Nurmat Atabekov: “Koronavirusni to'liq yengish uchun balki bir necha yillar kerak”

Bugun katta-kichikni bir narsa juda qiziqtiradi: dunyoda qachon Covid-19ga chora topiladi? Odamlar qachongacha ehtiyot choralarini ko'rib, niqob taqib yurishga majbur?! Karantin qoidalari hali uzoq davom etadimi? Bu virus, bu balo qaerdan paydo bo'ldi, uni ayrim “bashoratchilar” aytayotganidek chindan ham inson yaratdimi? Xullas, koronavirus pandemiyasi degan mudhish ofatni yengish uchun yana nimalarga e'tibor qaratish lozim?

Quyida xalqimizga, asosan, televidenie orqali uzatilayotgan matbuot anjumanlaridagi chiqishlari bilan yaxshi tanish bo'lib qolgan inson O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig'i — O'zbekiston Respublikasining Bosh davlat sanitariya inspektori — Atabekov Nurmat Satiniyazovichga yuqoridagi savollar bilan murojaat qildik.

— Bilasizmi, dunyo yaralibdiki, insoniyat o'z boshidan turli ofat, balo, qonli to'qnashuvlarni kechirdi.

Bu bo'lingan dunyoni qayta bo'lib olish payida bo'lgan gegemon davlatlar sabab sodir bo'lgan urushlar ham vabodan kam emas. Qanchalab odamlar chirkin g'oya qurboni bo'lishdi, qirilib ketdi. Ayniqsa, tabiiy ofatlar ham bedavo darddan qolishmaydi. Undan ham osongina najot topish qiyin.

Tarixning biror yili yo'qki, dahshatli hodisalar, insoniyat hayotiga rahna soladigan turli balolar, yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalishisiz o'tmagan bo'lsa.

Ha, bir necha oydan beri butun dunyo Covid-19 koronavirus pande­miyasini yengishga harakat qilmoqda.

Ma'lumki, uning tarqalishi 2019 yil oxirida Xitoyning Uxan shahridan boshlangandi. Ammo bu insoniyat duch kelgan birinchi pandemiya emas. Shuni ham unutmaslik kerakki, tarix o'n millionlab odamlarning hayotiga zomin bo'lgan, “COVID-19”ga nisbatan ancha dahshatli va halokatli kechgan kasalliklardan guvohlik beradi.

Vabo, chin chechak yoki grippning “Ispanka” nomi bilan tarixda qolgan turi har qanday qurolli to'qnashuvlardan kam bo'lmagan talafotlarga sa­babchi bo'lgan. 1817 yildan 1961 yilgacha dunyo­­da yettita vabo pandemiyasi qayd etilgan va bu kabi pandemiyalar millionlab insonlarning hayotiga zomin bo'lgan. Lekin bunday yuqumli ofatlarga davo topilgach, hayot yana asta-sekinlik bilan o'z iziga tushib ketgan. Shunday ekan, vaqt oliy hakam, biz Xudo xohlasa, pandemiyani ham yengib o'tamiz. Odamlarning qancha muddat tibbiy niqob taqib yurish­lariga kelsak, bu virusni to'liq yengishimizga va barqaror epidemik vaziyatga ega bo'lishimizga bog'liq.

— Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash dunyoning turli davlatlarida turli usullarda olib borilayapti. Deylik, AQShda, Rossiya yoki Xitoyda davolash usullari bir-biridan farq qilar ekan. Bizning yurtimizda qaysi usul tanlandi va bunda nimalarga asoslanildi?

— Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayoni dunyo­ning turli davlatlarida turli usullarda olib borilayotgani rost. Hozirgi kunda dunyo bo'yicha 150 dan ziyod turli xil dori-darmonlarning koronavirus kasalligini davolashda samaradorligini baholash ustida tadqiqot ishlari olib borilayapti. Hatto ular orasida eng umidbaxshlarini virusga qarshi sinab ko'rish ishlari ham boshlangan.

Albatta, har bir davlatning davolash uslublari bir-biridan farq qilishi tabiiy. Masalan, AQSh, Rossiya, Xitoy, Italiya va O'zbekiston Respublikasida ham bir-biridan farq qiladigan davolash standartlari amaliyotda qo'llanib kelinmoqda. Nega shunday bo'layapti degan savol paydo bo'lishi tabiiy. Negaki, hanuzgacha COVID-19ni to'liq yo'q qilib tashlashga qodir preparatlar topilgani yo'q. Shuning uchun barcha davlatlar o'z tajribalaridan kelib chiqib, bu masalani hal etmoqdalar. Qachonki aniq bitta preparatning samaradorligi isbotlanib, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti uni COVID-19ni davolash bayonnomalariga kiritsa, u holda barcha davlatlar ushbu bayonnomalarni o'zlarining tibbiyot amaliyotlariga moslashtiradilar.

Mamlakatimizda koronavirusga chalingan bemorlar samarali davolanayotganligi sababli o'lim ko'rsatkichlari ancha past. Bu barchamizning yutug'imiz. Ammo shuni ham aytay, jahon olimlari koronavirus kasalligi va uning asoratlari haqida bir fikrga kelib bo'lishdi. Ayni paytga kelib, ushbu kasallikdan yuzaga kelgan o'lim sababi koronavirus emas, balki u yaratib bergan sharoitdan keskin ko'payib ketgan bakteriyalar (hatto saprofitlar) va zamburug'lar ta'siri bilan bog'liq degan fikrlar ham ilgari surilmoqda.

Nazarimizda, bizning respub­likamizdagi ijobiy natijalarning bosh omili bemorlarni erta aniqlash, alohidalash, shifoxonaga yotqizish, davolash va reabilitatsiya qilish ishlari o'ta tartibli yo'lga qo'yilganida bilinadi. Aksariyat bemorlarda kasallikning yengil va o'rta og'irlikda kechishi, oxir-oqibat davolash samaradorligida ham namoyon bo'lmoqda.

— Ma'lumki, koronavirusga chalingan bemorlarda holsizlanish, tana haroratining ko'tarilishi, nafas olishga qiynalish, hid sezish qobiliyatining susayishi kabi alomatlar kasallikning birinchi belgisi sifatida baholanadi. Ammo ayrim bemorlarda yuqoridagi belgilar kuzatilmayotgan ekan. Shu rostmi?

— Pandemiya bilan bog'liq muammolarni hal etish barobarida, dunyo olimlari koronavirusning g'alati va odamni xavotirga soladigan xususiyati borasida tobora ko'p dalil-isbotlarni qo'lga kiritdilar. Ma'lumki, infeksiyani yuqtirganlarning aksariyatida yo'tal, isitma, ta'm va hidni sezmaslik kabi ko'rinishlar namoyon bo'lgan bir paytda, haqiqatan ham ayrim kasallikni yuqtirib olgan shaxs­larda bu kabi belgilar kuzatilmayapti va ushbu shaxslar COVID-19 ni yuqtirib olganliklarini o'zlari ham bilmay qolmoqdalar.

Bu holat dunyodagi barcha davlatlarda kuzatilayapti. Agar shunday bo'lsa, epidemik vaziyatni jilovlash yanada qiyin kechadi, negaki kasallikka xos klinik belgilar kuzatilmagan hollarda «simptomsiz kasallik tarqatuvchi»lar e'tibordan chetda qolib ketadi. Pande­miyaning harakatlantiruvchi kuchi aynan COVID-19 virusining o'zi, ammo organizmga tushgan virusga nisbatan organizmning munosabat bildirishi, ya'ni klinik belgilarning u yoki bu tarzda namoyon bo'lishi ushbu organizmning immun tizimiga bog'liq bo'ladi. Biroq, pandemiya bosh­langandan beri COVID-19 virusining oltita o'zgargan mutant variantlari paydo bo'lganligi haqida ham xabarlar bor.

— Albatta, yurtimizda ushbu virusni bilib-bilmay yuqtirib olgan vatandoshlarimiz to'lig'icha bepul davolanayapti. Ammo iqtisodiy jihatdan boy mamlakatlarda ham fuqarolar o'z hisob­laridan davolanishmoqda. Biz singari xalqini COVID-19 kasalligidan bepul davolayotgan davlatlar ham bormi?

— Ko'pgina davlatlarda yuqumli kasallikka chalingan bemorlar davlat hisobidan davolanadilar. Negaki, ushbu shaxslar vaqtida davolanmasa, boshqalarga ham kasallikni yuqtirish xavfini tug'dirishi mumkin. Bizning davlatimizda yuqumli kasalliklar ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar sirasiga kiritilgan bo'lib, ularga tashhis qo'yish, davolash va reabilitatsiya qilish bilan bog'liq xarajatlar har doim davlat byudjeti hisobidan qop­langan. Hatto ba'zi rivojlangan Yevropa davlatlarida COVID-19ga chalingan shaxslar davolanish uchun o'zlari pul to'lamoqdalar. Ba'zi davlatlarda esa bemorlarni davolash bilan bog'liq xarajatlarni sug'urta kompaniyalari qoplamoqda. Shuni ham aytish kerakki, ko'pgina rivojlangan davlatlarda iqtisodiy inqiroz shu darajaga yetib borganki, endilikda sug'urta kompa­niyalarning o'zi tang ahvolga tushib qoldi.

— Oxirgi paytlarda AQSh, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Xitoy kabi mamlakatlarning laborato­riyalarida koronavirusga qarshi malham topildi, degan gaplar paydo bo'lmoqda. Aytingchi, bu borada jahonda biror yangilik, o'zgarish bormi? O'zbek olimlari ham ushbu dardga chora topish uchun izlanishlar olib borayaptimi?

— Ha, dunyoning ko'plab mamlakatlaridagi olimlar yangi turdagi koronavirusga qarshi dori vositalari topilganligi, vaksinalar ishlab chiqilib, klinik sinovlar boshlanganligi haqida e'lon qilishmoqda. Ishlab chiqilgan vaksinalarning bir qismi hayvonlarda sinab ko'rilayotgan bo'lsa, boshqa qismi ko'ngillilar orasida sinab ko'rilayotgani haqida ma'lumotlar bor. Albatta, tibbiyot ilmi ushbu kasallikka chalinganlarni to'liq davolash imkoniyatiga ega bo'lgan dori vositasini, profilaktika maqsadida ishlatiladigan vaksinani yaratish bo'yicha tinimsiz izlanishda. Bundan buyog'iga esa yuqoridagi singari yangiliklardan tez-tez boxabar bo'lib turamiz. Negaki qariyb yetti oydan beri olib borilayotgan izlanishlar natija bera bosh­lashi kerak.

Aslida yangi dori vositasini yoki vaksinani yaratish o'ta mushkul va uzoq vaqt talab qiladigan ish. Dastlab ushbu dori vositalari sintez qilinadi, so'ng vaksinalar ishlab chiqiladi, keyingi bosqichda esa ular klinik sinovlardan o'tishi, samaradorligi baholanishi, tasdiqlanishi va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan tan olinishi kerak. Shundan keyingina aynan ushbu nufuzli tashkilot amaliyotda qo'llash uchun tavsiya etadi.

Qayd etish lozimki, o'zbekistonlik olimlar ham bu kabi izlanish­lardan chetda turishgani yuq. O'zbekiston Res­publikasidagi qator ilmiy tekshirish institutlari yangi dori vositalarini va vaksinalar yaratish ustida ko'plab tadqiqotlar olib bormoqdalar.Umuman mamlakatimizda bu borada dunyo hamjamiyati tan olgan ishlanmalar ham talaygina. Azaldan yurtimizda vaksina va zardoblar ishlab chiqarish bo'yicha katta maktab va tajriba mavjud bo'lganligini ham unutmasligimiz kerak.

— Sizningcha, insoniyat koronavirusni qachon yengadi?

— Insoniyat virus yuqtirish hollarini kamaytirsa ham, bu hali pandemiya tugaydi, deganini anglatmaydi. Koronavirus keltirib chiqargan to'lqinni daf qilish uchun, balki bir necha yil kerak bo'lar. Hayotimizning ba'zi jabhalariga kiritilgan cheklovlarni uzoq muddatda ushlab turish qiyin, albatta. Lekin, ushbu cheklovlarning ijtimoiy va iqtisodiy badali juda katta bo'ladi. Kasallik manbaini jilovlaydigan cheklovlar bekor qilingani bilan kasallikning avj olishi yana kuzatilishi mumkin. Ammo koronavirus butunlay yo'qolib ketadi deb xomtama bo'lmasligimiz kerak, endi u yo'qolib ketmaydi, balki “o'zimizniki” bo'lib qoladi.

Hayotimizning izga tushib ketishi esa dastlab kasallik pandemiyasini jilovlashimizga, keyinchalik, ushbu kasallik qo'zg'atuvchisi bilan birga “qo'shni bo'lib” yashashga o'rganishimizga bog'liq.

— Shubhasiz, koronavirusga chalinmaslik uchun gigienik talablarga qat'iy rioya qilish kerak. Buni yurtdoshlarimiz yaxshi anglab yetishgan. Ammo hamma birdek shifokorlar berayotgan tavsiyalarga amal qilmasa, xavf-xatar saqlanib qolaverar ekan-da?

— To'g'ri, aholi tomonidan karantin va cheklov qoidalariga rioya etilmayotgani xavf-xatarning uzoq muddat saqlanib qolishiga sabab bo'luvchi omil hisoblanadi. Boz ustiga, amaldagi tartib-qoidalarni mensimaslik, sanitariya-gigiena talablarini buzish, muloqot paytida oraliq masofani saqlamaslik, qo'l berib yoki quchoqlashib ko'rishish, himoya niqobini taqmaslik kabilar vaziyatni yanada murakkablashtiradi, xolos.

Koronavirus kasalligini jilovlash mumkinligini biz o'z hayotimizda isbotladik, kuchaytirilgan karantin va cheklov tadbirlari paytida hatto koronavirus kasalligi bilan yangi kasallanganlar umuman aniqlanmagan kunlar ham bo'ldi. Demak, isbot talab qilinadigan narsaning o'zi qolmadi, biz o'z ko'zimiz bilan shunday kunlarni ko'rdik va o'z qulog'imiz bilan shunday natijalar haqida eshitdik.

Endilikda karantin va cheklov tadbirlarining yumshatilishi bilan aholi o'rtasida koronavirusga chalinganlar sonining yana keskin ortib ketayotganligiga guvoh bo'lib turibmiz.

Albatta, qariyb uch oydan ko'proq vaqt mobaynida davom etayotgan karantin moddiy ahvolimizga ham ta'sir ko'rsatmasdan qolmadi. Ayniqsa, kundalik topgani bilan ro'zg'orini tebratib turgan oilalarda bu ancha sezilib qoldi. Bunday vaziyatni davlatimiz rahbariyati ham bilib turibdi. Shuning uchun ham karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo'­yicha ko'rsatmalar berilayapti. Lekin, ming afsuski, karantin tadbirlarining yumshatilishini ko'pchilik boshqacharoq qabul qilishdi va birdaniga barcha ehtiyot choralarini unutib qo'yishmoqda. Bu juda katta xato.

Yana karantin va cheklov tadbirlari kuchaytirilishini xohlamasak, bepisand bo'lmaylik, koronavirus kasalligi bo'yicha epidemik vaziyat yanada murakkablashishi mumkinligini unutishga haqqimiz yo'q. Vaziyat bu tarzda murakkablashib ketaversa, karantin va chek­lov tadbirlari qaytadan kuchaytirilishi tabiiy. Biz o'zimizning mas'uliyatsizligimiz, belgilangan karantin-cheklov talablarga befarq bo'lishimiz bilan davlatimiz rahbariyatini yana talablarni kuchaytirish to'g'risida qaror qabul qilishga majbur qilib qo'ymasligimiz kerak.

Berilgan imkoniyatlardan to'g'ri foydalanib, karantin va cheklov tadbirlariga to'liq rioya etsak, mazkur kasallik bo'yicha epidemik vaziyat murakkablashib ketishiga yo'l qo'ymaymiz va shundagina kundalik faoliyatimizni davom ettirishimiz mumkin bo'ladi.

— Koronavirus pandemiyasidek ofat, nazarimizda shu paytgacha baribir dunyo tarixida uchramagan va hech bir ofat butun yer yuzini bir vaqtning o'zida qamrab olmagan. Shundan kelib chiqib, turli qarashlarga ko'ra, bu pandemiyaning kelib chiqishi inson omiliga bog'liq degan qarashlar ham mavjud. Nahotki shunday bo'lsa?

— Albatta, ko'tarilgan savol juda o'rinli, nega aynan COVID-19   virusi chaqirgan kasallik dunyo bo'­yicha bu kabi keng ko'lamda tarqalib, pandemiyaga sabab bo'lganligiga qarashlar, fikrlar juda ko'p va hali bir to'xtamga kelingani yo'q. Har xil gipotezalar olg'a surilayapti va ularning tarafdorlari va   talqinlari ham xilma-xil. Hayotning ko'p og'ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to'g'ri tushunib, masalaga ongli yondashmog'i lozim.

Xalqimizdan, birinchi navbatda, shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiena va sanitariya qoi­dalariga (oilasida, ishxonada va ko'cha-ko'yda) qat'iy amal qilishi zarurligi tinmay so'ralayapti. Kasallikni yashirmasdan, o'z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali chora ekanligi endilikda hammaga ayon. Ushbu virus bilan kasallanish har bir insonning turmush-tarziga bog'liqligi to'g'risida juda ko'plab gapirildi.

Eng asosiysi, biz qanday qilib ushbu kasallikdan himoyalanish mumkinligini bugun bilamiz, biroq bilib turib belgilangan talab­larga rioya qilmaymiz, o'zimizni xavf ostiga qo'yamiz, tavakkal qilamiz, xuddi berilayotgan tav­siyalar boshqalarga taalluqlidek, bilib qo'yaylik, bu kasallik bizni chetlab o'tadi degan fikr mutlaqo noto'g'ri fikr. Yana bir bor eslatib o'tamiz, koronavirus infeksiyasi millatni, irqni, yoshni va jinsni, na vazifasiyu martabani tanlamaydi. Ushbu kasallikka chalinmaydi deb hech kim kafolatlanmagan, negaki bu kasallik yangi kasallik. Ushbu kasallikni insoniyat hali boshidan kechirmagandi, demak, unga nisbatan hech bir kishida immunitet yo'q.

Yusuf Jo'rayev yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 9 =