Baxtsiz hodisalar nega ko'paymoqda?

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida qayd etilganidek, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Bu amalda mamlakatimiz fuqarolarining mehnat huquqlari ta'minlanishiga xizmat qilmoqda. Ammo mehnat bozorida so'nggi paytlarda juda ko'p qurbonliklar bo'lmoqdaki, bunga aslo ko'z yumib bo'lmaydi. Yunusobod tumanida metro qurilishida vafot etgan vatandoshlarimizning xotirasi ham bunga yo'l qo'ymaydi.

Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni mazmun-mohiyati to'g'risida” mavzuidagi press-brifing o'tkazildi. Unda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, hamkor vazirliklar mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Brifingda ta'kidlanganidek, 2019 yilning 6 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.

Ta'kidlash joizki, mazkur Qonun fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

— “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonun qabul qilinguniga qadar amalda bo'lgan “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonun bundan 27 yil ilgari qabul qilingan edi va u asosan deklorativ xarakterda bo'lib, aniq, to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi huquqiy normalar deyarli keltirilmagan edi. O'tgan davr ichida mulkchilikning yangi shakllari yuzaga keldi, ayniqsa, so'nggi 3 yilda, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda har bir sohada, shu jumladan, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasida milliy va xalqaro mehnat standartlarini hayotga tatbiq etish sohasi takomil topib, ko'plab ijobiy o'zgarishlar amalga oshirildi. Mazkur o'zgarishlar o'z navbatida xodimlarning mehnat huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yangicha yondashuvni talab etadi. Shu nuqtai nazardan avvalgi qonun o'zining tarixiy vazifasini o'tab bo'lgan edi. Shu bois ham O'zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonuni qabul qilindi.

Ta'kidlash zarurki, “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonunda fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish imkoniyati kengaydi. Xususan, xodimlarning kasaba uyushmasiga birlashish huquqi konstitutsiyaviy huquq darajasida kengaytirildi va xalqaro huquq tamoyillariga ham mos ravishda O'zbekiston fuqarolari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, chet el fuqarolarining kasaba uyushmalariga birlashish huquqi ko'zda tutildi, — dedi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmad­aliyev.

— Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, korxonalarda sodir bo'layotgan ishlab chiqarish bilan bog'liq baxtsiz hodisalarning kelib chiqish sabablaridan biri xodimlarning mehnatni muhofaza qilish talablariga va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etmasligidir. Ba'zan ish beruvchi tomonidan xodimlarning ish vaqti va dam olish vaqtini belgilashda, ularni xizmat safarlariga yuborishda xavfsizlik talablari buzilish holatlari ham uchrab turadi. Ish vaqtida halok bo'lish yoki tan jarohati olish holatlari, afsuski, yildan-yilga oshmoqda. 2017 yil statistikasiga qaraydigan bo'lsak, 456 ta baxtsiz hodisada 519 nafar xodim jarohat olgan. Ulardan 162 tasi vafot etgan. 2018 yilda 553 ta baxtsiz hodisada 667 nafar ishchi lat yegan, 182 nafari vafot etgan. 2019 yilda bu ko'rsatkich yanada oshgan. Bizga bir yil davomida 20 mingdan oshiq shikoyatlar kelib tushadi. Murojaatlarning 100 foizini to'liq ijobiy hal qilib berolmasak-da, 70 foiziga amaliy yordam ko'rsatamiz. Vo­qeaning asl mazmun-mohiyatini ko'rib chiqamiz. Qonunchiligimizda xavfsizlik qonun-qoidalari to'liq ko'rsatib berilgan. Ish beruvchi ham, ishchi ham bunga rioya qilsa, ko'rsatkichlar albatta kamayadi, — deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat mehnat inspeksiyasi o'rinbosari Abduvohid Sharopov.

Ma'lumki, Xalqaro mehnat tashkilotining 98-sonli konvensiyasiga ko'ra, ish beruvchilar kasaba uyushmasi ta'sischisi va saylab qo'yiladigan organ a'zosi bo'la olmaydi. Shuningdek, Kasaba uyushmalariga ish beruvchilar, tashkilotlar va siyosiy partiyalarga moliyaviy ko'mak berish taqiqlanadi. Bu me'yor kasaba uyushmalari mustaqilligini ta'minlash maqsadida ko'zda tutilgan bo'lib, “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonun loyihasida mazkur jihatlar ham e'tiborga olindi va bu kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tashkilotlarining bir-biridan mustaqilligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Yana bir jihat, “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qonunda kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari belgilab qo'yildi. Bular: qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yo'l qo'ymaslik, mustaqillik va o'zini-o'zi boshqarish, teng huquqlilik, oshkoralik va ochiqlikdir.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida kasaba uyushmalariga xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish va ish beruvchilar tomonidan mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish huquqiga ega bo'lgan mehnat inspeksiyalarini tuzish huquqi berildi.

Shuningdek, kasaba uyushmalari ish beruvchiga qonunbuzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarni intizomiy jazoga tortish talabini qo'yishlari mumkin.

O'zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunda kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning o'ziga xos xususiyatlari bo'lishi mumkin deb belgilab qo'yilgan. Yangi qonunda mana shu “o'ziga xos xususiyatlar” yoritib berildi. Ya'ni, endi kasaba uyushmalari tomonidan nafaqat davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining fao­liyatlari ustidan, balki ish beruvchilar va ularning birlashmalari faoliyati ustidan ham jamoatchilik nazoratini olib borish huquqi berildi.

Brifingda O'zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi yangi qabul qilingan qonunda kasaba uyushmalarining mustaqilligi yanada mustahkamlangani alohida ta'kidlandi.

Xususan, kasaba uyushmalari o'z faoliyatida, shu jumladan, moliyaviy faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqilligi, ular oldida hisobdor emasligi hamda ular tomonidan nazorat qilinmasligi mustahkamlab qo'yildi.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =