Taraqqiyparvarga urilgan yetmish besh darra

yoki yozuvchi «Esdaliklar»ini eslab…

Sadriddin Ayniy – o'zbek va tojik adabiyotining yirik namoyandasi, yozuvchi, olim va jamoat arbobi. U 1878 yilda Buxoro viloyati, G'ijduvonda tug'ilgan, oldin eski maktabda, keyin Buxoro madrasalarida ta'lim olgan. Sadriddin Ayniy ma'rifatparvar jadidlar yo'lidan borib ommani ilmma'rifatga chorlovchi she'rlar, maqolalar yozgan, yangi usuldagi maktablar ochgan. U Buxoroda o'tgan asrning yigirmanchi yillarida vujudga kelgan taraqqiyparvarYosh buxoroliklar” harakatida faol qatnashgani uchun Buxoro amiri tomonidan jazolanadi.

Sadriddin Ayniy keyinchalik jurnalist, yozuvchi sifatida taniladi. U yigirmanchi yillarda Samarqandda “Mashrab” hajviy jurnalini tashkil etadi va unda eskilik, jaholatni qoralovchi qator she'rlari, maqolalari bilan qatnashadi. So'ng adabiy ijod bilan shug'ullanadi va “Odina” “Doxunda”,   “Qullar”, “Esdaliklar” va boshqa qator badiiy asarlar ijod qiladi. Sadriddin Ayniy ijtimoiy va adabiy tarix bo'yicha ham muhim asarlar yaratgan. U filologiya fanlari doktori, professor, fan arbobi, O'zbekiston va Tojikiston Fanlar akademiyalarining haqiqiy a'zosi edi.

Sadriddin Ayniy 1954 yilda vafot etgan.

“1915 yilning avgustida o'z qishlog'imdan Buxoroga qaytishim bilan meni qushbegi chaqirtirdi. Men uning huzuriga borib salom berdim. Qushbegi menga qarab:

— Siz gazeta o'qir ekansiz… — dedi.

— Gazeta o'qishim to'g'ri, — dedim men.

— Nega gazeta o'qiysiz? — deb so'radi qushbegi.

— Gazeta man qilingan narsa emas, uni o'qish jinoyat ham emas, gazetani o'zim nashr etib o'qiyotganim yo'q, maxfiy nashr etilgan gazetalarni ham o'qiyotganim yo'q, — dedim men. — Men Rossiya hukumati ruxsat   bergan va hukumat pochtasi gazetxonlarga yetkazadigan gazetalarni o'qiyman, unday gazetalarni minglab kishilar o'qiydi, men ham o'shalar qatori. Buning nimasi jinoyat?

— Siz mullasiz, shoir va fozilsiz, siz Qur'on o'qing, kitob o'qing, gazeta o'qish sizga munosib emas.

— Men bir kun ham gazeta o'qimasam turolmayman, — dedim men.

— Juda yaxshi, unda “o'qimayman” deng-da, ketavering, — dedi qushbegi.

— Men yolg'on so'zlashga odatlanmaganman, — dedim”.

Mashhur taraqqiyparvar Sadriddin Ayniy bilan Buxoro amirligining bosh vaziri — qushbegi o'rtasida ana shunday savol-javob bo'lib o'tadi va ma'rifatgo'y adib mutaassib amaldorga o'zining ilg'or qarashlarini shu tarzda ochiq-oydin bayon etadi. Ammo bir necha yil o'tgach, mustabid hukumat boshqa taraqqiyparvarlar qatorida Ayniydan ham qonli o'ch oladi. Bunga sabab esa — Buxoroda jadidlar hurriyatni ulug'lovchi namoyish o'tkazmoqchi bo'lganliklari edi, garchi Sadriddin Ayniy bu namoyishda ishtirok etmasa-da, u ta'qib ostiga olinadi va ushlanib kaltaklanib zindonga tashlanadi. Bu haqda adib shunday deb yozadi:

“Tunni qo'lga tushish xavfi bilan o'tkazdim. Tong yorishishidan oldin yuvinib olib, hujramni ichkaridan boylab qo'ydim. Hali quyosh chiqmagan edi, madrasa ichida etik tovushlari eshitildi. Kelayotgan kishilar mening hujramning oldida to'xtab, eshikni qattiq qoqa boshladilar. Men ovoz chiqarmadim. Hujra qo'shnim bo'lgan bir namanganlik mulla, u hoji ham edi, hujrasidan chiqib, mening hujrada ekanimni aytdi va “kechasi bilan majlis qilib, janob oliyga qarshi qarorlar qabul qilishdi”, degan yolg'onni ham qo'shib qo'ydi. Vaholanki, mening hujramga kechasi hech kim kelmagan edi.

Kelgan kishilar hujra eshigi oldiga qorovul qo'yib, qolganlari deraza tomonga kelishdi, derazani sindirib, meni sudrab ko'chaga tortib tushirishdi. Deraza ko'chadan bir odam bo'yi baland edi, men pastga yiqildim.

Ko'chaga yiqilib tushgan joyimdayoq meni etiklari bilan tepa boshlashdi, keyin foytunga o'tqazishdi. Qarshimda va yonimda bittadan ikki nafar qushbegi odamlari o'tirishar edi. Ularning bir qo'lida to'pponcha bo'lib, ikkinchi qo'llari bilan aft-basharamga musht tushirishardi.

Birining mushti burnimni qonatdi, ularning shohi choponlariga qon sachrab dog' qildi. Ular “nega bizning choponlarimizni qon qilding”, deb yana qattiqroq ura boshladilar.

Meni Registonga olib borib foytundan tushirishdi, Registonda amirning piyoda sarbozlari ikki tarafda saf tortib turishar edi. Meni sarbozlar safi o'rtasidan o'tkazib arkka olib kirishdi. Ark yo'lagidan tortib masjidi jomega qadar amir amaldorlari rasmiy kiyimlarda saf tortib turishardi. Ularning oldidan olib o'tar ekanlar, ko'pi menga yaqin kelib bir musht tushirar edi. Men batamom holdan ketgan edim. Ammo qushbegining odamlari qop sudragandek meni sudrashar edi. Amirning sayis­xonasidan Sulton degan jilovdor chiqib, boshimga chunonam bir musht tushirdiki, o'zimni bilmay qoldim. Ko'zimni ochib qarsam, qushbegining qarshisidaman.

Qushbegi biron narsa so'ramay meni qamoq qilishga buyruq berdi. Uning oldidan olib chiqib yana arkning yo'lagi tomon “obxona” degan qamoqxonaga yo'l olishdi. Qushbegining hovlisi oldida ro'paramizdan To'raqul udaychi chiqdi, u qushbegi odamlariga “urib-urib olib boring”, deb buyurdi. Zotan qushbegi odamlari busiz ham meni “bekamu ko'st” urmoqda edilar. Bu buyruqdan keyin ular yanada qattiqroq ura boshladilar.

Meni obxonaga tashlashdi. Birmuncha vaqtdan keyin obxonadan olib chiqishdi. Egnimda bir ko'ylagimni qoldirishgan edi, xolos. Ark yo'lagidan darvoza yog'och ko'prikka qadar amirning amaldorlari va katta mullalar liq to'la edi. Qushbegi — Mirzanasrullo rosmana kiyimlari bilan ark darvozasi ostonasi ustida turar edi. Uning qo'lida bir xat bor edi. U meni ko'rishi bilanoq xatga qaradi-da, amaldorlardan:

— Ayniy shumi? — deb so'radi.

— Ayniy shu! — deb amaldorlar va mullalar hammasi birdan bo'kirishdi.

Taxta ko'prik ustida meni bir to'ladan kelgan odamning orqasiga mingashtirishdi, u engashdi. Qo'llarimni uning bo'ynidan osha tushirib, bir kishi mahkam ushlab turdi. Ko'ylagimni chirmab boshimga oshirishdi. U yerda bir yarim arshinli ellik-oltmish buta kaltak turar edi, har birining yo'g'onligi oyoqning boshmoldog'iday.

Qushbegining ishorati bilan ikki mirg'azab bittadan kaltak olib, ikki yonimga o'tishdi. Ko'zim qushbegining ko'ziga tushdi, men unga tig'day tikilib qaradim. U mening bunday tikilishimga tob bermay, ko'zini qochirdi.

Mirg'azablar “bir, ikki” deb ikki tomondan savalay boshladilar, ular temirchilar navbatma-navbat temirga bolg'a urgandek biri kaltagini ko'targanda ikkinchisi kaltagi bilan urar edi. Shu zayl bo'ynimdan tortib belimning pastiga qadar kaltak bilan savalashar edi. Badanimdan qon sachrar, uzilgan go'sht va teri parchalari turli tomonga otilar edi. Og'riqqa chidab bo'lmas edi. Biroq, o'shanda menda chunon kuch va chidam paydo bo'ldiki, u zolim vahshiy palidlar oldida dodlash va yig'lashdan nomus qilar edim, mardonalik bilan amaldorlarga tik boqar edim.

Kaltaklayotganlarida yaqinroq turgan mulla va amaldorlar boshimga, betimga musht tushirishar edi.

Bir vaqt mirg'azablardan birining “etmish besh” degan ovozi eshitildi. Bu son amirning kaltak jazosidagi eng katta va so'nggi son edi. Qushbegining ishorati bilan mirg'azablar kaltaklashni to'xtatdilar. Meni u kishining orqasidan tushirishdi. Tik turish va oyoq bosishga majolim yo'q edi, zindonbonlar ko'tarib olib qaytishdi. Yana meni “obxona”ga tashlashdi”.

Mashhur adib Sadriddin Ayniy o'z “Esdaliklar”ida tasvirlagan bu voqea Buxoroda Said Olimxon hukm­ronligi paytida taraqqiyparvarlarga qarshi amalga oshirilgan mud­hish jazo edi. Ayovsiz tayoqlar zarbidan orqasi tilka-pora bo'lgan, o'lar holatga yetgan adibni do'stlari Buxorodan yashirincha olib chiqib ketadilar va u Samarqandda davolanib hayotga qaytadi.

Ha, yigirmanchi asr erksevarlarining ko'rmagan dahshatlari-yu mus­tahiq etilmagan jazolari qolmagan edi…

Muxtor Xudoyqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 18 =