Firog'iyning tashrifi
Ma'lumotlarga ko'ra, turkman xalqining donishmand shoiri Maxtumquli – Firog'iy qadimiy Xiva zaminiga ilk bora 18-asrning 50-yillarida tashrif buyurgan. Ulug' faylasuf shoir oradan 200 yildan ko'proq vaqt o'tgach, 1966 yili qadim vohaga yana “tashrif” qilgan. Bu gal uni xorazmlik qardoshlar huzuriga asli Turkmanistonda tug'ilib, voyaga yetgan va vohada qolib ijod qilayotgan shoir va dramaturg Qurbonboy Matrizoyev (Qurbon Muhammad Rizo) boshlab keladi.
Viloyat musiqali drama va komediya teatri sahnasida namoyon bo'lgan ulug' shoir siymosini vohalik san'at va ijod ahllari qizg'in olqishlaydilar. Uning nurli qiyofasini teatrda ijod qilayotgan taniqli aktyor va xonanda, O'zbekiston xalq artisti Matyoqub Rahimov yaratgan. Q.Matrizoyevning “Maxtumquli” deb nomlangan ushbu musiqali dramasi keyinchalik nomdor teatr ijodiy jamoasi namoyish etgan eng sara va mukammal sahna asarlari qatoridan joy oldi va tarix sahifalariga yozildi.
Ulug' shoir Maxtumquli Xorazm teatri sahnasiga istiqlol yillari, aniqrog'i, asrimiz boshida yana bir bora qaytdi. Iste'dodli aktyor O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Komiljon Tojiboyev talqinida sahnaga chiqqan Firog'iyni xorazmlik muxlislar yana qizg'in olqishlar bilan kutib olishdi. Spektaklni sahnaga takroran olib chiqish bilan bog'liq ijodiy jarayonlarga yosh rejissyor Jo'rabek Ro'zimatov, dirijyor va bastakor Qodir Iskandarov, rassom Bahodir Bekmurodovlar bosh-qosh bo'lishdi.
Viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari, rejissyorlar, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Hoji Ortiqov, yetakchi sahna ustasi Odamboy Abdullayev, rassom O'g'iljon Alimova, bosh dirijyor Qodir Iskandarov, baletmeyster Dilora Nurmonovalar yaqinda qayta sahnalashtirilgan “Maxtumquli” spektaklining yangi talqinini xorazmlik muxlislar huzurida yana bir bora gavdalantirdi. Uning nurli qiyofasini bu gal teatrning iste'dodli aktyori Hikmat Matyoqubov yorqin namoyish etdi. Yosh aktrisa Nodira Bekchonova asarning yana bir taniqli qahramoni Mengilxon, Zulfiya Otayeva — Oqqiz, Javlon Ro'zimatov — Chovdirxon suvratida namoyon bo'ldilar. So'nggi 50 yildan ko'proq vaqt mobaynida uchinchi bora yangicha shakl, yangicha ohang va yangicha mazmunda sahna yuzini ko'rgan mazkur asarni teatr muxlislari, ijodkorlar, teatrshunos va sahnashunos tadqiqotchilar qizg'in kutib olishdi.
Taqdimot marosimida so'zga chiqqanlar ijodiy jamoani ushbu yutuq bilan samimiy qutladilar. Bir paytning o'zida ham aktyor, ham xonanda qiyofasida namoyon bo'lish sahna qahramonlari, qolversa, teatrning butun jamoasidan yuksak iqtidor va salohiyat namunalari, katta ijodiy mehnat va mashaqqatni talab etadi. Ijodiy jamoa bu boradagi iste'dod va mahoratini ushbu musiqali drama asarini tomoshabinlarga taqdim etish chog'ida yanada ravshan namoyon etgani teatrning yana bir katta yutug'i sifatida e'tirof qilindi. Ayni paytda ayrim sahnaviy bezak va ko'rinishlarni muxlislar didiga mos va xos ravishda yangilash, o'zbek va turkman xalqlarining boy turmushi, madaniy va me'moriy merosi namunalarini mo'yqalam hamda turli tasvirlar, bezaklar, jihozlar ko'magida kengroq aks ettirishga qaratilgan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar o'rtaga tashlandi. Asar muallifi Q. Muhammadrizo, teatr direktori D.Ibrohimova va boshqalar jamoaning namunali ijodiy salohiyati, 80 yildan ziyodroq vaqt mobaynida to'plangan boy tajriba va an'analar tomoshabinlarning yuksak didiga mos sahna asarlarini yaratish garovi ekanini ta'kidladilar.
Valiy qiyofasidagi shoir va faylasuf Maxtumqulining muborak nomi butun o'zbeklar diyori, qolaversa, turk zamini bo'ylab yanada ma'lum va mashhur bo'lishida xorazmlik hassos qamlamkash Q.Muhamadrizoning munosib o'rni bor. Xorazm teatri sahnasida yangicha suvratda yaratilgan ushbu spekatakl bu boradagi sa'y-harakatlar, xayru savob ishlarning yana bir ajoyib namunasi bo'ldi.
Abdulla Sobirov,
“Hurriyat” muxbiri.