Guruch kurmaksiz bo'lmaydimi?

Islohotlar jarayonidagi o'zgarishlarga qaramay, sohada hali amalga oshirilishi zarur bo'lgan ishlar talaygina. Ayrim tumanlar ma'muriy sudlar sudyalari tomonidan hech bir qolipga sig'maydigan (vafot etgan odamning guvohligi kabi)  qarorlar chiqarilayotgani va bunday holatlar aholining noroziligiga sabab bo'layotgani qayd etildi.

Jamiyatda ijtimoiy adolatni ta'minlash sud-huquq sohasidagi islohotlar samarasiga bog'liqligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Bugun sud hokimiyati mustaqilligini yaratish, nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalaydigan institutga aylantirishga harakat qilinayotir. Ayni paytda fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma'muriy sudlar faoliyat olib boryapti va bu, albatta, sezilarli natija bermoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ma'muriy sud sohasidagi islohotlar hamda yuqoridagi kabi masalalarga e'tibor qaratildi.

— Harakatlar strategiyasida ma'muriy sudlarni tashkil etishning nazarda tutilishi inson huquqlarini himoya qiluvchi sudlarning chinakam mustaqilligini ta'minlash, sudda ishlarni ko'rish va hal etishning sifatini oshirish, pirovardida, fuqarolarning huquq-erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishni nazarda tutadi, — dedi Oliy sud raisi o'rinbosari Baxtiyor Isakov. — Avvallari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolar fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar va iqtisodiy sudlarda, ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlar esa jinoyat ishlari bo'yicha sudda ko'rib kelingan. 2017 yil 1 iyundan boshlab ushbu vakolat yangi tashkil etilgan Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) ma'muriy sudlariga berildi. Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeks qabul qilindi. Ayni paytda ma'muriy sudlarga shu yilning to'qqiz oyi mobaynida jami 12159 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan. Shundan qariyb 70 foizi qanoatlantirilib, fuqarolar hamda yuridik shaxslarning haq-huquqlari tiklangan…

Xo'sh, qaysi bo'g'indagi mansabdorlar ustidan shikoyat ko'proq ekan, deya ma'lumotlarga ko'z yugurtirdik. Unga ko'ra, FHDYo mutasaddilari birinchilikda turibdi. Joriy yilning o'tgan to'qqiz oyida ular ustidan  487 ta ariza tushgan. Shundan 395 tasi qanoatlantirilgan, 60 tasi rad etilgan, 24 tasi tugatilgan, 8 tasi ko'rmasdan qoldirilgan.

Anjumanda ta'kidlanganidek, islohotlar jarayonidagi o'zgarishlarga qaramay, sohada hali amalga oshirilishi zarur bo'lgan ishlar talaygina. Ayrim tumanlar ma'muriy sudlar sudyalari tomonidan hech bir qolipga sig'maydigan (vafot etgan odamning guvohligi kabi)  qarorlar chiqarilayotgani va bunday holatlar aholining noroziligiga sabab bo'layotgani qayd etildi. Jurnalistlarning bunday kadrlar tizimga bo'lgan ishonchni yo'qotmaydimi, deya bergan savoliga B. Isakov quyidagicha javob berdi:

— Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, shu kabi hollar ham uchrab turadi, to'g'ri. Ayni paytda sudyalikka nomzodlarni Sudyalar oliy kengashi ko'rib chiqib tayinlamoqda. Ish ko'rish jarayonida sudya protsessual va moddiy huquq normalarini buzgan holatlar bo'lsa, unga nisbatan intizomiy ish qo'zg'atiladi, albatta. Avval yuristlar 25–30 yoshda ham sudyalikka o'z nomzodini qo'yish huquqiga ega edi. Endilikda “Sudlar to'g'risida”gi qonunga o'zgartirish kiritilib, yoshga doir masala qayta ko'rib chiqildi. Bundan buyon 35 yoshga to'lgan, besh yillik tajribaga ega oliy yuridik ma'lumotli shaxslar sudyalikka o'z nomzodini qo'yishi mumkin. Ilk muddatga tayinlanadigan sudyalar besh yil, keyingi muddat o'n yil, undan keyingisi umrbod muddat bo'lib, bosqichma-bosqich ushbu jarayonga tayyorlanib boriladi. Qo'pol qonunbuzilishlarga yo'l qo'ygan sudyalarga esa tegishli choralar ko'rilyapti — intizomiy ish qo'zg'atilib, hatto Sudyalar Oliy kengashi qarori bilan o'z vakolat muddati tugamasdan lavozimidan ozod etilmoqda…

Fuqarolar bugun to'rtta yo'nalishdagi sud qarorlari, sud amaliyoti umumlashmasi, da'vo arizani to'ldirish va unga ilova qilinadigan hujjatlar haqidagi to'liq ma'lumot bilan oliy sud veb-sayti orqali tanishishlari mumkinligi mutaxassislar tomonidan qayd etildi.

Tadbirda sohaga doir ko'plab yechimini kutayotgan savollar o'rtaga tashlandi.

X. Ahmadjonova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − nine =