Adabiyot chinorlaridan biri

O'zbekiston xalq yozuvchisi

Said AHMAD tavalludining 100 yilligi

 

Kecha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O'zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan xotira kechasi o'tkazildi.

Tadbirni O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari G'ayrat Majid olib bordi. Unda O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Ibrohim G'ofurov, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev va boshqa adabiyot, san'at vakillari so'zga chiqib, ugug' adib haqida  so'z yuritishdi.

Said Ahmad (Saidahmad  Hasanxo'jayev) 1920 yil 10 iyunda Toshkent shahrida tug'ilgan. O'zbekiston xalq yozuvchisi. O'zbekiston Qahramoni. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Toshkent rassomchilik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o'qigan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. “Er yurak” (1942), “Farg'ona hikoyalari” (1948), “Cho'l burguti” (1960), “Cho'l oqshomlari”, “Odam va bo'ron”, “Yo'qotganlarim va topganlarim” (1998), “Qorako'z majnun” (2001), “Kiprikda qolgan tong” (2003) kabi asarlar muallifi. “Ufq” trilogiyasi (1964-1974), “Jimjitlik” romani (1988), “Xandon pista” (1994), “Bir o'pichning bahosi” (1995) hajviy to'plamlari, 3 jildli “Tanlangan asarlar”i (2000) nashr etilgan. Uning yumoristik mahorati “Kelinlar qo'zg'oloni” (1976), “Kuyov” (1986) komediyalarida yorqin namoyon bo'lgan. Fel'yeton janrida ham samarali ijod qilgan.

1947 yil “xalq dushmani” sifatida qamalgan, Stalin vafotidan so'ng oqlangan. Yozuvchining “Kelinlar qo'zg'oloni” asari dunyoning ko'plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. Adib 2007 yil 5 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan. “Do'stlik” (1996), “Buyuk xizmatlari uchun” (1997) ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Said Ahmad avvalo o'zbek hikoyachiligining ravnaqiga munosib hissa qo'sha olgan ijodkordir. Uning “Cho'l burguti”, “O'rik domla”, “Lochin”, “Xazina”, “Hayqiriq”, “Iqbol chiroqlari” kabi qator hikoyalari adabiyotimiz xazinasidan mustahkam o'rin oldi. Bu hikoyalarda adib Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi ustoz yozuvchilarning an'analarini davom ettirib, inson obrazini mukammallashtirishda yangi yutuqlarga erishdi. Yozuvchi hajviy hikoyalarida taraqqiyotimizga to'siq bo'lgan urf-odatlar ustidan kuladi, yangicha ma'naviy-axloqiy masalalarni o'rtaga qo'yadi. Aksincha, o'zbek psixologiyasiga singmaydigan, milliylikdan yiroq yangicha urf-odatlar, udumlarni kulgu bilan tanqid qiladi.

— Adibning qahramonlari juda tabiiy va oddiy odamlar. Ularning ishlari ham, gap-so'zlari ham, o'zlarini tutishi, orzu-umidlari ham tabiiydir, — deydi adabiyotshunos Shuhrat Rizayev. — Ular sodda odamlardek hayotda nimalargadir erishsa quvonishadi. Xato qilishsa, adashishsa, to'siqlarga duch kelib, muvaffaqiyatsizlikka uchrashsa qayg'urishadi, iztirob chekishadi. Har holda bu odamlarning quvonchlari ham, dardlari ham g'oyatda tabiiy va ishonarli. Uning hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G'afur G'ulom yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi ixchamlik mujassamdir.

Said Ahmad barcha nasriy janrlarda ijod qildi. Hikoyalar, qissalar, hajviy asarlar yaratdi. Komediya janrida kuchini sinab ko'rdi. U ijodda katta tajriba orttirgandan so'ng roman janriga qo'l urdi va bir necha yillik izlanishlardan keyin “Ufq” trilogiyasini yaratdi. Trilogiyaning birinchi kitobi “Qirq besh kun”, ikkinchi kitobi “Hijron kunlari” va uchinchi kitobi “Ufq bo'sag'asida”  deb ataldi. Bu trilogiya 60-70-yillardagi o'zbek nasrida tom ma'noda katta voqea bo'ldi. Ushbu asarlarni o'qir ekansiz, beixtiyor asardan bosh ko'tarolmay qolasiz. Fikrlar sodda, xalqoniyligi bilan mutolaa jarayonida o'quvchiga katta estetik zavq va huzur ulashadi.

“Said Ahmadga eng katta shuhrat olib kelgan asar, shubhasiz, “Kelinlar qo'zg'oloni” komediyasi bo'ldi, deya ta'kidlandi tadbirda.

“Said Ahmadning “Kulgining kashf etilmagan ma'nolari ko'p… kulgining bu xildagi hali ochilmagan sirlari, sehrli jilolari behisob” degan gaplari bejiz emas. U Abdulla Qahhordan keyingi o'zbek adabiyotida mohir hikoyanavis, o'tkir hajvchi, xalqimiz sevib o'qiydigan ko'plab asarlar muallifidir. Yozuvchi ijodining o'ziga xosligini bu kulgilarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Kulgi adibning bosh quroli hisoblanadi. Said Ahmad yaratgan obrazlarning betakrorligi kulgi orqali yanada jozibali, yorqinroq ko'rinadi”, deb yozgandi O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov.

Adib bugun hayot bo'lganida 100 yoshga to'lgan bo'lar edi. Ehtimol, 100 yoshda ham kulguga boy asarlar yozib muxlislarini lolu hayron qoldirib yurgan bo'lardi. Tadbir ishtirokchilari yozuvchini xotirlash barobarida Adiblar xiyobonidagi Said Ahmad va yozuvchining umr yo'ldoshi, adiba Saida Zunnunova haykallari poyiga gullar qo'ydilar.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 8 =