“O'sayotgan kuchli daraxtman”

Xalqimizning ulug' shoiri Shavkat Rahmon hayot bo'lganida 70 yoshga kirar edi

Adabiyot va san'atda ijodkor ovozi ilk mashqlaridanoq ajralib, yomg'irdan keyingi kamalakdek tovlanib turadi. Ovozi, sozi, «qo'li» bor san'atkorgina asrlar qa'ridan ham bo'y-bastini o'z iqtidori ila namoyon etadi: Ma'murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov, Rahim Ahmedov, Ro'zi Choriyev, Chingiz Ahmarov, shuningdek, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi singari ijodkorlarning har bir qo'shig'u asarlarida nafasi, “qo'li”, ovozi taralib adabiyot va san'atni mangulikka yetaklaydi. Shunday ijodkorlar safida atoqli shoir, tarjimon Shavkat Rahmonning ham ovozi, she'riy san'ati odimlamoqda.

Shavkat Rahmonning 1978 yilda nashr etilgan «Rangin lahzalar» ilk she'riy kitobi yosh shoirning hech kimga o'xshamagan ovozi borligini va she'riyatga yangi ruh olib kirganligini, adabiyotimiz osmoniga yana bir yorqin yulduz qo'shilganligini ayon etdi. U birinchi kitobidanoq she'riyat muxlislarini, adabiyot ahlini favqulotda badiiy kashfiyotlari, go'zal tashbehlari, rangin tuyg'ulari ila rom etdi:

Oq sukunat

portlar yobonda,

kun nurida yonib, yaraqlab,

chopib kirdi sovuq shaharga

yalangoyoq,

yashil daraxtlar.

Bir zumdayoq

uxlab yotgan tor

ko'chalarga tarqab ketdilar.

Derazaga yuzin bosib

bolalarday

boqdi kattalar.

She'r bahorning sovuq shaharga kelganini, sukunatdek yotgan eski qorlar erib, daraxtlar yashillikka burkanganligini holatlar orqali aks ettirayotir. Biz o'qib yurgan bahor keldi, qorlar eridi, gullar ochildi qabilida emas, holatlar chizish, badiiy bo'yoqlar bilan bahorni kuylayotir. Yangi kunga bolalargina emas, kattalar ham hayrat bilan boqayotir.

Shavkat Rahmonning qay bir she'rini o'qimang, suvrat va siyrati, ruhiy olami — she'r. Shoirning «Yurak qirralari» kitobi fikrimizni tasdiqlaydi. 1981 yili chop etilgan ushbu kitobga adabiyotshunos Ahmad A'zam matbuotda taqriz yozib, «she'rlar shaklan bir xil» deya, tanqid qilgan edi. Nazarimda, tanqidchi she'rlarning ichki dunyosiga kirib borolmagan. Zero, she'r shoirning ruhiyatidan tug'iladi. Har bir shoir kitobining yaralish vaqti bo'ladiki, o'sha damdagi she'rlar beixtiyor shakl jihatdan bir xillikni talab qiladi.

Shavkat Rahmon she'riyatida majoziy fikrlash yo'lidan borib, ko'proq tabiat tili orqali og'riqli yurakning iztirob — dardlarini tuyamiz va ular beixtiyor o'zimizning ham iztirobimizga aylanadi:

O'sayotgan kuchli daraxtman,

shoxlarimda pishar so'zlarim,

o'ychan kuzak kelguvchi yo'lga

ikki tog'day boqar ko'zlarim.

She'rni o'qirkanmiz, obrazga aylangan Daraxt tilidan inson qismati ro'yrost ochib beriladi. Beixtiyor og'ir o'ylarga tolamiz. Ich-ichingdan kechang, buguning va ertang kechadi. Odam odamni ko'rolmasligi, g'ayirlik kabi illatlar kechadi. Ha, shoir she'rlarida chuqur teranlik mujassam. Satrlari badiiy ranglarga burkanganligi ila o'ziga xoslik kasb etadi.

Shoirning «Rangin lahzalar», «Yurak qirralari», «Ochiq kunlar», «Gullayotgan tosh», «Hulvo» singari kitoblarini o'qirkanmiz, har bir kitobda, garchi she'riy satrlar bir xil bo'lsa-da, ruhan yangilanishga intilganini ilg'aymiz.

«Ochiq kunlar» nomli kitobida she'riy fikrlar ochiq bo'lsa, «Yurak qirralari» to'p­lamida fikr tabiat bilan uyg'unlashib, manzaralar orqali ochiladi.

Shavkat Rahmon Moskvada o'qib, ko'p­lab chet mamlakatlar adabiyotini, xususan, ispan she'riyatini o'rganib, she'riyatimizni yangilashga katta hissa qo'shgan. Uning ijodida, oz bo'lsa-da, erkin vazndagi she'rlar uchraydi. Shoir bu shaklni unchalik xush ko'rmaganidanmi, yoxud yozayotganligidan ko'ngli to'lmaganidanmi, asosan barmoq vaznida, vazmin ohangda she'rlar yozgan. Qiziq, «barmoq»dagi ayrim she'rlarning shaklini o'zgartirishdanmi, she'rga boshqacha ruh baxsh etishgami erkin satrlarni singdirgan. Hattoki, bir so'z ham bir misra vazifasini o'tab, she'r ohangdorligini yanada kuchaytirgan. Bu tajribani u «Zangori ovoza» nomli birinchi kitobimga muharrirlik qilganida menga ham o'rgatgan edi. O'sha-o'sha, «barmoq»dagi she'rlarimda hozirgacha, o'rinli bo'lsa so'zlarni, satrlarga sochib yuboraman.

Ha, Shavkat Rahmon she'riyati mavzulari asrlar, yillar, lahzalar ichra o'qiladigan she'riyat. Shunday, haqiqiy san'atga aylangan asarlar qo'ldan-qo'lga, yurakdan-yurakka kechaveradi. U o'lmas she'riyatdir.

Sevimli shoirimiz Shavkat Rahmon o'zining she'rlariga qanchalik talabchan bo'lgan bo'lsa, o'zgalarning ham qo'lyozmasiga shunchalik sinchkov ko'z tashlar edi. G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir bo'lib ishlayotganida unga berilgan qo'lyozma bo'sh, badiiy zaif bo'lsa, muallifi kim bo'lishidan qat'i nazar, qaytarardi, — muharrirlikdan bosh tortar edi. U she'riyat bo'limi mudiri vazifasida ish yuritganida qo'lyozmalarning tozalanish, saralanish davri bo'lgan edi. U Adabiyotning poklanishiga, She'riyat rivojiga Abdulla Qahhor monand o'z hissasini qo'shdi. Ha, Shavkat Rahmon diyonatli, vijdoni pok, o'z vazifasini suiiste'mol qilmas, betakror shoir, odil muharrir edi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi «Do'rmon» ijod bog'i hududidan bir qancha ijodkorlar uchun «dala hovli» qurishga yer ajratganda, Shavkat Rahmonga ham joy berilgan edi. Men ko'p bor guvoh bo'lganman, uy qurish uchun tuproqni bir o'zi belkurak bilan qazigan. Charchaganidan zaxda yotib ham qolardi. Oqshomlari ko'pincha mening avtoulovimda shaharga qaytar edik. Yo'l suhbatimiz adabiyot va oilamiz kelajagi mavzusida bo'lar edi. Shavkat aka oilasini qadr­lar, sevar edi. Har bir farzandining tashvishida yashar edi. Shoda-shoda terlari singigan o'sha dala hovlida bugun Shavkat Rahmonning oila a'zolari, ayoli Manzura opa boshchiligida istiqomat qilishmoqda. O'sha bog' hovli va Vatanimizning cheksiz sarhadlaridan shoirning mag'rur she'riy ovozi taralayotir. Ha, haqiqiy she'riyat, o'z ovoziga ega. Shoir ovozi asrlar osha jaranglab turaveradi.

Tursun Ali

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 5 =