Chinakam yetakchi xalq manfaatlarini o'ylaydi yoki Liderning siyosiy imiji haqida

Kishilik jamiyatining ijtimoiy-tarixiy, huquqiy-siyosiy jarayonlarida siyosiy rahbar-etakchi o'z mamlakati taraq­qiyoti yo'llarini har jihatdan belgilab beradi, xalqni muayyan maqsad va vazifalar atrofida birlashtiradi.

Bundan qariyb yuz yil burun jahon taraqqiyotining ijtimoiy-siyosiy boshqarish sohasiga uni tahliliy o'rganuvchi imijologiya ilmiy-nazariy yo'nalish kirib keldi. Imij ing­lizcha “image” so'zidan olingan bo'lib, obraz, tasvir, tasavvur ma'nolarini ifodalaydi. U siyosatchi, rahbar, yetakchi (lider) yoki jamoaning tahlilchi (ekspert) tomonidan baholanishini o'rganadigan yangi yo'nalishga aylanganini e'tirof etish kerak. Siyosiy imij, siyosiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilar (siyosiy partiya, jamoa va boshqalar)ning boshqarish ishlariga beriladigan baho hamda bildiriladigan fikrni anglatadi.

Hozirgi davrdagi talab darajasida yetakchining siyosiy imijini muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev timsolida tasavvur etib, o'zimga ibrat timsoli qilib olganman. Shunday bir paytda O'zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, iqtidorli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Xalq so'zi” gazetasining 2020 yil 29 avgustdagi “2020 – millatni ulg'aytirgan yil” maqolasi aynan yetakchi siyosiy imijini baholovchi, fikr bildiruvchi mezon ekanligiga amin bo'ldim.

Garchi Buxoroda sodir bo'lgan shiddatli shamol, Sardoba tosh­qini, keyin So'x voqealari ketma-ket ro'y bergan bo'lsa-da, Prezident qat'iyati, xalq bilan muloqoti-maslahati o'z ta'sirini ko'rsatdi. Falokatga qarshi kurashda butun O'zbekiston xalqi birlashdi, qo'shni davlatlar ham qarab turmadi…

Qudratilla Rafiqov ham o'z vaqtida siyosiy imiji to'la-to'kis, to'lib toshgan davlatimiz rahbari shijoatini yurakdan e'tirof etadi. Muallif shunday yozadi: “Ochiq aytsam, men o'sha g'ala-g'ovur, butun dunyoni to'zg'itib tashlagan, aytilgan gap besh daqiqadan keyin asliga to'g'ri kelmaydigan, to'g'ri qarorga kelish yuzdan bir foizga teng kezlarda Prezidentni qayta kashf etdim.

Qariyb qirq yilga yaqin yonma-yon yurib, ish tartibi, qobiliyati va favqulodda iste'dodi qirralarini yaxshi bilaman, deb o'ylaganim bekor ekan.

Prezident Mirziyoyev o'sha og'ir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda men bilgan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli hamda irodali, xalqi uchun, eli uchun jonin berishga tayyor bir yovqur afsonaviy Vatan o'g'loniday ko'z oldimda namoyon bo'ldi. Albatta, bu mulohazalarni vijdoni bor, bo'layotgan voqea-hodisalarni ko'rib turgan har qanday odam tan oladi”. Ha, bu yerda ortiqcha   so'zning o'zi yo'q. Ayni paytda oqil siyosatchi sifatida o'z imijini yuksaklikka ko'tardi. O'sha kunlari bu juda kerak edi. Chunki donishmand siyosatchi uzoqni ko'ra bilishi ayni muddaodir.

Shu bois ham jamiyat va davlatni bosh­qarish, davlatchilik, fuqarolararo munosabatlarni yo'lga qo'yish, taraqqiyotning strategik maqsadlarini ishlab chiqishni ham ro'yobga chiqarish uchun yetakchi siyosiy imijining faolligini oshirib boradi. Siyosiy imij ushbu maqsad va vazifalarga baho berish mezoni, o'lchovidir. Bunday sharoitda yuksak darajada siyosiy-axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan yetakchi xalq manfaatlariga xizmat qilishi zarurligini unutmaydi! Siyosat axloqni mutlaqo rad etmaydi.

Axloqiy prinsiplar yetakchi siyosiy imiji faoliyatiga yuksaklik, insoniylik baxsh etadi. Axloqiy jihatdan nochor liderning siyosiy imiji yuqori bo'lmaydi. Aristotelning “Siyosat idealda axloqning tarmog'idir”, degan ta'kidini unutmaylik…

Endi millatni ulg'aytirgan yilga qaytaylik. O'sha og'ir kunlarda ishni tez va to'g'ri yo'lga qo'yib olishda davlatimiz rahbari alohida jonbozlik ko'rsatdi. U juda ko'p marta Sardobada, xalq ichida bo'ldi. Buxoroga xam tashrif buyurdi. Qaerga Shavkat Miromonovich bormasin, o'sha yerda osoyishtalik va tezkorlik bilan ishni bitirishga hamma safarbar bo'ldi. O'zbekistonning bunday og'ir ahvolga tushganini ilg'agan, bundan chiqish strategiyasini, eng muhimi, to'g'ri hamda tez samara beruvchi yo'lni Prezidentimiz topa olganidan ko'pchilik, hatto xalqaro ekspertlar o'z hayratlarini yashirmadi!

“Demak, xolis va adolatli aytganda, kechmish falokat hamda fojialar mamlakatimiz yetakchisi har qanday mushkul vaziyatda ham jilovni qo'lga olib, el-yurt og'irini yengil qilish uchun kurashishga, favqulodda hodisalarga zudlik bilan yechim topishga qodir strategik, pragmatik siyosatchi ekanini namoyish etdi”, – dedi mohir jamoat arbobi va siyosatchi Qudratilla Rafiqov.

Shunday qilib, yetakchi siyosatchining siyosiy imiji uning o'z so'zi ustidan chiqishi, bergan va'dasini bajarishi, jamiyat manfaatlarini ifodalovchi dasturlar ishlab chiqib, ularni hayotga joriy etishi bilan qat'iy ravishda ajralib turadi. Saylovchilar bilan saylovoldi uchrashuvlarida berilgan va'dalar bajarilishi lozim. Aks holda, fuqarolar tez orada aldanganini sezib qolsa, nomzodga ishonmay qo'yadi. Tajriba shuni ko'rsatadiki, fuqarolar siyosiy yetakchilardan jamiyatda adolat, ezgulik o'rnatishni, osoyishta va farovon turmushga erishish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqishni so'raydi.

Darvoqe, yetakchining siyosiy imiji ushbu vazifalarning to'la bajarilishi proporsional tarzda shakllanish xususiyatiga egadir. Ular tomonidan muammolarni o'rganish jarayoni bir tomondan, mamlakatda shakllanayotgan siyosatshunoslik fanini boyitadi, rivojlantiradi, ikkinchi tomondan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish texnologiyalarini yaratadi.

Etakchining siyosiy imijida ikki muhim elementni farqlash lozim. Birinchisi, uning mazmun-mohiyati bilan bog'liq bo'lib, muayyan tizimlarga birlashadigan qarashlar, qadriyatlar va tuyg'ularni o'z ichiga oladi. Bu tizimlarni tavsiflash uchun g'oyaviy-mafkuraviy yorliqlar ishlatiladi. Jumladan, insonga liberal yoki demokrat deb tavsif berilganda, g'oyaviy-mafkuraviy andozalarga muvofiq keladigan siyosiy g'oyalar to'plamini, yig'indisini tasavvur qilishimiz mumkin.

Ikkinchisi, siyosiy ong va tafakkur uslubi orqali obro'ga ega bo'lish (kognitiv uslub), siyo­siy mulohazalar xususiyati, tizimni idrok etish usulidir. Ularni tahlil qilish jarayonida u yoki bu partiya liderining shaxsi yoki g'oya­viy-mafkuraviy nuqtai nazariga ko'ra, ko'proq siyosiy tashkilotlar e'lon qilgan muayyan maqsadlar va qadriyatlar e'tiborga olinadi.

Xullas, mamlakatimiz misolida oladigan bo'lsak, yetakchining siyosiy imiji o'ta yuksak bo'lmaganda hozirgi yangi O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi munosib o'rnini ta'minlash o'rniga, aksincha, uni pasaytirgan bo'lardi.

Bugungi kunda ko'rib va bilib turibmiz jahon sahnida davlatimiz Rahbarining ham, O'zbekis­tonimizning ham obro'-e'tibori tobora yuksalib bormoqda. Bu esa tabiiyki, yurtimiz iqtisodiyotining, madaniyatining, qo'yingki, barcha sohalarning rivojlanib borayotgani tufayli.

Albatta, yurtimizda o'ziga yarasha muammolar ham yo'q emas. Lekin uzoq yillar davomida to'p­lanib qolgan hamma narsani bir pasda bartaraf etishning imkoni bormi? Imkoni bo'lganida birorta kamchilik, muammoning o'zi qolmagan bo'lar edi. Shunday ekan, o'ylab, fikr bolishiga suyanib shuni ham tan olishimiz joizki, dunyodagi eng rivojlangan davlatlarda ham hamma narsa “olam guliston” bo'lmaganidek, hamma ham “jannat”da yashayotgani yo'q. Ta'bir joiz bo'lsa, so'nggi 4 yil davomida mamlakatimizda olib borilgan ishlar bir necha o'n yilliklarda ham amalga oshmagan edi. Bu xoh siyosatda bo'lsin, xoh iqtisodiyotda.

Yangi O'zbekistonning ertasi oydin. Haqli ravishda Uchinchi renessans ostonasidamiz desak, sira mubolag'a bo'lmas.

Karim NORMATOV,

tarix fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =