Sinfdan tashqaridagi dunyo
yoxud Janubiy Koreya ta'lim tizimiga nazar
Janubiy Koreya Arxiv qo'mitasining 1944 yilgi ma'lumotlarida keltirilishicha, koreyaliklarning umumiy savodxonlik darajasi bor-yo'g'i 13,8 foizni tashkil etgan. Ikkinchi Jahon urushi Koreyani Yaponiya mustamlakachiligidan ozod etdi. Shundan so'ng, mamlakatda e'tiborni ta'lim tizimiga qaratishga imkon tug'ildi.
Eng avval, mamlakatda Ta'limni rivojlantirish qo'mitasi tashkil etildi. Qo'mita faoliyati dasturiga umumta'lim darsliklari yaratish, ta'limni tubdan isloh qilish, qo'shimcha ravishda etika hamda texnikaga oid yangi fanlarni kiritish vazifasi yuklatildi.
O'sha yillari bu davlat shunchalik qashshoq ediki, yillik yalpi daromad jon boshiga juda kam miqdorni tashkil etar edi. Maktabda pedagoglar uchun ortiqcha resurslar jalb etilmagan, yashash uchun yosh bolalar ham ishlashga majbur bo'lishgan.
1980 yillarga kelibgina mamlakat miqyosida iqtisodiyotni tubdan isloh qilish maqsadida, birinchi navbatda, ta'limga e'tibor keskin kuchaytirildi. 1981 yilda Prezident Chon Du Xvan ta'limni hukumat nazoratida kuchaytirish maqsadida xususiy ta'lim maskanlari faoliyatini qonunan taqiqlab qo'ydi. Shu sabab, davlat tasarrufidagi barcha o'quv muassasalarida yoshlarning mustaqil shug'ullanishi uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratildi. Ma'lum bo'lishicha, hatto o'quvchilar kechalari maktabda qolib, ustozlari bilan dars tayyorlashar ekan. Natijada 1990 yilga kelib, mamlakatda savodxonlik darajasi 98,5 foizni tashkil etdi.
Zamonaviy Koreya ta'lim tizimida boshlang'ich maktablarning roli muhim ahamiyatga ega. Asosan boshlang'ich ta'limga bolalar 6 yoshdan qabul qilinsa, iqtidori bo'lgan 5 yoshli bolalar ham boshlang'ich sinflarga olinadi. Buning uchun maxsus ruxsatnoma kerak, xolos. Har yili maktablarda o'qish 2 martdan boshlanadi. 6 yil davom etadigan boshlang'ich ta'lim majburiy etib belgilangan. Yuqori bosqichdagi ta'limda asosiy e'tibor bolani kasbga yo'naltirishga qaratiladi.
O'rta ta'lim maktablarida davlat tili, axloq, ijtimoiy fan, matematika, jismoniy tarbiya, musiqa, san'at, chet tili kabi 10 ga yaqin fanlar o'qitiladi. Shuningdek, o'quvchi informatika, chet tili (nemis, fransuz, ispan, xitoy, yapon, rus, arab tillari) kabi fanlarni, xohishiga ko'ra, tanlab o'rganishi mumkin.
Bugun Janubiy Koreya ta'lim sifati bo'yicha dunyoda ikkinchi, matematika sohasida to'rtinchi va tabiiy fanlarni o'qitish bo'yicha beshinchi o'rinda turadi. Shuningdek, savodxonlik darajasi bo'yicha barcha Yevropa davlatlari, hatto AQShdan ham yuqori o'rinlarda turadi.
Janubiy Koreya — bu xavfsiz, texnologik va industrial rivojlangan mamlakat. Bu mamlakatda o'qitish va o'zlashtirishni baholash boshqa davlatlarnikidan farq qiladi. Masalan, oliy ta'lim muassasasida tahsil olayotgan talabalar ma'ruza darslariga o'zlari tayyorlanadi va mustaqil o'qib-izlanadi. O'qituvchilar faqat yo'l-yo'riq ko'rsatib, ularni qiziqqan sohasiga yo'naltiradi, ilhomlantiradi. Koreyada davomat, ma'ruza va konspektlarning zarracha ahamiyati yo'q. Asosiysi, o'quvchi bilimni puxta egallab, sinovda qiynalmasa bo'lgani.
Koreya o'quv dasturidan o'rin olgan barcha materiallar, ayni paytda, elektron ko'rinishga o'tkazilgan. Darsliklardagi ma'lumotlar kitob sahifalari o'rniga, “Smart ta'lim” dasturi bo'yicha, ekranlarda aks etadi. Ushbu loyiha hayotga tatbiq etilgach, barcha maktablarda simsiz tarmoqlar joriy etildi. Bu esa o'quvchi-talabalarga “hamma vaqt va hamma joyda” bilim olish imkonini yaratdi. An'anaviy kitoblardan elektron darslikka o'tish yoshlarga “og'ir va qappaygan sumkalarini uyda qoldirib, sinf xonasidan tashqaridagi dunyoni kashf etish salohiyatini berdi”.
Yangi tizim, shuningdek, mutaxassis-o'qituvchilar yetishmaydigan chekka qishloq hududlaridagi o'quvchi va talabalarga ham fanlarni tanlash va uydan turib sifatli ta'lim olishda bir qator qulayliklar yaratdi. Hozirda Koreya davlati internetga ulanish tezligi bo'yicha, 2017 yil ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda birinchi o'rinni egallagan. (O'zbekiston esa internet tezligi bo'yicha dunyoda 130-o'rinda turadi.)
Janubiy Koreyalik o'quvchilarning ilmiy salohiyati ham tobora yuksalib bormoqda. Masalan, Ilmiy yuksalishni baholash xalqaro tashkiloti (IEAP) tomonidan o'tkazilgan ta'lim sifatini ifodalovchi monitoring tadqiqotlarida 19 mamlakat talabalari orasidan 18 yoshli koreys o'smirlari birinchi o'rinni egallashgan (http://www.csu.edu.au).
Iqtisodiy Muvofiqlashtiruv va Taraqqiyot Tashkiloti olib borgan tadqiqot natijalariga ko'ra, Koreya yoshlari raqamli texnologiyalardan foydalanish borasida dunyodagi boshqa tengdoshlariga qaraganda ancha ustunlikka ega ekanligi aytiladi. Bu kabi texnologiyalardan unumli foydalana oladigan yoshlarga har qanday jamiyatda ham talab kuchli bo'ladi, ular uchun qator imtiyozlar yaratiladi. Zero, bugun ular internet materiallarining ishonchliligini tekshirish va internet sahifalarini navigatsiya qilish bo'yicha bir qator xalqaro dasturlarda ilg'orlar safidan o'rin olishgan.
Xo'sh, Koreyada ham nodavlat ta'lim muassasalari — “dehqonchasiga” aytganda “repetitor”lar bormi? — degan savol berishingiz mumkin. Albatta bo'lgan. Ammo o'tkazilgan so'rovnomalarga qaraganda, 1980 yilda umumta'lim maktablaridan 61 foiz o'quvchi qo'shimcha mashg'ulotga qatnashgan bo'lsa, shundan 14 foiz o'quvchi asab kasalliklari va zo'riqishga uchragan…
Koreya yoshlari ta'limga juda ko'p vaqt sarflashar ekan. Deylik, ular qo'shimcha ta'lim yoki amaliyot uchun, maktabdan tashqari, bir necha soat vaqt ajratadi. Qizig'i shundaki, ular qo'shimcha darslarni ham uyga vazifa sifatida qabul qiladi.
Ta'lim sohasida nisbatan orqada qolayotganidan xavotirga tushgan Amerika Qo'shma Shtatlari ham bugun raqamli ta'lim sohasiga kuchli e'tibor qaratyapti. Tadqiqotchilar kompyuterlashtirilgan ta'lim dasturini yaratish ustida bir necha yillardan buyon ish olib bormoqda. Ularning fikricha, yuqori natija qayd etish uchun boshlang'ich ta'limni butunlay yangi bosqichga ko'tarish lozim.
Bekorga Germaniya Napoleon boshchiligidagi Fransiya qo'shinlaridan mag'lubiyatga uchragach: “Biz urushda yengildik, demak ta'lim tizimimizda muammolar bor!”, deya xulosa qilmagan ekan.
Abdulaziz Ahmedov.