«Dilimning rangini gul bilsa bo'ldi…»

Shoir  haqida yozish oson emas: ayniqsa, u buyuk shoir bo'lsa va buning ustiga ustoz maqomida bo'lsa. Va yana Millatning  buyuk Shoirlari bir-bir mangulik safariga shaylangan bo'lsa.

Ustoz Omon Matjonning  she'r­lari o'z davrida hislarga, yuraklarga osilgan qo'ng'iroqdek jarangladi. Ular o'quvchini dunyo va inson muammolarini, iztiroblarini, tushuniksiz kechinmalarini  ichki nigoh ya'nikim qalb mikroskopi bilan ko'rishga o'rgatdi. So'zda hayot borligini, uni shunchaki qalamning “lunjiga” qistirib, Adabiyot darvozaboniga aylanib bo'lmasligini  Ustozning har bir satri, har bir asari aytib turibdi.

Ustoz Omon Matjonning she'r­larini yana olov ichida gurkirab o'sayotgan yam-yashil daraxt­zorga mengzash mumkin. Yonasiz, yonganingiz sari gurkirab ko'karaverasiz. Ular bugungi she'riyatimizning norasida qiyofasi yanglig' aql o'rgatmaydi, donolik qilmaydi, hadeb o'zini ko'zguga solmaydi, o'z o'quvchisi bilan dahanaki janglar qilmaydi. 

Ustoz Omon Matjonning  she'riyati So'zning, She'rning ilohiy ne'matligini qayta-qayta ayon etaveradi. She'rlarning shirasi yurakka oqib kirib, “obodu vayron ustina” ma'no baxsh etaveradi.

Mushtariylarimiz yodida bo'lsa kerak, gazetamizning shu yil 21 mart 13-sonida, Navro'z ayyomi kuni O'zbekiston xalq shoiri Omon Matjon bilan adabiy suhbat uyushtirilgan edi. Unda ustoz shoir yoshlarga Adabiyotimizning buguni va ertasi haqida o'zining qimmatli fikrlarini bildirgandi. Endi esa gazetamizdagi ana shu suhbat — maqola, taniqli shoirning tasmadagi ovozi, suvratlari bebaho yodgorlikka aylandi.
Elimizning atoqli shoiri shu yilning 29 oktyabr kuni vafot etdi. Ustozni yod etib turli yillarda yozilgan turkum she'rlarini sizlarga havola etyapmiz. Ular Sizning javoningizdagi javohirga aylanganini bilamiz, albatta.

 

Omon MATJON

Umr o'tar, vaqt o'tar…

 

Umr o'tar, vaqt o'tar,

Xonlar o'tar, taxt o'tar,

Omad o'tar, baxt o'tar,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

Sening yurishlaring, sening kulishlaring.

 

Bahorda bog' na go'zal,

Qor tushsa tog' na go'zal,

Bu yoshlik chog' na go'zal,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

So'zsiz qarashlaring, holim so'rashlaring.

 

Oy chiqar goh zaholi,

Do'stlar ko'pdir vafoli,

Hayot shundan safoli,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

Sokin so'zlashlaring, pinhon izlashlaring.

 

Umr — yo'l, qayrilish ko'p,

Uchrashish, ayriliq ko'p,

Unutish, aytilish ko'p,

Lekin hech qachon chiqmas yodimdan

O'sha kulishlaring, o'sha kelishlaring…

 

QADIMGI OHANGLARDA

 

Oyu yillar kezardim ajib so'roq ichinda,

Gul kabi goho ochib ko'nglimni bog' ichinda,

Gohi ko'mdim dilimni oydagi dog' ichinda.

Bu dunyo bir tilsimdir, qil bor qiyoq ichinda,

Bir ganji ko'k ichinda, biri tuproq ichinda!

Ishq bog'ini sayr etdim — qish yoz bo'lib ko'rindi,

Dunyo – kelin, turmushi pardoz bo'lib ko'rindi,

Sevgi so'zi falakka parvoz bo'lib ko'rindi,

Yorning aksi quyoshday qalqdi qarog' ichinda,

Ohanrabo ohular kezganday tog' ichinda.

Ilm istadim — yetmish tur nur bo'ldi shaxdim oti,

Har bir yulduzda yondi ulug'larning nigohi,

Har shom ufq dudog'in yoqqan shularning ohi,

Joylashmagay buyuklik pilta chirog' ichinda,

U ko'klarda yashaydir yashin yarog' ichinda.

Har kishi bir umrga yetgulik do'st tanlasin,

Birga mahsharga qadar ketgulik do'st tanlasin.

Tangrisiz qolsa tavof etgulik do'st tanlasin,

Do'sti yo'qqa yo'q ilinj yaqin-yiroq ichinda,

Mulki borliq bo'lsa ham garchi quchog' ichinda.

Qo'ndirgali jahonni bir suluv kishvar tilab,

Ko'kka otdim dilimni ruhiyamdin par ulab.

Ufqni maydek ichdim she'r yo'lida hay-hulab,

Umri bemaqsad, Omon, puchdir yong'oq ichinda,

Yonmoqchiman har dilda yongan charog' ichinda.

* * *

Ko'rdim: Shukur Burhon «Hamza»dan chiqib,

asta piyodalab ketdi bir kuni.

Bir yon gavjum ko'cha, bir yon rastalar,

olomon…

Ko'pchilik bilmadi uni.

Repetitsiya o'tgan. Mana u borar,

charchoq, tund…

Parvosiz harakat aro.

Hozirgina ulug' shoh Edip edi,

endi fuqarodan battar fuqaro.

Ustoz! Zamonlarning do'nish makrini

ko'chada grimsiz ko'rsatishmi bu?!

Kecha yig'lab sizga talpingan jonlar

bugun tanimasdan o'tarlar, yohu!

Tirsaklar, qorinlar, ko'krak, yelkalar

sizni turtib-surtib shoshar o'zicha.

Tomosha bo'lganin sezmaslar, yorab,

shunday buyuk aktyor yuzi-ko'zicha.

Kaltabin «ilmkash» bu salt yurishni

«Daho xalq ichra!» — deb jo'shishi mumkin.

Ko'rmaski, dahoga yo'l bermas hech kim,

bazo'r bormoqda u, qisilib, munkib.

Xalq emish, kabobpaz ana «Keling!» der,

ko'zidek gezarib sixda chandiri.

Lunjqizil somsapaz piyoz qoradi

Uyatdan qizarib, chatnab tandiri.

Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,

besh-o'nni yulishni poylab turganlar?

Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,

soxta sumbatlarni siylab turganlar?

Xalqmi shu, xayolu orzularini

O'zidan balandroq tiklolmaganlar.

Xalqmi shu, xalqining nomidan so'zlab,

mingdan bir va'dasin oqlolmaganlar?

Xalq ulkim, o'zining peshonasida

Yulduzlar borini sezsa, quvonsa!

Xalq ulkim, g'ururi bo'lsa o'zida,

aslga ishonsa, soxtadan tonsa!

Bu she'rni ko'rsangiz, balki koyirsiz:

«Odamni qo'y-da, deb, holi-joniga…»

Bildim, siz piyoda, tinch yetmoqchisiz,

huv mag'rur haykallar xiyoboniga!

Ungacha ancha yo'l bor-da, ustozim,

Bu ur-surda yurmang, salang, bo'sh bo'lib!

Grim bilan chiqing, guldirab chiqing,

hech bo'lmasa o'sha Yalangto'sh bo'lib!

1982

* * *

Dilimning rangini gul bilsa bo'ldi,

Mening kimligimni el bilsa bo'ldi.

Olis yulduzlarga sirrim aytmiram,

Nolishimni tonggi yel bilsa bo'ldi.

Ucharga har qushdan par topinmadim,

Parvozlar hadisin dil bilsa bo'ldi.

Jaholat mehrobi toshin o'pmadim,

O'shal bag'ri toshim til bilsa bo'ldi.

Damlar shikvasiga uchma, omon bo'l,

Fazlu kamolingni el bilsa bo'ldi.

* * *

O'rtamizda birgina olma —

Olam ichra yumaloq ilinj.

O'rtamizda birgina olma —

Balki g'am u yo balki sevinch.

O'rtamizda birgina olma,

Yarmi qizil, yarmi och-yashil.

Hayo tug'yonidan qizil u,

U sog'inchning ramzidir asil.

O'rtamizda birgina olma,

Barmoq uchi tegsa tovlanar.

Alvon iffat, yashil tashnalik

Bir senga, bir menga dovlanar.

O'rtamizda birgina olma,

Gard tegmagan, biram pokiza.

Hozircha u rangin bir havas,

Lab tegsa boshlanar mo''jiza…

1987

* * *

Yaratganga shukur, sen yana kelding,

Hamma qonunlarning o'zgardi kuchi.

Men senga uzundan uzun ot qo'ydim:

«Ey, eski dardlarni yangilatuvchi!»

Barmoqlar barmoqlar uchini sezdi,

Ko'ngil bir ilohning kuchini sezdi,

Yurak allanening o'chini sezdi,

«Ey, uzoq yo'llarni yaqinlatuvchi!»

Yana ikki ko'zdan sirqildi namlar,

Billurni yuvdilar pokiza g'amlar.

Qani ul Sir, Amu mavj urgan damlar,

Ey sen dengiz tubin dolg'alatuvchi?!

Asli, qayda bo'lsang, men ko'ngli to'qman,

Kunchiqarim ishqdir — nur o'chsa yo'qman,

Bilaman, kimgadir juda suyukman,

Ey sen, xotirani poklantiruvchi!

Kim aytdi, yo'l ancha o'tildi deya,

Kelgan ketdi, kutgan kutildi deya,

Shodman — yana menga duch bo'ldi deya,

Ishqi omonlarni yashartiruvchi!

Yaratganga shukur, sen yana kelding,

Hamma qonunlarning o'zgardi kuchi.

Senga men uzundan-uzun ot qo'ydim:

«Ey, ko'hna dardlarni yangilatuvchi!»

1989

* * *

Men bulut bag'riga sin solib boqsam

Sellari ko'zimda bir namcha yo'qdir.

Vahshati tun yorgan yildirimning ham

Bardoshi titragan bir shamcha yo'qdir.

Qadimda bir yurtning nodon hoqoni

Varrak kashf etganning to'kibdi qonin,

Yolg'onning taxtdagi yuz yil davroni

Haqiqat aytilgan bir damcha yo'qdir.

Tenglik yo'q joylarda yomondir qismat,

Tili omon bo'lsa o'lmaydi millat,

Dunyoda hech bir xil qurolda qudrat

«Tinchlik» so'zin yozgan qalamcha yo'qdir.

Tabiat go'yiyo biz bilan sirdosh.

Gullarning bag'ri dog', ohu ko'zi yosh,

Daryoni opichib turgan tog'u tosh,

Bari dard bilgan bir odamcha yo'qdir.

Jonim, bu odamlar bunchalar tajang,

Oldinda-ku janglar, orqada ham jang,

Jahon yo'llarini qilib boqsak jam,

Ikkimiz otgan bir qadamcha yo'qdir!

1986

* * *

Sendan xabar keltirsa,

Men o'pardim shamolni,

Yo'q bo'lsa ham lablari,

Yo'q bo'lsa ham gaplari.

Sendan xabar keltirsa

Amudaryo, Sirdaryo,

Derdim, aziz diyorda

Mening qo'sh baxtim bor-da!

Sendan xabar keltirsa,

Tillo patli qushchalar,

Ishq yod aylagusim,

Zo'r qanot aylagusim!

Sendan xabar keltirsa,

Agar dushmanim, yovim.

Til so'zga kelmas bo'lur,

Gul bizga kelmas bo'lur.

Ammo orzularimdan

Tunning umri qisqadir,

Ko'kka yulduzim qaytar,

Osmona izim qaytar!

1984

 

AYoLGA MAQTOV

 

Shoirga yo'l bo'lsin, sizni chizay deb,

bo'yoq quyultirib turar rassomlar!

Mukammal husningiz yog'dusi uchun

oy ham navbatchilik qilar oqshomlar!

Shoirga yo'l bo'lsin!

Kuylay deb sizni,

bastakorlar yurar yoqa chok, tajang:

torni temirchiga topshirvorgudek,

har jarang ustida qilib necha jang.

E'zozingiz buyuk!

Sarkarda Bobur,

juvonmard ruhlari bo'lg'ay ziyoda,

qo'shinda birgina ot qolsa, shunga

sizni o'tqazgandir,

qolib piyoda…

Shoirga yo'l bo'lsin!

Sizdagi tal'at,

noziklik kimlarni o'yga solmagan?!

Oqqush, suvdan chiqmay, taranaverib,

bejiz bir oyoqda uxlab qolmagan!

Sizday yasanmoqni istab, qish bitmay,

izhorga lab juftlab har bir kurtagi,

o'riklar chiqdilar — bir tong to'la gul,

Nur kiydi jamiki bog'lar yurtdagi.

Shoirga yo'l bo'lsin, kechikdi shoir

bu inja raqobat, nurli taloshga:

Ha, bizga hech yumush qolmabdi endi

Sizni juda qattiq sevishdan boshqa!

1983

 

UChINChI DARYo

                  Otajon XUDOYShUKUROVga

 

Gohi men Sirdaryo sayliga borsam,

Ko'nglimga keladi qiziq bir tuyg'u:

Go'yo shu yaqin bir joydan o'tganday

Sirdaryodan ko'ra kattaroq bir suv!

Shu holga tushaman Xorazmda ham

Buyuk Amudaryo bo'yida turib.

Go'yo Jayhundan ham bahaybat nahr

Yaqingina joyda oqar o'kirib.

Bu nima?!

Ko'rinmas qanday oqim bu?!

Yerdanmi, ko'kdanmi kelar bu sado?!

Nahot, tuprog'imda, ko'zga tashlanmay,

Oqib yotar ulug' Uchinchi daryo?!

Bilmadim.

Meni ko'p ta'qib etadi

Shu sirli aks-sado, shu ilohiy un!

Juda yuksak bo'lar Ruhim shu kezlar,

Vujudim zaminga judayam yaqin…

1979

 

YoNAYoTGAN DARAXT

Tunda yashin tushdi bog'ning chetiga,

Zulmat boyo'g'lidek chekindi karaxt.

Vulqondek portladi qorong'ulikda

Yonayotgan daraxt!

Salobatli yashil saltanat edi,

Erkin qushchalarga zangor poyitaxt.

Uchqunlardek to'zitdi qushlarini

Yonayotgan daraxt!

Nega, nega yondi?! Kechqurun bexos

Bulutlar guldirab qilgandilar jahd, —

Uyg'oq edi, o'zi ilk zarbni oldi

Yonayotgan daraxt!

Ana, yonar, yonar tunga o'chma-o'ch,

Yurakday potirlar har barg olovsaxt.

Ogoh etayotir o'z bog'in xavfdan

Yonayotgan daraxt!

Daraxtlar yonmoqda bugun dunyoda,

Yonib, o'zgalarni uyg'otmoq ne baxt!

Do'stlarimdir barcha yonayotganlar,

Yuragimdir — YoNAYoTGAN DARAXT!

1975

* * *

Boshqalardek sevishdik biz ham,

Kuyib yurdik boshqalar kabi.

Bu savdoni baxt bildik biz ham,

Baxtdir, dedik visol, yor labi.

Boshqalardek duch kelib qolsak,

Olislardik ming bor qayrilib.

Mana, biz ham bebaxt, beqarsak

Boshqalardek ketdik ayrilib.

Ishqning qoldi faqat ozori,

Qalam, qog'oz — meros bir yalov.

Qalbimdadir ishqning mozori,

Yonib qoldi unda bir olov.

Ishqdan faqat shu qoldi menga,

Olov yonar, sen-chi, yo'qsan, yor.

Kelolmaysan o'z maqbarangga,

Unga gullar qo'yar boshqalar.

1967

* * *

Ko'zlaringni yashirgil mendan,

O'tib ketay yoningdan befarq,

O'tib ketay yoningdan bedard,

Ko'zlaringni yashirgil mendan.

Borligimni payqama, mayli,

Burchaklarda, mayli, qayrilma,

Meni deb tinchingdan ayrilma,

Borligimni payqama, mayli.

Nomim bo'lsa qalbingda agar,

Otib tashla, mayli, tuproqqa.

…Har kuni o't shu yo'lni toptab,

Nomim bo'lsa qalbingda agar.

1967

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 1 =