Bahor, sog'intirib kelishing yaxshi

Ota makon

Toshlarin tavof qil, tuprog'in o'p,

Gardin  ko'zga surtib tug'rosini o'p,

Har sahar yukinib bayrog'ini o'p,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Boshing qo'yib topin  ostonasiga,

Zog' yo'lata  ko'rma Ark-qal'asiga,

Hamisha  tayyor  tur himoyasiga,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Sayhuni, Jayhuni javohir, la'lli,

Tog'lari tamalli, bog'lari  bolli,

Taqdirimiz shu el bilandir bog'li,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.   

Arkoni davlatin  yo'li bir bo'lsin,

Yurgan yo'llarida  nafs  asir bo'lsin,

Taxt-toj,  saltanati  mudom sir bo'lsin,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.   

Ko'ki ko'lankasiz – oftobli,oyli,

Fuqarosin  ko'ngli  Himoloy  bo'yli,

Serfarzand, serdavlat, xayrli qo'lli,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.   

Azaldan  ardoqli or-nomusli el,

To'qson to'qqiz bovli, biy, bo'lisli el,

Sabr-qanoatli, qut, qomusli el,  

Bu Ota Makondir, Bu Ona Yurtdir,    

Bu qadim  Turondir –jon  ichra jondir.

 Ko'rdim

Ko'rdim, ko'rdim dunyoni

Hamisha bir kam ko'rdim.

Yaxshini armon birla

Yomonni bekam ko'rdim. 

Bag'ri butunlarni but,

Yolg'izni g'arib ko'rdim.

Birda nodon, nojinsni

Maydonda g'olib ko'rdim. 

Haqlarni mudom  birday,

Yalqovni yorti ko'rdim.

Ko'ngil ochiq zotlarni

Hotamdan  ortiq ko'rdim.

Birlarni aro yo'lda,

Birni armonli  ko'rdim.

Birda munofiqlarni

Davru davronli ko'rdim.

Birlarni  dunyoparast,

Birni imonli ko'rdim.

Nopokni  shod, dononi

Yuragi qonli  ko'rdim.

Birlarni  bee'tiqod,

Birlarni riyo  ko'rdim.

Birlarni  o'z eliga 

Tamom  mahliyo ko'rdim.

Birda ko'rib  o'kindim

Oyoqni bosh o'rnida.

La'l o'rnida  sopolni,

Gavharni  tosh o'rnida.

Voajab,birda ko'rdim

Qulni xoqon  o'rnida,

Birda  ko'rdim  lolani

Bir qatra qon o'rnida.

Birda ko'rib lol qoldim

Daryoni  soy o'rnida.

Quyosh  o'rnida yulduz,

Yulduzni oy  o'rnida.

 Gul bir yon, chaman bir yon

Singlim Kommunaga

Chaman  ichinda  bir gul, gul bir yon, chaman bir yon,

Sarvi, sanobarmidir? — Soch bir yon, suman bir yon.

Sahar, subhi sodiqda mushk bir yon, mujgon bir yon,

Tun pardasin  tortsa gar,

oy bir yon, osmon bir yon.

O'sgan bog'iga  alqov, o'stirgan bog'boniga,

Xavfu xatardan saqlay  kelgan soyaboniga,

Andalib qo'nar, zog'lar qo'nolmas bo'stoniga,

Maqtoviga  men bir yon,

Borliq  suxandon bir yon.

Hakim  zoti  bor yerda dard bir yon, darmon bir yon.

Yoring jafokash bo'lsa, uy bir yon, zindon  bir yon.

Ikki jon  bir bo'lmasa – sham bir yon, shamdon bir yon.

Ayri bo'lsa yo'llari,

Tug' bir yon,  tug'yon bir yon.

Qo'riqchisi  bo'lardim bog'imda  unar bo'lsa,

Kuzim kelmay bahorim qayta boshlanar  bo'lsa,

Solnomachisi  bo'lay, magar  u Qamar  bo'lsa,

Qasam ichib aytaman:

namak bir yon, non bir yon.

Qumri, sa'va oshiyon aylar  bir gulafshon bu,

Bir  kokili Sir bo'lsa, ul biri Zarafshon bu,

Ilohiy sanamlardan bir zuryod, bir nishon bu,

Kerak bo'lsa magar jon,

jon bir yon, jahon bir yon.

Bu olamda  Oy tanho, muborak Quyosh tanho,

Bo'y qizlarning ichinda  bir shu egma qosh  tanho.

Uningdek hech kim menga bo'lmasa sirdosh tanho,

Go'ro'g'li  sulton bir yon,

To'ra Sulaymon bir yon.

 Sajdagoh

Kindik qonim tomgan sajdagohimsan,

Ikki olam cheki — bandargohimsan.

Uchib-qo'nar joyim — qo'nalgohimsan,

Jon bera bilmasmen sendin bo'lakka.

Oxu  zorim yetib-etmay falakka,

Yovlar qurshovida qolsam-da yakka,

Xorlik yetsa hamki  suyak-suyakka,

Jon  bera bilmasmen sendin bo'lakka.

Bag'ringda yotmoqlik  qilmasa nasib,

Quzg'unning qismati menga munosib.

Tana birla  tuproq asli tanosib,

Jon bera bilmasmen sendin  bo'lakka.

Og'och otga minsam,bo'zlab qolar kim?

Yurgan  yo'llarimni izlab qolar kim?

Mendin ne ilinjlar  ko'zlab qolar kim?

Jon bera bilmasmen sendin bo'lakka.

Qaydin  kelib, yo Rab, keturmiz qayga,

Yugurib-elish  yo'q betashvish joyga.

Barchaga birday joy — boyga, gadoyga,

Jon bera bilmasmen  sendin bo'lakka.

Ro'zi mahshargacha  birga bo'larim,

Maysa, giyoh bo'lib birga unarim,

Birga yonib mudom birga so'narim,

Jon bera bilmasmen  sendin bo'lakka.

 Tebratar

Shamol shamolni tebratar.

Shamol bulutni tebratar.

Bulut yomg'irini tebratar.

Yomg'ir tuproqni  tebratar.

Tuproq  maysani tebratar.

Maysa biyani tebratar.

Biya qimizni tebratar.

Qimiz yigitni tebratar

Yigit suluvni tebratar.

Suluv beshikni tebratar.

Beshik bolani tebratar.

Bola dunyoni tebratar.

 Sog'inish

O'sma  qo'ydi  ko'klam  ufq qoshiga,

Sel urildi daryo, o'zan toshiga,

So'fito'rg'ay  qo'ndi  uvat boshiga,

Bahor, sog'intirib kelishing yaxshi .

Yaylovlarda  maysa qimtir qo'y-qo'zi,

Dardga shifo chavkar biya qimizi.

Qoplanmasdan gulga butkul qir yuzi,

Bahor, sog'intirib kelishing yaxshi.

 

Sirli tuyiladi majnuntol tagi,

Jilg'a, soy bo'ylari, tog'lar etagi,

Endi nish urganda  bodom kurtagi,

Bahor, sog'intirib  kelishing yaxshi.

 

Qoya, o'rlarda qor, dillarda bahor,

Turna pastlab o'tar – ellarda bahor,

G'oz qo'nib, g'oz uchar – ko'llarda bahor,

Bahor, quvontirib  kelishing yaxshi.       

To'ra Sulaymon

O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymon 1934 yilda tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning o'zbek filologiyasi fakultetini tugatgan.

Shoirning «Men qayga borar bo'lsam» (1965), «Jahongashta» (1970), «Hamqishloqlarim» (1973), «Intizor» (1973), «Sirdaryo qo'shiqlari» (1974), «Iltijo» (1976), «Alhazar» (1976), «To'yboshi» (1977), «Sizni eslayman» (1980), «Qorako'zginam» (1981), «Gulshan» (1988), «Sarvinoz» (1990), «Xarsang» (1994), «Jahonnoma» (1996), «Gul bir yon, chaman bir yon» (1996), «Yovqochdi» (1998), «Sayhon» (2003), «Mamlakatning tayanch nuqtasi» (2004) kitoblari nashr etilgan. Ko'plab she'rlari qo'shiq qilingan. Shoir 2005 yilda olamdan o'tgan.

Yaqinda «Sharq» nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan shoirning «Saylanma» kitobi chop etildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 2 =