Katta adabiyotning qarichi

“Hali ko'-o'p qabul qilinmaydigan asarlar yozaman”, — deydi taniqli yozuvchi va dramaturg Sharof Boshbekov

Aksariyat odamlar o'zi, bolalari, oilasi haqida qayg'urishdan ortmayotgan bir paytda, millat dardu tashvishlari haqida ku­yinib o'ylayotgan, uning quvonchidan sevinib, qayg'usidan tashvish­lanayotgan bir toifa odamlar bor. Ular millatning oydinlari – chinakam yozuvchilarimizdir. Aslida til masalasi, adabiyot, madaniyat, ma'naviyat faqat yozuvchi yoki shoirning yelkasidagi “xurjun” bo'lmasligi kerak. U har birimizga daxldor masaladir.

Bugun gazeta va kitob o'qimay qo'ygan avlod oldida biz o'zimizni qanday ovutamiz? Yoki kitob o'qish hisini boshqalarga, butun bir millatga yuqtirish uchun yana qancha zamon kerak bo'ladi? Yuqoridagi kabi savollarga javob olish maqsadida yozuvchi va dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbatlashdik.

Yozuvchi haqida qisqacha so'z: iste'dodli yozuvchi va dramaturg Sharof Boshbekov 1951 yili Samarqandda tug'ilgan. U dastlab, hikoya janrida o'z iste'dodini sinab ko'rgan. “Tushov uzgan tulporlar” (1983), “Eshik qoqqan kim?” (1987) kabi komediya, “Temir xotin” pyesasi, (1989), “Taqdir eshigi” dramasi, “Eski shahar gavroshlari” (1998) kabi jiddiy komediya yaratdi. Yozuvchining “Charxpalak” nomli asari asosida ishlangan 60 lavhali videofilmi ham mashhur. Adibning “Temir xotin” asari 1989 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining M.Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq deb topildi. 1990 yilda esa unga Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.

— Sharof aka, gazetamizda xush ko'rdik. Keling, suhbatimizni bugungi kunda matbuotning xalq, hatto intellegensiya orasidagi yo'qolgan o'rni haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak. Nima uchun jamiyatda matbuotga, ijodkorga nisbatan ishonch­sizlik, befarqlik paydo bo'lmoqda? Bu ishonchsizlik, befarqlik, matbuotda chiqayotgan materiallarga munosabatning deyarli yo'q darajadaligi, ijod ahlining asarlarini esa o'qimaslik, yohud ko'ngildagidek mutolaa etilmayotgani shaklida yuzaga chiqmoqda. Bu kabi holatlarning asl o'zagi sizningcha qaerda?

— Esimda, mendan ikki yosh katta opam qo'shni rayonga turmushga chiqib ketgach, borgan joyida bir muddat kolxoz pochtasida mudir bo'lib ishladi. Ishxonasiga borganimda kattagina xonaning o'rtasida “Mushtum”, “Saodat”, “Sharq yulduzi”, “Gulxan”, “Guliston” degan jurnallar xirmon bo'lib uyulib yotardi. Gazetalarni-ku, qo'yaverasiz! “Lenin uchquni”(Hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi)dan tortib rasmiy gazetalargacha qop-qop kelardi. Gohida “Texnika i molodyoj” degan o'rischa nomlar ham ko'zga tashlanib qolardi. Kolxozda-ya! Tog'-tog' gazeta-jurnal peshinga qolmay tarqatib bo'linar edi. Shularning bari o'qilardi. Opamning “Engil kavaleriya” degan 8-10 kishilik velosipedli “armiyasi” bo'lardi.   Bular “Pochtalon Pechkin”lar. Kolxozning u chekkasidan bu chekkasigacha 15-20 kilometr bo'lib, velosipedsiz sira iloji yo'q edi, gazeta, jurnal va xatlarni tarqatardilar. Xullas, pochta xizmati yaxshi yo'lga qo'yilgan edi.

Keyingi yilarida boshqa sohalar kabi bu xizmat turi ham tanazzulga yuz tutdi. “Pochtalon Pechkin”lar yo'q bo'ldi. Velosipedlar ham qayoqqadir gumdon qilindi — kambag'alchilik. Bugungi kunga kelib, pochtada bittagina shtat qoldi, mudir ham o'sha, “Pochtalon Pechkin” ham o'sha, sanoqli gazeta-jurnal kelganda tushirib-ortuvchi ishchi ham o'sha.

— Ha, matbuot pochta xizmati bilan uzviy bog'liq. Bugun bu sohaning hatto nafas olayotgani ham sezilayotgani yo'q.

— Ha, bu savolga beradigan eng og'riqli javobim shu yerda!

Men “Shifo-info” nomli tibbiy gazetaga rahbarlik qilaman. Bir payt­lar 65-70 ming nusxada chop etiladigan gazeta bugungi kunda 7-8 ming­ga tushib qoldi. Tumanma-tuman, qishloqma-qishloq yurib, muammoni o'rganib chiqdim.

— Ko'ngilochar gazetalar-ku mayli, “Shifo-info” tibbiy gazeta, o'z salomatliklaringga shunaqa beparvomisizlar? — deyman.

— Yo'q, aslo! — deb javob berishadi. — Gazetaga gap yo'q. Ayniqsa, bugungiday dori-darmon qimmat zamonda ro'zg'orda ishlatiladigan oddiy kartoshka, karam, sholg'om, oshqovoqlardan malham, darmondoriga boy sharbat va damlamalar tayyorlash haqida ma'lumotlar berasizlar, ming rahmat. Jon-jon deb obuna bo'lardig-u, lekin pochta uzoq, 5-6 kilometr yo'l bosib borish kerak, uyga olib kelib bermaydi. Eshagidan tushovi qimmatga tushyapti-da…

Mundog' o'ylab qarasam, muammoning o'zagi Toshkentda ekan. Gazeta-jurnallarni yetkazib berishga mas'ul ikkita tashkilot bor: biri   “O'zbekiston poch­tasi” va ikkinchisi “Matbuot tarqatuvchi” nomli tashkilotlar. Tarixdan bilamizki, “qo'shhokimiyat”chilik hukm surgan joyda ish yurishmaydi yo inqilob bo'lib, davlat to'ntarishi ro'y beradi yo o'sha joyda ish butunlay o'ladi. Uchinchi yo'l yo'q. “Matbuot tarqatuvchi” nima ish qilishi nomidan ham ma'lum. Lekin “tarqatuvchi” degan nom yetarli emasdek, nazarimda. “Etkazib beruvchi”   (“dostavka”) desak maqsadga muvofiqday tuyiladi. Mazkur tashkilotni “Matbuot yetkazib beruvchi” degan nom bilan butunlay, tag-tomiri bilan qayta tashkil qilish kerak emasmikan?

Shu paytgacha pochtaning asosiy vazifasi pensiya tarqatish bo'lib kelgan. Lekin hukumat bu vazifani pochtadan olib, banklarga topshirganidan so'ng, negadir, pochtaning “qo'li ishga bormay qoldi”. Buni poch­tamizdagilarning o'zlari ham tan olishadi.

Sizga kim aytdi, matbuot ishonchni yo'qotgan, deb? Axir, odamlar matbuot ko'rmay o'tib ket­yapti-ku! Qanday qilib ishonchni yo'qotish mumkin? Oxirgi 20-25 yil ichida butun boshli gazeta o'qimaydigan avlod yetishib chiqdi! Ulardan nima kutamiz? Mayib ma'naviyat va noetuk axloq! Haliyam ota-bobomizdan o'tib kelayotgan genlarimiz baquvvat va to'g'ri ekan, aks holda nomi odam-u, asliyati noma'lum bir jonzotga aylanib qolgan bo'lardik.

“Majburiy obuna” degan gapdan voz kechib, “Ixtiyoriy obuna” degan iborani ishlatish kerak. Ba'zilarga farqi yo'qday tuyilishi mumkin, lekin yaxshilab o'ylab ko'rilsa, yer bilan osmon qadar farqi bor. Gazeta-jurnallarning odamlar qo'liga yetib borishini ta'minlasak, tiraj masalasi ham, obuna masalasi ham ortiqcha kuchanishlarsiz hal bo'ladi. Tabiiyki, xalqning ma'naviyati ham bir pog'ona ko'tarilgan bo'lar edi.

— Bugun jamiyatda yozuvchi va millatparvar ziyolilar yuragining pulsini jonlantirish, kuchaytirish uchun nimalarga e'tibor qaratish kerak? Ijodkorni bugun nima tashvishlantiradi?

— Boshqalarni bilmadim-u, lekin men ikkita sabab bor, deb o'ylayman. Birinchisi, tilimiz masalasi. Lotin alifbosiga o'tish o'lda-jo'lda bo'lib yotibdi. Televideniemiz shevalarga (ko'proq Toshkent shevasiga) to'lib-toshgan. Goh-gohida rus tiliga davlat tili maqomini berish tarafdorlari ham bosh ko'tarib qoladi. Shahar aylansam, ko'chalardagi ajnabiy tildagi peshlavha va boshqa yozuvlarni ko'rib, “Matbuotda shuncha yozdim, radio-televidenieda shuncha gapirdim — foydasi yo'q ekan” degan tushkun kayfiyatda, ezilib uyga qaytaman. So'nggi paytlarda ko'chaga chiqmay ham qo'ydim…

Men qadimdan sekin yozaman. Pyesa yoki kino­ssenariy yozish uchun menga yillar kerak bo'ladi. Qalam haqi bo'lsa… Shu masalada ijtimoiy tarmoqlarda bir narsa yozgan edim: “Ilgari (sovet davrida) qalam haqining ko'pligidan, odamlarning hasadini keltirmaslik uchun bu haqda og'iz ochmasdim. Bugunga kelib, qalam haqining ozligidan, odamlarning rahmini keltirmaslik uchun jim yuribman.”

Hasad bilan havasning nima farqi bor? Deyarli farqi yo'q, ikkalasi ham — orzu. O'sha odamday bo'lishni orzu qiladi kishi. Faqat hasad — yomon ko'rib orzu qilish, havas — yaxshi ko'rib orzulanish. Men, negadir, “Yosh kitobxon” tanlovi g'oliblariga mashina sovg'a qilishsa, sira-sira havas qilolmayman. O'zimni majbur qilib zo'rlasam ham, qora terga botib qanchalik chiransam ham — ko'nglimga havas degan narsa mehmon bo'lmaydi. “Omadini bersin!”, “Haloli bo'lsin!” deya olmayman. Nima, men shunchalik ichi qora, boshqalarni ko'rolmaydigan odammanmi? Axir o'shalar men va menga o'xshagan yozuvchilarning kitobini o'qib mashinali bo'lyapti-ku! Ko'za sindirgan aziz-u, suv keltirgan xoru zor, degan maqolni bot-bot esga olaman, xolos!

— Ha, to'g'ri aytyapsiz. Yozuvchi emas, uning kitobini o'qigan odam ko'proq rag'batlantirilyapti. Yozuvchi esa birorta nashr gonarar beraman desa, quloqlariga ishonmay qoladi. Chunki bu hech qachon ro'y bermaydigan hodisadek tasavvur uyg'otmoqda ijod ahlida. Xolbuki,   O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida mualliflik gonorari to'lashni qonuniy asosda ta'minlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab berilgan edi…

— 2011 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida o'n yillik mehnatim samarasi bo'lgan oltita kinossenariydan iborat “Musofir bo'lmaguncha” nomli kitobim nashr etildi(13 bosma toboq). Qalam haqi esa… Aytishga uyaladi odam…qo'limga tekkani 470 ming so'm…

2017 yilda “O'zbekiston” nashriyoti 20 qismdan iborat “Charxpalak” teleserialimni 5000 nusxada chop etdi (18 bosma toboq). Qalam haqi ancha “ko'p” — to'rt yarim million so'm (soliqlardan tashqari, “tozasi”). Uning ham bir yarim millionini oldim, qolgan uch yarim million so'mini kitob yuz foiz sotib bo'lingandan keyin olar ekanman. Xudo biladi, omborxonaning qaysidir burchagida bitta kitob qolib ketgan bo'lsa-da, “hali 100 foiz sotilmadi” deb bahona qilishlari ham mumkin-ku. Mustaqillik yillarida eng ko'p olgan gonorarim Madaniyat ishlari vazirligidan bo'ldi. O'zbek davlat drama teatrida Olimjon Salimov sahnalashtirgan “Yer baribir aylanaveradi” pyesam uchun qo'limga 14 yarim million so'm tegdi!

O'zbekistonni ulkan qimorxona­ga aylantirib yuborgan telekanallarda qimorga tikilayotgan 40-50 million so'mlar, mashinalaru ikki xonali kvartiralar oldida ijodkorning topgani “sdacha” — qaytimga o'xshaydi! “Charxpalak”ni yozishga to'rt yil umrimni sarfladim (orada insult ham bo'lib oldim). “O'zbektelefilm” suratga olish uchun sotib oldi. Olgan   qalam haqimni erinmay cho'tlab chiqdim, oyma-oyiga hisoblaganda bitta maktab qorovuli maoshidan ham kam bo'larkan! Yozuvchini xo'rlash bundan ortiq bo'lmas!..

Biz “Pul muhim emas, muhimi — ijod!” degan ruhda tarbiyalangan ekanmiz, endi kapitalistik munosabatlar bilan yashashga to'g'ri kelganda ma'lum bo'ldiki, pul sanashni bilmas ekanmiz. Pul sanashni bilmagan odam pul ishlatishni ham bilmaydi.

“Ijodkorlar yuragining pulsi sust urayapti” deysiz, sust bo'lsayam urib turganiga shukr qilib yashayapmiz. Xudo ko'rsatmasin, umuman urmay qo'­yishi ham mumkin-ku!

Och qoringa ashula aytish mumkin, xolos. Hofiz to'q bo'lsa ovoz yaxshi jaranglamaydi. Rahbariyat ham buni yaxshi biladi, shekilli-da…

— Siyosiy-ijtimoiy hodisalar yozayotgan asarlaringizga ta'sir qiladimi?

— Juda qiziq hol. Mamlakat siyo­siy-ijtimoiy harakat yo'lining kes­kin burilish nuqtalaridagina zalvorli asarlar yozilib qoladi. Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menda shunday bo'lgan. 1988 yil. Sobiq SSSRning umri oxirlab, o'lim to'shagida yotgan paytlar. Butun amaldorlar olami, “Endi mening taqdirim nima bo'ladi?” degan talvasada. Hamma o'zi bilan o'zi ovora bo'lib yotgan vaqtda “Temir xotin” degan asar dunyoga keldi. Bunday asarni undan oldin ham, keyin ham yozib bo'lmasdi. Oldin yozsam, sovet senzurasi yo'l bermas, keyin yozsam, “Mustaqillikning falon yiliga kelib o'zbek xotin-qizlarining ahvoli shunaqa xormi?” deb “istiqlol posbonlari” kun bermas edi.

O'zbekistonda prezident almashinuvi paytida ham xuddi shunday ahvol yuzaga keldi: xuddi o'shandagiday amaldorlar dunyosining talvasasi, it egasini tanimaydigan vaziyat. Bu safar “Yer baribir aylanaveradi” nomli asar tug'ilib qoldi! To'rt-besh yil avval shu asarimni Hamza (Milliy) teatrining o'sha vaqtdagi direktori Yoqub Ahmedovga ko'rsatganimda, o'qib chiqib, “O'h-ho', bu pyesani qo'ysak sizni ham, meni ham otib yuborishadi-ku!” degan edi. Rostdan ham o'sha paytda vaziyat shunday edi. Demoqchimanki, ayrim paytlarda asarni yozuvchi emas, mamlakatdagi siyosiy-ijtimoiy vaziyat yaratishi mumkin ekan.

Xalqimizda “Baqiroq tuyaning bori yaxshi” degan gap bor. O'sha “baqiroq tuya” otliq dahshatli sovet senzurasi bo'lmaganida ehtimol Chingiz Aytmatovning mashhur manqurt haqida rivoyati dunyoga kelmagan bo'lar edi. Chingiz og'a bu afsonani “to'siqlarni aylanib o'tish”, “zarbalarga chap berish” asnosida yaratgan.

— Bugun san'atda, adabiyotda katta asarlar yaratilmayapti. XX asr adabiyoti va san'ati esa undan farqli qahramonlarga to'la. Aybni va aybdorni qidiraverib, “nimaga?” degan savoldan charchab ketadi, odam?

— Buni bir so'z bilan izohlash qiyin. Nazarimda, masalaning sababini o'zbekning yalpi savodsizligidan izlash kerak. Prezidentimiz aytganlariday, “…kollejni bitirgan bolalar ishga kirish uchun ariza ham yoza olmaydilar”. Mexanizator, uy bekasi, haydovchi, novvoy, dehqonlarni qo'ya turaylik, biz ziyoli sanaydigan qator yozuvchilar, jurnalistlar, shoirlarning o'zlari savodsizdirlar! Agar yozganlari gazeta-jurnallarda chiqsa, muharrir va musahhihlar xatolarini to'g'rilab bosishadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda muallifning o'zi yozadi va o'zi e'lon qiladi. Savodli yozadigan, besh-o'nta ijodkorni hisobga olmaganda, deyarli yo'q. Ijtimoiy tarmoq deganlari misoli ko'zgu ekan, savodxonlik masalasida millatning sharmandasini chiqarib yubordi!

Ommaviy, yalpi savodsizlik o'rtamiyonalikka olib keladi: o'rtamiyona do'xtir, o'rtamiyona olim, o'rtamiyona muhandis, o'rtamiyona san'atkor, o'rtamiyona adib va hokazo. Yuqoriroq “o'rmalaymiz”: o'rtamiyona deputat, o'rtamiyona hokim, o'rta­miyona korxona rahbari. Adabiyot va san'atni-ku, butkul o'rtamiyonalik bosib ketgan. Bugungi kunda adabiyotimizga Maqsud Shayxzoda, Oybek, Abdulla Qahhor kabi shaxslar yetishmayapti. O'zini zo'r yozuvchi, zo'r shoir deb hisoblaydiganlar ham KATTA ADABIYoT miqyosida qaraydigan bo'lsak, o'zining mahallasidan nariga o'tolmayapti. (O'zimni ham shu safda hisoblayman.)

— O'zbek adabiyotida Sizdan keyingi va Sizday dramaturg(lar)ni bilmaymiz(Ehtimol, yoshlardan chiqib kelayotganlari bordir). Ya'ni, zo'r dramaturg yo'q. Bu xatarli taqchillikni bartaraf etishning yo'llarini qaerdan izlash kerak?

— Nega endi, bor. Lutfulla Mahmudov, Erkin Xushvaqtov, Sanjarali Imomov, Erkin Norsafar kabi dramaturglarimiz bor. Lekin menga noma'lum sabablarga ko'ra bugungi dramaturgiyamiz “ob-havosi”ni ular belgilayotgani yo'q. San'at institutining dramaturgiya bo'limini tamomlagan qizlarimiz — Husnora Ro'zmatova va Muhiba Ismatullayevalar endi-endi bir-ikkita mashqlari bilan ko'zga tashlanib boryapti. Har holda, to'rtta qizdan uchtasi she'r yozayotgan bir davr­da bu qizlarning dramaturgiyadek murakkab sohaga qo'l urishi jasoratdir. Bizda ayollar dramaturgiyasi, bitta-ikkita urinishlarni hisobga olmaganda, yo'q hisobi. Moskvalik do'stlarim — Nina Sadur, Lyudmila Razumovskaya, Mariya Arbatova kabi ayol dramaturglarning asarlariga havas qilardim. Ayol dramaturglar boshqacha yozadilar. Biz, erkaklar, unday yoza olaymiz. Ular dunyoni nozikroq idrok qilishadi…

Odatda dramaturgiya bilan universitetning jurnalistika yoki filologiya bo'limini bitirganlar shug'ullanib kelishgan. Endi shu sohaning o'zining ichida, ya'ni San'at institutida dramaturgiyani o'qitadigan, o'rgatadigan maxsus bo'lim ochildi. Adabiyotning boshqa turlaridan — proza, she'riyat — kirib kelganlar teatrdek begona olamga moslashishi ancha qiyin kechardi. San'at institutida aktyorlar ham, rejissyoru sahna bezak­larini ishlovchi rassomgacha — shu yerda. Bir so'z bilan aytganda, dramaturgning shakllanishi uchun barcha zarur sharoit mavjud.

Lekin baribir, o'zbek dramaturgiyasining kelajagi haqida bir narsa aytolmayman…

— His-tuyg'u, aql, tafakkur — bugungi kun ijodkor yozuvchilarida qaysi biri ustunlik qilayapti?

— Menimcha, sovet davridan meros bo'lib qolgan “qo'rquv instinkti” ustunlik qilyapti. Shuning uchun ham tomosha asarlarimiz — kino va teatrimizda bitta mavzu bor — TO'Y! To'y oldi, to'ydan ke­yingi mojarolari, qudalar munosabatlari, farzandsizlik, pul, qarz, tog'oralar, xiyonat, turli kasalliklar (rak, insult, infarkt)va hokazo va hokazolar. Ijodkorlarning o'zini juda “dadil” hisob­laganlari sovet davrida “yopiq” bo'lgan — “narkomaniya”, “odam savdosi”, “fohishabozlik” kabi mavzularda (islom dinini yomonotliq qilish evaziga) yozishyapti. “Ruxsat etilgan” mavzular shu, xalos! Hokimiyat “oq yo'l tilagan” mavzularda asar yozish uchun katta ijtimoiy jasorat talab qilinmaydi…

— O'tgan asrning 50-60 yillari, ancha-muncha uysiz-joysiz yozuvchi-shoirlar Shuhrat, Maqsud Shayxzoda, Turob To'la va Zulfiyalarning uyida turib Toshkentning etagini tutgani haqida biz ko'p eshitganmiz. Bugun 3-4 talab uy eksponati yig'ayotgan ayrim ustoz ijodkorlarning yoshlarga qayishmayotganini, “Holing nima kechyapti?” deb qiziqmasliklarini qanday tushunish mumkin? Bu bora-bora ijodkor xalqida ham qalb qattiqlashayotganidan dalolatmi yoki oldingi ustozlarda tantilik, mehribonlik, ko'ngilchanlik sindromi kuchli bo'lganmi?

— Bugun hamma narsa moddiyatga bog'liq bo'lib qoldi. Hatto oddiy odamgarchilik, mehr-muruvvat ham. Maqsud Shayzodaning yoshlarga ko'rsatgan muruvvatlari haqida afsonalar yuradi. Talabaga pulni shundoq bersa, olmaydi. Kambag'al bo'lsa ham g'ururi bor. Shunda Shayx aka bir hiyla o'ylab topadi: bir so'm chiqarib, “Bolam, yugurib borib anov do'kondan bir pachka “Belomor” opkeling!” der ekanlar. Jabborqulda jon bormi — haligi talaba uchib borib olib keladi. O'sha davrlarda “Belomor-kanal” degan papiros bo'lar, domla o'shanaqasidan tutatar edilar. Papiros jonivor qimmat — naq 25 tiyin turar edi. Ustoz talabadan bir so'mdan 75 tiyin qaytimini olmas, yetmaganiga koyib ham berardilar:

— Buni nima qilaman?

— Qaytimi, ustoz…

— Nima, men gadomanmi, tanga-chaqa berasan, cho'ntagingga solib qo'y! — deb jo'nab qolar ekanlar.

Yotoqxonada yashaydigan talaba uchun bu katta pul — uch buxanka non keladi. Tramvay 3 tiyin, trolleybus 4 tiyin, metro 5 tiyinligini hisobga olganda ustozning qaytimi oylik maoshday gap bo'lgan. Shundoq qilib, Shayx aka bir kunda 5-6 pachka papiros “chekib qo'yarkanlar”.

Abdulla Qahhor “Ayajonlarim” pyesasi uchun to'langan qalam haqiga bitta “Pobeda” rusumli mashina olgan ekan. Qolganiga (qolibdi ham!) mashinani “yuvishibdi”.

Hozirgi ustoz yozuvchilarning o'zlari yarim och-yarim yalang'och-ku, yoshlarga qanaqa muruvvat ko'rsatishsin? Yuqorida aytganimdek, hozirgi davrda “yaxshi odam” bo'lish uchun ham pul kerak! Shayx akaga o'xshab, hech qursa papiros olishga bir so'mi bo'lishi kerakmi?

— Yozuvchi shaxsiga imtiyoz beradigan qaysi sifat va fazilatlarni ulug'laysiz?

— “Ha, bu noyob hodisa” desam, u-bu narsa yozib yuradigan odam sifatida o'z shaxsimga nisbatan alohida e'tibor, imtiyozlar talab va ta'ma qilgan bo'laman. Bu manmanlik, kibr sanaladi. Ijodkorning shaxsi, e'tiqodi, qarashlari vijdon degan prinsipga bo'ysunishi lozim, deb o'ylayman.

Bilasizmi, o'zbek tilida bir SO'Z bor, uni dunyo xalqlarining hech bir tiliga tarjima qilib bo'lmaydi. Bu so'z — QANOATdir! Qanoat bu — sabr-toqat qilib yashash degani emas, boriga shukr qilib yashash ham emas. Qanoat — bir to'g'ram qotgan non bilan bir piyola qaynagan suvga ham BAXTLI BO'LA OLISh fazilatidir. Qanoati yo'q odamga butun dunyoning duru gavharini oyog'ining ostiga to'kib tashlang — baribir yana nimadir yetishmaydi-da! Shunday ekan ana shu ulug' fazilatdan qo'ymasin!

— O'z shaxsingiz va ijodingiz haqidagi to'xtamlarni ovoz chiqarib fikrlay olasizmi? Sharof Boshbekov haqida Sharof Bosh­bekov nima deydi?

— G'alati savol…

Yoshligimda (ulg'ayib qolganimda ham) o'rtoqlar bilan cho'milgani borardik. Suzib ketayotib yo charchabmi, yo suv o'tlariga o'ralashib qolibmi holdan toyganimda, “endi tamom, umrim shu yerda tugar ekan” deb darrov taqdirga tan berib qo'ya qolardim. Jon-jahdim bilan tipirchilab, shovqin solish degan gap yo'q, jimgina kafanlashlarini kutib yotaverardim. Endi o'ylayman, o'zingning joningni saqlab qolish uchun kurasholmaysan-u, boshqalar uchun kurashishni kim qo'yibdi senga!

Ijodimga keladigan bo'lsak, men hech qachon “buyurtma asar”   (zakaz) yozmaganman. Bunday asarlar yozganman, lekin u yuragimning “buyurtmasi” asosida dunyoga kelgan. Yaqinda G'afur G'ulom nashriyotiga 6 ta kinossenariy 4 ta pyesadan iborat “Qabul qilinmagan asarlar” nomli kitob qo'lyozmasini topshirdim. Mazkur to'plamga, nomidan ham ma'lumki, “O'zbekkino” va Madaniyat ishlari vazirligi qabul qilmagan asarlar kiritilgan. Nima uchun qabul qilinmadi? Chunki, ularning hech birida “Sen bo'lmasang pisharmidi pomidorlar, partiyam!” qabilidagi hamdu sanolar o'qilmagan. Xudoyim sog'liq berib tursa hali ko'-o'p “qabul qilinmaydigan” asarlar yozaman…

— Maroqli suhbatingiz uchun barcha “Hurriyat” muxlislari nomidan tashakkur bildiramiz.

Go'zal Begim suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + sixteen =