G'ayb haqi

Karantin kunlarida xatolarni anglab, uni tuzatish, har onimiz, har kunimizga shukrona keltirishni ancha o'rgandik. Opa-ukalar kunda-kunora qo'ng'iroqlashib, bir-birimizga mehrimizni tortiq etdik. Suhbat yakunida o'zingizni ehtiyot qiling, deya tayinlash doimo yodimizda turdi. Chunki aksariyat hollarda odamiylikning oliy hadlari unutilayozgan edi-da!

 

Hamma o'z qobig'iga kirib olgan, hatto atoyi xudo mehmon ham yoqmay qolgan paytlar… Holbuki, “Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan”, derdilar rahmatli Qunduzoy momom. “Mehmon atoyi xudo”, chehrangni ravshan etib kutib ol, derdilar onaizorim. Qaynonam Sayyora aya esa: “Mening qozonimning zango'la (qo'ng'iroq)si bor”, deb zavqlanib kulardilar mehmonni ko'rib. Virus balosi ofat bo'lib keldi-yu, o'sha kunlarning qadrini angladik. Bu rost.

Bolaligimizni eslayman. Onam rahmatli shirmoy nonlar yopardilar-da, eng chiroyli bo'lib pishgan nonni qo'shniga ilinardilar. O'sha paytlarda ham sharoiti og'irroq, ehtiyojmand oilalar bor edi. Ba'zan “biroz yog' bering”, “bir piyolacha guruch bering”, deb keladiganlarni hech qachon eshikdan quruq qaytarmaganlar, asosiysi, og'rinmaganlar. Aksincha, kelgusi safar xaridlarida qo'shni uchun biroz guruch qo'shib olar edilar. Har kecha qanday taom pishirmasinlar qozonga tushgan cho'michning birinchisi “g'ayb haqqi” uchun kosaga suzilardi.

— Ona, nega bu ovqatni suzib qo'yasiz? Kimga bu? — so'rardim azbaroyi qiziqib.

— Bu “g'ayb haqi”. Ochiq eshik, kimdir kirib kelishi bor, — derdilar onaginam yuzlariga tabassum inib.

Hayron bo'lardim. To'g'risi, ba'zan e'tiroz ham bildirardim. Chunki, otam o'n yil to'shakda yotiqli bo'lganlar. O'zimiz ham jo'jabirdek jon. Juda to'kin yashamasdik. Ammo oilamizda fayz, dasturxonimizda baraka bor edi.

Boshqa qishloqqa kelin bo'lib tushdim. Qaynonam — oyijonim qattiqqo'l, mehnat qilib charchamaydigan, biz to'rt ovsinni ham qamchindek qo'lida zich ushlagan ayol edilar. Boshida juda qo'rqib turganman. Chunki onam o'ta muloyim, hech qachon baland ovozda gapirmagan, juda ko'ngillari bo'sh edi-da…

Yangi xonadon tartib-qoidalarini o'rganish jarayoni. Kelin bo'lib tushganimga 2-3 oylar bo'lib qolgan. Kuzataman. Har kech dasturxonni yozib ovqatni suza­digan vaqtimizda turmush o'rtog'imning amakvachchalaridan biri Azim aka kelib qolardi. Bu har kun takrorlanardi. Azim amaki sal kasalmandroq bo'lgani uchunmi, yoshligimga boribmi, o'sha kishini kelishini uncha xush ko'rmasdim. Shunday kunlarning birida barvaqtroq ovqatni suzib, tezroq dasturxonni yig'ishtirishni rejalash­tirdim.

— Tezroq, tezroq dasturxon atrofida o'tiringla-a-ar… Ovqatni suzaman. Bo'lmasa hozir yana o'sha Azim amaki paydo bo'ladi, — dedim. Ammo bu gapim oilamizdagilarga shunchalik qattiq tegishini o'ylamagan ekanman. Ovqatni suzib dasturxonga tortdim. Biror kishi na qaynonam, na qaynotam, na turmush o'rtog'im hech kim ovqatga qo'lini urmadi. O'sha kuni negadir Azim amaki ham kelmadi. Yig'lab yubordim. Idish-tovoqlarni yig'ishtirib oshxonaga ketdim. Ortimdan ergashgan qaynonamni ko'rib hozir urushib beradilar, deb o'ylab turgandim. U kishi esa,   yig'idan qizargan ko'zlarini artib bosiq ovozda gap boshladilar.

— Azimjon dadangizning ukalarini farzandi. Rahmatli onasi — ovsinim shuni g'amida o'tib ketdilar. U ham sog'lom tug'ilgan edi. Ehtiyotsizlik tufayli qattiq yiqilib, shunday ahvolga tushib qolgan. U bizga ovsinimdan omonat. Azimjonning rizqini Olloh bizning das­turxonimizga qo'shib bergan. U kelmasa, balki uydan baraka qochar, — dedilar.

O'ylamay gapirib qo'ygan gapimdan biram uyaldimki, nima qilib bo'lsayam xatomni tuzatish haqida o'ylardim. Azim amaki bir haftalar biznikiga kelmadi. Oyijonim aytganlaridek, o'z-o'zidan uyda baraka qochgandek bo'ldi. Turmush o'rtog'imning ishlari orqaga ketdi. Qaynotam og'rib qoldilar. Bir beton yog' ag'darilib to'kilib ketdi. Tuppa-tuzuk tuxum tug'ib turgan tovuqlar tuxum bermay qo'ydi. Endi Azim amakidan xabar olaman, deb “katta hovli”ga (qaynonam kelin bo'lib tushgan joylarini shunaqa atardilar) borayotuvdim, qarasam bizni darvoza tomonga qaramasdan Azim amaki o'tib ketayaptilar.

— Amaki-i!!! — chaqirdim. U kishi to'xtab. Ortga qaytdilar. Dasturxon yozib, mehmon qildim. Yashirib qo'ygan konfetlarni chiqardim, kamiga bitta chiroyli ro'molcha va paypoq sovg'a qildim. U kishi ham xursand, o'zim yuz chandon quvondim. Ishoning, uyimizga yana fayz-baraka qaytdi. Hozir Azim amakining ikki nafar o'g'illari, nevaralari bor. Bir o'g'illari Amerikada yashaydi. Shu bemor odamga turmushga chiqqan ayol mening nazarimda jannatiydir.

Negadir, bolaligimiz, yoshligimizda sodir bo'lgan har bir voqea hikmatdek tuyuladi, shu kunlarda. O'ylarim oxirlamay turib darvoza taqillab qoldi… Kim ekan-a? Kim bo'lsayam, rizqi-nasibasi yetaklab kelgan g'ayb mehmon… Balki uyga kirmas, ammo u mehmonni atoyi xudo, deb kutib olishim kerak…

Mohira Shakarova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − one =