Darsxonadan reportaj

Dunyoning o'tkinchiligiga yana bir bor imon keltirmay iloj yo'q. Turli shov-shuvlar asablarni qaqshatib turgan chog'larda bu xabar ko'plarni qayg'uga soldi. Yaqinda shogirdlari davrasida chah-chah urib, yutuqlaridan baravar xursand bo'lgan, ibratli maslahatlarini baham ko'rib yurgan olim, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibi — Saydi Umirov kuni kecha bu dunyoni tark etdi. Ustoz bir umr yurtimizda jurnalist kadrlar tayyorlashdek mas'uliyatli, o'z o'rnida sharafli va abadiyatga daxldor sohada mehnat qildi. Ul zotni bilganlarda domla faqat yaxshi taassurot qoldirgan ediki, bunday qadr-qimmat topish har kimga ham nasib etavermaydi. Olimning o'z o'rnida talabchan va mehrga yo'g'rilgan saboqlari, sohaning bugungi yutuqlari darajasida turib fikr yuritishi necha-necha yoshlarga teran qo'llanma bo'lgani, uning maslahatlari shogirdlarga asqatgani bor gap. Ustoz Saydi Umirov har bir shogirdining yutug'idan, muvaffaqiyatidan yurakdan quvonar edi.

Quyida e'lon qilinayotgan esse esa bundan ancha avval yaxshi kunlar ruhi bilan sug'orilgan, shogirdning ustozga izhor qilgan mamnuniyati sifatida qog'ozga tushgandi.

… Shinam auditoriyada saboq berilmoqda. Hushyor bir sukunat cho'mgan. Pashshaning g'ing'illashi momaqaldiroq gumburlashidek eshitiladi. Talabalar butun vujudlari quloq bo'lib, ustozning va'zini tinglamoqda, muhim o'rinlarini daftarlariga qayd etib qo'yishadi. Bu mashg'ulot yuqori pardalarda qo'ng'iroq jaranglaguncha davom etadi. Sohasining piri bo'lib ketgan ustoz gapni nimadan boshlab, qanday tugatishni rosa chamalab olgan. Buni o'zicha “kompozitsiya” deydi. Mazkur tushuncha alohida saboq sifatida talabalarga o'rgatiladi ham. Axir ular faqat nazariya bilan qurollanib qoladigan kishilar emas, balki o'rganganlari asosida ijod qiladigan soha kishilari.

Qolaversa, mana shu xususiyat kasbning asosiy belgisi hisoblanadi. Olim nazariyani bilim sifatida saqlaydi, jurnalist esa nazariya bilan qurollanib, ijod qiladi. Ma'ruzada davom etar ekan, tinglovchilarni bir qur nazardan o'tkazib, ustozning ko'ngli hapriqib ketadi. Talabalar ham chakki emas, ko'plarining birinchi kitoblari allaqachon nashr etilgan yoki ismi shov-shuvli chiqishlari bilan tilga tushgan. Ularning har biri tumanlarga borsa, birinchi rahbarlarning o'zi kutib oladi, mashhurlarining muxlislari ortidan ergashib yuradi. Hamma ham jurnalist qavmining suhbatiga oshiqadi. Shogirdlar kamoli ustozning baxti-da. Shularni xayoldan kechirib, ustoz pardani yana ham balandroq oladi, jahon jurnalistikasi tarixidagi eng ilg'or tajribalarni “maydonga tushirib”, talabalar qiziqishini battar orttiradi. Saboq shu tarzda davom etadi.

Ustoz Saydi Umirovni men shunaqa “turmush tarzi”da tasavvur qilaman. Balki bul zot bilan ilk uchrashuvim dorilfunun auditoriyasida ro'y berganidanmi, ustoz doim talabalariga saboq beradigan alpozda muhrlanib qolgan. Holbuki, keyinchalik hayot ko'rsatdi — Saydi Umirov faqat mudarris emas, yozuvchi-publitsist, jamoat arbobi, ta'lim tashkilotchisi, yoshlarning sevimli murabbiysi ham ekanlar.

Ustoz esdaliklarining birida: “Jurnalistika fakulteti domlalari uch toifaga bo'linadi: a) yozish-chizishni biladigan; b) bu ishni nari-beri, haminqadar, chala-chulpa qiladigan; v) yozish-chizishdan umuman yiroq, faqat “nazariy” tayyorgarlikka ega odamlar” tarzida qayd etadilar. Muallifning o'zi bu holni shunday sharhlaydi: “Jurnalistika fakulteti o'qituvchisi ilm, ijod, murabbiylikni birga qo'shib olib bormog'i farz, ham qarz, aytganingni o'zing amalda ko'rsatib bersanggina talaba senga ishonadi. Biror cholg'u asbobini chalolmagan kishining musiqa bilim yurtida ishlashi, to'p tepishni bilmaydigan odamning futbol jamoasi murabbiyi yoki suzishni bilmaydigan odamning suzishdan yo'riqchi bo'lishi shubhali”. Naqadar adolatli e'tirof, qolaversa, o'ziga ishongan va o'ziga nisbatan talabchan mutaxassisning iqrori.

Shubhasiz, Saydi aka birinchi toifaga mansublar, ammo ul zotning qolgan ikki toifa, ayniqsa, uchinchi toifaga xos “odam”lar bilan ham bir umr ishlab kelganini taroziga qo'ysak, bunday ochiq e'tirof, mardlik qanchadir ta'nalarga, fitnalarga, “ko'z ostidan teshib yuborgudek” qarashlarga sabab bo'lganini ham tasavvur qilish qiyin emas. Axir hech bir kazzob (o'z sohasiga nomunosib shaxsni shunday atash shakkoklik bo'lmasa kerak. H.S.) shirin luqmasidan oson ajrab qolishni xohlamaydi, qolaversa, tanda qo'yib olgan issiq joyini “qurbonsiz” bo'shatib bermaydi.

Shunisi e'tiborliki, domlaning fakultet(lar)dagi faoliyati mayda-chuyda izzattalabliklardan yuqori, ulug'vor va saxovatli kechgan. Uning ma'ruzalaridan ko'pchilikning kasbiy malakasi shakllangan bo'lsa, hayotiy o'gitlari orqali yashash ilmidan saboq olgan, to'g'ri yo'l-yo'riqlari maqsadga erishishning ishonchli vositalarini topishda asqotgan.

Har bir sohaning o'z xosliklari (spetsifikasi) bo'lganidek, jurnalistikaning, jurnalistika fakultetining ham butunlay maxfiy tomonlari mavjud. Agar bo'lajak kasb sohibi ham, unda saboq beradigan ustoz ham ana shu “sir”ni tushunib yetmasa, umumiy xorga qo'shila olmaydi. Bu soha tinimsiz tarashlab turiladigan va faqat asl o'zagigina qoladigan savr daraxtiga o'xshaydi. Jarayon mana bunday: ko'plar “jurnalistika” so'zining jarangiga uchib” (ustoz Ochil Tog'ayev iborasi) bu sohaga qadam qo'yadi. Kirish imtihonlaridan o'tadi ham, ammo dastlabki saboqlardanoq xatosini tushunib, fakultetni tark etadi. Bu jarayon oxirgi kursgacha davom etadi. Qo'lga diplom tekkach ham ayrimlarning ishlab ketishi qiyin kechadi. Ishlaganlar qatoridan ham ma'lum qismning yulduzi yorqin porlaydi. Bu shafqatsiz “piramida” ustoz Saydi Umirovga tajribadan yod bo'lib ketgan. Va vaqtida berilgan to'g'ri yo'nalish ba'zilarning umrini bekorga sovurilishining oldini olishi ham ayni haqiqat.

Biroq umidli dunyo, shunday paytda domla shogirdlariga bu soha tinimsiz o'qib-o'rganishni talab qilishini, buning uchun filning kuchi, tog'ning sabri lozimligini ham qat'iy ta'kidlaydi. Bugungi kunda milliy jurnalistikamizda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlarda ushbu eslatishlar kasb yo'riqnomasi bo'lib qolgan va unga amal qilganlar yuqori marralarni zabt etib borishayapti.

Fakultet (bu yerda hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti nazarda tutilayapti. H.S.) haqida o'ylaganda, ko'ngilda bir samimiy iqror, o'sha kunlardan mamnunlik hissi kechadi. Hurmatli dekanimiz Anvar Shomaqsudov (oxiratlari obod bo'lsin!) hammamizga otadek mehribon, dono maslahatchi bo'lganlar. O'zim hech kim hal qila olmagan ba'zi shaxsiy masalalarda oxirgi ilinj sifatida murojaat qilganimda bajonidil ko'maklashganlar. Shunda bu zotning mavqei naqadar balandligini, hamma biladiganlari ul zotni e'zozlashini his etganman. Paxta yig'im-terimida qorli-qirovli kunlar sovuq baraklarda talabalar bilan birga bo'lganlar. Urush ishtirokchisi, o'ng qo'lda protez, quloqda eshituv apparati, ko'zda oynak bilan ustozimiz afsonaviy qahramonlardek tuyular edilar.

Hayotning teran mazmunini umri davomida kashf etgan ustozning sa'y-harakati bilan fakultetda toza, halol muhit hukmron edi. O'sha paytlarda ba'zan poraxo'rliklar haqida gaplar quloqqa chalinib qolardi. Bizda esa domlalar “olmasdi”, aksincha, talabalarga “berardi”, ya'ni bu jonli dalil — qiynalib qolgan ko'plab tengdoshlarimiz domlalarining moddiy ko'magidan bahramand bo'lgan, albatta, qaytarmaslik sharti bilan. Shuningdek, Muxtor Xudoyqulovning hazilga o'ralgan saboqlari, Orif Saidovning salmoqli ibratlari, Sayyora Nizomiddinova, Nazira Abduazimova va boshqa muallimalarimizning mehri, Ochil Tog'ayevning suqrotona ma'ruzalari… E, hey, qay birini eslaymiz — hammasi bir simfoniya bo'lib, bizning borlig'imizni zabt etgan, oydin kelajakka yo'llagan. Ana shu jamoada Saydi aka ham umrguzaronlik qildi, faoliyat yuritdi, shak-shubhasiz, shu muhitda kamolga yetdi. Uning ana shu “anjuman”da ham betakror o'rni bo'lgani rost. Ul zotga ko'plab ustozlarimiz orzu qilgan tole' nasib etdi (bu ham Yaratganning inoyati), mehnatlari qadr topdi, ko'plab kitoblari nashr etildi.

Milliy jurnalistikamizning chinakam oqsoqoli maqomiga sazovor bo'ldilar. Shunisi e'tiborliki, o'z maslagiga sodiq qolgan ustoz donishmand mudarris bo'lish bilan birga ijodkorlikda ham talabalarga o'rnak bo'lib kelganlar. Yaqinda “Hurriyat” gazetasida e'lon qilingan Navoiy iqtisodiy zonasi haqidagi “Dadil odimlar” ocherkini o'qib, hali ustozdan o'rganadigan narsalarimiz ko'pligiga amin bo'ldim. Tahliliy-iqtisodiy yo'nalishdagi ocherkda jurnalistika nazariyasida jamlangan jami qoidalarning amaldagi istifodasi o'z aksini topgan, mujassamlashgan. Shu ma'noda uni o'quv qo'llanmalariga kiritish mumkin. Yoki dunyo miqyosidagi mashhur zot Chingiz Aytmatov haqidagi tadqiqotlarining eng nufuzli nashrlarda e'lon qilinishi nafaqat ustozning, balki jurnalistikamizning ham yutug'i.

“Sayyoraviy tafakkur adibi” tadqiqoti bilan ustoz shogirdlariga pisanda qilayotganga o'xshaydilar: “Sizlar ham Chingiz Aytmatovdek bo'linglar, shunda men siz haqingizda maqola yozaman”. Ezgu tilaklar ijobat bo'lib qolishi ham uzoq emasdir, negaki, bugungi kunda ko'plab qalamkashlar mustaqil davlatimiz ravnaqi yo'lida munosib xizmat qilmoqdalar.

… Auditoriyada saboq davom etmoqda. Bugun yangi mavzu. Ustoz ham yangicha usul qo'llagan. O'rtaga savol tashlanadi: “Ayting-chi, korrespondensiya nima?” Kimdir “Katta axborot” deb javob qaytaradi, boshqasi esa badiiy tus beradi: “Maqolaning ukasi”. Ishtiboh paydo bo'ladi va ustoz zargarona nazar bilan bu ikki janrning farqini tushuntirib beradilar.

Ustoz nazarida, nazariy tayyorgarlik, bu — akkumilyatsiya qilingan energiya. Mashinaning benzini qancha ko'p bo'lsa, u shuncha uzoq yo'l bosadi —ustoz xulosasining xalqona talqini shunday. Saydi Umirovning shogirdlarini doim o'qish-o'rganishga, izlanishga chorlashi ana shunday mantiqqa asoslangan. Yaqinda uning “Sehrli va mehrli so'z” deb nomlangan salmoqli kitobi nashrdan chiqqan edi. Unda amaliyot va nazariya omuxta bo'lib ketgan, ham janrning mukammal namunalari, ham hayotiy kuzatishlar asosida tajribalar umumlashgan. Endi umrning ushbu faslida ilm-bilim bilan baqamti hayotiy tajriba, yaxshilar ibrati, kelajakka ishonch va yana boshqa omillar keksalikka bo'y bermayotgan olimga energiya manbai bo'lib turgandi…

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =