Turkiya: Har qadamda O'zbekistonni ko'rdim

O'rtaliqda nima sir-sinoat bor, bilmadim-u bashariyat paydo bo'lganidan buyon hamma ekvator chizig'iga yaqin mamlakatlarga haddan ziyod qiziqadi. Ana shu o'rtaliqqa joylashgan mamlakatlarning biri – O'zbekiston, yana biri – Turkiya.

Hozirgacha o'zbek ziyolisining xorijga chiqqan-chiqmagani, aynan qaysi mamlakatlarga borib kelganining ahamiyati yo'qolgan emas. Chunki, ko'p asrlar dunyodan uzilib yashaganimiz avvaliga xalqni qoloqlik botqog'iga botirdi, so'ng esa mamlakatni mustamlakaga aylantirdi.  Istiqloldan bu yog'iga xalq sifatida jon talashib, ana shu kechikishimizni, qanday qilib bo'lmasin, bartaraf etish yo'llarini izlab yotibmiz.

Turkiyaga safarim chog'ida olim, professor Umoy Turkesh Gunoyni esladim, turkiy xalqlar miloddan avvalgi IV ming yillikdan hozirga qadar o'tgan 6 ming yil mobaynida 16 buyuk imperatorlik, yuzlarcha katta-kichik davlat qurgan. Qoraboq universiteti hovlisidagi baland minora tepasida Turkiya Respublikasining davlat bayrog'i hilpirab turibdi. Uning tagkursisi atrofida, turkiy davlatlar bayroqlari qatori, uch aylana o'zaro birlashtirilgan holda aks etgan ko'k bayroqni ham ko'rdim. Bu — Temuriylar bayrog'i.

Anqaradagi G'oziy universitetining Texnologiya fakulteti Toshkent nomidagi binoda joylashgan. Bu endi turk birodarlarimizning O'zbekistonimiz poytaxtiga alohida hurmati belgisi…

Turkiyaliklar o'zlarini, eramizning XI asrida Markaziy Osiyodan kelgan ko'chmanchilarmiz, deb hisoblashadi. Lekin ayrim olimlar, hatto, bundan 3 ming 800 yil burun ham bu yerlarda turk tilida so'zlashuvchi xalq vakillari yashagani haqida arxeologik ma'lumotlar borligini qayd etishadi. Miloddan avvalgi 2200 yilga oid bir hujjatda tilga olingan 17 qiroldan biri “turk qiroli Ilshu Noil” ekani tilga olinadi…

Ochig'ini aytganda, Amerika yoki Yevropa bozorlari Turkiya uchun ikki jihatdan yopiq, ya'ni o'zaro munosabatlar u qadar yaxshi emas. Ikkinchidan, u yerlarda raqobat juda baland, go'yo bir to'siq, uni yorib kirish Turkiya uchun ham oson kechmaydi. Shu sababdan ham Markaziy Osiyo, xususan, bu mintaqaning yarim aholisi istiqomat qiladigan O'zbekiston — Turkiya uchun eng qulay bozorlardan biri hisob­lanadi.

Shu o'rinda, hozircha xalqimiz vakillarining bir qismi ishlash uchun chet ellarga chiqishga majbur ekan, bizga eng qula­­­­yi —­ Turkiya ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Chunki har qanday o'zga mamlakatga borilganda til bilish muammosi paydo bo'ladi. O'zbeklarimizning turk tilini o'rganishi bosh­qa tillarni o'rganishga nisbatan osonroq kechadi. O'rtadagi ma'naviy muhit yaqinligi o'zaro hamkorlik qilishga imkon yaratadi.

Rejep Tayyip Erdog'anning eng ko'p takrorlaydigan shiori bor: “Tek millat, tek davlat, tek Vatan, tek bayroq!” O'zbekchaga: “Bir xalq, bir davlat, bir Vatan, bir bayroq!” – deb tarjima qilish mumkin. Ifodasi soddagina tuyilgani bilan, mohiyatan bu — juda katta gap! Xalqni, davlatni, Vatanni bir bayroq ostida birlashtirishga qaratilgan buyuk g'oya!

O'zbekiston — aholisining nufuzi jihatidan turkiy tilli mamlakatlar orasida Turkiyadan keyin ikkinchi o'rinda turadigan yirik davlat. Turkiya birinchi galda biz bilan mus­tahkam birlikka erishmoqchi. Bu — amalda Markaziy Osiyoning yarmi bilan hamkorlik ta'minlandi, degani. Chunki mintaqamiz umumiy aholisining teng yarmi O'zbekistonda yashaydi.

Dunyoning bugungi shafqatsiz bozorida biron-bir mamlakat boshqalar bilan o'zaro birlashmasdan, yakka-yolg'iz holda ro'shnolik ko'ra olmaydi. Xalq bilib aytgan: “Yakka otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dong'i chiqmas”.

O'git

1288 yili taxminan 90 yoshlarida vafot etgan Ertug'rul G'oziy o'g'li Usmon G'oziyga shunday bir vasiyat qiladi, u keyinchalik 624 yil hukm surgan Usmoniylar imperatorlarining das­turiy falsafasiga aylanadi. Mana, o'sha o'git: “Allohi taoloning  amrlariga xilof bir ish qilmagaysan! Bilmaganingni olimlardan so'rab, bilib olgaysan!

Yaxshilab o'rganmaguncha bir ishni boshlamagaysan!

Senga itoat etganlarni xush tutgaysan!

Askaringga in'omni, ehsonni kamaytirmagaysanki, inson ehsonning qulidir!

Olamni adolat bilan beza va Alloh uchun xatti-harakatni tark etmaslik bilan meni shod et!

Qaydaki bir ilm ahli uchrasa, unga rag'bat, iqbol va halimlik ko'rsat!

Askarlaringga va boyli­gingga g'urur keltirib, ilm ahlidan uzoqlashma!

Bizning ishimiz Alloh yo'lidir va maqsadimiz Allohning dinini yoymoqdir, g'avg'o ko'tarmoq va jahongirlik da'vosi emas. Senga ham bu yo'l yarashadi.

Doimo har kimga yaxshilik qilish harakatida bo'l!

Mamlakat ishlarini nuqsonsiz bajar!”

Shaharning qishloqdan farqi nimada?

Ma'lumotlarga ko'ra, Turkiyada aholi soni har yili 1 million kishiga ko'payyapti. Aholining 70 foizga yaqini shaharlarda istiqomat qiladi. Hisob-kitob qilinganda, shaharda yashayotgan bir fuqaroning mamlakat iqtiso­diyotiga keltiradigan foydasi qish­loqda yashayotgan bir fuqaroning mamlakat iqtisodiyotiga keltirayotgan foydasidan ko'ra ko'proq ekan.

Turkiyada har yili 16 iyun Otalar kuni, ya'ni  erkaklar bayrami nishonlanadi. Turkiya bayramlari — ta'bir joiz bo'lsa, moddiy asosga ham ega. Ya'ni, ana shu Otalar kuni arafasida ayrim savdo do'konlari aksiyalar o'tkazib, erkaklarga mo'ljallangan mahsulotlarni 50 foizgacha chegirma bilan sotadi.

Ko'niyo

Ko'niyoning aksar ko'chalari keng va ravon. Piyodalar, velosipedchilar uchun alohida yo'laklar bor. Ko'zi ojizlarga alohida sharoit yaratilgan. Yo'lakning bir tarafiga maxsus rezinalar yopishtirilgan. Ularda chiziq bo'ylab joylashtirilgan bo'rtma nuqtachalar bor. Ko'zi ojiz kishilar hassasining uchi bilan ana shu chiziqdan chiqmay ketaveradi. Bekat yoki burilish kelganida bo'rtma chiziq nuqta-nuqtaga aylanadi. Shundan burilish yoki bekat ekanini bilib olishadi.

Jamiyatda birliklar — turli-tuman bo'lsa-da, millat bo'lib birlashishning o'rni va ahamiyati batamom o'zgacha. Tuyg'ular orasida eng nozigi ham — milliy tuyg'u. Ko'niyo eli (viloyati) baladiyasi (hokimiyati) har yili “O'lka tanish kunlari”ni o'tkazar ekan. Bizning tushunchalar bilan ifodalaganda, bu milliy madaniyatlar kunlariga to'g'ri keladi.

“O'zbekcha gapirmaycizmi, oka?”

Turkiyada bir tillik muhit — hukmron. Xalqning ong-tasavvurida ikkinchi bir til mutlaqo yo'q. Bir narsa yoki tushuncha hayotga kirib kelsa-yu unga nom qo'yish zarurati tug'ilsa, olimlar yo mutaxassislar tomonidan bir taklif o'rtaga tashlanadi, ma'qul kelsa, qolganlar shundayligicha qabul qiladi. Chunki ong-tasavvurda ikkinchi bir variantning o'zi yo'q-da.

Masalan, “chegirma”ni “indirim” deb olishgan. Hamma shundayicha tushunadi. Lekin bizda: “Falon magazinda falon narsa chegirma bilan sotilyapti”, de­yilsa, o'ylab qolasan: necha foiz odam tushunar ekan? Albatta, agar “chegirma” so'zi o'rniga “skidka”ni ishlatsangiz bormi, eng chekka qishloqlik ham darrov tushunadi. Hatto, “bekat” desangiz, transport haydovchisi ham sizga o'zga sayyoradan tushgan odamga boqqanday qaraydi. Chunki uningcha “ostanovka” deyishingiz kerak.  Bir taksichiga: “Shu yerdan qayrilib olasiz”, desam, tushunmadi: “Razvorot qilishim kerakmi?” — deb so'rab, aniqlashtirib oldi. Oxiri: “O'zbekcha qilib tushuntirmaysizmi, oka”, ham dedi.

Istanbuldagi Sidney mehmonxonasiga joylashyapmiz. Xodimi o'zbek yigiti ekan. O'zimizning “gasterbayter”­lardan. Ikki o'zbek miriqib gaplashishdi:

“Zavtrak bormi?”

“Konechno. Faqat obed bilan ujinni bir narsa qilarsizlar. Lekin uslovielarimiz — vo, otlichno. Problema bo'lsa, menga obraщat qilaverasizlar”.

“Zavtrak”, “konechno”, “obed”, “ujin”, “uslovie”, “otlichno”, “problema”, “obraщat” degan so'zlarni ishlatganidan aniq bilinib turibdiki, bular “o'zbekcha” gaplashishyapti.

O'zimizda yonilg'i quyish shoxobchasini hamma “zapravka” deydi. U yerda: “To'ldirib qu­ying!” – desangiz, sizni xorijiy tilda gapirganga chiqarib: “Nima?” – deyishadi baqirib. Majbur bo'lib: “Polnыy bak!” — deysiz ruschalab. U ham ichkaridagi taqsimlovchiga qarab qichqiradi: “Polnыy bak!..”

Vatandin yaxshi yor o'lmas

Xorijga safarning nimasi afzal bilasizmi? Xorijda hamma narsa bor, Vatan yo'q. Ana shuni chuqurroq anglab yetasiz. Siz aynan ona yurtdan yiroqdasiz, undan chetga chiqqansiz. O'zga mamlakatni ham, uning xalqini ham faqat-faqat Vataningiz va xalqingizga qiyosan kuzatasiz. Ana shunday niyat bilan nigoh tashlanganda, Turkiyaning har qadamida O'zbekis­tonni ko'rdim, desam, ishonavering.

Sultonmurod Olim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =