Suvyulduz nima degani?
Endi bu joylarning nomi özgarib ketgan. Özgarganida ham ulay-bulay emas, naq amirkonça – “Siti” böpketgan! Lekigin, ana şu sitiginaning örnida ilgari bir torköça ham bor ediki, nomining “Suvyulduz köçasi” ekanini körib qoyil qolgandim. Xayolan, tunda suvning tiniq yuzida yulduzlarning jimir-jimir akslanişi köringanday bölgan.
Ammo keyin maʼlum böldiki, bu heçam Suvyulduz emas, Sulduz degani ekan. Ötmişda turkiy ellaru möğullarda Sulduz qabilasi bölgan-da. Dörmon, Nayman deganday. Ammo kimdir, sulduz nimasi, deb ajablanib, “Suvyulduz” bölsa kerak deya tusmollagan va özi topgan ana şu “çiroyli nom”ni yozdirib qöygan. Aslida, şu köçada ilgari ota-bobolari sulduz uruğiga mansub kişilar yaşaşgan, bu nom bekorga qöyilmagan. “Suvyulduz” kabi “tuzatma” nomlar yurtimizda birtalay. Tarixni şunaqa qilib buzamiz.
Yodingizda bölsa, Mirzaçölni ança vaqtlar Mirzaguliston deb ham yurdik. Mirzaçöl desak, yana sahroga aylanib ketadi deb göyo qörqardik.
Beşkal degan joy bor. Ehtimol, bu joyni qişloq qilgan dastlabki beş odam çindan ham kal bölgandir (u paytda bu yuqumli kasalik bölgan). Xayolxonasi gullab ketganlar uni “şoirona” qilib Beşgul deb yangilaşdi.
Yoki Böz tumanini oling. Uning yerlari bir paytlar qöriq bölgan. Böz tumani deganda ota-bobolarimiz oğir mehnat qilib daştni gullatgani esga tuşar, nomining özi – yodgorlik edi. Uni Böston deb yangilab, nima yutdik?
“Xunuk” nomlarni yangilaşga kirişsak, bu iş Andijonning eng janubiy nuqtasidagi Körpa degan qişloqqa bölak ot qöyişdan boşlansa ajab emas. Yana, Körpaqişloq degani Jizzaxda ham bor. Qiziq-a? Çunki körpa – biz öylagandek, yotoq jihozi emas, balki turkiy uruğlardan birining nomi-da. Buni bugun kam odam biladi. Har ikki qişloqni qadimda şu uruğ kişilari makon tutgan.
Köplar qatağon deganda repressiyani tuşunadi. Holbuki, qatağon özbek uruğlaridan birining nomi, repressiya emas. Şuning uçun Qöşköpir va Xatirçidagi Qatağon qişloqlari nomini özgartirişga hojat yöq.
Rossiyaning poytaxti nima uçun Moskva deb atalişini ruslarning özi ham bilmasa kerak. Qolaversa, ja unaqa, bizning standartlarga töğri keladigan “gözal” nom ham emas.
Lekin… özgartirişayotgani yöq-ku? Rossiyada Paraşino, Çuvaki, Gnilomedovo, Popets, Buxlovka, Tupitsino, Zajopenko singari yuzlab qişloqlar bor. Ammo ular baçkana “çiroyli” nomlar bilan almaştirilmaydi.
Çunki har bir til — qolipga tuşmasligi bilan tirik. Faqat ölik, sunʼiy tillargina “gözal” til bölişi mumkin.
Ammo biz öz joy nomlarimizdan – Vatanimiz ismlaridan uyalişni madaniyat deb bilamiz.
Jurnalist Kamol Matyoqubovning “Hasanqovoq qişloği qayerda?” deb nomlangan maqolasi (“Hurriyat”, 2020 yil 25 noyabr) menda ana şunday taassurot qoldirdi. Unda Galaqassob, Çigirtkali, Yöğontayoq, Kaltapöstin va hokazo joy nomlari “nomaqbul” topilibdi. Xöş, Hasanqovoq degan qişloq nomidan nega or qilişimiz kerak? Hasan – bir odam, qovoq ham Xudoning bir neʼmati-ku? Toşkentda turvolib, falon qişloqning nomi unça yaraşmapti, darrov boşqa yaxşi nom bilan almaştiringlar, deyaveriş jöyali gap emas.
Piskentda Burganlik degan qişloq bor, qadimda bu joylar sayxon bölgan, burgan ösib yotgan. Şuning uçun Burganlik (odamlar uni sal qisqartirib, Burgalik ham deyişadi). Oloy tizimidagi Burgana toğining nomi ham öşa burgandan, yonbağirida köp ösadi. Samarqandda Burganosoy oqib yotibdi. Burgan – mayda şoxçali ösimlik, undan burgansupurgi yasaladi, u bilan uy supirilsa, burga qoçadi, şuning uçun nomi burgan.
Viloyatlarimizda Serkaqirildi, Dardaq, Tangatopdi, Voliq, Böydoqqişloq, Kujgon, Qoraqöyli, Kirovçi, Böka, Eşimoqsoq, Beşkubi, Çillamozor, Çuvama, Bölakay, Teşikmozor, Bölanak, Oğillik, Kakaydi, Böriboşi, Enamyaxşi, Kindir, Bötaqora, Manak, Boykeçik, Qöçqorsöydi, Ğöbdin singari… bir qaraşda nomi ajabtovur körinadigan yuz-yuzlab qişloqlar bor, barini yangilab tugata olarmikinmiz? Şartmi şuning özi?
Har bir joy nomi tagida bir tarix yotibdi. Şu joyning relyefi yo dastlab şu yerda yaşagan odamlar, ularning uruği yoki töpi, yoxud qaysidir daraxt yo şu qişloqda bir zamon bölib ötgan ajoyib bir hangoma tufayli şunday atalib kelgan. “Çiroyli emas” deb özgartira bersak, tarixi yöq xalqqa aylanamiz. Buni kişi ismlariga tatbiq qilib tuşuntirsak, masalan, bugun Sotqin degan ism önğaysiz körinadi. Ammo Sotqin – xoin degani emas, u Sotiboldi maʼnosida keladi, binobarin, urf-odat, tarixiy anʼanalarimizni bilmaganlar bunga aralaşmaganlari maʼqul.
Afsuski, “Özbek sovet ensiklopediyasi”ga ham, “Özbekiston milliy ensiklopediyasi”ga ham yuz-yuzlab qişloqlar kiritilmagan, kirgan unça-munçasi esa şu qişloq haqidagi unça zarur bölmagan “qaysi kanaldan suv içadi”, “yaqin temir yöl stansiyasi neça km. narida…” kabi materiallar, xolos.
Masalan, Quyiçirçiq tumanida Gul degan qişloq bor. U ming yil avval yozilgan “Hududul olam” kitobida ham tilga olingan. Ammo qişloğining tarixi ming yilning narisida ekani öşa yerliklarning öziga maʼlummikin? Ana şu kabilar bitilişi kerak emasmi, qomus deganlarida?
Hozir butun mamlakatimizda aholi soni oşib, uy-joy, boşqa imoratlar qurilib, bir-biridan ança olis bölgan qişloqlar ham özaro tutaşib, qöşilib ketyapti. Eski joylarning qadimiy nomlari öça boşladi. Haliyam bölsa, öz qişloği tarixini unutmagan odamlarning közi tirik vaqtida ulardan foydalanib, “Joy nomlari tarixi”ni barpo etib, unga butun Özbekiston böylab har bir qişloq, şahar, ovul va töpor nomlarini, u joylardagi köça va boşqa joy ismlarini kiritib, odamlar bu joyni qaçon maskan tutgan, tarixida qanday muhim voqealar röy bergan, nega şunaqa deb ataladi, şu makondan qanday taniqli odamlar çiqqan va hokazo maʼlumotlarni kiritsak, ayni muddao bölardi. Yurtimiz ötmişiga, milliy urf-odatlarimiz-u tilimiz tarixiga oid bebaho materiallar qölga kirardi. Yaʼni, zamonaviy atama bilan aytganda, joy nomlarining bazasini şakllantiriş kerak, demoqçimiz.
Har bir odam Rim tarixidan xabardor bölgani yaxşi albatta, ammo kindik qoni tökilgan, ösib-ulğaygan, yaşab turgan joyining moziysini birinçi navbatda bilsin. Busiz u qayoqdan vatanparvar bölsin? Endi, ota-onamning ismi çiroylimi-yöqmi, yoki ular körklimi-xunukroqmi, buning men uçun farqi yöq, çunki ular – otam, onam! Qişloğimning nomi ham men uçun xuddi öşanday aziz. Boz, joy nomlarini yangilaş qança mablağ va ovoragarçilik talab qilişi-çi? Bunday behuda işlar pirovardida odamlar ongida tarixiy xotiraning ham sustlaşişiga olib keladi. Uningsiz ham har bir tumanda va har bir tumandagi aksar qişloqlarda bir qolipdagi yuzlab uy qurib, hatto ularning devorini ham bir tusda mallarang qilib böyab, özbek qişloqlari qiyofasini barbod qilib böldik. Holbuki, har bir qişloq va ovul öziga xos nomi, boşqa qişloqlarga öxşamaydigan qiyofasi bilan kişi xotiridan unutilmas joy olib, vatanning bir parçasi böla oladi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
Tahririyatdan: gazetamizda yaqindagina eʼlon qilingan bir maqola sabab, yuqoridagi mulohazalar bitilgani bizni xursand qildi. Çunki matbuot — erkin minbar.
Qolaversa, muallifning gaplarida jon bor. Tarixi neça yuz-yuz yillarga borib taqaladigan asl milliy özbekça nomlarni asraşimiz kerak. Ularni huda-behudaga öçirib yuborilişiga biz ham qarşimiz…
Ayniqsa, uşbu maqolani joy nomlari bilan şuğullanuvçi atamaşunos mutasaddilar öqişi va uqişlarini istardik.
