Koinot pulsi

yoki “Argumentы i faktы” gazetasining “ko'z oynagi”

• Haqiqatning yuragiga oyna tutib…
• 33,5 million adadda Ginnesning rekordlar kitobidagi gazeta
• Starkov maktabida start olib…
• “AiF”ning “qaynar xumcha”si
• Rasputinning uch hissa qalam haqi
• Xalq qalbiga qo'yilgan termometr

“Argumentы i faktы” Rossiyaning xalqaro miqyosda dong'i ketgan gazetalaridan biri. Qaysi mintaqada tarqalayotganiga qarab 32 sahifadan 64 sahifagacha chiqadi. Gazeta oldin risola(broshyura)shaklida, 1978 yildan buyon gazeta ko'rinishida chop etiladi. Adadi 1 million 500 ming nusxa. Gazetaning 66 ta tahririyati Rossiyada, 16 tasi esa xorijda joylashgan.
“Argumentы i faktы” 1990 yilda dunyo­da eng ko'p adadda chiqayotgan gazeta sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. O'sha paytda gazeta 33 441 100 adadda chiqqan. To'g'ri, gazeta g'aroyib adadi sabab Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan bo'lishi mumkin. Biroq ushbu adadga shunchaki poyga o'ynab yetib olmaganligi aniq.

“Argumentы i faktы” 1978 yil yanvar oyidan chiqa boshlagan bo'lsa, o'zining mazmun-mundarijasiyu, tashqi dizaynlarini bir necha bor o'zgartirgan. Lekin uning o'qishliligi, saviyasi, hayot tomirlariga to'g'ri tusha olish salo­hiyati o'zgargani yo'q. Ushbu nashr shu paytga qadar Rossiya gazetalari ichida hajm nuqtai nazaridan liderlikni qo'ldan boy bergani yo'q. Mana qo'limda “Argumentы i faktы”ning 2020 yil 21-27 may kunlaridagi nashri. Uning sahifalaridan bir-biridan qiziq, o'tli maqolalar, fotoreportajlar o'rin olgan.
Yuqorida biz gazeta oradagi yillar mobaynida bir necha marta shaklu shamoyilini o'zgartirganligini aytib o'tdik: 1983 yilda gazeta zamonaviy shakl­­ga kirgan, 2006 yildan esa rangli tarzda chiqa boshlagan.
Gazeta 60 dan ortiq mamlakatga tarqaladi. Bitta sonini taxminan 4,5 million odam o'qiydi. Saytiga esa har kuni 28 million odam tashrif buyuradi. 2015 yilda “AiF” “Urushning bolalik kitobi. 1941-1945 yil kundaliklari” nomli kitob va audiokitobni nashrdan chiqardi. Bu kitob “AiF” sahifalaridan o'rin olgan sara hikoya, maqola va esselardan iborat bo'lib, katta adadlarda chop etildi va kitobxonlar orasida yuqori baholandi.
Gazeta o'z tarixida uch nafar bosh muharrirni ko'rdi: Vladislav Starkov (1978-2001), Nikolay Zyatkov (2001-2016), Igor Chernyak (2017 yildan to hozirgacha).
“AiF” juda ko'p mamlakakatlarda gazetxonlar qo'liga yetib boradi. MDH davlatlari, AQSh, Kanada, Avstraliya, Isroil, Yevropa mamlakatlari gazetxonlari ushbu gazetani birday yaxshi ko'rib o'qishadi. Xo'sh, bugun manaman degan ziyolilar ham “Gazeta o'zi kerakmi?” degan mavzuni qo'yib turgan bir payt­­da “AiF”ning bu qadar barcha mamlakatlarda shuhrat qanotini yozishini nima ta'minlab bergan? Avvalo, gazetadagi mavzular rang-barangligi va uning yoritilish uslubi. U Rossiya va xorijdagi voqealarning yoritilishiga birday e'tibor qaratdi. Tahlil va izoh, madaniyat va sport, iqtisod va biznies olamidagi umumlashma va tahliliy qarashlar hammaning e'tiborini tortdi. Eng muhim yangiliklar qisqa, maksimal darajada lo'nda va aniq qilib beriladi va oldingi sahifalarga joylashtiriladi. O'quvchi bular uchun 10-15 daqiqa vaqt sarflaydi, mamlakat va xorij hayotidagi muhim iqtisodiy, siyosiy, madaniy hodisalardan ogoh bo'ladi. Gazetadagi “AiF Mos­kva”, “AiF Bog'hovlida”, “AiF super­yulduzlar”, “AiF tarix”, “AiF ona va qiz”, “AiF yuz yoshlilar”, “AiF men hammasini bilishni istayman”, “AiF oilaviy maslahat”, “AiF bolalar ensiklopediyasi” kabi ruknlar bir qarashdayoq ko'zga ham, ko'ngilga ham yoqadi.
Eng muhim jihat, haqiqat gazetaning qiyofasiga aylandi. Xalq bu gazetani yaxshi ko'rdi. Chunki gazetada xalq o'zining dardlarini, uqubatli hayot tarzini shudgorlangan dalaga sochilgan urug' yanglig' ko'rdi. Shu bois gazetaning xalq hayotidagi o'rni kundan-kunga kengaydi. Muhimi, “AiF” xalqqa yot tilda emas, uning o'z tilida gapira boshladi. Shu uchun odamlar ushbu gazetani o'qishni o'zining hayot tarzining bir bo'lagiga aylantirib olishdi. Gazeta muxbirlarining tezkorligi, yolg'on yozmasligi, xalq tomonidan turib fikr yuritishi, siyosiy neytral holatda qolmaganligi, gazetani kundan-kunga o'qishliligini oshirdi, yer shari bo'ylab shuhrat keltirdi. Gazetada reklama va ommabop materiallarga o'rin ajratilmadi. Jurnalistlar doim xalq orasida bo'lib oddiy xalq dardini o'rganib, unga to'g'ri tashxis qo'ya bilishdi. Shu uchun ham “AiF” maqolalariga ko'zingiz tushishi bilan xalq dardi miyangiz va yuragingizda portlay boshlaydi.
Gazeta yuqori malakali jurnalistlarning professional darajadagi materiallari bilan keskin ajralib turadi. Gazetaning bu darajaga ko'tarilishida uning ilk bosh muharriri Vladislav Andreevich Starkovning xizmatlarini alohida e'tirof etish kerak. Xususan, “AiF”ning 2020 yil 27 fevral – 4 mart sonlarida chop etilgan Natalya Jelnorovaning “Shkola Starkova” maqolasida ham bosh muharrirning ilmiy, dunyoviy va jurnalis­tik salohiyati haqida so'z yurtilgan. Vladislav Starkov sabab gazeta 33,5 million adadga ko'tarilgan, yuqorida aytilganidek, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan. Gorbachev bilan Starkov orasida iqtisodiy-ijtimoiy-siyosiy masalalar muhokama qilingan. Hatto, SSSRning parchalanib, Gorbachevning chekinishida ham Starkovning hissasi kattaligi aytiladi. Starkov ishni boshlar ekan jamoadoshlari bilan, avvalo, faqat haqiqatni yozishga, yolg'on yozmaslikka, qaerda xalqning og'rig'i, dardi bo'lsa, uni izlab topishga ont ichishadi.
Shundan so'ng xalq hayotini kiyib yashash gazetaning shioriga aylandi. U hech qachon birovlarning iltimosi bilan gazeta sahifasida maqolalar tayyorlagan emas. Chunki gazetada e'lon qilinadigan har bir materialning ortida xalq turardi. Starkov “Qaynar xumcha”ga o'xshardi. Ichida g'oyalar qaynab yotar, jamoaning har bir a'zosini qattiq hurmat qilar va ularni tinglashni xush ko'rardi. Uning eng xush ko'rgan odati – gazetxonlardan keladigan maktublarni o'qish edi. So'ng esa yangi-yangi g'oyalar bilan gazetani boyitardi. Starkovning orientiri vijdon edi. Shu uchun na o'zining, na gazetaning vijdoniga xilof ish qilmadi. “AiF” xuddi elastik qanotli qushdek yer shari bo'ylab qanot qoqdi, odamlar qalbini qo'nimgoh qildi.
Aytishlaricha, kunlarning birida Valentin Rasputin bilan gazeta uchun suhbat uyushtiriladi. Rasputinning juda kamtar hayot kechirishini bilgan Vladislav Andreevich unga uch hissa qalam haqi qo'yadi. “AiF” va Starkov maktabi – halol mehnat maktabi sifatida butun dunyoga tatiydigan jurnalistlar shajarasini yetkazib berdi.
Aytilgan har bir og'iz so'z uchun bosh ketishi ayon bo'lgan qaltis Sobiq Ittifoq dorida yurish hamma uchun emas edi. Gazeta esa aynan o'sha qaltis dordan yurish yo'lini tanladi. Gazeta va gazeta xodimlarining qobiliyati, dovyurakligi, yurak degan mayoq bilan haqiqat cho'qqisi tomon dadil harakati hammani qayta-qayta hayratlantirgan va hayratlantirishda davom etmoqda.
Uning muqovalarida bir-birini tak­rorlamaydigan, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy muammolarni ko'tarib chiqqan rasmlarga ko'zingiz tushadi. “Skolko deneg dadut rebyonka” (Bola uchun qancha pul berishadi?), “Chaepitie s saxarom ili bez?” (Shakarli yoki shakarsiz choy dasturxoni), “Nujna pobeda” (G'alaba kerak), “Rubl oslab, chem ukrepit yego immunitet?” (Rubl qadrsizlandi, uning immunitetini qanday ko'tarish mumkin?), “Budut dengi – budut deti” (Pul bo'lsa, bola tug'iladi) kabi fotoreportajlar yuragingizning eng og'riqli nuqtalariga tegib, dardingizni qo'zg'aydi, parmalaydi, hayotning ko'zlariga yanada tikroq qarashga chog'laydi.
Ba'zan birovning dardini eshitish uchun kuchimiz yetmaydi: sabrimiz tugaydi, charchatadi, tani boshqa dard sezmas qabilida ish tutamiz. Butun xalq dardiga quloq qo'yib yashash esa, o'h-ho'-o'o'o'o', qo'yavering buyog'ini. Xo'sh, “AiF” xalqni tinglashdan, uning tanasiga hadeb termometr qo'yishdan charchamadimi? Gazetaning 2020 yilda chop etilgan taxlamlarini ko'zdan kechiraman “Niщemu pojar ne strashen” (Kambag'alga yong'in qo'r­qinchli emas) (№13,2020), “Strana politsaev!” (Sotqinlar mamlakati) (№13, 2020), “Ne vesyolыe startы” (Shodliksiz ibtidolar) (12,2020), “Krasnaya zaraza, chyornaya smert” (Qizil maraz, qora o'lim) (№10, 2020), “Istorii detey, vernuvshixsya s voy­­nы” (Urushdan qaytgan bolalar tarixi) (№14,2020) kabi maqolalarning har birida katta muammolarning uchqur yechimini ko'rasiz. Jurnalist bilan birga goh urushga otlanasiz, goh iqtisodiy bo'hronlarning tub-tubida suzasiz, goh alanga ichida qolasiz. Nima bo'lganda ham voqealikni siz ko'zoynak orqali emas o'z ko'zlaringiz bilan ko'rasiz. Sizda dardtortish illyuziyasi paydo bo'ladi.
Biz bir odam haqida emas, butun boshli gazeta, uning botir, vijdon va haqiqat soyasida kamolga yetgan ja­moasi haqida gapiryapmiz. Bir paytlar “AiF”da buyuk insonlarni tushlikka taklif qilish bahonasida katta-katta dunyoviy masalalar ko'tarilgan, ushbu suhbatlar asnosida gazetada katta-katta materiallar uyushtirilgan ekan. Demak, gazeta va gazetada ishlovchilar uchun hech qachon ishdan tashqari holat bo'lmagan.
Har gal “AiF”ni qo'lga olar ekanman, bizning gazetalarimiz ham qachon mana shunday gazetalar bilan bellasha olarkin deya, orzu qila­man…

Go'zal Begim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 12 =