Bloger — o'shak tarqatuvchi bo'lmasin!

— Assalomu alaykum, avvalo, ma'zur tutasiz, hamma sizni o'ldiga chiqarishuvdi, hayriyat tirik ekansiz, buni oshkor etish uchun sizdan intervyu olmoqchi edim…
— Siz kimsiz?
— Blogerman…
— Ey! Tinch qo'ying, o'zi sizlarga tushunmay qoldim-ku!
— Men yaxshi bloger, sizni maqtayman, sira xavotir olmang!
Rahbar o'yga toldi: “Blogerlar tezkorligi bilan e'tirof etilmoqda. Endi internet zamoni keldi. Blogerlar imkoniyatini kengaytiraylik. Blogerlar jurnalistlardan ko'ra xalqqa yaqinroq turibdi. Buni hamma e'tirof etayapti. Yana biri: “Bosma nashrlarning davri o'tdi. Blogerlar zamoni keldi”, deyapti. Bir guruhiga viloyat hokimligi tomonidan qimmatbaho sovg'alar ham berilgandi ”…
Xo'sh, hayotiy ertakka o'xshadimi? Juda mos-da. Ammo…

Ishoning, bu ertak emas, tirik odamlarni o'ldiga chiqarish tobora odat tusini olayapti. Ishqilib, oxiri baxayr bo'lsin-da. Dunyodagi ba'zi davlatlarda internet bizdan ko'ra ancha rivojlangan, tezligi ham yuqori. Ularda ham ijtimoiy tarmoqlarda minglab blogerlar “javlon urishmoqda”. Eng qizig'i, biron mamlakatda bloger bizdagi kabi go'yo OAV vakili sifatida e'zozlanmas ekan. Ayni kunlarda ayrim rahbarlar jurnalistlarni bir tiyinga olmasa-da, bloger kelsa zir titraydigan bo'lib qolganiga sabab ne?

To'g'ri, blogerlarimiz orasida masalaga jiddiy yondashib, tahlil qilib, faqat rasmiy tasdiqlangan ma'lumotni bo'lishadiganlari ham bor. Lekin, ular respublikada nari borsa 5-10 nafar chiqar. Undan ko'p emas-ov!

Aksiga olib, shu kunlarda blogerlar bilan bog'liq noxush holatlar axborot maydonida tez-tez ro'y bermoqda. E'tibor qilyapsizmi? Tarqalayotgan xabarlarga ko'ra, “Marg'ilonlik soxta bloger 8 kunga qamaldi”, “Qalampir.uz” saytida ishlayman deb qalbaki stiker tayyorlab yurgan bloger qo'lga olindi”… Ha, bunday o'shak (yolg'on, mish-mish)lar blogerlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “ertagimiz” qahramoni kuni-kecha — Surxondaryo viloyati hokimini o'ldiga chiqargan “bloger” D.O.ning ishi hammasidan oshib tushdi. Bunaqa sovuq gaplarning tagiga yetmasdan, obdan surishtirmasdan e'lon qilish hech bir fikri sog'lom insonning aqliga sig'maydi, nazarimda.

— Bu gapni qaerdan olgandingiz?
— Telefonda aytishuvdi…
— Kim?
— Bilmayman, bitta ayol…
— Nega surishtirmay, o'zingiz aniq bilmagan ma'lumotni tarqatdingiz?
— Pushaymonman. Tekshirmasdan, surishtirmasdan viloyat hokimi To'ra Bobolovga ta'ziyanoma e'lon qilib yubordim…

Ha, bu cho'pchak emas. Blogerimiz “ijodi”dan bir misol…
Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganligini ma'lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Notanish ayol o'z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00 larda qo'ng'iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go'yo Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolovning vafot etganini ma'lum qilgan. So'ng “Haqiqatchi bloger” nomli akkauntni yurituvchi D.O. telefoni orqali ushbu xabar to'g'risida post tayyorlab, Facebook hamda Telegramm ijtimoiy tarmog'idagi sahifalariga joylashtirgan.

Albatta, blogerga nisbatan qonunda belgilangan jazo choralari ko'riladi. Ammo masala shu bilan yechim toparmikin…
To'ra Bobolov esa yaqindagina blogerlarni hokimiyat idorasiga to'plab, barchasiga qimmatbaho sovg'alar berganiga pushaymon chekayotgan bo'lsa ajab emas. Axir aynan o'sha blogerlar o'lmagan odamni o'ldiga chiqarib, millionlab odamlarni ancha tashvishga qo'ydi.

Axiri viloyat hokimi davolanayotgan shifoxonadan turib: “Men borman, davolanyapman, hozir ahvolim ancha yaxshi”, deb video murojaat qilishga majbur bo'ldi…

Bu voqea bitta misol emas. So'nggi kunlarda koronavirusdan davolanayotgan Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i Kengesi raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi o'rinbosari, O'zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning ham vafot etgani haqidagi yolg'on xabar internet tarmoqlarida paydo bo'lib, keng muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

Blogerlar ma'lum ijtimoiy masala bo'yicha o'z fikr-mulohazalari va kuzatishlarini boshqalar bilan Internet orqali baham ko'rgani yaxshi. Blogda joylashtirilgan materiallar fikr-mulohaza, taxmin, e'tiroz, tanqiddan iborat bo'lishi mumkin. Lekin aslo xalqni chalg'itishga, ishonchsiz, yolg'on xabar tarqatishga hech kimning haqqi yo'q. “Zero, har kim o'zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega bo'lib, faqatgina amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir” (O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 29-modda).

O'zini bloger deb biladigan odamning shaxsiy pozitsiyasi, yo'nalishi, tematikasi bo'lishi va muntazam ishonchli manbalar asosida post yozishi kerak. Ma'lum bir auditoriya, blogpostlar bazasiga ega bo'lib, yetarlicha tajriba to'plagandan so'ng uni professional darajada ko'rish, “homiylik qilib, qo'llab-quvvatlash” mumkin. Odamlarni yig'ib, post yoza boshladimi, kuzatuvchilariga faqat ishonchli manbalardan isboti bilan ma'lumot keltirsin, xolis bo'lsin, kimlarnidir g'arazli manfaatiga xizmat qilmasin. Asosiysi, u shunchaki bor bo'lmasin, balki mavjudligi bilan insonlarga foyda keltirsin.

Mualliflik blogi — bu elektron mini-gazeta demakdir. Yirik nashrlardan farqi — unda tahririyat, xodimlar jamoasi yo'q. Blogerning o'zi muallif, ham musahhih, ham tuzatuvchi, ham muharrir bo'ladi. Demak, bloger grammatika, uslubshunoslik, HTML, dizayn kabi sohalardan xabardor, qolaversa, yuqori kompyuter savodxonligiga ham ega bo'lishi lozim. Shundagina AQSh, Yevropa hamda Osiyoning ba'zi mamlakatlarida blog yuritib, keyinchalik yirik kompaniyaga aylanib ketgan tajribalar bizda ham ish berishi mumkin. Oddiy misol, The Huffington Post, Mashable, TechCrunch kabi internet-nashrlar ham boshida oddiygina blog sifatida ish boshlagan. Bugun esa ular bir necha million dollarlik yirik kompaniyalar qatorida sanaladi.

Xo'sh, bizdagi o'zini bloger deb hisoblovchilarning qanchasida, yuqoridagidek ma'lumot, daraja mavjud? Buni afsuski hozir hech kim bilmaydi ham!

Shu sababdan bugun ko'pchilik blogerlik bilan jurnalistikani qorishtirib yuborayotgani bor gap. Lekin blogerlik jurnalistika ham, OAV ham hisoblanmaydi!

Jurnalistdan xolislik va masalani imkon boricha kengroq yoritish talab qilinadi. Chunki jurnalistikaning asosiy maqsadi ishonchli ma'lumot tarqatish, blogerlikning maqsadi nima, og'ziga kelganini deyishmi?

Dehqoncha aytganda, bugun turli ijtimoiy tarmoqlarda, telegramm kanallarida har kim sahifa ochib, nima desa shuni gapirib, g'ij-g'ij xato va savodsizlikning oliy darajasini namoyish qilib yotibdi.

Ammo xalqimizda: “Aytilgan so'z — otilgan o'q”, degan gap bor. Ehtimol, ko'chada yurganning bari — blogerdir. Chunki, yuqorida aytganimizdek, har bir insonda so'z erkinligi, undan foydalanish huquqi bo'lganidek, fikr aytish, ma'lumot tarqatish huquqi ham bor.

Ammo bu degani yolg'on-yashiq, ya'ni to'g'ri kelgan o'shak gapni tarqatish mumkin, degani ham emas!

Tuhmat, yolg'on xabar bilan elni chalg'itish — qonunga zid.
Buni o'zini blogerman deb biluvchi har bir vallomat anglab yetishi zarur!

Yanada muhimi, odamlar, ayniqsa, katta-kichik rahbarlar matbuot, OAV, xullas, haqiqiy jurnalistika bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini farqlay olishi shart.

Shundagina ko'p tushunmovchiliklar o'z-o'zidan barham topadi.

Abdulaziz Ahmedov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + eight =