Bosma nashrlar yana qaddini tiklab oladi

INTERFAX.RU xabariga ko'ra, bundan sal oldinroq ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo'yish bilan po'pisa qilgan AQSh prezidenti mutasaddi idoralarga ular faoliyatini tartibga solishda ko'proq huquqlar beruvchi farmonni imzolagan. Ayni paytda Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlar bugun odamlarga OAVga qaraganda ko'proq ta'sir ko'rsatadi deb hisoblashini ham qayd etib o'tgan.

Tramp o'z yo'liga. Ammo ommaviy axborot vositalari bilan ijtimoiy tarmoqlarni bir-biridan ajratib qarashdek ajabtovur yondashuv o'zimizda ham yuz ko'rsata boshladi shekilli.
Jumladan, keyingi paytlari ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bosma nashrlarning so'nggi kunlari sanog'iga bag'ishlangan paydar-pay chiqishlarni oling. Ularni o'qirkanmiz, ko'ngildan beixtiyor taraqqiyot chindan ham spiralsimon, tarix esa takrorlanib turarkan, degan fikr o'tdi. Zero, ko'pchilikning xabari bo'lsa kerak, fotoapparat ixtiro qilingan kezlari “Endi rassomlarga ish qolmadi! Musavvirlik kasb (to'g'rirog'i, hunar) sifatida tamom bo'ldi!” deya ayyuhannos solganlar yetarlicha topilgan. Biroq mana, o'zingiz ham ko'rib turibsiz, sovuq bashoratlarga qarama-qarshi o'laroq, rassomchilik hali-hamon yashab, yashnab kelayapti, ko'rgazmalarga qishning qahratoni demay, yozning jaziramasi demay sutkalab navbatda turganlarning uzundan-uzoq navbati oddiy holga aylangan; durdona asarlar yuz millionlab dollarlarga sotilmoqda…
Xuddi shunday munosabat televidenie paydo bo'lganida ham ko'zga tashlangan. Endi olamon jo'r bo'lib teatr va radioning go'rini qazishga shoshgan: “Zangori ekran” turganda kim ham teatrga borardi?! Kim ham radio eshitardi?!”. Ammo vaqt yana bunday kalta o'ylaydigan kimsalarning adashganini ko'rsatdi: misol izlab uzoqqa borib o'tirmaylik, o'zimizning yurtimizda bugun qirqqa yaqin professional teatr, qator xususiy radiokanallar ishlab turibdi.
Shubhasiz, bugun davriy bos­ma nashrlar mavzusidagi yo'q joydan paydo bo'lgan g'ala-g'ovur, asossiz ayblovlaru bachkana qoralashlar ham o'tadi, haqiqat qaror topadi, gazeta-jurnallar yana qaddini tiklab oladi. Inchinun, bosma nashrlar bizning oqlovimizga muhtoj ham emas.
Faqat bizni boshqa bir holat o'ylantiradi. Odatda bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom berilardi. Nima uchun bugungi sershovqin “kampaniya”da ayrim sobiq “jurnalist”lar bu qadar faollik ko'rsatishdi, nima uchun ular bir paytlar o'zlari ishlab (ehtimol, ishlay olmay) ketgan bosma nashrlarga bu qadar g'azab bilan tosh otishdi? Bu bilan ular jon kuydirib nimani isbotlashga urinishdi?
Holbuki, azaldan ayon jo'ngina haqiqat bor: kimgadir yoqar lola… Qog'oz ko'rinishidagi gazeta-jurnal ko'nglingizga o'tirishmas ekan, marhamat, ularni inkor etib, o'z ishingizni qilavering, hech kim sizga suymagan oshingizni majburlab ichirmaydi.
Ammo ko'pchilik uchun aziz bo'lgan bunday ne'matlarni oyoq ostiga olib toptashdan, ularni goh hamon plyonkada rasmga olayotgan suratkashga, goh so'nggi kunlari talvasasini boshidan kechirayotgan bemorga mengzashdan ne naf? Sohada vujudga kelgan tushunmovchilik, suv­ning loyqalantirilishi siz uchun bayram bo'lib qoldimi?..
Zamon doim oldinga intiladi, taraqqiyotning, rivojlanishning eng oddiy talabi ham shu. Bugun kundalik hayotimizni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Har tongni dunyo yangiliklaridan boxabar bo'lish uchun internet saytlariga kirishdan boshlaymiz. Darhaqiqat, 2008 yilning 9 iyunidan ishlatila boshlangan iPhone axborot olish tizimini mutlaqo o'zgartirib tashladi.
Ammo bu degani dunyoda internetdan, saytlardan boshqa axborot o'chog'i, o'quvchining ma'naviy ehtiyojini qondiradigan manba qolmadi degani emas-ku. Buning ustiga tanganing ort tomoni ham bo'lganiday, internet-jurnalistikaning rivojlanishi yurtimizda yana bir o'ta jiddiy muammoni keltirib chiqardi. Axir hammamiz ko'rib-bilib turibmiz, “blogerlar” atalmish qatlamning savodi g'ovlagan qismi tilimizni naqadar g'ariblashtirdi, uni ko'cha tiliga aylantirdi. “Ifoda etib bo'lmaydigan fikr, tuyg'u, holat yo'q!” tilimiz “Bisotidagi bir hovuch so'zni” (A.Qahhor iboralari) tasarruf qilib, “shov-shuvli” maqola ketidan maqola yozib tashlaydigan “bloger”lar qo'liga tushdi. Endi bu maqolalar ta'sirida ulg'aygan avlodning savodi qay darajada bo'ladi, buni tasavvur etish mushkul emasdir.
Bir mulohaza. Harflar qo'rg'oshinga quyiladigan davrlarda tuman gazetamiz haftasiga uch marta, 5 ming nusxadan chop etilardi, paxta mavsumida esa har kuni. Xullas, bosh­­qa qog'oz nashrlar qatori tuman gazetasi ham biz uchun savodxonlik maktabi edi. Biron so'zning qanday yozilishi xususida bahslashib qolsak, o'qituvchimiz boshchiligida gazetani qarab chiqardik. “Gazetada shunday yozilibdimi, to'g'risi shu!” degan qaror qat'iy edi, shubhaga o'rin qolmasdi. Keyinroq ishlab ko'rib bunga ishonch hosil ham qildik: har bitta xodimning stolida lug'at kitoblari, musahhih ham oliy ma'lumotli. Tahririyatda biron so'z qanday yozilishi xususida bahs tug'ilib qolsa, viloyat gazetasi yoinki markaziy nashrlarga qarardik: ular mutloq ishonchli manba hisoblanardi-da. O'zTAG-ku, savodxonlikning etaloni edi. Aslini olganda bugun bosma nashrlarni yana o'shanday nufuzga ko'tarish masalasi dolzarbroq emasmi?!. Vaholanki, hozircha bu borada o'z mavqeini saqlab kelayotgan “Tafakkur” jurnali xodimlari muqim ish joyisiz, oylab sargardon bo'lib yurishdi. Endi sizlar madh etayotgan saytlarga qaraymiz. Hatto, tilga tushgan ayrim blogerning maqolasini o'qiyotib ham qo'ling beixtiyor qalamga yuguraveradi: na nuqta-vergul joyida ishlatilgan, na so'zlar; muallifning nima demoqchi ekanligini arang anglab olasan.
O'ylashimizcha, tilimizning g'a­rib­lashuviga yaqin-yaqingacha ko'pchilikning qo'lidan tushmay qolgan “sariq matbuot”dan keyin aynan blogerlar “katta hissa” qo'shishmoqda.
Qog'oz nashrlarga qarshi tish qayrab turganlar dunyo matbuoti shu yo'ldan ketmoqda ekanligini aytishmoqda. Nahotki? Unda “London Evening Standart” nashri nega kunlik qog'oz adadini 700 mingdan 900 ming­­ga oshirdi ekan? Umuman olganda, Britaniya o'quvchilari mutolaaning 85 foizini gazetalarning qog'oz ko'rinishiga sarflashadi. Yana bir misol. Yaqinda bir guruh ziyolilarimiz Yaponiyaga, bir gazeta tahririyati taklifi bilan borib kelishdi. Gazeta ertalab besh million nusxada, kechqurun yana shuncha nusxada chop etilar va o'quvchining qo'liga o'z vaqtida, daqiqasiga qadar aniqlikda yetib borar ekan (Salgina kechiksa ham, nashrni yetkazuvchi bu isnodga chiday olmasdan, o'zini xarakiri qilib qo'yishi mumkin-da)! Holbuki, internet tezligi juda yuqori kunchiqar mamlakati fuqarolari uchun yangiliklarni saytlardan o'qib olish muammo tug'dirmasa kerak. Shunday emasmi? Yoki Rossiyani oling. VSIOM o'tkazgan so'rov natijalariga ko'ra, katta yoshli aholining 70 foizdan ortig'i qog'oz nashrlarni o'qishni afzal ko'rishgan. Kanadada olib borilgan tadqiqotlarda esa aholining 18-34 yoshli qismining 52 foizi aynan gazetalarning qog'oz ko'rinishini o'qishni ma'qulroq ko'rishgan.
Shunday ekan, bugun yurtimizda turli sabab-bahonalar bilan jar yoqasiga kelib qolgan bosma nashrlarimizga birodarlik qo'lini uzatib, ko'mak berish o'rniga uni jarga itarib yuborishga urinish, yumshoqroq aytganda, axloqsizlikdan boshqa narsa emas-ku?!.
Shubhasiz, bugun davriy bosma nashrlarga hujum qilayotganlar erta-indin kitoblarga ham shunday munosabatda bo'lishi, o'zlarining fikr­larini dunyo tamadduni bilan izohlashga ham urinib qolishi mumkin. Vaholanki, birgina AQShni oladigan bo'lsak, har bir oila yiliga o'rta hisobda 140 dona kitob sotib oladi! Buning ustiga, dunyoning ayrim rivojlangan davlatlarida internet tarmog'iga muayyan cheklovlar qo'yila boshlaganligini unutmaylik. Ruhiyatshunoslar internetomaniya yoxud ijtimoiy tarmoqlarga bog'lanib qolish kasalligi haqida bong urishayotgani, bunday xastalarni davolash uchun maxsus shifoxonalar tashkil etilayotgani ham bor gap.
Xabaringiz bo'lsa kerak: Bill Geyts, Stiv Jobs singari internet imperiyasi tepasida turgan ko'plab sarmoyadorlar o'z farzandlarini “o'rgimchak to'ri”ga yaqinlashtirmaslikka harakat qilarkanlar, ularga telefondan sutka mobaynida nari borsa bir soat yoki yarim soat shug'ullanishga ruxsat berarkanlar. Bu bejiz emasdir, har qalay. Endi esa atrofingizga qarang: tun-kun telefonga yopishib olgan, internetning u yog'idan kirib bu yog'idan chiqayotgan bolalar, yoshlar, o'rta yoshlilar, kattalar…
Karantin tufayli Avstriyada ellikka yaqin gazeta qog'oz ko'rinishda chop etishni to'xtatib, elektron shakl­­ga o'tgan ekan. Keyingi kunlar ijtimoiy tarmoqlarimiz shu xabarni do'mbira qilib charchamadi. Go'yo “Mana, ko'rib qo'yinglar…” degandek yoinki bosma nashrlarning kerak emasligi xususida jamoatchilik fikrini shakllantirishga urinayotgandek.
Xullas, jamiyatimizda raqamli fotografiya bilan musavvirlik, televidenie bilan teatr, radio qanday chambarchas yashab kelayotgan bo'lsa, davriy bosma nashrlar bilan ijtimoiy saytlar ham shunday yashab qolaveradi. Cheksiz-chegarasiz axborot maydonida hammaga joy yetadi, ortib ham qoladi. Dunyo keng. Shunday ekan, halitdan jig'ibiyron bo'lib, bosma nashrlarning go'riga g'isht qalashga shoshganlar qattiq yanglishadilar. Beixtiyor Mark Tvenning mashhur istehzosi yodga tushadi: “Mening vafotim haqidagi gap-so'zlar vaqtidan burun tarqatilgan”.
Yana oqsoch tarixning ibratli sabog'iga murojaat etaylik. Vaqtida hokimiyatni egallagan bolsheviklarning ayrim amaldorchalari “Endi bizga eski (klassik!) adabiyot mutlaqo kerak emas, biz yangi, yo'qsillar adabiyotini yaratamiz!” deya ko'krak kerib chiranchiqlik qilishgandi. Vaqt hammasini joy-joyiga qo'ydi: qizil kommunistlar tarix sahnasidan supurib tashlandi, abadiyatga daxldor Navoiy, Bobur, Pushkin, Tolstoy…lar qoldi. Nechukdir bugun balchiqqa qorishga urinilayotgan bosma nashrlar bilan ham shunday bo'lishi shubhasiz ekan, bas, yo'q joydan muammo yasashga, stakan ichida bo'ron paydo qilishga huda-behuda chiranavermaylik. Qodir vaqt yana o'z hukmini aytajak.
Maqola yakunida dunyoga mashhur olim S.Kapitsaning “Madaniyatni singdirmoq lozim, hattoki kuch bilan bo'lsa ham, aks holda bizni halokat kutadi”, degan hikmatli gapini eslab o'tmasak bo'lmas. Bosma ommaviy axborot vositalari aynan xalqqa madaniyatni singdirish vositalaridan biri. Tabiatda bo'shliq bo'lmaydi. Sizlar istagan tarzda qog'oz nashrlar yo'qolsa, uning o'rnini nimalar egallashini bir tasavvur etib ko'ring-a! Bundan qo'rqmaysizmi?..

Abduqayum Yo'ldoshev,
yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + one =