Mashrabshunos muallim

Dunyo tashvishlardan xoli, bekorchi damlarga ko'z yumib, qog'oz bilan kitobga ko'milib, ma'naviyatni yuksaltirish, ilm konidan xazina izlash bilan mashg'ul bo'lgan insonlar borligidan azaliy ma'naviyatimiz sarchashmalari tinmasligini, nurli yo'llar hali oydin ekanligini anglab yashaysan. Jaloliddin Yusufiy ham ana shunday fenomen shaxslardan biri edi…

Boborahim Mashrab o'zbek mumtoz adabiyotida o'ziga xos mavqe va martabani zabt etgan ulug' shoir. Insoniyatning borar manzili faqatgina Alloh huzuri ekanligini Mashrab ijodidan boxabar insonlar ko'ksiga tugib yashaydi. Muallim Jaloliddin Yusufiy ana shu sinoatni kitobxonga yetkazish, bildirish maqsadida qo'liga qalam oldi, mumtoz shoir ijodida ilm qildi.

J.Yusufiy 1945 yilning 4 noyabr kuni Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi Mixchagaron qishlog'ida tug'ildi. “Hayotini adabiyotga, Mashrab ijodiga bag'ishlagan Jaloliddin aka suvrati va siyrati bilan rutbali, kamtarin inson edi”, deyishdi mahalladoshlari.

Yusufiy domla uzoq yillar davomida tumandagi 78-umumiy o'rta ta'lim maktabida o'qituvchi, keyinchalik maktab direktori bo'lib ishlagan. G'azal janrini, uning tahmil, majoz va boshqa san'atlarini biladigan olimlar suhbatida bo'lib, asarning asl mohiyatini izlab, topib, baholi qudrat tiklab, kamini to'ldirib tad­qiq qilardi.

Taniqli adabiyotshunos olim, tarjima nazariyasi bilimdoni, tasavvuf ta'limotidan ilm qilgan G'aybulla as-Salom domla Jaloliddin Yusufiyning katta ustozi edi. Yusufiyga: “Kattaqo'r­g'ondan bir sohibi devon o'tgan, shu kishining devonini topib, xalqimizga tanishtiring. Zero, devon tartib bergan, uning uddasidan chiqqanlar yurtimizda sanoqli”, deydi. Shundan so'ng Yusufiy domla Kattaqo'rg'on tumaniga borib, shoir Sayyidmuhammad Xalifa Yo'ldosh ibn Davlat haqida ham qimmatli ma'lumotlar to'playdi. U kishining g'azallarini to'plab, tad­qiq qiladi. Birozdan so'ng “Sog'lom avlod” jurnalining 2008 yil, iyun sonida “Qalam bo'ldi manga hamdam” sarlavhasi bilan katta bir tadqiqot maqolani e'lon qiladi.

Maqolada ibn Davlat Samarqand viloyati Kattaqo'r­g'on tumanining Jizmonsoy qishlog'ida yashab, bizga ma'lum bo'lgani, 25 ta kitob yozgani, o'zbek adabiyoti yana bir ijodkor bilan boyigani haqida yetarlicha ma'lumotlar bor edi. Taassuflar bilan aytish mumkinki, Yusufiy ustoz vafotidan so'ng ibn Davlat “Devon”ini to'liq o'rganish, ijodini tadqiq etish adabiyotshunosligimizning dolzarb vazifalaridan biri bo'lib kelmoqda.

Jaloliddin Yusufiyning asosiy ilmiy ishi Mashrab ijodi bilan bog'liq edi. Shu kungacha ko'plab olim va ilm qilayotganlar tomonidan qator doktorlik, nomzodlik ishlari yoqlandi. Ammo yangi avlod vakilliri hamon Jaloliddin Yusufiyning tahliliy asarlariga ehtiyoj sezadi. Qimmatli ma'lumotlaridan muhim hujjat sifatida foydalanadi. Ustoz asarlarida tasavvuf va eski o'zbek tiliga oid murakkab masalalar sodda va xalqona tilda, tushunarli qilib yuksak did bilan ochib berilgan.

Yillar davomida qilingan izlanishlari samarasi o'la­roq, 1990 yilda “Mehribonim, qaydasan” nomi bilan Boborahim Mashrab g'azallari to'plam holida nashr­dan chiqdi. Bu adabiyotimizda katta hodisa edi. Bizdagi ma'lumotlarga ko'ra, to'plam bilan birga Mashrab g'azallari tahliliga bag'ishlangan ilmiy monografiya ham nash­riyotga topshirilgan. Afsuski, ilmiy ish nashriyotda yo'qoladi. Oqibatda Jaloliddin Yusufiy nomzodlik ishini yoqlay olmaydi.

Jaloliddin Yusufiy 2017 yilning 9 dekabrida vafot etdi. Adabiyot va ma'naviyat olamini hayotining mazmuni deb yashagan, she'riyat ixlosmandlarining ko'nglidan chuqur joy egallagan ustoz el e'zozida bo'lishiga shubha yo'q. Zero, inson uchun bundan ortiq martaba ham bo'lmaydi.

Abdulaziz Ahmedov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + seven =