Eduard Stiprauz: “Mamlakatingizda inqilobiy o'zgarishlar yuz bermoqda”

Kuni kecha Toshkent shahrida “O'zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimiyat vakillik organlarining rolini oshirish” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Anjuman  O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Kon­rad Adenauer fondining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Tanzila Narbayeva:

— Davlatimiz xalqimiz bilan birgalikda yuqori iqtisodiyotga, yetuk va har tomonlama fuqarolik jamiyatiga ega Yangi O'zbekistonni shakllantirishda sezilarli amaliy ishlar olib borayotibdi. Hammamizga ma'lumki, keyingi uch yilda erishgan yutuqlarimizni xalqaro hamjamiyat ham e'tirof etmoqda. Bugungi xalqaro anjumanni o'tkazishdan maqsadimiz bitta, u ham bo'lsa xalqimizning turmush farovonligini oshirishda oshkoralik, ochiqlik yo'lidan borib, aholining turmush darajasini oshirish, ma'naviy-huquqiy hayotga ko'nikma hosil qilish, kelajakda biz birgalikda quradigan qudratli davlat binosini mus­tahkam barpo etishdir.

Tadbirda aytilganidek, parlamentning asosiy maqsadi ijro hokimiyati vakillarining xalq oldida hisob berish mas'uliyatini oshirish, xalq dardini tinglash va muammolarini bartaraf etish choralarini qo'llash hamda ijro hokimiyati ustidan nazorat faoliyatini kuchaytirishdan iborat. Endilikda hokimlar nafaqat palatalar oldida, balki ijro hokimiyatining mahalliy Kengashlari oldida ham hisobot berishadi.

Jon MakGreger, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihalarining O'zbekistondagi koordinatori:

— Men YeXHT nomidan so'zga chiqqanimdan xursandman. Prezidentingizning Oliy Majlisdagi Murojaatnomasi tarixiy voqea bo'ldi. Endigi gap uni amalga oshirishda qoldi. YeXHT har doimgidek yana yaqindan yordam berishga tayyor.

Cenatorlarning xalq bilan yaqin muloqotda bo'lishida mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Shu o'rinda, 6570 nafar mahalliy Kengashlar deputatlari uchun tegishli o'quv kurslari tashkil qilindi, hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olingani anjumanda aytildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyani bartaraf etishda nazorat organini tashkil etish to'g'risida aytgan fikrlari mamlakatda barqarorlikni takomillashtirishda hamda xorijlik hamkorlar bilan erkin muloqot olib borishda alohida o'rin tutadi. Anjumanda Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida  ilgari surilgan tashab­buslarini amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Eduard Stiprauz, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi doimiy elchisi:

— Mamlakatingizda inqilobiy o'zgarishlar yuz bermoqda. Ichki va tashqi siyosatning ochiqligi, o'zaro hamkorlik qilishda muhimdir. Albatta, odamlar deputatni kelajakda manfaati tegsin deb saylaydi. Avvallari qog'ozga muhr bosish orqali ish bajarilsa, endilikda o'qib, o'rganib, muhokama qilinib qog'ozga muhr qo'yilayotgani, xalq turmushida, adolatli qadam bo'ldi. Oldinga siljishni ko'rayapmiz. Biz 2020 yil uchun byudjetni qabul qilishga e'tibor qaratdik, Qonunchilik palatasida muhokama qilingani e'tiborimizni tortdi. Endi bemalol birgalikda amalga oshirmoqchi bo'lgan loyihamizga mablag' ajratsak bo'ladi.

Shuningdek, anjumanda BMT Barqaror taraqqiyot dasturlari ijrosini ta'minlash jarayonida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari rolini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo'yicha ustuvor vazifalarni aniqlash kabi mavzularda so'z yuritildi. Ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, fuqarolarning ijtimoiy farovonligini ta'minlash masalalariga ham e'tibor qaratildi.

Yusuf Jo'rayev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =