Bizga mukammal alifbo kerak!

Eng milliy boylik

“Milliy boylik” tushunchasiga ko'p narsa kiradi. Lekin til — har qaysi xalqning birlamchi va eng muhim boyligi, milliy xazinasi, ulkan bisoti. Zabon borki, millat bor. Shuning uchun tilga munosabat milliy davlat siyosatining ham o'zak-o'zagini tashkil etadi.

Bugun lotin yozuvining afzalliklari, uning asosidagi yangi alifboga o'tayotganimizning to'g'riligi haqida alohida so'zlab o'tirishga hojat yo'q. Bunga zamin bo'lgan omillar haqida shu paytgacha ko'plab chiqishlarda bayon etilgan.

O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbida “O‘ZBEKISTON” so'zi, milliy valyutamiz kupyuralaridagi bitiklarning bari yangi o'zbek alifbosida qayd etilgan.

Lotin yozuvi dunyoda shunchalar keng yoyilganki, hatto, rus tili lotin yozuvini rasman qabul qilmagan bo'lsa ham, internet tizimi, mobil aloqa kompaniyalari xabarlari rus tilida ham lotin yozuvi asosida mijozlarga jo'natilyapti. Eronda arab yozuvi asosidagi forsiy alifbo ishlatilsa ham, aholining muayyan qismi elektron tarmoqlarda bir-biri bilan lotin alifbosi harflaridan foydalanib yozishadi. Chunki kompyuter tizimi lotin yozuvini harf deb ko'radi, boshqa yozuvlarni esa suvrat deb bilib, uni o'qishga keragidan ortiq ko'p vaqt sarflaydi.

Xullas, lotin yozuvi bugungi kunda eng qulay, eng zamonaviy yozuv ekaniga shubha qilib yoki bahslashib o'tirishga aslo hojat yo'q.

Kechikish oqibatlari

O'zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilinganiga 26, “O'zbekis­ton Respublikasining “Lotin yozuviga asos­langan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida”gi Qonuniga o'zgartirish­lar kiritish haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga esa 24 yil bo'ldi. Shunga qaramay, hali-hamon bu yangi alifboga o'tganimiz yo'q. Holbuki, Ozarbayjon Respublikasida 2001 yiliyoq lotin yozuvi asosidagi yangi alifbo to'liq joriy etildi. Hech narsa bo'lgani yo'q. Hech kim norizolik ham qilgani yo'q. Hech kim yangi alifboda o'qiyolmay, savodsizga aylanib qolgani ham yo'q.

Bizning nimadan ehtiyot bo'layotganimiz – noma'lum.

Yangi alifboga yoppasiga o'tmaganimiz ayrimlarning: “Kirill alifbosi yaxshiroq emasmikan?” – degan mulohazaga borishi uchun xamirturush vazifasini o'tadi. Xamir ko'pchigandan ko'pchib boraverdi. Yaqinda ayrim nashrlarda ba'zi fuqarolar aynan kirill yozuvi asosidagi alifboda qolish g'oyasini jon kuydirib targ'ib qila boshladi ham.

Holbuki, xalqning kelajagini o'ylagan odam biz uchun lotin yozuvidan yaxshisi yo'qligini dildan his etadi, albatta.

Qat'iyatlar, qat'iyatlar…

Bugun bizni boshqa masala qiziqtiradi: nega lotin yozuvi asosidagi yangi qabul qilingan alifbomiz   hali ishlatib-ishlatilmay bir marta isloh etildi?

Yangi o'zbek alifbosi ingliz tili uchun chiqarilgan, demakki, dunyoda eng ko'p qo'llanadigan kompyuter klaviaturasiga mos bo'lsin, deyildi. Yaxshi qat'iyat. Mantiq yo'q emas. Shunday qilindi ham.

Lekin…

Ko'p yillik tajribalar bu islohni ham yana qayta isloh qilishni taqozo etyapti.

Bir ortiqcha harfga ne hojat?

Bozor iqtisodiyoti jarayonida yashayapmiz. Har lahzamiz — pul. Ortiqcha sarflangan har qanday vaqt — amalda, bekorga xarajat qilingan mab­lag', degan gap. Har gal 29 daqiqada yozish mumkin bo'lgan matnni 30 daqiqada yozsangiz, ya'ni har yarim soatdan bir daqiqasini bekorga sarflasangiz, yig'ilib-yig'ilib bu qancha vaqtga aylanadi-yu, amalda qancha mab­lag'dan mahrum bo'lasiz? Chunki boshqalar ana shu siz bekor ketkazgan vaqtda ham nimadir ishlab chiqarib, mo'may daromad topadi-da.

Xullas, biz alifbomizga bir ortiqcha harf kiritganmiz. Gap “ch” harfi haqida ketyapti. Tabiiy savol tug'iladi: nima uchun “ch” tovushi ifodasi uchun “c” va “h” harflari qo'shilmasi qabul qilindi? Axir, yangi alifbomizda “c” harfi boshqa hech qanday vazifa bajarmaydi-ku. Faqat bir o'rinsiz mulohaza o'rtaga tushgan bo'lishi mumkin. U ham bo'lsa – “c”   lotin yozuvi asosidagi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi ba'zan “s”, ba'zan “s” va ba'zan “k” tovushlarini ifodalab kelishi.

Lotin yozuvidagi harflar uning   asosidagi milliy alifbolarda aynan qanday tovushni ifodalash uchun ishlatilgani biz uchun birlamchi ahamiyatga ega emas. Chunki o'z milliy alifbomizni yaratish qat'iyatiga amal qilganmiz. Bunda ayrim lotincha harflar faqat bizdagina xos tovush ifodasi uchun ishlatilishi yo'lidan yurilgan. Masalan, lotin yozuvidagi “x” ayrim milliy alifbolarda aynan “ks” tovushi ifodasi uchun ishlatiladi. Biz uni “xato” so'zi boshida keladigan “x” ifodasi uchun qo'llaymiz. Yoki “j” harfi ayrim milliy alifbolarda kirill yozuvidagi “y” o'rnida keladi. Biz uni “jo'ra” hamda “jargon” so'zlari boshida keladigan ikki tovush uchun qabul qilganmiz.

Demak, alifbomizga kiritiladigan birinchi o'zgarish aynan “ch” harflar qo'shilmasidagi “h”dan butunlay voz kechishdan iborat bo'lishi kerak.

Bir imkonni boy bermaylik!

O'zbek tilida tarixan bitta “v” tovushi mavjud edi. Bu — lablanmagan “v”. U amalda “u” ga juda yaqin kelgani uchun ham arab yozuvi asosidagi eski o'zbek alifbosida “v” hamda “u” tovushlari uchun bitta “vov” (“و”) harfi qabul qilingan. Kelib chiqishi turkiy (o'zbekcha), arabiy va forsiy bo'lgan so'zlarda “v” xuddi ingliz tilidagi “dablyu”, ya'ni “w” kabi lab labga tegmagan holda talaffuz qilinadi: “valdiramoq”, “vaysamoq”, “voybo'y”, “viq-viq”, “vaqt”, “Vatan”, “avval”, “savlat”, “lavha”

Biroq XIX asrning oxirlaridan bosh­lab tilimizga rus tili orqali rus va boshqa G'arb tillaridagi lab­langan “v” tovushi ishtirok etgan ko'p-ko'p so'zlar ham kirib keldi. Arab yozuvi asosidagi eski o'zbek alifbosiga ham, lotin yozuvi asosidagi 1929 – 1939 yillar ishlatilgan o'zbek alifbosiga ham, hatto, mana, lotin yozuvi asosidagi yangi o'zbek alifbosiga ham bu biz uchun yangi tovush ifodasiga alohida harf olishni o'ylamadik, uni ham bitta harf (“و” , “v”, “v”) bilan ifodalab ketaverdik.

Oqibat nima bo'ldi?

Sho'ro davrida ikki taniqli navoiyshunosning “Navoiy” so'zini g'alati talaffuz qilishidan hayron qolar edim. Endi o'ylasam, ular bu so'zdagi “v” tovushini aynan ruscha, ya'ni lab­langan holda talaffuz qilar ekan. Bu quloqqa xuddi “Nafoiy” degandek eshitiladi. Gap shundaki, rus tilida bizdagi lablanmagan “v” (ya'ni “dablyu” – “w”) tovushi, umuman, yo'q.   Shuning uchun ruslar buyuk ingliz shoiri Shekspirning ismi – “Wilyam”ni “Uilyam” deb yozishadi. Natijada aslida ikki bo'g'inli bo'lgan ism ruschada uch bo'g'inli bo'lib qoladi. Biz ham ruslarga ko'r-ko'rona ergashib, boz ustiga, tilimizda inglizcha bilan bir xil talaffuz qilinadigan tappa-tayyor “v” (“w”) tovushi bo'la turib, “Uilyam” deb yozamiz. Bir davlatning nomini “Uels” deb, ya'ni ikki bo'g'inli qilib yozamiz va o'qiymiz. Holbuki, aslida, bu – “Vels” degan davlat. Ruslar, azbaroyi ularda lablanmagan “v”, ya'ni “w” yo'qligi uchun shunday yo'l tutishgan. Yoki “shou” degan so'zni olaylik. U ham – aslida, “shov”, ya'ni “show” degan bir bo'g'inli so'z. Bundan keyin xuddi shunday ingliz tilidan ko'p-ko'p so'zlar kirib keladi.

Hozir esa tilimizda ruschadan lab­langan “v” (ya'ni “v”) tovushi ishtirok etgan shunchalar ko'p so'z kirib kelganki, uni o'zbekcha “v” bilan talaffuz qilish mutlaqo xato bo'lur edi.

Maktabda “v” (lotin yozuvida “v”) o'qitilayotganda kamdan-kam o'qituvchi u tilimizda bir-biridan keskin farq qiladigan ikki tovushni ifodalashini aytadi, o'rgatadi.

Rus tili orqali kirib kelgan so'zlarni o'zbekcha “v” bilan talaffuz qilayotganimiz bir xato bo'lsa, o'zimizning turkiy, forsiy, arabiy so'zlardagi “v”ni ruschadagidek lablangan “v” tovushi bilan talaffuz qilayotganimiz dard ustiga chipqon chiqqandek bo'lyapti. Hatto, O'zbekiston xalq artistlarining ayrimlari ham sahnada, televidenie ko'rsatuvlarida “vafo”, “Vatan”, “vaqt”, “gavhar”, “lavha” kabi oddiy-oddiy so'zlarimizni xuddi o'zbek tilini endi o'rganayotgan ajnabiy kabi “fafo”, “fatan”, “faqt”, “gafhar”, “lafha” deganga yaqin tarzda aytyapti.

Bu ketishda yaqin kelajakda tilimiz tamoman vayron bir holga kelib qoladi. Keyin uni hech kim tuzata olmaydi.

Nima qilish kerak?

Kelinglar, alifbomizga “w” harfini xuddi ingliz tilidagidek lab­lanmagan “v” tovushi ifodasi uchun ishlataylik.

Ana o'shanda “vokzal”, “volfram”, “ob'yektiv”, “sub'yektiv”, “nerv”, “volt” kabi so'zlardagi “v”larni ham aslidagidek, ya'ni lablangan holda, boshqacha aytganda, “f”ga yaqinroq tarzda talaffuz qiladigan bo'lamiz.

Modomiki, tilimizga ingliz tilidan ko'p-ko'p so'zlar kirib kelishi jarayoni boshlangan ekan, bu ikki tovush uchun alohida-alohida harf qabul qilish — o'ta muhim masala bo'lib boraveradi.

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi,

O'zbekiston Respublikasi xalq ta'lim a'lochisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + 13 =