Ayol — eng qudratli tarbiyachi

Bugun matbuotda ta'lim tizimi, farzandlar tarbiyasi haqida turli fikr-mulohazalarga boy materiallar keng yoritilmoqda. Ayniqsa, aksariyat hollarda salbiy-tanqidiy chiqishlar ko'paydi. Xo'sh, aslida ta'lim-tarbiya uchun kim mas'ul?

Ushbu masala   yuzasidan senator, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi a'zosi, falsafa fanlari doktori Abira Xuseynova fikrlari bilan qiziqdik.

— Biz ta'lim va tarbiyadagi oila-mahalla-maktab uzviyligini ta'minlamas ekanmiz, biror natijaga erishishimiz juda qiyin. Ma'lumki, insoniyat qadim zamondan jaholatga, bid'at va xurofotga qarshi ma'rifat bilan kurashishga intilib kelgan. Har qanday nohaqliklarni, yomonliklarni yengish usuli — ma'rifat usuli bo'lib, u hozirgi davrda, ya'ni XXI asr ibtidosida g'oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Millatni ma'rifat tarbiyalaydi. “Yaxshi tarbiyalangan qalb va vijdon hech qachon egasini sharmanda qilib qo'ymaydi”, deb ta'kidlagan edi “Turkis­ton jadidlarining otasi” Mahmudxo'ja Behbudiy. Ushbu fikr­­ni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilganda, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrof­­da yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish bugunning dolzarb vazifasi ekanligi ayon bo'ladi.

Mutafakkir fikridagi “egasini” degan so'zga e'tibor qaratadigan bo'lsak, bu nafaqat ota-ona, balki mahalla, ta'lim muassasasi, butun jamiyat ma'nosida ishlatilgan. Behbudiy uchun birinchi o'rinda vijdon turadi. Xo'sh, vijdon nima? Vijdon bu — bizni hidoyatga yo'llovchi mayoq. Aslida ham hidoyat inson hayoti va faoliyatining asosiy mezoni hisoblanadi. Inson hayotining maqsadini belgilaydi, hidoyatli odam maqsad sari ezgulik ila shaxdam qadam tashlaydi. Agar insonning hayotida “aql”ga tayanilmasa, vijdon va his-tuyg'ular uchun o'rin bo'lmasa, unda faqat moddiy manfaatlar birinchi o'ringa chiqadi. Har qanday odamiylik, oliyjanoblik, mehru-muruvvat kabi tushunchalarga o'rin qolmaydi.

Hozirgi kunda “Jaholatga qarshi ma'rifat” shiori mutafakkir jadid Behbudiyning “Yaxshi tarbiyalangan qalb va vijdon hech qachon egasini sharmanda qilib qo'ymaydi” degan fikriga juda hamohangdir.

Inson ikki yo'l bilan tarbiya topadi. “Birovlarning bevosita ta'siri, ya'ni o'rgatishi, shuningdek, donolar fikrlari, o'gitlari va asarlarini o'qish orqali, inson o'zining fikrlashi, odamlar xatti-harakatidan, qilgan va qilayotgan ishlaridan tegishli xulosalar chiqarib olishi; eng qudratlisi esa — tafakkuri vositasida tarbiyalanishi mumkin”, degan edi tarbiyashunos olim Safo Ochil.

Insonni tarbiyalovchi omillarning ikkinchi bo'g'ini, ma'naviyatni chindan ham qudratli kuchga aylantirishning yo'l-yo'riqlari, oddiy qilib aytganda, inson qalbiga yo'l. Chunki, inson fitrati toza bo'lib tug'iladi va u pokiza hamda sog'lom muhitda ulg'aysagina asliyatini saqlab qoladi. Natijada yaxshi va yomon holatlarga o'z munosabatini bildira oladi. Vijdoni uning hayot o'lchovidir. Agarda u nopok muhitda tarbiyalanib, qorong'i ko'chalarda adashib qolsa, u fit­rati pokizaligini saqlab qololmaydi.

Ushbu hidoyat yo'llari inson qalbini poklaydi, vijdonini tozalaydi.

Inson tug'ilganidan tafakkur vositasida tarbiyalanadi. Farzand dunyoga keldimi, u albatta, ushbu vosita ila tarbiya topmog'i darkor.

Ma'lumki, vijdon va qalb pokligi masalasiga eng ko'p ahamiyat qaratgan din Islomdir. Islom dini insonning botini va ichki olamini poklash va go'zallashtirishga eng muhim ishlardan biri sifatida qaraydi. Nahl surasi 9-oyatida shunday deyilgan: “To'g'ri yo'lga hidoyat qilish yolg'iz Olloh izmidadir. Zotan, yo'llar orasida egrisi ham bordir. Agar Olloh xohlaganida sizlarning barchangizni to'g'ri yo'lga hidoyat qilgan bo'lur edi. Lekin u zot sizlarga qaysi yo'l to'g'ri va qaysi yo'llar egri ekanini ko'rsatib, qay bir yo'lni tanlash ixtiyorini o'zlaringizga qo'yib berdi”. Shuningdek, “Ey mo'minlar, agar Allohdan qo'rqsangizlar, sizlar uchun haq bilan nohaqni ajratadigan hidoyat ato qilur” (Anfol, 29).

Ayniqsa, Hadislarda tarbiya, vijdon, birovlarga yaxshilik qilish haqida purhikmat fikrlar mavjud. Hadisda, “Yaxshilik – nafsingiz taskin topib, dilingiz orom oladigan ishdir. Yomonlik yoki gunoh esa, uning aksidir, garchi muftiylar fatvo bersalar ham o'z qalbingizga qarab ish tuting”, deyiladi. Boshqa bir hadisda esa, odamlarga yaxshilik qilish zulmga qarama-qarshi qo'yiladi. “Odamlarga yaxshilik qilish va qarindoshlar bilan yaqin aloqada bo'lib hol-ahvol so'rashib turish — bu savobi tez tegadigan xayrli ishlardandir. Zulm va qarindoshlardan uzilib ketishlik esa, jazosi tez bilinadigan yomon ishlardandir”.

Umuman olganda, Qur'oni karim va hadislarda insonning bu dunyoda bajaradigan ishlari, insonparvarligi, xulq-odob qoidalariga rioya qilishi, vijdoni, qalbi pokligi, xayrli ishlari to'g'risida ko'p gapiriladi. Buni shundan ham bilish mumkinki, Qur'oni karimda yaxshi ishlar va solih amallar — 31 marta, ezgu ishlar — 12 marta, xayr-ehson, sadaqa, mehr-shafqat — 40 marta, hidoyat yo'li — 5 marta tilga olinadi.

Markaziy Osiyo qadimdan ilm maskani, ma'naviyat beshigi hisoblangan. Butun dunyo tan olgan mutafakkirlarimiz, ajdodlarimiz asarlarida ta'lim-tarbiya eng asosiy o'rin egallaydi. Chunki jamiyat taraqqiyoti aynan mana shu omilga borib taqaladi.

Sharq donishmandligida: “Bolang yetti yoshga yetguncha uning aytganini qil, chunki bu davr bolaning aytganini qildiradigan podsholik davri, yetti yoshdan o'n sakkizgacha tarbiyada unga talabchan bo'l, aytganingni qildir, toki ular mehnatga ko'nikma hosil qilishsin. O'n sakkizdan keyin esa, uni o'zing bilan teng ko'r, xuddi o'z do'stingdek munosabatda bo'l”, degan pand-nasihat ham o'zining hayotiy asosga egaligi bilan ajralib turadi.

Ta'kidlash joizki, farzand tarbiyasida ayollarning o'rni beqiyosdir. Shunday ekan, butun mas'uliyatli vazifani bajaruvchi onalar ma'naviyati qay darajada? Oilaviy muhit, er-xotin munosabatlari qanday, ota-ona bola uchun ibrat bo'la oladimi? Ibn Sino o'zining “Tadbir al-manozil” asarida quyidagicha fikr yuritgan: “Xotin kishi bilimli bo'lsin. U dinga ishonsin. Uyatchan, sharmu hayoli, iboli, tabiatan jasur, o'z erini qattiq sevadigan, tug'ish va bola tar­biyasi haqida o'ylaydigan bo'lishi, ezma bo'lmasligi va o'z eriga bo'ysunishi, to'g'ri, kamtar, farosatli bo'lishi kerak”.

Rizouddin ibn Faxriddin “Oila” nomli asarida ayollar haqida shunday yozadi: “Agarda oila kemaga o'xshatilsa, xotun kemaning quyrug'i hukmida bo'lur. Daryoda katta quvvatga ega bo'lgan kema quyruq harakatiga ergashib yurgani kabi, mamlakat misolida bo'lgan oilalarda oila ichida bo'lgan xotun harakatiga ergashurlar. Xotunlari tarbiyali bo'lgan xalq — tarbiyali-yu, xotunlari tarbiyasiz bo'lgan xalq — tarbiyasiz, xotunlari tirishqoq, tadbirkor, irodali bo'lgan xalq — boyu, xotunlari yalqov yoki isrofgar xalq faqir bo'lishi aniqdir”.

Farzandlarimiz ma'naviyati, ma'rifat va madaniyatini yuksaltirishda, asosan, sog'lom muhit muhim rol o'ynaydi. Sog'lom muhit barcha ishlarning to'g'ri hal qilinishiga, maqsad va vazifalarning to'la amalga oshishiga imkoniyat yaratadi. Sog'lom muhit, ayniqsa, ta'lim-tarbiya muassasalari uchun zaruriy muhim shartlardan biridir. Yoshlar, avvalo, uyda, so'ng ta'lim muassasasida ko'rgan-bilgan va tinglagan o'gitlari, olgan saboqlari ta'sirida kamolga yetadi. Bu fikrlardan ko'rinib turibdiki, sharqona axloq-odob va umumbashariy g'oyalarni ongiga singdirib olgan yoshlar yuksak ma'naviyatli kishilardan hisoblanadi.

“Har bir millatning ma'naviy boyligi uning qancha kitob o'qishiga qarab belgilanadi”, degan naql bor. Hozirgi kunda yoshlar ajdodlarimizning yaxshi xis­latlarini o'zlashtirib, hayotning yomon jihatlarini o'zlashtirmasligiga juda ko'p narsa bog'liq. Bu borada oilada kitobxonlikning o'rni bo'lakcha. Afsuski, taraqqiyotning texnologik rivojlanishlari ta'sirida oilalarda yoshu qarining telefonlarga bog'lanib qolishi zamonaviylik emas, aksincha, ma'naviyatni bilib-bilmay tanazzulga yetaklovchi salbiy omil ekanligini unutmaslik kerak.

Mohira ShAKAROVA yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eight =