A'zamjon
gA'zamjon Xudoyberdiyevning yoshi 60ga to'lganini o'qib qolib, shoshilinch bir his kechdi: nimadadir kechikkandek bo'ldim. Ha-ya, uning tug'ilgan kunini paxtazorda nishonlagandik. Shungayam 40 yil bo'libdi. Demak, o'shanda u 20da ekan-da. Yillar suronini qarangki, endi bo'y ko'rsatayotgan o'smir bilan sochlariga oq oralab qolgan “yigit” (zamondoshlarimiz o'zlarini oltmishda ham qirchillama navqiron deb hisoblashayapti!)ning surati tasavvurda aslo farqlanmaydi. Xotira bir joyda to'xtab qolgandek go'yo. Holbuki, orada nima gaplar o'tmagandi, o'tmadi?!
Ayni kuz edi. Ona zamin hosil bilan to'lishgan. Talabalar Sirdaryo dalalarida paxta hasharida. Kunlar taassurotlarga boy, gashtli o'tadi. Birinchi bosqich talabalari, ayniqsa, shashtli. Nufuzli o'quv yurtiga qabul qilinganlaridanmi yoki katta kurslar oldida “Biz ham bormiz!” degandek g'o'dayishmi, qadamlar shashtli, oqshomgi she'rxonliklar avjida. Ammo paxta terish degani aslo farog'at emas. Unda ham ko'rinmas musobaqa bor: ixtiyoriy ravishda birov-birovdan ortda qolishni xohlamaydi. Fursat topilganda esa adabiyot haqida suhbatlar, mushoira, yangi mashqlarning muhokamasi. Bu damlarning lazzatini topib bo'ladimi? Dala shiyponida ikki qavatli qilib qurilgan so'rida A'zamjon bilan yonma-yon joy olganmiz, og'a-ini singari “Bir yostiqqa bosh qo'yib…” degandek, paxtazorning ezuvchi zahmatidan keyin dong qotib uxlaymiz. Suyaklarda harorat sovimay, kunduzgi mehnatning charchog'i chiqmay, tong otadi. G'ira-shirada magnitofondan “Nargiz, Nargiz, qalbim ardog'i…” deb boshlanuvchi qo'shiq yangraydi va hamma sovuq suv sepilgandek sakrab o'rnidan turadi. Boshlanadi…
A'zamjon bilan inoqlashib ketganimizga ancha bo'lgan edi. Fakultetga ilk qadam qo'ygan sururli lahzalarda hali bir-birini yaxshi bilmaydigan guruhdoshlarning tanishishi juda hayajonli kechadi. Har xil: bo'y-basti daroz yigitlar, harbiy xizmatni tugatgan askarlar, shu yil maktabni bitirgan, sochiga popuk taqilgan qizchalar yig'ilgandi guruhda. Banogoh u bilan nigohlarimiz to'qnashdi va o'sha lahzadan yaqinlashib ketdik, chamasi. Dars boshlanganda yonma-yon joylashdik. A'zamjon o'zi haqida gapirmas, shuning uchun biroz kechikib o'qishga qabul qilingani sababini bilmayman. Uning tashqi ko'rinishiyoq kishini beparvo qoldirmasdi: tiynatida bir ulug'vorlik yashiringan, faqat u buyuklik lahzalarini kutib yashayotgandek edi (chunki jurnalistika fakulteti “buyuklar ustaxonasi” edi-da). Juda kamsuqum, kamtarligi bu sirlilikni yana oshirar, kursdoshlar unga chuqur samimiyat, botiniy mehr bilan muomala qilishardi.
“Paxta”ga alohida tayyorgarlik ko'rganmiz. Kirza etik, paxtalik bushlatlar sotib olingan. Lekin o'sha yil hosil yaxshi bo'lib, bir oyga qolmay qaytdik. Taassurotlar esa yilga tatidi. Rosti, fakultetda iqtidorli yigit-qizlar yig'ilgandi (an'ana shunday!). Garchi toliqib daladan qaytilsa-da, tunda gulxan yoqib, she'rxonlik qilishga hamma tayyor edi. Tug'ilgan kunlar ham shu davralarda nishonlanardi. A'zamjonning tug'ilgan kuni edi chog'i, ko'tarma ariqdan bir daroz yigit sakrab o'tib, davramizga qo'shildi. “Og'aynim Chori”, dedi A'zamjon. U filfakdan ekan. Mehmon “Sirdaryoning suluv qizi Gulnora” degan she'r o'qigani esimizda qolgan. Bu keyinchalik go'zal shoir bo'lib tanilgan Chori Avaz edi.
Egatlar oralab tentirashlardan toliqqanda birzum tin olinadi va boshlanadi… Bir gal mashqlarimdan o'qidim: “…sovchilarning kelib-ketuvchi yo'li uni boshqa uyga olib ketadi”. “Takrorlang”, dedi A'zamjon. “Sovchilarning…”. Ha, men “sochlaringning…” deb eshitibman. “Go'zal tashbeh bo'lgan ekan”. Tug'ilgan kunida esa “paxtakorona” ziyofat hozirladik, yeng ichida yayradik. Shunda dedi: “Ko'zlaringiz birinchi marta kuldi”.
Paxtadan qaytilgach, bir-birini ancha yaxshi tanib olgan kursdoshlarning iste'dodi sinovi boshlandi go'yo. Shunda kimning kimligi yana ham ochiq bilindi. Sergey Yeseninning tug'ilgan kuniga guruh adabiy kecha tayyorladi. Gazeta chiqarganimiz esimda. Albatta, mushoira, munozara. Ularda A'zamjon juda faol bo'ldi. Nafis she'riyatga sevgisini sir tutib o'ltirmadi. Hali u paytda hammasi noma'lum edi. Hamma umid bilan taqdir ehsonini kutardi. Bir kuni A'zamjon “Qissa yozdim” deb, bir dasta qog'ozni olib keldi. Uning xati juda chiroyli, mayizdek terilgan satrlarni ko'rib, “Hali ikkinchi “Jamila” yozilgan bo'lsa-ya” deb ham havas, ham hasad qildik. U tabelchi haqida ekan. Menimcha, bu asar uning g'aladonida qolib ketdi. Ijod tabiati shunday.
O'zingga yaqin olgan odamingning har bir harakati, qilig'i yodingda muhrlanib qolar ekan. A'zamjon bilan bo'lgan bir mayda gap hech xotiramdan ko'tarilmaydi. Men guruh sardori, imtihon ketayapti. Koridorda hamma navbatda turibdi, bir stul o'tib-qaytishga xalaqit berayapti. Men A'zamjonga “Stulni chetga olib qo'ying”, dedim. Bilmadim, navbatini kutib tajang bo'lib turgan ekanmi, kutilmaganda “Olib qo'ymayman. Nega menga ish buyurasiz?” — deb o'dag'aylab qoldi. Ancha vaqtgacha unuta olmay yurdim. O'zimga yaqin olib qolgan ekanman-da.
Tahsil yillari maroqli, sermazmun o'tdi. A'zamjon adabiy jarayonga faol aralashib ketdi. Ayniqsa, yozuvchi Nurali Qobul bilan ijodiy hamkorligi muttasil, samarali bo'ldi. U Anvar Obidjon, Miraziz A'zam, Ozod Sharafiddinov, Qodir Dehqonov singari turli darajadagi ijodkorlar davrasida bo'lib turishini mamnuniyat bilan ta'kidlar, bu hol bizning havasimizni keltirardi.
Umuman, A'zamjon katta safarga, yuqori darajalarga shaylangan karvondek, to'lishib borardi. Uning 1990 yilda nashr etilgan birinchi to'plami — “Kuzda kulgan chechaklar” o'zbek she'riyatida yangi ovoz paydo bo'lganini tasdiqlagandi. To'plamdagi she'rlarda katta poeziyaga xos barcha unsurlar mavjud. Janrlar (ayniqsa, g'azaldagi izlanishlar muvaffaqiyatli), mavzular rang-barang. Har bir so'z did bilan tanlangan. Satrlarda mayin samimiyat, qisinib-qimtinib turgan, biroq botinida ummon guvlayotgan yigitning qalb tug'yonlari ufurib turibdi: “Ertak aytsang o'g'lingga uxlatmaslik uchun ayt!”, “Nomimiz yuraklarga qon sachratib o'yaylik”, “Men faqat so'rayman chirog'ing, erkam, tun o'tib, kunduzi yoqmasligingni”, “Vodiy gulin taqay minorlaringga, yurak rasmin chizay dudoqqinangga”… “Mashq maydonida…” turkumida biz uchun azob bo'lgan “voenka” degan darsning issiq-sovug'ini shunday ifodalaganki, o'sha noxush damlardan nafosat topa olgan qalbning shoirligiga tasanno aytasiz. “Onam fotihasi” she'ri esa badiiy-estetik jihatdan yosh shoirning nizomnomasi bo'lsa, mahorat jihatidan go'zal she'riyat namunasidir. “Bu yorug' yuzdan…” deb boshlanuvchi she'r esa xalqi, millatini purviqor ko'rishni xohlagan vatanparvar shoirning dil izhoridir. Ushoqqina to'plamda jiddiy tafakkurga ozuqa beradigan asarlar talay.
Umuman, A'zam O'ktam timsolida teran ildizlarga ega she'riyatimiz yangi bir iste'dodga doya bo'lishga hozirlanayotgandi. Buni, botinida kuchli qudrat pinhon ekanini o'zi ham sezmasdi, chamasi, bil'aks, juda xokisor, tortinchoq edi, boshqalarga xalaqit berishdan cho'chigandek, o'zini tiyib yurardi. Afsuski, uning chinakam kamoli bu maydonda bo'y ko'rsata olmadi. Bu bir sinoatki, har qadamda poyabzal artadigan lattadek oyog'ingga ilashaveradigan, har bir tirqishdan tumshug'ini ko'rsatib turadigan, aslida aytadigan gapi ham yo'q, shaxsiyati xira kimsalar yayrab-yashnab yurganda millatning bir umidi bo'lgan shoirning karami keng dunyoga sig'maganligi tiriklikning ham “fe'li tor”ligiga o'xshaydi.
Bir istisno holat bor. A'zam O'ktam birinchi to'plamidayoq “Qayta tug'ilmasman, o'lmay deb ming bor — birgina boshimga oldim minnatdor. Bitta istarasi issiq o'limni…”, deb yozadi. “Taraddud” to'plami(1993)dagi she'rlarida esa “Hech kimni sevmasman, o'lgan hayratim, Xudo rahmat qilsin, yoshligim, omin”, “Men umid qilganlar behad yosh hali, Birma-bir o'lyapti meni suyganlar”, “Bir dard o'rtab yubordi dilni, yozarkanman titradi qo'lim. O'z asliga qaytarsa elni, o'lim bo'lsin har kuni, o'lim”, “Vidolashgim kelar shu tilda” singari satrlarga duch kelamiz. Albatta, navqiron yigitning bunday tushkun kayfiyati kishini hayron qoldiradi. Bu holga olib kelgan sabablar bormi yoki shoirlarga xos odatdagi “erkalik”midi? Odatda, “Yosh ketaman, qari o'laman, deb qo'rqitadi” deyishadi. Xalqning erka farzandlari — shoirlar jinday kayfiyati buzilsa, “qo'rqitaveradi”. Ba'zan aytilgan so'z otilgan o'qdek ta'sir qiladi. Bir yirik munaqqid (Vissarion Belinskiy) tushkun kayfiyatdagi she'rlarni o'qib, shoirlarga “Nega o'zingizga o'limni chorlayapsiz?” deb qattiq tanbeh bergan ekan. Xalqimizda “Farishtalar “Omin” deydi” degan ibora bor, balki yaxshi gapga, balki…
A'zamjon “Cho'lpon” nashriyotida ishlab turganida Qur'oni karim oldin “Sharq yulduzi” jurnalida bosildi, keyin alohida kitob holida 1992 yilda chop etildi. 500000 nusxada bosilgan Alouddin Mansur tarjimasi va sharhidan iborat ushbu durdonada nashriyot muharriri sifatida A'zam O'ktamning nomi darj etilganki, bu sharafli rutbadir. U mazkur ulug'vor yumushda faol ishtirok etdi va shu asnoda dindorlar bilan yaqinlashdi. Fitratida halollik, poklik singgigan, ammo tevaragidagi hayotda munofiqlik va aldovlarga ko'plab guvoh bo'lgan ijodkor hayot hikmatini diniy aqidalarda, deb bildi, chamasi, bu ta'limotni o'rganishga chuqur kirishdi. Tabiiy, qalblarning shifosi bo'lgan uhraviy ilm unga qattiq berilganlarni chirmab oladi. U munavvar bir dunyoga muhib bo'ldi va uning bag'ridan chiqib keta olmadi. O'sha yillarda faol harakatda bo'lgan radikal kayfiyatdagi dindorlar bu holatdan foydalanib qolishga urindilarmi, A'zam O'ktamning o'zinigina emas, oilaviy hayotini ham ta'sirlariga olmoqchi bo'lganlar. Turmush o'rtog'i Hulkarxonni ham hijobga kiritganlar. Sekin-asta oilada parokandalik boshlangan va oqibati og'ir asorat bilan tugagan.
Hammasi yig'ilib yurakka yuk bo'ldi va ayni kamolga to'lgan yoshida A'zamjon she'rlarida ko'p eslagan oxirat kuniga yetishdi. Albatta, bu alamli ko'rgulik edi. Ortda qolganlari achchiq ayriliqdan jizg'anak bo'lishdi. Ayniqsa, dadajonini jondan yaxshi ko'rgan erkatoy qizaloqning alami kechmas va unutilmas bo'ldi. Uning bu ko'rgulikka ko'nikishi qiyin kechdi…Falak charxi esa maromida aylanar, uning g'ussalar, sitamlar yukidan g'ijirlagan sasida hayot qo'shig'i bor edi. Kun botib, tong otar, vujudda aylanayotgan iliq nafas harakatga, yashashga chorlardi. Shu zayl ko'z yoshlar tomgan tuproqdan chechaklar undi. Albatta, har bir inson uchun ortida nomini ko'tarib yuradigan zurriyod qoldirishdan ortiq baxt topilmaydi. Hamma mehmon dunyoda esa tiriklikning boqiy qonunlariga bo'ysunmaslikning chorasi yo'q. Tumor (To'maris) bugun barkamol inson maqomiga erishdi. Endi Ona! Hayot mazmunini teran anglaydi. Iztiroblar o'rnini taskin va iftixor egallagan. U bugun chinakamiga xalqiga, vataniga ezgulik sog'ingan, shu yo'lda fidoyi xizmat qilishga azm etgan ijodkor insonning farzandi ekanligidan to'la huquq bilan faxrlanadi.
Xotiralar dilga yupanch bo'ladi, hayot esa yashashni talab etadi. Zero, tiriklikning sharti ham, hikmati ham shunda.Uning bardavomligi esa izing ko'milmasa, seni kimdir eslasa. 60 yillikni muxlislar bilar ekan, chiqishlar bo'ldi, A'zam O'ktamning she'rlari, unga bag'ishlangan faxriyalar e'lon qilindi. Umidli shoirlardan biri gapini “Endi navbat A'zam O'ktamga” deb tugatibdi. Demak, shoir —saflarda. Uning ijodi adabiyot gulshanida bo'y ko'rsatib turibdi. Faqat istak shuki, A'zamjonning tong shabnamidek tarovatli bitiklari jamlanib, “Kulliyot”i e'lon qilinsa, shaxsi va ijodi yuzasidan tasavvurlar, taassurotlar yaxlitlashgan, mukammal holga kelgan bo'lardi.
Hakim SATTORIY