Mushuk murillaydimi yo xurillaydi?
Qaysiyam yili tarjimachilik muammolari bo'yicha tayyorlangan bir dissertatsiyani o'qib berishimni so'rashdi. Salkam yuz ellik betlik ish bilan tanishib chiqsam, ishonasizmi, bir mahallar men yozgan dissertatsiyadan sahifa-sahifa ko'chirib olibdi-da, undagi ilmiy-nazariy gaplarga boshqa misollarni ilova qilib tayyorlabdi azamat!
O'zining bironta ham yangi gapi yo'q. Muhokama chog'i bu ish tamoman ko'chirma ekanini aytsam, yig'ilganlar hang-mang bo'lib, dissertantga yuzlandi. Shovvoz yigit esa bizlarga qarab, ajablangan ko'yi, savol berdi: “Nima, ko'chirish mumkin emasmi?”
O'shanda biz kulgan edik. Hozir esa bu oddiy gap bo'lib qoldi. Epini qilganlar ko'chiryapti, “hoy, noinsof!” deb tovush chiqargan odamning unini o'chiryapti. Insof nima degani, buning ma'nosini biladiganlar kam qoldi.
“Buukmedianashr” degan bir nashriyot ochilibdi, garchi nomi chulchutcha bo'lsa-da, yaxshi ish boshlab, “Jahon bestsellerlari” degan ruknda Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov kabi adabiyot daholarining asarlarini paydarpay chiqarishga tushibdi, hatto lug'atlar ham chop eta boshlabdi.
Koshkiydi, deysiz, boshqa nashriyotlar ham oldi-qochdi romanlaru, o'zi qashshoq adiblarning “qanaqa qilsa odam boyib ketishi” haqidagi pultopar kitoblarini hadeb chop etavermay, mumtoz asarlarga shunaqa e'tibor bersa.
Ana shularni mulohaza qilib, “Buukmedianashr” bosib chiqargan A.Chexovning, F.Dostoyevskiyning bir xilda “Eng sara asarlari” deb nomlangan kitoblarni ko'zimni chirt yumib turib sotib oldim.
Nega, yo shu paytgacha bu asarlarni o'qimaganmidingiz, deysizmi?
O'qigandik, ammo Chexov hikoyalarini Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy kabi mashhur adiblar, Dostoyevskiy romanlarini esa Ibrohim G'afurovday qalam ustalarining talqinida xatm qilgan edik-da. Bu gal esa hali nomi uncha tanilmagan Shahnoza Asad otli ayol Chexov hikoyalarini, Gulchehra va Gulbahor Azimova degan xonimlar esa Dostoyevskiy romanlarini o'girishipti. Tarjima ilmida, mumtoz asarlar har bir yangi davrda yangicha nigoh bilan o'qiladi, degan bir ko'zqarash bor. Ko'raylik-chi, bu yosh qalam ahllari shunday daho adiblar asarlarini bizga qay taxlit taqdim etishgan ekan?
Biroq uyga opkelib, yupqa yaltiroq muqovalaridagi mayda yozuvlarini o'qigach, hafsalam sovib keta boshladi. Bir kitob muqovasi tepasiga “Pokoy i dovolstvo cheloveka ne vne yego, a v nem samom. Anton Chexov” degan iqtibos rus tilida bitib qo'yilibdi. Ajabo, endi Shekspir asarlarini o'girsak, o'zbekcha kitob muqovasiga ingliz tilida, Rustavelini chop etsak – gruzincha, Tagor kitobi ustiga hindcha bir balolarni yozib qo'yishimiz kerakmi? Yo yaponu xitoylar ham kitob muqovasiga Abdulla Qodiriyning biron gapini o'zbek tilida darj etishadigan bo'lganmi?
Shu muqovaning o'zidagi “Kuchukchali xonim” degani nima bo'lsa ekan? O'zbeklar itning bolasini kuchuk deydi, ammo kuchukcha degani… kuchukning ham bolasimi? Qolaversa, ot yetaklagan kishini o'zbeklar “otli odam” demaydi, qo'y haydagan kimsani “qo'yli odam” deb chaqirmaydi, o'g'lini ergashtirgan kishini “o'g'illi kishi” deb atamaydi, bu – o'zbek tilining tabiatiga yot. Undan ko'ra, yarim asr avvalgi tarjimani takrorlab, “Laycha ergashtirgan xonim”, deb qo'yaqolsak, nima qiladi?
Sotishga sotib olib, to'plamdagi hamma hikoyalarni bir boshdan o'qib lazzatlanishga tob-toqatim yetmadi, azizlar. Aslida ham, bir bosh uzumdan bir dona cho'qilab ko'rib, maza-matrasiga baho berish mumkin, hammasini yeyish shart emas. Men bir mahallar rahmatlik Ishoq Razzoqov Chexovning “Chelovek v futlyare”sini sarlavhasidanoq “G'ilof bandasi”, deya qoyilmaqom qilib o'girgan hikoyani deyarli yodlab olgan, bu asarni ming yilgacha eskirmaydigan durdona deb bilardim. Shuning uchun dastlab, o'sha hikoyani qidirib topdim. Qarangki, yo men bilmay ming yilni o'tkazib yuboribman, yo… yana bilmadim – Shahnoza Asad bu hikoyani o'rtamiyona, yozilib bitmayoq unutilishga mahkum asar darajasiga tushiribdi-qo'yibdi. Garchi u ham hikoyaga “G'ilof bandasi” deb nom qo'ygan bo'lsa-da (topqirlikni qarang!), buyog'ida hikoyadagi har bir ruscha so'zni tilimizdagi birinchi ma'nosi bilan almashtirib — ag'darib-to'ntarib tashlabdi. Chunonchi, “vorchatsya” deganini bilasiz, “vaysamoq”, “nolimoq” bo'ladi. Ammo vaziyatga qarab, boshqa so'zlar bilan o'girish ham lozim, albatta. I.Razzoqov boyagi hikoyadagi “Sobaki vorchalis” degan jumlani “Itlar hura boshladi”, deb bergan bo'lsa, yangi chiqqan mutarjimning talqiniga ko'ra, “Itlar vaysay boshlagan” emish.
Ana, bildingizmi, vaysaqi itlar ham bo'lar ekan olamda! Chexovning o'zi tirik bo'lganida, darrov tan berib, “he o'sha, tarjimangga chuchkurdim!” deb aytgan bo'lardi-yov. Yana bir misolda esa “uning yonida oq mushuk kulala bo'lib yotar va murillar edi”, deyiladi. Nimaga desangiz, bu mushuk ruscha kitobda aynan “murlikat” qilar ekan-da.
Yo'q. Jon-jonivorlar har tilda boshqacha tovush chiqaradi. O'zbekning iti vovullasa, rus iti “gavkat” qiladi, uxlayotgan mushuk bizda xurillasa, rus tilida “murlikat” etadi, shu ham – milliylikning bir ko'rinishi.
Men rassom emasman. Shuning uchun bu sohadagi har turli nayranglardan bexabarman. Ammo aytishlaricha, keyingi chorak asrdan beri ayrim ustamonlar biron peyzaj uchun tabiat bag'riga chiqib, molbert o'rnatib, bo'yoq tayyorlab, chizib o'tirmas ekan-da, o'sha manzarani fotosuratga olib, uyda diaproektor orqali mato yuziga tushirib, surat ustini bo'yab, osongina “shedevr” asar yaratisha boshlagan emish… Shunaqa peyzajni san'at asari deb bo'ladimi, bilmadim. Boyagi mutarjim xonimlar ham shu usulga o'tib olishganmi, deyman – oy sayin bir-ikki romanni ag'darib tashlayotibdi!
“Buukmedianashr” mutarjimlarining botir qalami sharofati bilan o'zbek tiliga o'ristaxlit jumlalar kirib kelyapti. Masalan, “Telba” (Dostoyevskiy) romanidagi mana bu telba-teskari jumlalarni o'qigach, personajlarni jinnisang'i bir kimsa bo'lsa kerak, deb o'ylab qoldim. Axir, ularning gapini eshitib ko'ring-a:
“Demak, gap shunday, men sizni nega chaqirdim: sizga taklif bildirmoqchiman, mening do'stim bo'ling” (488). Yo tavbangdan ketay, bunaqa so'zlagan kishidan ko'ra, etigini poyma-poy kiyib yurganlar sog'roq hisoblanmaydimi?
Yana kim biladi deysiz, ehtimol bu tarjimon ayollarning qo'lida hamma narsani so'zma-so'z tarjima qilib tashlaydigan biron kompyuter dasturi bordir? Yo'qsa, hali to'rttagina hikoyani ham o'girib ko'rmagan bu xonimlarga shunday katta romanlarni hash-pash deguncha, o'quvchi qo'liga yetguncha qilib o'girmoq, shunday dilbar hikoyalar gulzorini payhon qilib tashlamoq oson bo'ptimi? Kompyuter dasturi deganimki, yodingizda bordir — “Temir xotin” pyesasidagi Alomatxon Qo'chqorvoyning otini eshitgach, miyasidagi lug'atni ishga tushiradi-da, Qo'chqorni “qo'yning erkagi” deb talqin qiladi. U-ku, bir temir xotin edi, ammo bu tarjimalardagi talqin o'shandan ham beshbattar ekanini yana yangi-yangi misollarni pesh qilib isbotlash shartmikin?
Axir, o'zingiz ayting, biron lug'atda o'risning “trinadsat” degan so'zi boshqa tilga “o'ttiz” (tridsat) deb o'girilganini ko'rganmisiz? Bo'lar ekan. “Kavkaz asiri” hikoyasidagi Jilin va Kostilin degan rus asirlariga yordam bergan Dina – hecham o'n uch yashar qizaloq emas, aslida o'ttizni urib qo'ygan juvon bo'lib chiqdi. Ishonmasangiz, o'qib ko'ring:
“Pribejala devochka – tonenkaya, xudenkaya, let trinadsati i lisom na chernogo poxoja. Vidno, chto doch.”
Ana bunisi esa shovvoz tarjimon xonimning qalamidan chiqqan:
“Ozg'ingina, nozikkina, o'ttiz yoshlar atrofida bo'lgan qiz yugurib keldi. U qorachadan kelgan tatarga o'xshardi. Qizi bo'lsa kerak”.
Demak, qizning yoshi o'n uchda bo'lishi — xato, Tolstoy oqsoqol yanglishgan bo'lib chiqadi. Bunaqa “to'g'rilash”lar bo'la bersa, hash-pash deguncha o'zbek adabiyoti maydonidan Tolstoyning o'zi ham “kovushi to'g'rilanib” chiqib ketishi hech gap emas…
Xo'p, bu yosh qalam sohibalari-ku, xato qilishibdi, shoshib o'girishibdi, deylik. Xo'sh, nashriyot muharrirlari-chi, ular ham shunchalik beparvo bo'lishadimi? Yo, ularning saviya-sajiyasi ham tarjimonlar qatori bo'lsamikin?
Shu savol bilan kitoblarning sarvarag'iga qarasam, aksarining muharriri — Sharif Xolmurodov degan odam bo'lib chiqdi. Sharif akani yaxshi taniyman — bir umr kitob dunyosi ichida yashab kelayotgan halol, kamtar va kamsuqum, sinchkov bir muharrir. Xo'sh, unda… nega?
Ming andisha bilan Sharif akaga sim qoqib, bu gaplarning tagini surishtirdim. Mening qo'ng'irog'imsiz ham Sharif oqsoqolning fig'oni falakka chiqib, jig'ibiyron bo'lib yurgan ekan, yorildi. Bu “Buukmedianashr” deganlari o'nlab kitob chiqarib, ularning ko'piga “Muharrir — Sharif Xolmurodov” deb bitib qo'ya berar ekan.
“Qiziq-ku, — dedim battar hayron bo'lib. — Muharrir sifatida maosh olgandirsiz yoki gonorar berishgandirki, nomingiz darj etilibdi…”
“Yo'q, unday emas, — debdi oqsoqol ranjib. — Men bu kitoblarni chiqib bo'lganidan keyin ko'rdim-ku. Pulini bermasayam go'rga, shu yoshgacha halol ishlab keluvdim. Endi bular tufayli nomimga dog' tushadigan ko'rinadi”.
“Adabiyot uchqunlari”, “Ilm-ziyo-zakovat” singari almoyi-aljoyi, nomidanoq ta'sischisining saviyasi ma'lum bo'lib turgan yana ba'zi bir nashriyotlar bor. Bularning biri yopilsa, boshqasi shumg'iyaday bosh ko'tarib chiqib kela beradi, qancha halol qalam sohiblarining boshini yerga egadi.
Faqat Sharif Xolmurodovni emas, Shodmonqul Salom degan yaxshigina bir shoirimizni ham bular “muharrir” roliga tayinlashgan. U ham xunob.
Bu – Tolstoyni ham, Chexovu Dostoyevskiylarni ham bir pulga olmay, asarlarini esa faqat pul olinadigan manba, deb bilgan bir “uddaburro” noshirning ishi. Xo'sh, kim ekan bunday vallomat, shaharni bedarvoza bilgan, deb so'rarsiz.
Men bu nashriyotni kim ochganligiyu uning ishlarini yuritayotgan kishi qay kimsa ekanligini bilmayman, tanimaganim uchun xusumatim ham yo'q.
Ammo…
Har ishning o'z ustasi bo'ladi, har sohaning piri. Odam ishni shogird tushib o'rganadi, yillar davomida ustoz dakkisini eshitib mahorat kasb etadi. Axiyri, bir hunarning yetuk vakiliga aylanadi, ustozi unga fotiha bergach ish boshlaydi. Busiz esa har maqomga yo'rg'alashga tushadi. “Pullik maktab ochmoqchiman, litsenziya beringlar”; “shifokorlik qilgim keladi, ijozat kerak”, degan bilan shu ishlar bo'lib qoladimi? Ko'ngil, o'z yo'liga. Qoidaga ko'ra, pedagog bo'lmasangiz — maktab eshigi taqataq yopiq, bemorni davolamoqchisiz — shifokorlikka o'qigan bo'lishingiz shart.
Ammo nega endi istagan bir shaxs nashriyot ochmoqchi, gazeta yo jurnal chiqarmoqchi bo'lsa — ommaga axborot tarqatish, ma'rifat va ma'naviyat, xalqning bilimi va saviyasi bilan bog'liq nihoyatda mas'uliyatli bir ishni, istagi borligi uchunoq, unga yo'lni keng ochib berish kerak ekan? Bir bo'lmag'ur muallim ellikta bolani chalasavod qilishi, bir no'noq tabib yuzta odamni noto'g'ri davolashi mumkin. Ammo o'qimagan noshir minglab va o'n minglab odamning ongu shuuriga zaxa yetkazishiga, axloqini buzishiga, saviyasini pasaytirib, didini o'tmaslashtirishiga nega befarq qaraymiz?
Shuning uchun ham mening, bir fuqaro sifatida, fikrim shuki, gazeta, jurnal ta'sis etish, nashriyot ochish harakatidagi odam loaqal filologik ma'lumotga ega bo'lishini talab qilish, bu sohada tajriba va ko'nikmasi bor bo'lsagina litsenziya asosida ish ochib berish lozim.
Allaqaysi chet davlatning falon sohadagi “reyting jadvali”da pastroq o'ringa tushib qolmaslik, ishqilib, azbaroyi har jabhada “o'rtadan yuqori”roq mavqe egallab turish uchun madaniyatimiz erishgan barcha yutuqni barbod qilib, ma'naviyatimiz ildiziga bolta uradigan g'arbcha axloq va qarashlarni qabul qilaversak, bir kun kelib, o'zi o'tirgan shoxga arra tortayotgan kishining holiga tushib qolmaymizmi?
Zuhriddin ISOMIDDINOV