmadi. Avvaliga serrayib turib qolişdi. Söng bir amallab ötib olişdi. Buni çetdan kuzatib turgan singlisi nimanidir rejalaştirdi. Yuzida ayyorona tabassum paydo böldi.
Göyoki singlisi kutgan voqea yuz beradigandek edi. U harakatga tuşdi. Aslida Dilsözga tuğilgan kun tinç ötayotgani yoqmayotgandi. Odatda oilaviy bazmlarda har doim Aziza biron janjalning sababçisi bölib qolardi. Özi ham biror işkalni boşlamasa tinç ötirolmasdi-da. Lekin bugun tuğilgan kuni. Aziza esa özining tuğilgan kunida saranjomlanib ötirardi. Töpolon qilgisi yöq edi. Bu Dilsözning könglida şumlikni uyğotdi…
Dilsöz şartta örnidan turdi-da Madinaning yölini tösdi. Balki xayolida: “Bazm busiz “fayzsiz” bölib qoladi”, deb öylagandir… Qölidagi likopçada tort kötarib olgan Madina tor yölakka kelib qolgandi. Atay qilganday, Azizaning singlisi Madinaga urilib ketdi. U buni kutmagandi, özini tutib qololmadi, orqasida turgan stolga urilib, yiqilib tuşdi…
Bir zumda xonani baqir-çaqir tutib ketdi. Kimdir Madinani yupatgan, yana kimdir erka singilçani koyigan böldi.
Azizaning singlisi qilgan işidan puşaymon bölmadi hisob. Faqat ayyorona kulib: “Ana endi tomoşa boşlandi”, dedi öziga-özi, buni özidan boşqa heç kim eşitmadi.
Qörquv va hayajonda qolgan Azizaning qöllari qaltiradi, tort solingan billur likopçani uşlab qololmadi, u yerga tuşib, çil-çil sindi. Aziza hamma közlar unga yönaltirilganligini körib, Madina tuppa-tuzukligini angladi. Darrov vahm aralaş nigohini bobosiga qaratdi. Birpas sarosimada qoldi. Şu payt boşining çap tomonini çap qöli bilan uşlab olgan Madinaga közi tuşdi:
— Madina, közingga qarab yursang bölmaydimi? Qara, nima qilib qöyding? Bu likopçani bobom Dubaydan olib kelganlar, tillo suvi yuritilgan, qança turişini bilasanmi? Men bilmayman, hammasiga sen aybdorsan! — dedi aybini oqlaş uçun.
Madina xangu-mang bölib qoldi. Endi dahşatli tus olgan közlar “haqiqiy aybdor”dek, Madinaga qaratildi. Kimdir: “Voy, befarosat-ey, kap-katta qiz, qilib ötirgan işini!” — dedi. Madina atrofga alanglardi, najot kutdi, ammo heç kim heç narsa demasdi.
— Qöyaver, unaqa dema qizim, hammasi yaxşilikka. Singan buyumga aslo açinmaslik kerak.
— Onasining bu gapi ham uning nazarida negadir kinoyadek eşitildi.
“Nega qörqoqlik qildim? Bobom tuğilgan kunimda balki meni keçirardi… Töğrisini aytsam, Madina bilan yana örtoq bölib yurardim. Yöq, baribir men qörqoqlik qildim…” Bu öy Azizaga tinçlik bermadi. U oromgohini ham unutib, Madinaning uylari tomon yöl oldi…
Muqaddas Mamarasulova
Muallif haqida: Jizzax viloyati, Zarbdor tumanida tuğilgan. 2019 yilda Toşkentdagi “Hilol-mediya” naşriyotida “Nişona satrlar” kitobi çop etilgan. Jizzax davlat pedagogika institutining xorijiy tillar va adabiyoti fakulteti 2-bosqiç talabasi.
