Qo'rquvni qachon yengamiz?..

Bahor. Tun. Osmon qora tortgan, tim qora bulutlarni yorib, yashin chaqnaydi, gumburlab momaqaldiroq chaqyapti… Qadimdan odamlar tabiatning bunday hodisasidan vahimaga tushishgan. Qo'rqishgan. Ammo vaqt o'tib, ko'nikma hosil qilishgach, qo'rqmaydigan bo'lishgan. Lekin osmonning gumburlashi baribir vahimali…

Jamiyatimizda odamlarni qiynab kelayotgan muammolar ko'p. Avvalo, ularning sababi va oqibatlarini anglab yetmaganliklari, tushunmaganliklari uchun odamlar muammolardan cho'chishadi, masala yechimini izlashdan ko'ra, osonroq yo'lni  izlab topishadi. Nega, hali-hamon amaldorlardan, “vaziyat egasi” bo'lganlardan qo'rqishadi? Oqibatda bu qo'rquv ularga o'z huquqlarini talab qilishga yo'l bermaydi. Bu yerda yana bir muammo bordek, ya'ni ularni hech kim himoya qilmasligini, doimo “og'zi qiyshiq bo'lsa ham boyning bolasi so'zlashi”ni bilishadi…

Aksariyat holatlarda esa aholining “huquqiy savodxon”ligi yetishmasligi bois, kim nima desa haqiqat deb tushunish ko'r-ko'rona amal qilish qo'rquv sari yetaklaydi. Unga ergashadi. Ammo kech bo'lsa ham xato qilganini anglashadi. Keyin hukumatdan, davlatdan norozi bo'lib, “dod-voy” qilishadi. “Rahbarlar huquqimni toptayapti”, — dey­di…

Shu o'rinda, odamni o'ylantiradigan muammolar ham kam emas, ba'zan o'ylab qolaman: “Qonunlarimiz nega oddiy odamlar tushunmaydigan qilib yozilarkan?..” Balki shundan ular o'z huquqini bilishmas?.. Balki, qadimdan qonunlar  faqat boy va arboblar uchun foyda keltirganidan odamlar ularni bilishga qiziqishmas?..

Achinarlisi, buning oqibatida poraxo'rlik avj oladi. Ishini bitkazaman deb odamlar pul tiqishtirishni o'rganishadi. Ammo “Kambag'alni tuya ustida ham it qopadi”, maqoli bejiz aytilmagandir… Qadimda ham tuyalar, kelib-kelib kambag'alni tepib ketar ekan… Ha shunday, oqibatda baribir oddiy odamlar “aybdor” bo'lib qolaveradi. Eng yomoni, garchi dinimizda harom qilingan bo'lsa-da, poraga, zamonaviy qilib aytganda — “korrupsiya”ga yo'l ochilganidir.

Poraning varianti oddiy: beriladi, olinadi. Hadisi sharifda bergan ham, olgan ham bab-barobar gunohkorligi haqida aniq-tiniq yozilgan… Ammo shu paytgacha, pora kamaymagan, pora zamonaviylashib, turlanib-tuslanib, bolalab kelayapti. Bugun korrupsiyani batamom bartaraf etish o'rniga, mutaxassislar uni tasniflashga kirishishdi. Korrupsiyaga qarshi turli tadbirlar, konferensiyalar, tanlovlar… eh-he, yana bir qancha yig'ilishlar o'tkazilayapti. Muhimi, yurtimizda bu baloga qarshi jiddiy kurash bosh­langanini dunyo e'tirof etyapti.

Buning ustiga, odamlar aybdor bo'lishdan qo'rqibmi, jazodan qutulib, ishi osonroq bitishini, muammolari bartaraf bo'lishini is­tabmi yana pora berishadi. Korrupsiya bo'yicha zamonaviy “naqllar” ham chiqqan —  “Olmaydigani bo'lmaydi, berishni bilmaydigani bo'ladi!”

Eng qizig'i, poraxo'rlik, korrupsiya — millat, elat tanlamas ekan. Yaqinda bir ma'lumotni o'qib qoldim. Yevropada daromad keltirgan medialoyihalar tanlovi o'tkazilar ekan. Ana shunday tanlov nominatsiyalarining birida Bi-Bi-Si ijodkorlari tomonidan tayyorlangan “Jannat hujjatlari”, deb nomlangan teleloyiha g'olib bo'libdi.  Bir hafta davomida efirda ketishi mo'ljallangan turkum hujjatli filmlarda amaldorlar va boy odamlar qanday qilib daromadlarini soliqlardan yashirish­lari tasvirga olingan. “Oshing halol bo'lsa ko'chada ich!..”, “Halol bo'lmasa — ming bir usul bilan noqonuniy daromadingni yashir!” — deganimi bu? Ha, korrupsiya G'arb davlatlarida ham urchib, baloday bolalab ketgan ekan. Hamma gap ularning jurnalistlari qo'rqmay(!) poraxo'rlarning basharasini qanday bo'lsa shundayligicha ommaga taqdim etishida! Xalqning pulini o'zlashtirganlar ommaning ko'z o'ngida sharmanda bo'ladi. Va albatta, jazolanadi. Britaniyalik ijodkorlarga bu borada jurnalistik tekshiruv olib borish bo'yicha jamoat tashkiloti ko'mak beribdi. Jamoatchilik nazorati katta kuch, shunchalik kuchli… Bizda-chi…

Yurtimizda ham so'nggi yillarda yirik amaldorlar kirdikorlarini fosh qiladigan maqolalar chop etil­yapti, prokuratura xulosasi yoki oliy sud qaroridan keyin bo'lsa ham, masalalar tuguni monopolistlarimizning manfaatlariga ro'baro' kelayotgan bo'lsa-da, yechimini topayapti. Ko'rinib turibdiki, baribir oldindan oshkor qilishga hamon QO'RQUV BOR! Ichki “senzura” bor.

…Jurnalistlarda o'z xavfsizligidan xavotir bor. Ularning korrupsiya holati, sababi, oqibati, turlaridan ham xabari bor. Ammo… Bu jarayonga ehtiyot bo'lib yondashadi.  To'g'risi,  jurnalistlar daxlsizligi muammosi bugungi kunda  o'z yechimini kutayotgan dolzarb masaladir.

Endi odamlar tun, osmon, tim qora bulutlarni yorib chiqayotgan chaqinlardan, momaqaldiroqlardan qo'rqishmaydi, bu tabiiy hodisa ekanini bilishadi. Ammo jamiyatda nojo'ya qadam qo'yishdan qo'rqishadi. To'g'ri yo'lda ham qoqilib ketishdan qo'rqishadi… Amaldagi qonunlar barcha uchun birdek ishlasa, balki bu qo'rquv barham topar…

Yulduz Ortiqova,

O'zJOKU o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =